Dullo quronov galaktikada bir
Download 1.03 Mb. Pdf ko'rish
|
Galaktikada bir kun PDF Lotin
BESOʻNAQAY “MIKS”
*** Yondosh olam deganimiz shunchaki fantastik xayol emas. Hatto dunyoning mashhur astrofiziklari ham bizning olamga yondosh (parallel) boʻlgan yana koʻplab olamlarning boʻlishi mumkinligini aytishmoqda. Ularning fikricha, bizning koinot maʼlum bir chegarada tugaydi. Shundan soʻng yangi bir osmon – olam chegarasi boshlanadi. Hozircha bu bir ilmiy faraz. Ammo matematik hisob-kitoblar va astrofizikadagi yangi ilmiy kashfiyotlarga qaraganda, bu faraz ham tez orada oʻz isbotini topadi. Margol miksliklar shartiga rozi boʻlganidan buyon Ahmad juda behalovat boʻlib qolgan. U shu kunga qadar yondosh olamlar haqida koʻp oʻqigan. Oʻshanda u: «Yetti qavat osmon deganlari shu boʻlsa kerak-da», – deb oʻylardi. Oʻzi shundoq ham Yerdan uzoqlashib, galaktikaning bir chekkasiga kelib qolgan qahramonimizga endi boshqa olamga borib kelish yetmay turgan edi. Ammo u uyiga qaytishi uchun galaktika xaritasini qoʻlga kiritishi kerak ekanini yaxshi biladi. Aslida, Margolning oʻrnida uning oʻzi boʻlganda ham miksliklar shartiga koʻnmay iloji yoʻq edi. Miksliklar ham paysalga solmay ertasi kuniyoq olim, muhandis va fazogirlar ishtirokida kichikroq majlis tashkil qilishdi. Majlisda “Koʻkkezar”ning barcha ekipaj aʼzolari ishtirok etdi. – Yondosh olamga faqat siznikiday tezkor kema bilan kirib borish mumkin, – deya gap boshladi majlisga rahbarlik qilayotgan olim miks. – Ammo bir oʻzingiz qoʻmondonni zindondan ozod qila olmaysiz. – Ha, buning uchun eng baquvvat miks askarlaridan 82 kamida oʻnta kerak boʻladi, – tasdiqladi harbiylardan biri. – Lekin muammo bor – “Koʻkkezar”ga atigi 3 kishi bazoʻr sigʻar ekan! – Demak, bizning kemada ucha olmas ekanmiz, – dedi Margol oʻrnidan turib. – Nega endi? Siz shu kemani yasagan ekansiz, demak, biror gʻoya oʻylab topishingiz ham mumkin, – dedi qatʼiylik bilan mikslik olim. – Aslida, kemani men emas, Ahmad yasagan. Men faqat yordam berganman, xolos, – Margol shunday deb joyiga oʻtirib oldi. Bu gapdan soʻng majlislar zali ari uyasiday gʻuvullab ketdi. Hamma hayron, yerlik mushtday bola koinotda yagona boʻlgan kemani ixtiro qilsa-ya, deya majlis ishtirokchilari aqldan ozayozdi. – Nahotki, shu odam-a?! – soʻradi Miks rahbari. Margol boshini qimirlatib tasdiqladi. Endi hamma Ahmadning biror nima deyishini kuta boshladi. Buni sezib Ahmad oʻrnidan turdi va chizmalar chizish uchun doska yoniga keldi. – “Koʻkkezar” bir qarashda juda murakkab qurilmaga oʻxshagani bilan, uning konstruksiyasi juda sodda. Aytmoqchimanki, kemani harakatga keltiruvchi asosiy qurilma uning ichida emas, balki korpusga oʻrnatilgan tarvuzday keladigan matohda. – Kechirasiz, – qoʻl koʻtardi bir miks, – tarvuz deganingiz nima? – U Yerda oʻsadigan, hajmi shu qovoq kallangizday keladigan mazali poliz ekini. Boyagi miks oʻrinsiz savol berganini tushunib joyiga oʻtirib oldi. Yaxshiyamki, u Ahmaddan qovoq nima ekanini soʻrab qolmadi. – Xullas, shu tarvuzday keladigan qurilma bir nechta 83 kemani ham boshqara oladi. Oʻsha oʻnta askar sigʻadigan kemani “Koʻkkezar”ga mana bunday qilib shatakka olishi mumkin. U shunday deb doskaga oʻz loyihasini chizib berdi. Bu vaqtga kelib miks olimlari bolakayga angrayib qarab qolgandi. Hatto baʼzi mikslarning peshonasidagi antennasimon moʻylovi qiyshayib qoldi. – Yana bir muhim gap, – olim miks xuddi bir nimani unutib qoʻygandek soʻzlay boshladi. – Shatakka olinadigan kema “Koʻkkezar”ga oʻta mustahkam bogʻlanishi shart. Aks holda, neytron yulduzining tortishish kuchi kemani ikkiga boʻlib yuborishi hech gap emas. – Neytron yulduzining bu safarimizga nima aloqasi bor? – soʻradi Margol. – Axir, Yondosh olamga faqat neytron yulduzi yaqinidan oʻtish mumkin, – olim miks Margolga “nima buni bilmasmiding” deganday qarab qoʻydi. – Nima-nima, neytron yulduzi?! Yoʻq, buning hecham iloji yoʻq, – endi Ahmad ham oʻrnidan turib ketdi. – Sizning kemangiz bilan imkoni bor! – Nimalar deyapsiz, neytron yulduzining gravitatsiyasi oddiy yulduzga nisbatan 10 trillion marta kuchliroq boʻladi. U bizni uzoq masofadan ham xuddi changyutgichdek tortib oladi. Unga yaqinlashishning imkoni yoʻq. – Istamasangiz bormang. Xaritani esa butunlay unuting, – choʻrt kesdi Miks rahbari. Uning bu gapidan soʻng majlis boʻlayotgan gʻala- gʻovur xonaga suv quygandek sukunat choʻkdi. Hamma Ahmad va Margolning ogʻziga qarab tosh qotib turardi. Qahramonlarimizning holi juda tang edi. Shunda sukunatni Ahmadning oʻzi buzdi: – Mayli, na iloj, biz biror yoʻlini oʻylab topamiz. Xonada yana gʻala-gʻovur boshlandi. 84 – Boʻldi, menimcha, boshqa muhokama qilishga oʻrin qolmadi, – dedi Miks rahbari. Shundan soʻng u mulozimlariga topshiriq berdi: – Zudlik bilan ishga kirishing. Bolakay aytgan loyihani yasashga bugunning oʻzida kirishamiz. Ertasi kuni ertalabdan uchish rejasi tuzildi. Miks muhandislari esa loyihani bajarishda biroz kech qolishdi. Ularning ishi tush vaqtiga qadar choʻzilib ketdi. Sababi, “Koʻkkezar”ga boshqa kemani shatakka olishayotganda bir besoʻnaqay miksni deb tutqichlarning biri sinib ketgandi. Hozir ham bu miks Ahmad va Margolga tez-tez olaqarash qilib qoʻyar, baʼzan savollari bilan ularni chalgʻitar edi. Xullas, bu besoʻnaqay yarim kunda hammaning joniga tegib ulgurdi. Tushdan soʻng barcha ishlar yakuniga yetdi. “Koʻkkezar” ekipaji bilan birga uchish uchun eng abjir askarlar saralab olindi. Hademay ular yondosh olamga qarab yoʻl olishadi. Download 1.03 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling