Dullo quronov galaktikada bir
Download 1.03 Mb. Pdf ko'rish
|
Galaktikada bir kun PDF Lotin
MEHMONDOʻST ZAGUNLIKLAR
*** Al-Toyir – Yerga yaqin yulduzlarning yana biri. Bu yulduz Yerdan 16,8 yorugʻlik yili uzoqligida joylashgan. Bir yorugʻlik yili yorugʻlikning bir yilda bosib oʻtadigan masofasiga teng ekanini hisobga olsak, Al-Toyirdan tarqalgan yorugʻlik Yergacha deyarli 17 yilda yetib keladi. Yerdan uchirilgan eng tez uchar qurilma – “Voyager-1” esa Al-Toyirga million yildagina yetib borishi mumkin. Endi “Koʻkkezar”ning qanchalar tezkor ekanini tasavvur qilgan boʻlsangiz kerak?! Ammo “Koʻkkezar” qanchalar tez uchmasin, cheksiz koinot bagʻrida toshbaqaday imillab qolishini ham unutmang. Axir, Al-Toyirga oʻxshagan yulduzlar galaktikamizda 200 milliarddan ortiq. Bizning galaktikamizga oʻxshagan galaktikalarning esa koinotda sanogʻi yoʻq. Xoʻsh, koinotdagi bu yulduzlar qanday qilib yorugʻlik nurini taratadi va nimaning hisobiga doim lovullab turadi? Keling, buni Quyosh misolida tushunib olamiz. Quyoshni ulkan tajribaxonaga qiyoslash mumkin. Chunki uning ichidagi turli-tuman moddalar bir-biriga qoʻshilib yangi moddalarni hosil qiladi. Qizigʻi, Quyosh ana shunday “kimyoviy tajribalar” evaziga misli koʻrilmagan issiqlik energiyasini ishlab chiqaradi. Olimlarning aniqlashicha, Quyoshda 69 xil kimyoviy element bor. Lekin Quyoshning 98 foizi vodorod va geliydan tashkil topgan. Bilsangiz, vodorod ham, geliy ham hidsiz, rangsiz, juda yengil gaz hisoblanadi. «Unday boʻlsa, Quyosh ham yengilgina havo shari ekan-da», – deyishga shoshilmang. Quyoshdagi vodorod va geliy juda zich boʻlib, temirdan ham ogʻirroq. Quyoshda issiqlik energiyasi va yorugʻlikning hosil 63 boʻlishi juda ham gʻaroyib jarayondir. Quyoshning asosiy yoqilgʻisi vodorod tarkibidagi yadrolar bir-biriga urilib geliy gazini hosil qiladi. Vodorod yadrolari bir-biriga urilayotgan vaqtda esa tasavvur qilish qiyin boʻlgan energiya hosil boʻladi. Qarang, hatto koʻzga koʻrinmas oʻta mayda zarralarning ham ana shunday cheksiz energiyasi bor ekan. Fanda bu jarayon “yadroviy sintez” deb ataladi. Bilasizmi, oʻzi kichkina boʻlsa ham, katta davlatlarning kulini koʻkka sovurib yuboradigan dahshatli qurol – atom bombasi ham yadroviy sintez natijasidir. Quyoshning ichida esa soniyasiga millionlab “atom bomba”lari portlaydi. Xullas, bu safar “Koʻkkezar” ekipaji uchun kutilmagan voqea boʻldi. Toʻgʻri, Ahmad istalgan tuynukka tavakkaliga kirib ketishning oqibati yomon boʻlishini yaxshi bilardi. Ammo u Yerdan bu qadar uzoqlashib ketishlarini kutmagandi. Shu sababli hozir hammadan ham Ahmadga qiyin edi. Shu tobda uning xayolida faqat bir oʻy aylanardi: «Endi mening taqdirim nima boʻladi? Axir, men bir kechada uyimga qaytmoqchi edim-ku!»... Voqealar bunaqa tus olishini kutmagan Margol ham nima qilarini bilmay boshini changallagancha oʻtirib olgan. U har-har zamon “esiz, esiz” deb bir Ahmadga, bir Mokiga qarab qoʻyardi. Bu vaziyatda uning kallasiga biror joʻyali fikr kelishi dargumon. Ahmad “Koʻkkezar” oynasidan moviy rangdagi Al- Toyir yulduzini kuzatar ekan, gap boshladi: – Uydan shu qadar uzoqqa kelib qoldikki, ortga qaytishning deyarli imkoni yoʻq. – Nega endi?! – soʻradi Margol. – Koinotda gravitatsiya toʻlqinlari juda-juda koʻp. Ularning qay biri Yergacha olib borishini aniqlashga esa million yillar kerak boʻldi. Men Quyosh tizimidagi barcha 64 sayyoralar, ularning joylashuv oʻrni haqida juda yaxshi bilardim. Shuning uchun kerakli yoʻnalishni aniqlash qiyin boʻlmagan. Endi boʻlsa hali oʻrganilmagan yulduz va sayyoralar qarshisida turibmiz! – Galaktikaning mukammal xaritasi! – dedi Moki va nimanidir esdan chiqargan, shekilli, boshini qoʻllari bilan chayqata boshladi. – Judayam eskirib ketganman-da, eslolmayapman... Ha, senga galaktikaning mukammal xaritasi kerak! – Shunday xarita bormi? – Bor. Uni qadimgi meriyaliklar tuzishgan. Xaritadan Somon yoʻli galaktikasi va uning yoʻldoshlari – Katta va Kichik Magellan bulutlarining barcha yulduzlari joy olgan. Faqat xarita hozir qayerda ekanini bilmayman. – Agar uni topsak, “Koʻkkezar” bilan galaktikaning istalgan joyiga borish mumkin boʻladi, toʻgʻrimi?! – Ahmadning koʻngli biroz yorishdi. – Ha, bu xaritada galaktikadagi barcha jismlarning joylashgan oʻrni aniq koʻrsatilgan, – dedi Moki. – Ammo uni izlab topishimizga koʻzim yetmaydi. Chunki marsliklar ham shu xaritani juda uzoq yillar davomida qidirishgan. – Tushkunlikka tushib oʻtirgandan foyda yoʻq! Yaxshisi, kallani ishlatib biror chora izlab topaylik, – endi Margol ham boshini koʻtarib suhbatga aralashdi. – Menda bir gʻoya bor, – dedi Ahmad koʻrsatkich barmogʻini yuqoriga koʻtarib, – Al-Toyir juda katta yulduz, hoynahoy, uning atrofida ham sayyoralar boʻlsa kerak. – Al-Toyir tizimida 5 ta yirik sayyora mavjud. Ulardan eng mashhuri Zagun sayyorasi hisoblanadi, – dedi Moki. – Zagun sayyorasi haqida men ham oʻqiganman. Kitoblarda zagunliklarni “juda mehmondoʻst” deb yozishgan, – Margol Mokining soʻzlarini tasdiqlab qoʻydi. Shundan soʻng Ahmad doʻstlariga oʻylagan gʻoyasini 65 tushuntirdi. Unga koʻra, Al-Toyir yulduzi atrofidagi biror tirik sayyoraga qoʻnib, u yerning tarixchi olimlaridan yordam soʻrash kerak boʻladi. Kim biladi deysiz, balki, zagunliklar galaktika xaritasi haqida eshitishgandir. Xullas, Ahmadning taklifi hammaga birday maʼqul boʻldi. Shu tariqa koʻngillarida umid uygʻongan qahramonlarimiz Zagun sayyorasiga qarab uchib ketishdi. Yerlik olimlar uchun hali maʼlum boʻlmagan Zagun ekzosayyorasi Al-Toyir tizimidagi beshta sayyoraning biri edi. *** Download 1.03 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling