Djurabayeva Z. A. Ona tili
Download 1,49 Mb. Pdf ko'rish
|
66onatilipdf
- Bu sahifa navigatsiya:
- Tayanch iboralar
I bob. UMUMIY TILSHUNOSLIKDAN MA’LUMOT 1-§. KIRISH. DUNYO TILLARI VA ULAR ORASIDA O‘ZBEK TILINING TUTGAN O‘RNI Reja: 1. Dunyo tillari haqida ma’lumot. 2. Turkiy tillar oilasi haqida ma’lumot. 3. O‘zbek tilining dunyo tillari orasida tutgan o‘rni. Tayanch iboralar: til, tilshunoslik, so‘z, xalq, millat, elat, dunyo tillari qarindosh til, turkiy tillar, o‘zbek tili. Topshiriq. Quyidagi satrlar kimning qalamiga mansub? Baytning mazmunini tushuntiring. Adib yashagan davrda xalqimiz qaysi tilda gaplashganini, “turk ulusi” deganda kimlarni nazarda tutganini aytib bering. Turk nazmida chu men tortib alam, Ayladim ul mamlakatni yakqalam. Agar bir qavm, gar yuz, yo‘qsa mingdur, Muayyan turk ulusi xud meningdur. Olibmen taxti farmonimg‘a oson, Cherik chekmay Xitodin to Xuroson. Hozirgi davrda jahon ilm-fani va texnikasi taraqqiyoti aql bovar qilmas darajada taraqqiy topganiga qaramasdan, dunyoda nechta til borligi haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Internet ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda 6 milliarddan ko‘proq aholi istiqomat qiladi va ular so‘zlashadigan tillarning miqdori 6809 tani tashkil etadi. Ikkinchi bir manbada bu miqdor 6703 ta deb ko‘rsatiladi. Dunyo tillaridan 14 tasining har birida 50 milliondan ko‘p aholi gaplashadi va ular insoniyatning uchdan ikki qismini tashkil etadi, 70 ta tilda esa gaplashadiganlarning soni 5 milliondan ko‘p, qolgan tillarda muloqot qiladiganlarning soni 1 milliondan kam. Olam turfa ranglardan, bir-biriga o‘xshamaydigan o‘ziga xos manzaralardan tashkil topgani kabi tillar ham rang-barangdir. Masalan, Hindistonda 845 ta, Papua va Yangi Gvineyada 600 dan ortiq til va lahjalardan foydalanadi. Afrika qit’asidagi aholi esa mingdan ziyod tillarda so‘zlashadi. Xitoy, ingliz, ispan, arab, portugal, fransuz, rus, yapon, nemis tillari dunyoda eng ko‘p tarqalgan tillar sanaladi. Xitoy tilida 1 milliard 225 milliondan ortiq inson muloqot qiladi. Ingliz tilida so‘zlashuvchilarning soni 341 million kishini tashkil etadi. Yana shuncha miqdordagi insonlar ingliz tilini ikkinchi ona tili sifatida qabul qilgan. 357 ta tilda 50 tagacha bo‘lgan odam gaplashadi. 46 ta tilning esa bittadan vakili qolgan. Bunga Braziliya changalzorlaridagi Meyki daryosi vodiysida yashovchi piraxa qabilasi tilini misol qilib olishimiz mumkin. Ularning soni 200 ta atrofida. Qabila a’zolari tilida sanoq so‘zlar va ko‘chirma gaplar yo‘q. Tasavvurlari sayoz va ibtidoiy. 1 va 2 sonlari bitta so‘z bilan ifodalanib, faqat talaffuzda farqlanadi. Piraxalar uchtadan ko‘p narsaning hisobini olishmaydi. Hindiston sohilidan 1400 km uzoqlikda joylashgan Nikobar va Adaman orollarida istiqomat qiluvchi katta andamanlar, onge, jarava, shompens, sintinellar, negrito deb atalgan qabila tillari haqida ham yuqoridagicha fikrlarni aytish mumkin. Manbalarga ko‘ra Markaziy Osiyodagi 15 ta til bugun yo‘qolish arafasida turibdi. O‘zbek tili turkiy tillar guruhiga kiradi. Qoraqalpoq, qozoq, qirg‘iz, uyg‘ur, ozarbayjon, tatar, boshqird, qo‘miq, chuvash, xakas, shor kabi 30 ga yaqin turkiy tillar o‘zbek tiliga qarindosh sanaladi. Ularning bobo tili oltoy tili sanaladi. Turkiy xalqlar Markaziy Osiyo, Kichik Osiyo, G‘arbiy Xitoy, Shimoliy Afg‘oniston, Sibir, Uzoq Sharq hududlarida istiqomat qiladi. O‘zbekistonda o‘zbek, Turkiyada usmonli turk, Qozog‘istonda qozoq, Qirg‘izistonda qirg‘iz, Turkmanistonda turkman tillariga Davlat tili maqomi berilgan. O‘zbek tili nufuz jihatidan jahondagi tillar o‘rtasida 34-o‘rinda turadi. Unda gaplashadigan insonlarning miqdori dunyo bo‘yicha rasmiy manbalarda 35 million kishini tashkil etishi qayd etiladi. Shundan 27 milliondan ortiqrog‘i mamlakatimizda istiqomat qiladi. O‘zbek tili dunyodagi eng boy, go‘zal tillardan biri sanaladi. Bu tilda Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf xos-Hojib, Lutfiy, Alisher Navoiy, Ahmad Yassaviy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Nodira, Uvaysiy kabi buyuk ijodkorlar so‘zlashgan; Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi singari hukmdorlar farmonbardorlik qilishgan. Dunyo tillarining barchasi insonlar o‘rtasidagi muomala-munosabatlarni ta’minlash uchun xizmat qiladi. Download 1,49 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling