Dullo quronov galaktikada bir
Download 1.03 Mb. Pdf ko'rish
|
Galaktikada bir kun PDF Lotin
KOINOT XARITASINING
BIRINCHI BOʻLAGI *** Maanen Yerga eng yaqin yulduzlardan biri boʻlsa-da, tungi osmondan uni teleskopsiz topa olmaysiz. Sababi, u mittigina oq yulduz boʻlib, oʻzidan yorqin nur tarata olmaydi. Shunga qaramay, u galaktikamizdagi eng qari yulduzlardan biri hisoblanadi. Milliard yillar ilgari Maanen ham bahaybat yulduz boʻlgan. Uning atrofida sayyoralar ham koʻp edi. Vaqt oʻtib yulduz oʻzining asosiy yoqilgʻisi – vodorod gazini sarflab boʻlgach, yadrosi siqila boshlagan. Yulduzning oʻzi esa bir necha 10 barobarga kattalashib, qizil rangli gigant olov sharga aylanadi. Million yillar davomida bu olovli shar ham atrofga tarqalib, yoʻq boʻlib ketadi. Undan faqat shu mittigina oq yulduzcha qoladi, xolos. Qachonlardir bizning Quyosh ham Maanen kabi mitti yulduzga aylanadi. Oʻshanda uning atrofidagi sayyoralar, hatto Yerning ham kuli koʻkka sovuriladi. Lekin siz qoʻrqmasangiz ham boʻladi. Chunki, olimlarning hisob- kitobiga koʻra, Quyoshning qizil olovga aylanishi uchun hali bir necha milliard yil oʻtishi kerak ekan. Miks shu Maanen yulduz tizimida saqlanib qolgan yagona sayyora edi. Miks oʻz yulduzidan ancha olisda boʻlgani sabab qizil olovdan omon qolgan. Bizning qahramonlar unga qoʻnganlarida bu joyda biror tirik mavjudotning yashashi mumkinligiga ishonqiramadilar. Sababi, sayyora iqlimi juda-juda sovuq boʻlib, uning sathi faqat muz qoyalardan iborat edi. – Miksliklar allaqachon qirilib ketgan yoki boshqa sayyoraga koʻchib oʻtishgan boʻlishsa kerak, – dedi Margol “Koʻkkezar”dan tushar ekan. 71 – Hoynahoy, bu yerga anchadan beri mehmonlar kelmagan. Shuning uchun ham miksliklarning taqdiri haqida hech kim bilmaydi, – Margolning gapini tasdiqlab qoʻydi Ahmad. – Yoʻq, mendagi uskunalar sayyorada hayot borligini koʻrsatyapti, – dedi Moki boshidagi antennani aylantirarkan. Shu payt Moki hayot alomatlari borligini tasdiqlovchi turli toʻlqinlarni tutib oldi. Keyin bu toʻlqinlarni oʻz kompyuterida tahlil qila boshladi. 3-4 soniya oʻtar-oʻtmas: – Toʻlqin uzatilayotgan joy unchalik uzoq emas, – dedi. – Yuringlar, men yoʻlni aniqladim. Ular uchar likopchaga oʻtirib Moki koʻrsatgan yoʻl boʻylab uchib ketdilar. Yoʻl davomida qahramonlarimiz Miksning goʻzal manzarasini tomosha qilib ketishdi. Miks sathi billurga oʻxshash ulkan muz togʻlardan iborat edi. Maanen yulduzi kichkina boʻlgani sabab sayyoraning kunduzi ham unchalik yorugʻ emas, xuddi Yerdagi shom pallasiga oʻxshardi. Shunday boʻlsa-da, mitti oq yulduzning nurlari sayyoradagi muzliklarga oʻzgacha jilo berib turar, bu noyob manzara, ayniqsa, Ahmad bilan Margolni hayratlantirardi. Qahramonlarimiz uchar likopchada bir necha daqiqa yoʻl bosishganidan soʻng Moki aytgan manzilga yetib keldilar. Umuman, Miksning hamma joyi bir-biriga oʻxshardi. Mana, ular yetib kelgan joy ham sayyorada koʻp uchraydigan ulkan muz togʻlarining biri edi. – Toʻlqin shu togʻning ichidan uzatilyapti, – dedi Moki qoʻli bilan togʻga ishora qilib. – Menimcha, ular ham zagunliklarga oʻxshab togʻ ichiga uy qurishgan, – Margol shunday deb skafandrga oʻrnatilgan durbin bilan atrofga diqqat qilib nazar soldi. – Lekin u yerga toʻsatdan yaqin borib boʻlmaydi. Axir, bizni qanday kutib olishlarini bilmaymiz-ku. Bu juda xavfli! 72 – Balki, Moki infratovush orqali ularga xabar yuborar, nima deysiz? – dedi Ahmad. – Bu juda zoʻr gʻoya! – dedi Margol. *** Download 1.03 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling