Djurabayeva Z. A. Ona tili
-§. FRAZEMALARNING MA’NO XUSUSIYATIGA KO‘RA ASOSIY
Download 1.49 Mb. Pdf ko'rish
|
66onatilipdf
- Bu sahifa navigatsiya:
- Tayanch iboralar
37-§. FRAZEMALARNING MA’NO XUSUSIYATIGA KO‘RA ASOSIY
BELGILARI VA TURLARI Reja: 1. Frazeologizmlarning turlari haqida umumiy ma’lumot. 2. Frazeologik butunlik va frazeologik chatishma 3. Frazeologik omonimiya, sinonimiya va antonimiya. Tayanch iboralar: frazeologik birlashma, frazeologik qo‘shilma, frazeologik chatishma, frazema, frazeologik birlik, frazeologik lug‘at. Topshiriq. Gaplarni o‘qing, frazeologik birliklarni aniqlab, ularning qanday ma’no anglatayotganini toping. 1. Xolam ketganlaridan keyin qanday qarorga kelishni bilmay, ikki o‘t orasida qoldim. 2. O‘sha voqeadan keyin ukasi bilan yuz ko‘rmas bo‘lib ketishgan. 3. Omadi chopganidan xursand bo‘lgan Tolibjon o‘rindiqdan joy oldi. 4. Odatda notanish odam bilan hamroh bo‘linganda gap-gapga qovushishi qiyinroq bo‘ladi. 5. Og‘izga talqon solganday lom-lim demay ketish noqulay. 6. Sen gapni aylantirma. Bu ishni issig‘ida hal qilmasak keyin kech bo‘ladi. (Nosir Zohid) Frazeologizmlar til birligi sanalgani bois leksemalar singari o‘zining ifoda va mazmun planiga ega bo‘ladi. Ularga ifoda planida frazema, mazmun planida frazesema deyiladi. Masalan, og‘ich ochmoq, til biriktirmoq, dami chiqmaydi, qo‘li qo‘liga tegmaydi, tili uzun, qo‘li kalta, yulduzni benarvon urmoq, oftobda qatiq yalashgan, orasidan qil ham o‘tmaydi, misi chiqmoq singari frazemalarning har bir o‘zining tovush tomoni hamda ma’nosiga ega. Yulduzni benarvon urmoq epchil, chaqqon; orasidan qil ham o‘tmaydi qalin, yaqin; misi chiqmoq fosh bo‘lmoq ma’nolarini anglatadi. Frazeologik birliklar anglatayotgan ma’nosiga ko‘ra ikki turga ajratiladi. 1. Frazeologik butunlik. Ma’nosi tarkibidagi leksemalarga xos bo‘lgan ma’nolar asosida izohlanadigan va mazkur leksik ma’nolar ifodasi sifatida gavdalanadigan frazemalarga frazeologik butunlik deyiladi. Chegaradan chiqmoq, qo‘lini ko‘tarmoq, boshiga ko‘tarmoq, oyog‘iga bosh qo‘ymoq, qo‘l bermoq, ko‘z urishtirmoq, ko‘z yummoq, ko‘ziga cho‘p solmoq, boshini bog‘lamoq, boshini bukmoq, og‘ziga urmoq kabi frazemalarni bunga misol qilib keltirish mumkin. 2. Frazeologik chatishma. Ma’nosi tarkibidagi leksemalarga xos bo‘lgan ma’nolar asosida izohlanmaydigan va dastlabki ma’nosi unutilgan frazemalarga frazeologik chatishma deyiladi. Masalan, po‘stagini qoqmoq, yumshoq supurgi bo‘lmoq, kosasi oqarmaydi, zuvalasi pishiq, taxta-o‘qlog‘ini yig‘ishtirmoq, tomiriga bolta urmoq, bir qop yong‘oq, ammamning buzog‘i, kalavaning uchini topmoq, bo‘zchining mokisidek borib-kelmoq va xokazo. Mazkur frazemalarga xos bo‘lgan ma’no yangi mazmun bilan boyitiladi. Misol uchun po‘stagini qoqmoq iborasi boplamoq, ammamning buzog‘i bo‘sh-bayov, yumshoq supurgi bo‘lmoq muloyim ma’nolarini bildiradi. Frazemalarni qanday komponentlardan tashkil topganiga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘lib o‘rganish maqsadga muvofiq. 1. Inson va uning tana a’zolari bilan bog‘liq frazeologik birliklar: boshini ikkita qilmoq, boshi ko‘kka yetmoq, boshiga ko‘tarmoq, boshi aylanmoq, boshida yong‘oq chaqmoq, boshidan kechirmoq, boshi g‘ovlab ketmoq, bosh qotirmoq, qo‘lga kirmoq, qo‘lga olmoq, qo‘ldan chiqarmoq, qo‘li tegmoq, yuragini bo‘shatmoq, yuragidan urmoq, yuragini yormoq, yuragiga g‘ulg‘ula solmoq, ko‘zini olib qochmoq, ko‘zini bog‘lamoq, og‘zidan gullamoq, tilini bir qarich qilmoq, qulog‘ini ushlab ketmoq, bo‘yniga qo‘ymoq, oyog‘ini chakki bosmoq va shu kabi. 2. Sifat komponentli frazeologik birliklar: oq niyat, oq fotiha, ko‘ngli qora bo‘lmoq, qorasi o‘chmoq, qora kun, qora yuz, qo‘li ochiq, fe’li keng, orani ochiq qilmoq va shu kabi. 3. Fe’l komponentli frazeologik birliklar: ko‘ngil bermoq, ona suti og‘ziga kelmoq, sho‘riga sho‘rva to‘kilmoq, past ketmoq, mum tishlamoq, katta ketmoq, ko‘zini chalg‘itmoq va hokazo. Frazeologizmlarda quyidagi hodisalar uchraydi. 1. Frazeologik ko‘p ma’nolilik. Bunda frazeologimlar o‘z va ko‘chma ma’nolarda qo‘llangan bo‘ladi. Barmog‘ini tishlamoq, bel bog‘lamoq, yelkasiga minmoq, oyog‘ini uzatmoq, zardasi qaynamoq, izdan chiqmoq kabi iboralarda yuqoridagi holatni ko‘rish mumkin. Solishtiring: Kichkintoy dadasining yelkasiga minib oldi//Uning yelkasiga minib oldi. 2. Frazeologik omonimiya. Bu kabi leksik birliklar ikki o‘rinda frazeologik ma’noda keladi. Masalan: qo‘lga olmoq (o‘zini qo‘lga olmoq, dushmanni qo‘lga olmoq), boshiga ko‘tarmoq (onasini boshiga ko‘tarmoq; kasallikdan boshini ko‘tarmoq, haqsizlikka qarshi bosh ko‘tarmoq), ko‘z yummoq (kamchiliklardan ko‘z yummoq, dunyodan ko‘z yummoq) kabi. 3. Frazeologik sinonimiya. Shaklan turlicha, lekin ma’nolari bir-biriga yaqin keladigan frazemalarga frazeologik sinonimiya deyiladi. Masalan: so‘zida turmoq, gapida turmoq, lafzida turmoq; asabiga tegmoq, g‘ashiga tegmoq, jig‘iga tegmoq; aqli kirmoq, esini tanimoq; boshdan-oyoq, ipidan ignasigacha va shu kabi. 4. Frazeologik antonimiya. Bir-biriga qrama-qarshi ma’noli frazemalarga frazeologik antonimiya deyiladi. Og‘zi qulog‘ida – qovog‘idan qor yog‘adi; yulduzni benarvon uradigan – qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan, dimog‘i chog‘ bo‘lmoq – ko‘ngli xufton bo‘lmoq, ko‘kka ko‘tarmoq – yerga urmoq singari. Frazemalar nutqqa ijobiy yoki salbiy uslubiy bo‘yoq baxsh etadi. Bu esa o‘z- o‘zidan nutqning jozibali, ta’sirchan chiqishini ta’minlaydi. Download 1.49 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling