Djurabayeva Z. A. Ona tili
-§. TIL – IJTIMOIY HODISA
Download 1.49 Mb. Pdf ko'rish
|
66onatilipdf
2-§. TIL – IJTIMOIY HODISA
Reja: 1. Olamning tilda aks etishi. 2. Til ijtimoiy hodisa sifatida. 3. Til va tafakkur. Tayanch iboralar: til, nutq, jamiyat, muomala, munosabat, ijtimoiy, lafz, lison, suxan, zabon, til taraqqiyoti. Topshiriq. Matnni o‘qing, til va uning inson hayotida tutgan o‘rni haqida fikrlashing. Til qalbning tarjimoni sanaladi. Qalb esa imon maskanidir. Insonning imoni qanchalik baquvvat, qalbi qanchalik sof bo‘lsa, uning tilidan faqat hikmatli, shirin so‘zlar chiqadi. O‘z navbatida til qanchalik ko‘p gapirsa, shuncha ko‘p xato qiladi. Natijada inson qalbi qorayadi va imoni susayadi. Til orqali sodir bo‘ladigan gunohlar ma’naviy jinoyatlar bo‘lib, ularga g‘iybat, fitna, tuhmat, yolg‘onchilik va yolg‘on guvohlik, chaqimchilik kabilar kiradi. Chaqimchi va g‘iybatchi kishilar o‘simlik ildiziga tushgan qurtday xalq orasida ittifoq va birdamlikni ketkazib, umumxalq hayoti uchun zarur bo‘lgan mehr-oqibat ildizini yemiradi. (S.Isoqov) Olam tabiat va jamiyatdan iborat. Olamning harakatlanishida o‘ziga xos qat’iy qonuniyatlar bor. Mazkur harakatlarning markazida eng oliy mavjudod sanalgan Inson shaxsi turadi. Olamni va o‘zligini anglash, tabiatga ta’sir ko‘rsatish uchun insoniyatni eng katta qurol, bebaho aloqa vositasi – til ato etilgan. Zamonaviy tilshunoslikda “Olamning lisoniy manzarasi” degan tushuncha mavjud. Buning ma’nosi shuki, olam qanday shaklda, qanday ko‘rinishda bo‘lsa, u tilda shu holida aks etadi. Inson o‘zini o‘rab turgan tevarak olamni real holatda boshqa shaklda tasavur qila olmaydi. Masalan: yer, osmon, bulut, suv, tog‘, qir, adir, cho‘l, daraxt, gul, shox, qush, shahar, qishloq, bino, o‘zgarish, kitob, daftar, qalam, kompyuter, oq, qizil, sariq, yashil, oppoq, uch, to‘rt, besh, qirq, yurmoq, to‘xtamoq, gapirmoq va hokazo. Inson binafsha bilan boychechakni, yer bilan osmonni, gul bilan daraxtni farqlaydi va har birini alohida so‘z bilan ifoda etadi. Shu bilan birga tilda insonning ruhiy olami, ichki dunyosi: quvonchu shodliklari, qayg‘u va alamlaridan iborat his-tuyg‘ulari ham o‘z ifodasini topadi. Misol uchun o‘ylamoq, fikr yuritmoq, fahmlamoq sevinmoq, yig‘lamoq, achinmoq, qayg‘urmoq, dalda bermoq kabi. Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk” asarida “Erdam (adab,odob) boshi til” degan ajoyib maqol bor. Darhaqiqat, insonni inson qilgan, ilm-fan, texnikaning rivojlanishiga, siyosatu iqtisodiyotining, madaniyati va san’atining yuksalishiga sababchi bo‘lgan bosh vosita bu tildir. Til orqali insonlar fikrlashib, birlashib dunyoni obod qilishi yoki vayronaga aylantirishi mumkin. Yaxshilik ham, yomonlik ham tildan keladi. Bu haqda buyuk alloma Abu Ali ibn Sino: “Inson hayvondan aqli va tili bilan farq qiladi, shuning uchun insonlarning eng yetugi ularning oqili va chechanidir”, – degan edi. “Kishilar til vositasida bir-birlaridan bilim va hunar o‘rganadilar va rivojlanadilar. Bilim va hunar deb atalgan haqiqiy boylikni avloddan avlodga til xazinasi tufayli topshirib boradilar”, – deb aytiladi “Odob va odoblilar” kitobida. Yuqorida aytilganidek, tilning belgilari juda ko‘p. U tarixiy, ruhiy-psixologik, mantiqiy, geografik, antopologik, ilohiy xususiyatlarga ega. Ularning ichidan eng muhimi tilning ijtimoiy xarakterga ega ekanligidir. Ijtimoiy so‘zi arab tilidan olingan bo‘lib, jamoa, jamoaga oid degan ma’nolarni bildiradi. Til insonga va uning vositasida muayyan jamoaga tegishli bo‘lib, jamiyatga xizmat qiladi, insonlarning ehtiyojlari ta’minlash vazifasini bajaradi. Til hech qachon jamiyatdan tashqarida paydo bo‘lmaydi va rivoj topmaydi. Bu haqda eski o‘zbek tilining asoschisi Alisher Navoiy shunday deb aytadi: “So‘z judo ayladi insonni hayvondin, Bilki guhari sharifroq yo‘q ondin”. Darhaqiqat, insonni hayvonot dunyosidan ajratib turadigan, jamiyat a’zolarini turli maqsadlar sari birlashtira oladigan, ularni o‘zaro jipslashtiradigan va qudratli kuchga aylantiradigan qudratli vosita bu – tildir. Til haqida qat’iy ta’rif yo‘q. Xalqning ongida yashovchi, insonlarni birlashtirib turuvchi, so‘zlovchilarning barchasi uchun umumiy bo‘lgan ijtimoiy hodisaga til deyish an’anaga aylangan. Til so‘zlar yordamida yuzaga chiqariladi. Eng muhimi, til jamiyatga xizmat qiladi. Tilni jamiyatsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Til insonlar o‘rtasida fikr almashish vazifasini bajaradi. Til jamiyat tafakkuri bilan chambarchas bog‘liq. Til va tafakkur bir-biri bilan chambarchas bog‘liqdir. Izohli lug‘atda tafakkur so‘ziga shunday ta’rif berilgan: Obyektiv voqelikning tasavvur, tushuncha va muhokamadagi faol in’ikos jarayoni, insonning fikrlash qobiliyati, fikrlash; o‘ylash, fikr yuritish, muhokama, o‘y”. Bundan shu narsa anglashiladi, olamdagi narsa va hodisalarni idrok qilish, sezish, his qilish, ularni bir-biriga taqqoslash va zaruriy xulosalar chiqarish qobiliyati faqat insongagina ato etilgan. Tabiatdagi boshqa tirik organizmlarda – hayvonlarda ham sezish hissi mavjud, lekin ular fikrlay olmaydi, qorin to‘ydirishdan tashqari o‘zlarining xatti- harakatlarini boshqarishdan mahrum, sodir bo‘layotgan voqea va hodisalarga javob qaytarish xislatiga ega emas. Ularda ikkinchi signal tizimi yo‘q. Inson ulardan o‘z ongi, tafakkuri bilan ustun turadi. U hamma narsani ongiga joylaydi, fikrlaydi, mulohaza qiladi, ehtiyoj tushganda so‘zlarni saralab o‘z o‘rnida ishlata biladi. Bu jarayon ongning amaliy shakli sanalgan til orqali yuzaga chiqariladi. Amaliy ong sifatida til avloddan-avlodga o‘tib boradi va o‘zida madaniy-tarixiy an’analarni ifoda etadi. Masalan, daraxt ostida turgan inson ustiga shox qulab tushayotganini ko‘rgan boshqa bir inson uni bu xavfdan ogoh qilib: “Qoching!”, “Daraxt shoxi uzilib tushmoqda!”, “Ehtiyot bo‘ling!” – deb ogohlantirishi mumkin. Bu tarzda ogohlantirish bironta jonzotning qo‘lidan kelmaydi. Har bir milliy til tarixan tarkib topadi va asrlar davomida sayqallashib, go‘zallashib boradi va o‘zining qat’iy me’yorlariga ega bo‘ladi. Bu me’yorlarga bo‘ysunish shu tilda so‘zlashuvchi insonlarning barchasi uchun majburiy sanaladi. Ijtimoiy hayot takomil topgani sari til ham boyib boradi. Til ijtimoiy hayotning o‘ziga xos ko‘zgusidir. Download 1.49 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling