Dullo quronov galaktikada bir


Download 1.03 Mb.
Pdf ko'rish
bet17/41
Sana19.04.2023
Hajmi1.03 Mb.
#1367457
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   41
Bog'liq
Galaktikada bir kun PDF Lotin

Aytganday, Quyoshdan boshqa yulduzlar tizimida 
joylashgan sayyoralar fanda ekzosayyora deb ataladi. 
Birinchi ekzosayyora 1980-yilda kashf qilingan. 2012-yilda 
esa astronomlar quyoshga yaqin boʻlgan Sentavr Alfasi 
yulduzlar turkumida Yerga oʻxshash sayyora borligini 
aniqlashgan. Unga Proksima-B nomi berilgan. Hozircha 
Proksima-B bizga eng yaqin “yashil” sayyora boʻlib 
turibdi. Albatta, hali bu ekzosayyorada suv va hayot borligi 
isbotlanmadi. Ammo olimlar shunga umid qilishmoqda. 
Dunyo astronomlari hozirgacha 4000 ga yaqin 
ekzosayyorani aniqlashgan boʻlishsa, shulardan 216 tasi 
Yer sayyorasiga juda oʻxshab ketadi. Bu ekzosayyoralarda 
dengizlar, yashil oʻrmonlar boʻlishi mumkin. Har holda, 
Xabll teleskopidan uzatilgan suratlarda yashil sayyoralar 
aks etgan.
“Koʻkkezar” Zagunga bir zumda yetib keldi. Chunki unga 
olib boradigan yoʻllar Mokining xotirasidan oʻchmagan 
ekan. Bu sayyora bizning Yerdan 40-marta katta boʻlib, 
asosan, togʻlardan iborat edi. Sayyorada yashaydigan 
zaglar esa shu togʻlarni yoʻnib, juda chiroyli va ulkan 


66
qasrlar qurishgan. Bu qasrlar shu qadar ulugʻvorki, ularni 
hatto fazodan turib ham koʻrish mumkin.
“Koʻkkezar” qoʻngan joy qahramonlarimizga 
kimsasiz joyday tuyuldi. Ammo tez orada ularni bir 
nechta zaglar qarshi oldi. Avvaliga zaglarning koʻrinishi 
bizning qahramonlarni biroz choʻchitdi. Chunki zaglar 
koʻrinishidan toshbaqaga oʻxshab ketar, gavdasi ham 
odamdan 5-6 barobar katta edi. Ammo ular haqiqatan 
mehmondoʻst, xushmuomala ekan. Zaglar kutilmagan 
mehmonlarning kimligini, Zagunga nima maqsadda 
kelganini obdan surishtira boshladilar. Qahramonlarimiz 
esa barini oqizmay-tomizmay soʻzlab berishdi. Shunda 
mezbonlarning biri dedi:
– Yordam soʻrab bizning sayyoraga uchib kelganingiz 
toʻgʻri boʻlibdi. Adashib qoʻshni sayyoralarga borganingizda 
sizlarni surishtirib oʻtirmay hibsga olishar edi. Sizlar 
soʻragan xarita haqida biz eshitmaganmiz. Ammo keksa 
Faylasufning bilmaydigan narsasi yoʻq.
– Faylasuf deganingiz kim? Uni qayerdan topsa boʻladi? 
– soʻradi Margol.
– U sayyoramizning eng keksa zagi, – dedi boyagi zag. – 
Yoshi esa oʻn mingdan oshgan! Faylasuf sayyoraning narigi 
burchagidagi ulkan togʻ choʻqqisida, gʻorda yashaydi. Uning 
uyiga oʻzingiz bora olmaysiz. Sizlarni oʻzimiz eltib qoʻyamiz.
Shunday qilib, qahramonlarimiz zagunliklarga ergashib 
yoʻlga chiqishdi. Ular turli daralar, togʻu toshlar osha 
zagunliklarning mototsiklga oʻxshash gʻaroyib uchar 
transportida 5-6 soat davomida yoʻl yurishdi. Qosh 
qorayganda aytilgan manzilga yetib kelishdi. Bu Zagun 
sayyorasidagi eng ulkan togʻ edi. Shu qadar ulkan ediki, 
agar Yer yuzidagi barcha togʻlar birlashsa ham unga teng 
kelolmasdi. Togʻning etagida turib choʻqqini, choʻqqida 
turib esa pastni koʻrishning imkoni yoʻq edi.


67
Yoshi oʻn mingdan oʻtgan Faylasuf shu togʻ choʻqqisida 
istiqomat qilar ekan. U bizning qahramonlarni juda 
iliq kutib oldi. Ayniqsa, Ahmadga alohida izzat-ikrom 
koʻrsatdi. Boshqalar esa bu holdan ajablandi. Faylasuf 
negadir Ahmadga uzoq tikilib, unga boshdan oyoq razm 
sola boshladi. Bir muddat oʻtganidan soʻng dedi:
– Bolaligimda bobom: “Qachonlardir sen Yer sayyorasidan 
kelgan maxluq bilan uchrashasan”, – deb aytar edi. Men shu 
kungacha odam degan maxluqning borligiga ishonmasdim. 
Uni ertaklardagi toʻqima qahramon boʻlsa kerak deb 
oʻylardim. Ammo, mana, sen qarshimda turibsan!
– Juda gʻalati-ku, qanday qilib bobongiz buni bilgan? – 
hayron boʻldi Ahmad.
– Bilmadim, bobom shunday bashorat qilgan. Toʻgʻrisi, 
oʻzim ham buni choʻpchak deb oʻylagandim.
– Axir, men bu yerga tasodifan kelib qoldim.
– Yoʻq, bolakay, koinotda tasodiflar boʻlmaydi. 
Peshonamga sen bilan koʻrishish yozilgan ekan, demak, 
bunda biror hikmat bor.
– Balki, taqdiringizga bizga yoʻl koʻrsatish bitilgandir?!
– Ha, balki... Lekin buni aniq bilmayman. Men 10 ming 
yildan ortiq yashagan esam-da, hali taqdirga yozilganini 
oʻqishni oʻrgana olmadim. Har holda, buning imkoni yoʻq 
ekanini anglab yetdim-ku, shunisiga ham shukr...
Faylasuf bir qancha vaqt oʻzi bilan oʻzi gaplashayotganday 
bidir-bidir qilgancha keng xonada aylanib yurdi. Keyin 
yana Ahmadning yoniga kelib toʻxtadi.
– Xoʻsh, nima xizmat?
– Bilasizmi, biz galaktika xaritasini izlab yuribmiz.
– Xarita sizlarga nega kerak?
– Xarita mening sayyoram – Salmirni qutqarib qolish 
uchun kerak, – dedi Margol Faylasufga yaqinroq kelib.
– Tushunarli, sizlar Moviy toshni qidirib yuribsiz, 


68
shundaymi?
– Moviy tosh?
– Ha, sizlar qidirayotgan kristallni aytyapman. Uni 
Moviy tosh ham deyishadi.
– Siz uni bilasizmi?
– Bilganda qandoq! Oʻtgan ming yillar davomida bizning 
Somon yoʻli galaktikamizda qanchadan qancha sayyoralar 
halokatga uchramadi deysiz. Esimni tanibmanki, shu toshni 
qidirib yurgan fazogirlarni uchrataman.
– Uni topishganmi?
– Bilmadim, toshni izlab yurganlarni bir marta koʻrib, 
qayta uchratmaganman. Shu paytgacha Moviy tosh topildi 
degan gapni ham eshitmadim. Ammo qadimgi kitoblarda 
uni Oltin baliq yulduzi tizimidagi Olmos sayyorasidan 
topish mumkinligi yozilgan.
– Marsliklar ham shu yulduzga qarab uchib ketishgan 
deb aytdim-ku, – dedi chetroqda turgan Moki.
– Bu toshni hatto qaroqchilar ham qidirishmoqda, – 
jiddiy ohangda soʻzladi Faylasuf.
– U qaroqchilarga nega kerak? – soʻradi Margol.
– Moviy tosh bitmas-tuganmas energiyaga ega. Atigi shu 
barmogʻimday keladigan Moviy tosh boʻlagida kichikroq 
yulduzning quvvati jam boʻladi. Bunday tosh bilan esa juda 
ham yovuz qurollarni yaratsa boʻladi.
– Demak, qaroqchilarga bu tosh qurol yaratish uchun 
kerak ekan-da?!
– Shunday.
– Janob Faylasuf, Olmos sayyoraga olib boradigan 
galaktika xaritasini qanday topish mumkin? – deya savol 
berdi Margol sabrsizlanib.
– Galaktika xaritasi haqiqatan ham bor. Lekin uni 100 
million yil ilgari 4 ta qismga boʻlib tashlashgan, – deya 
gap boshladi Faylasuf. – Sababi, bu xarita toʻliq holda 


69
bosqinchilarning qoʻliga tushib qolsa, ular xaritadan 
foydalanib butun galaktikani bosib olishlari mumkin.
– Demak, xarita qismlari hozir koinotning turli joylarida 
ekan-da?
– Ha, shunday. Menga qolsa, sizlar xarita qismlarini 
yigʻmaganingiz yaxshi edi, – dedi Faylasuf.
– Nega endi? – eʼtiroz bildirdi Margol.
Birinchidan, sizlar xaritani yigʻaman deb halokatga 
uchrashingiz hech gap emas. Ikkinchidan, agar xaritani 
topsangiz, nafaqat Salmir sayyorasi, balki butun galaktika 
aholisi xavf ostida qoladi. Chunki sizdagi xaritani istalgan 
qaroqchi tortib olishi mumkin.
– Janob Faylasuf, siz xarita qismlari qayoqda ekanini 
bilasizmi oʻzi? – soʻradi Ahmad.
– Bilaman. Xaritaning bir qismi Miks sayyorasida, biri 
Galaktika muzeyida, yana biri qaroqchi Obmada saqlanadi. 
Eng kichik, ammo eng muhim qism esa dom-daraksiz 
yoʻqolgan. – Faylasuf shunday deb Ahmadga yaqinroq 
keldi. Negadir uning koʻzlariga tikilib qarab qoldi. – Shu 
soʻnggi qismning siriga hali hech kim yetganicha yoʻq. 
Bolakay, balki, bu sirni sen oshkor qilarsan?
– Men... men bilmadim... – dedi Ahmad kalovlanib.
– Sezib turibman, sen buni uddalashing mumkin. Ammo 
yodingda tut, sen yaratgan kema galaktikada yagona. 
Bunday kemaga ega boʻlishni istaydigan yovuzlar esa juda 
koʻp. Sizlar juda ehtiyot boʻlishingiz kerak. Yoʻlingizda 
uchragan har kimga ham ishonavermang!
Faylasuf shunday deb soʻzini tugatdi. Qahramonlarimiz 
esa u bilan xayrlashib ortga qaytishdi. Ular zagunlik 
hamrohlaridan Maanen yulduzi yaqinidagi Miks 
sayyorasiga olib boruvchi yoʻlni bilib olishganidan soʻng 
“Koʻkkezar”ga oʻtirib yoʻlda davom etishdi.


70

Download 1.03 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   41




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling