Djurabayeva Z. A. Ona tili
Download 1.49 Mb. Pdf ko'rish
|
66onatilipdf
- Bu sahifa navigatsiya:
- Tayanch iboralar
5- bob. LEKSIKOLOGIYA 23-§. LEKSIKA (LUG‘AT TARKIBI) VA LEKSIKOLOGIYA HAQIDA UMUMIY MA’LUMOT Reja: 1. Leksikologiya haqida umumiy ma’lumot. 2. So‘z – tilning asosiy birligi sifatida. 3. Leksikologiyaning bo‘limlari haqida ma’lumot. Tayanch iboralar: leksika, so‘z, lug‘at tarkibi, leksikologiya, semasiologiya, semantika, polisemantika, polisemiya, monosemantika, monosemiya. Topshiriq. Abdulla Qahhor hikoyalaridan olingan gaplarni o‘qing. O‘z va ko‘chma ma’noda qo‘llangan so‘zlarni topib, izoh bering. 1. Samovarda o‘tirib, birpas dam oldik. 2. Shamol goh och bo‘riday uvillar, goh o‘lim changaliga tushgan mushukday pixillar, vag‘illar, atrofda hech narsa ko‘rinmas edi. 3.Mukarram hovlida samovarga suv quyar edi. Leksikologiya grekcha lexikos – so‘z va logos – ta’limot so‘zlaridan olingan bo‘lib, tilning so‘z va uning xususiyatlarini o‘rganadigan bo‘limi sanaladi. Leksikologiya ikki turli bo‘ladi: 1) hozirgi leksikologiya; 2) tarixiy leksikologiya. Hozirgi leksikologiyada so‘zlar sinxron tadqiq etilsa, tarixiy leksikologiyada diaxron aspektda ish olib boriladi. Tilda mavjud bo‘lgan barcha so‘zlarning yig‘indisiga lug‘at tarkibi yoki leksika deyiladi. O‘zbek tili leksikasi deyilganda, tilimizda qo‘llaniladigan so‘zlarning barchasi nazarda tutiladi. Leksikologiya so‘zlarning kelib chiqish tarixini, shakl va ma’no munosabatiga ko‘ra turlarini, iste’mol doirasiga ko‘ra farqlanishlarini, emotsional- ekspressiv xususiyatlarini o‘rganadi. Bundan so‘zlarning ichki (ma’noviy) va tashqi (tovush, materail) tomoni ham mustasno emas. Tilshunoslikda so‘zga tilning asosiy birligi sifatida qaraladi. Darhaqiqat, olam va undagi narsa-hodisalarni bilishda hech bir narsa so‘zning o‘rnini bosa olmaydi. So‘zlar o‘zlarida borliqdagi narsa va hodisalarni nomlaydi, ifodalaydi va ko‘rsatadi. Masalan, yer, tuproq, yumshoq, qattiq, suv, ariq, daryo, ekmoq, ekin, chopmoq, yetishtirmoq, mehnat qilmoq, hosil, mo‘l, yaxshi, yomon, to‘satdan, ko‘p, oz, qirq, ming, o‘n kabi ot, fe’l, sifat, son, ravish so‘z turkumiga oid so‘zlar nomlash vazifasini bajaradi; oh, evoh, ey, -ku, hatto, nahotki singari undovlar hamda yuklamalarda faqat ifodalash ma’nosi mujassam; bog‘lovchi va ko‘makchilarga mansub yoki, va, goh..goh, -ki, bilan, uchun, deb, toki singari so‘zlarga esa ko‘rsatish vazifasi yuklatilgan. Shuningdek, atoqli otlar va olmoshlarda ham o‘ziga xos belgilar mavjud. So‘zlarning barchasi uchun muhim bo‘lgan belgi ularning ma’lum bir tovushlardan tashkil topishidir. Masalan, osh (yegulik, taom), bosh (gavda qismi), yuvosh (xarakter belgisi) – tovush qo‘shilishi bilan so‘zlardagi ma’no keskin o‘zgarib bormoqda. Demak, so‘zlarda ularning material tomoni bilan birgalikda ichki – ma’no tomoni ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu ikki jihat bir-biri bilan qo‘shilib, birgalikda tilning eng katta boyligi sanalgan so‘zlarni hosil qiladi. So‘zlar har bir xalq ma’naviyatining bebaho xazinasi, javohiroti, bitmas- tuganmas boyligi sifatida asrlar davomida shakllanib, sayqal topib, tilda barqarorlashib boradi. Jamiyatning ijtimoiy-siyosiy taraqqiyoti, madaniyati va san’ati so‘zlar orqali tarix sahifalariga muhrlanadi. Ular insonlar xotirasida, bitiklarda saqlanadi va ma’naviy meros sifatida avloddan avlodga qoldiriladi. Masalan, quyosh, oftob, shams; oy, mohtob, qamar, hilol; el, elat, budun, ulus, xaloyiq, xalq, millat, elat; o‘simlik, ko‘k, ko‘kat, maysa; totimoq, yemoq, tanovul qilmoq, paqqos tushirmoq; toy, toychoq, ot, qorabayir, chavkar, to‘riq, tulpor kabi so‘zlarning tilda paydo bo‘lishi va tilimizda o‘z o‘rnini topib qolishi uchun uzoq davrlar kerak bo‘lgan. So‘zlar jamiyatning ehtiyojiga qarab yuzaga keladi va yo‘qolib boradi. Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk” kitobida tilga olingan uma (ona; mehmon, qo‘noq), etmak (non), evshuk (to‘siq), emgak (mehnat, mashaqqat), buduk (o‘yin, raqs) singari so‘zlardan tilimizning hozirgi bosqichida foydalanilmaydi. Til taraqqiyoti tufayli muassasa, ta’lim, tarbiya, sanoat, shifobaxsh, dorilamon, dastgoh, elektr, mashina, avtomobil, restoran, deputat, dekloratsiya, parlament kabi minglab so‘zlar kirib keldi hamda o‘zbek tilining lug‘at boyligidan mustahkam o‘rin egalladi. So‘z ma’nolarini o‘rganadigan leksikologiya bo‘limi semasilogiya yoki semantika deb ataladi. Dialektologiyada shevaga xos so‘zlarning lisoniy xususiyatlari tadqiq etiladi. Etimologiya so‘zlarning kelib chiqish tarixi haqidagi ta’limot sanaladi. Leksikografiya lug‘at tarkibiga kirgan so‘zlarni maqsadli yozma ravishda to‘plash, ularni ma’lum tartib asosida (ko‘pincha amaldagi alfavitga asoslanib) joylashtirish, turli ko‘rinishdagi lug‘atlar tuzishni o‘z ichiga oladi. Nutqda so‘zlardan maqsadga muvofiq foydalanish hodisasi (uslubiyat) ham muhim ahamiyatga ega. Bu esa leksikologiyaning uslubiyat fani bilan ham mustahkam aloqada ekanligini tasavvur qilish imkonini beradi. Download 1.49 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling