Djurabayeva Z. A. Ona tili
-mashq. Uyga vazifa. Alisher Navoiy qalamiga mansub satrlarni
Download 1.49 Mb. Pdf ko'rish
|
66onatilipdf
- Bu sahifa navigatsiya:
- 34-§. NEOLOGIZMLAR (YANGI PAYDO BO‘LGAN SO‘ZLAR) Reja
145-mashq. Uyga vazifa. Alisher Navoiy qalamiga mansub satrlarni
yodlang, ularda ishlatilgan so‘zlarni faol va nofaol so‘zlarga ajrating. Jahl ahli birla kimgaki ulfat bo‘lg‘ay, Ul ulfati ichra yuz ming kulfat bo‘lg‘ay. Faqir ahli bila angaki suhbat bo‘lg‘ay, Shak yo‘qki, ziyoda shuki ne’mat bo‘lg‘ay. 34-§. NEOLOGIZMLAR (YANGI PAYDO BO‘LGAN SO‘ZLAR) Reja: 1. Neologizmlar haqida umumiy ma’lumot. 2. Leksik neologizmlar. 3. Semantik neologizmlar. Tayanch iboralar: yangi paydo bo‘lgan so‘zlar, neologizmlar, kalkalash, leksik neologizmlar, semantik neologizmlar. Topshiriq. Gapni o‘qing, yangi paydo bo‘lgan so‘zlarni aniqlab, ularni izohlang. Pediatr ko‘rigidan tashqari bolalar nevrolog, otolaringolog, okulist ko‘rigidan o‘tkazildi. Insoniyatning hayoti har kuni yangilanishlar bilan kechadi. Ayniqsa, bugungi globallashuv jarayonlarida insonlarning hayot tarzi yanada tezlashib ketdi. Dunyoning narigi nuqtasida sodir bo‘lgan voqea va hodisa haqidagi xabar hech qancha vaqt o‘tmasdan bu chekkasiga yetib kelmoqda. Zamon yashin tezligida o‘zgarib bormoqda. Bu yangilanishlar, o‘zgarishlar ijtimoiy hayotning yorqin ko‘zgusi bo‘lgan tilda o‘z aksini topib bormoqda. Bundan 20-25 yil ilgari tilimizda yangi paydo bo‘lgan marketing, lizing, fermer, reyting, market, supermarket, paynet, bakalavr, magistr kabi so‘zlarni ishlatishga hadiksirab qaragan edik. Ishbilarmon, vazir, hokim, viloyat, dasturlash, tadbirkor, fermer, tuman singari so‘zlarni ishlatishda ham ehtiyotkorlik bilan ish ko‘rgandik. Hayot taqozesi bilan mazkur so‘zlarning barchasi tilimizda mustahkam o‘rin egallab qoldi. Tilda yangi paydo bo‘lgan, yangilik bo‘yog‘i yaqqol sezilib turgan so‘zlarga neologizm deyiladi. Neologizm yunoncha neos – yangi, logos – so‘z dan olingan bo‘lib, jamiyat taraqqiyoti, hayotning talab-ehtiyoji bilan paydo bo‘lgan yangi narsa va hodisalarni ifodalovchi leksik birliklar sanaladi. Noyelogizmlar zamon talabi tilga bilan kirib keladi. Masalan, internet, noutbuk, reyting, fleshka, bakalavr, bakalariat, magistr, magistratura, veb-sayt, kabi leksemalarning o‘zbek tiliga o‘zlashishi hayotimizdagi o‘zgarishlar bilan birga kechdi. Bugungi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy hayotimizdagi har bir o‘zgarish tilimizga o‘nlab yangi birliklarni olib kirmoqda. Birgina O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 6-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasida boshlang‘ich narxni pasaytirish yuzasidan elektron auksion savdolarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida Nizom” olib ko‘raylik. Mazkur Nizomda qo‘llangan maxsus axborot portali (birjaning buyurtmachilarning elektron auksion savdolar o‘tkazish to‘g‘risidagi e’lonlari va xarid qatnashchilari uchun zarur bo‘lgan boshqa axborot joylashtirilishi va ko‘zdan kechirilishini ta’minlaydigan maxsus sayti), buyurtmachi (elektron auksion savdoda tovar yoki ishlar, xizmatlarni xarid qiluvchi yuridik yoki jismoniy shaxs), patronat (oila tarbiyasi), elektron auksion savdolar, hisob-kitob kliring palatasi, elektron tizim, avans to‘lovi, lotlar ro‘yxati, bo‘lib o‘tmagan bitimlar reyestri, personal kabinet kabi birliklar o‘zbek tilining kelajak uslubi, til yangiliklari sanaladi. Neologizmlar dastlab paydo bo‘lgan vaqtlarda ularda yangilik bo‘yog‘i sezilib turadi, vaqt o‘tgach, bu xususiyat yo‘qolib, ular umumxalq so‘zlari qatoridan joy oladi. Lekin, neologizmlarning hammasi ham bu kabi xususiyatlarga ega bo‘lavermaydi. Yangi paydo bo‘lgan so‘zlarning ko‘pchiligi iste’mol doirasiga ko‘ra chegaralangan leksika tarkibidan chetga chiqib keta olmaydi. Masalan, hozirgi bosqichda o‘zbek tilida keng iste’molda bo‘lgan globallashuv, diversifikatsiya, veb-sahifa, diniy bag‘rikenglik (tolerantlik), investor, ipoteka kreditlari, konfessiya, mediatsiya, petitsiya, separatizm, texnopark, terrorizm, ekstremizm kabi so‘zlarning ma’nosini xalqimiz to‘la tushunadi deb bo‘lmaydi. Masalan, diniy bag‘rikenglik (tolerantlik) leksemasi turli din vakillarining e’tiqodidagi mavjud farqlardan qat’i nazar, yonma-yon, o‘zaro tinch-totuvlikda, hamjihatlikda, bir-birlarining diniga hurmat ruhida yashashini ifodalasa, petitsiya so‘zi davlat hokimiyati organlariga yoki mahalliy organlarga yuborilgan yozma shakldagi jamoaviy murojaat shaklini anglatadi. Neologizmlarning tilga o‘zlashishi ikki xil yo‘l bilan amalga oshiriladi: 1. Tashqi imkoniyat asosida, boshqa tillardan so‘z o‘zlashtiriladi. Misollar: audit, marketing, menejment, bakalavr, magistr, bakalavriat, magistratura, test, adyunktura, eksternat, akkreditatsiya, sertifikat, integratsiyalash, reyting kabi. 2. Ichki imkoniyat asosida, tilda oldindan mavjud bo‘lgan so‘zlar yangi ma’noda qo‘llaniladi. Bunga dastur, murabbiy, layoqat, yo‘riqnoma, homiylik, vasiylik, ixtiyoriylik, raqobatbardosh, majburiylik, sohalashtirish, moliyalash, uzviylik, uzluksizlik, DTS kabi so‘zlarni misol qilib keltirish mumkin. Uzoq davrlar mobaynida bu kabi ichki imkoniyatlarimizga e’tiborsizlik bilan munosabatda bo‘lindi. Misol uchun uzviylik degan so‘zni olib ko‘raylik. 1981-yili nashr etilgan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, hatto 2005-2008 yillarda chop etilgan 5 tomlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da ham mazkur so‘zga joy ajratilmagan. Holbuki, uzviylik bilan bir qatorda tilimizda izchillik, homiylik, vasiylik, sohalashtirish, iste’molchi, buyurtmachi singari ichki imkoniyatlarimiz asosida yuzaga kelgan ko‘plab so‘zlarning qo‘llanilishi o‘zbek tilining dunyodagi eng boy tillardan biri ekanligini ko‘rsatib turibdi. Neologizmlarning paydo bo‘lishida aralash usullar ham ko‘zga tashlanadi. Ularni shardli ravishda quyidagi guruhlarga ajratish mumkin. a) har ikki qismi o‘z qatlamga oid so‘zlardan tashkil topgan leksik birliklar: ta’lim mazmuni, ta’lim samaradorligi, o‘quv dasturi, o‘quv qo‘llanmasi, ta’lim tizimi, vasiylik kengashi, xalqaro hamkorlik, tarmoq dasturi, tabaqalashtirilgan yondashuv, mulk shakli, bozor iqtisodiyoti, huquqiy bilim, iqtisodiy bilim, o‘rta pog‘ona, umumta’lim maktabi, uzluksiz ta’lim, malaka oshirish, qayta tayyorlash, aqliy hujum, joriy nazorat, oraliq nazorat, yakuniy nazorat, masofaviy o‘qitish, tabaqalashtiirilgan yondashuv, tarmoq dasturi, namunaviy dastur, ishchi dasturi, o‘rta pog‘ona kabi. b) o‘z va o‘zlashgan qalamga oid so‘zlardan tashkil topgan leksik birliklar: davlat attestatsiyasi, xorijiy ekspert, hamkorlik pedagogikasi, yetuk kadr, xalqaro donorlik, davlat granti, ijtimoiy psixologiya, kasb-hunar kolleji,axborot texnologiyalari, moddiy baza kabi. b) o‘zlashgan va o‘z qatlamga oid so‘zlardan tashkil topgan leksik birliklar: elektron darslik, virtual kutubxona, reyting ishlanmasi kabi. g) har ikki qismi o‘zlashgan qatlamga oid so‘zlardan tashkil topgan leksik birliklar: magistrlik dissertatsiyasi, akademik litsey,texnologik karta,kompyuter texnologiyasi, interfoal ta’lim va shu kabi. Umuman olganda, har bir til taraqqiyotdan chetda turmaydi Unda tinimsiz ravishda yangilanishlar, evrilishlar bo‘lib turadi. Eng muhimi, mana shu o‘zgarishlar davrida tilda paydo bo‘lgan yangi so‘zlar ustida jiddiy bosh qotirish, ular misolida ona tili ravnaqi, kelajagi uchun kurashish, sha’nini himoya qilish zarur. Shundagina biz o‘zimizning til oldidagi qarzimizni uzgan, vazifamizni bajargan bo‘lamiz. Aks holda ona tili tanazzulga yuz tutishi, yo‘qolishi aniq. Bunday xatoni esa kelajak avlod aslo kechirmaydi. Download 1.49 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling