Dullo quronov galaktikada bir
Download 1.03 Mb. Pdf ko'rish
|
Galaktikada bir kun PDF Lotin
Aytganday, Quyoshdan boshqa yulduzlar tizimida
joylashgan sayyoralar fanda ekzosayyora deb ataladi. Birinchi ekzosayyora 1980-yilda kashf qilingan. 2012-yilda esa astronomlar quyoshga yaqin boʻlgan Sentavr Alfasi yulduzlar turkumida Yerga oʻxshash sayyora borligini aniqlashgan. Unga Proksima-B nomi berilgan. Hozircha Proksima-B bizga eng yaqin “yashil” sayyora boʻlib turibdi. Albatta, hali bu ekzosayyorada suv va hayot borligi isbotlanmadi. Ammo olimlar shunga umid qilishmoqda. Dunyo astronomlari hozirgacha 4000 ga yaqin ekzosayyorani aniqlashgan boʻlishsa, shulardan 216 tasi Yer sayyorasiga juda oʻxshab ketadi. Bu ekzosayyoralarda dengizlar, yashil oʻrmonlar boʻlishi mumkin. Har holda, Xabll teleskopidan uzatilgan suratlarda yashil sayyoralar aks etgan. “Koʻkkezar” Zagunga bir zumda yetib keldi. Chunki unga olib boradigan yoʻllar Mokining xotirasidan oʻchmagan ekan. Bu sayyora bizning Yerdan 40-marta katta boʻlib, asosan, togʻlardan iborat edi. Sayyorada yashaydigan zaglar esa shu togʻlarni yoʻnib, juda chiroyli va ulkan 66 qasrlar qurishgan. Bu qasrlar shu qadar ulugʻvorki, ularni hatto fazodan turib ham koʻrish mumkin. “Koʻkkezar” qoʻngan joy qahramonlarimizga kimsasiz joyday tuyuldi. Ammo tez orada ularni bir nechta zaglar qarshi oldi. Avvaliga zaglarning koʻrinishi bizning qahramonlarni biroz choʻchitdi. Chunki zaglar koʻrinishidan toshbaqaga oʻxshab ketar, gavdasi ham odamdan 5-6 barobar katta edi. Ammo ular haqiqatan mehmondoʻst, xushmuomala ekan. Zaglar kutilmagan mehmonlarning kimligini, Zagunga nima maqsadda kelganini obdan surishtira boshladilar. Qahramonlarimiz esa barini oqizmay-tomizmay soʻzlab berishdi. Shunda mezbonlarning biri dedi: – Yordam soʻrab bizning sayyoraga uchib kelganingiz toʻgʻri boʻlibdi. Adashib qoʻshni sayyoralarga borganingizda sizlarni surishtirib oʻtirmay hibsga olishar edi. Sizlar soʻragan xarita haqida biz eshitmaganmiz. Ammo keksa Faylasufning bilmaydigan narsasi yoʻq. – Faylasuf deganingiz kim? Uni qayerdan topsa boʻladi? – soʻradi Margol. – U sayyoramizning eng keksa zagi, – dedi boyagi zag. – Yoshi esa oʻn mingdan oshgan! Faylasuf sayyoraning narigi burchagidagi ulkan togʻ choʻqqisida, gʻorda yashaydi. Uning uyiga oʻzingiz bora olmaysiz. Sizlarni oʻzimiz eltib qoʻyamiz. Shunday qilib, qahramonlarimiz zagunliklarga ergashib yoʻlga chiqishdi. Ular turli daralar, togʻu toshlar osha zagunliklarning mototsiklga oʻxshash gʻaroyib uchar transportida 5-6 soat davomida yoʻl yurishdi. Qosh qorayganda aytilgan manzilga yetib kelishdi. Bu Zagun sayyorasidagi eng ulkan togʻ edi. Shu qadar ulkan ediki, agar Yer yuzidagi barcha togʻlar birlashsa ham unga teng kelolmasdi. Togʻning etagida turib choʻqqini, choʻqqida turib esa pastni koʻrishning imkoni yoʻq edi. 67 Yoshi oʻn mingdan oʻtgan Faylasuf shu togʻ choʻqqisida istiqomat qilar ekan. U bizning qahramonlarni juda iliq kutib oldi. Ayniqsa, Ahmadga alohida izzat-ikrom koʻrsatdi. Boshqalar esa bu holdan ajablandi. Faylasuf negadir Ahmadga uzoq tikilib, unga boshdan oyoq razm sola boshladi. Bir muddat oʻtganidan soʻng dedi: – Bolaligimda bobom: “Qachonlardir sen Yer sayyorasidan kelgan maxluq bilan uchrashasan”, – deb aytar edi. Men shu kungacha odam degan maxluqning borligiga ishonmasdim. Uni ertaklardagi toʻqima qahramon boʻlsa kerak deb oʻylardim. Ammo, mana, sen qarshimda turibsan! – Juda gʻalati-ku, qanday qilib bobongiz buni bilgan? – hayron boʻldi Ahmad. – Bilmadim, bobom shunday bashorat qilgan. Toʻgʻrisi, oʻzim ham buni choʻpchak deb oʻylagandim. – Axir, men bu yerga tasodifan kelib qoldim. – Yoʻq, bolakay, koinotda tasodiflar boʻlmaydi. Peshonamga sen bilan koʻrishish yozilgan ekan, demak, bunda biror hikmat bor. – Balki, taqdiringizga bizga yoʻl koʻrsatish bitilgandir?! – Ha, balki... Lekin buni aniq bilmayman. Men 10 ming yildan ortiq yashagan esam-da, hali taqdirga yozilganini oʻqishni oʻrgana olmadim. Har holda, buning imkoni yoʻq ekanini anglab yetdim-ku, shunisiga ham shukr... Faylasuf bir qancha vaqt oʻzi bilan oʻzi gaplashayotganday bidir-bidir qilgancha keng xonada aylanib yurdi. Keyin yana Ahmadning yoniga kelib toʻxtadi. – Xoʻsh, nima xizmat? – Bilasizmi, biz galaktika xaritasini izlab yuribmiz. – Xarita sizlarga nega kerak? – Xarita mening sayyoram – Salmirni qutqarib qolish uchun kerak, – dedi Margol Faylasufga yaqinroq kelib. – Tushunarli, sizlar Moviy toshni qidirib yuribsiz, 68 shundaymi? – Moviy tosh? – Ha, sizlar qidirayotgan kristallni aytyapman. Uni Moviy tosh ham deyishadi. – Siz uni bilasizmi? – Bilganda qandoq! Oʻtgan ming yillar davomida bizning Somon yoʻli galaktikamizda qanchadan qancha sayyoralar halokatga uchramadi deysiz. Esimni tanibmanki, shu toshni qidirib yurgan fazogirlarni uchrataman. – Uni topishganmi? – Bilmadim, toshni izlab yurganlarni bir marta koʻrib, qayta uchratmaganman. Shu paytgacha Moviy tosh topildi degan gapni ham eshitmadim. Ammo qadimgi kitoblarda uni Oltin baliq yulduzi tizimidagi Olmos sayyorasidan topish mumkinligi yozilgan. – Marsliklar ham shu yulduzga qarab uchib ketishgan deb aytdim-ku, – dedi chetroqda turgan Moki. – Bu toshni hatto qaroqchilar ham qidirishmoqda, – jiddiy ohangda soʻzladi Faylasuf. – U qaroqchilarga nega kerak? – soʻradi Margol. – Moviy tosh bitmas-tuganmas energiyaga ega. Atigi shu barmogʻimday keladigan Moviy tosh boʻlagida kichikroq yulduzning quvvati jam boʻladi. Bunday tosh bilan esa juda ham yovuz qurollarni yaratsa boʻladi. – Demak, qaroqchilarga bu tosh qurol yaratish uchun kerak ekan-da?! – Shunday. – Janob Faylasuf, Olmos sayyoraga olib boradigan galaktika xaritasini qanday topish mumkin? – deya savol berdi Margol sabrsizlanib. – Galaktika xaritasi haqiqatan ham bor. Lekin uni 100 million yil ilgari 4 ta qismga boʻlib tashlashgan, – deya gap boshladi Faylasuf. – Sababi, bu xarita toʻliq holda 69 bosqinchilarning qoʻliga tushib qolsa, ular xaritadan foydalanib butun galaktikani bosib olishlari mumkin. – Demak, xarita qismlari hozir koinotning turli joylarida ekan-da? – Ha, shunday. Menga qolsa, sizlar xarita qismlarini yigʻmaganingiz yaxshi edi, – dedi Faylasuf. – Nega endi? – eʼtiroz bildirdi Margol. – Birinchidan, sizlar xaritani yigʻaman deb halokatga uchrashingiz hech gap emas. Ikkinchidan, agar xaritani topsangiz, nafaqat Salmir sayyorasi, balki butun galaktika aholisi xavf ostida qoladi. Chunki sizdagi xaritani istalgan qaroqchi tortib olishi mumkin. – Janob Faylasuf, siz xarita qismlari qayoqda ekanini bilasizmi oʻzi? – soʻradi Ahmad. – Bilaman. Xaritaning bir qismi Miks sayyorasida, biri Galaktika muzeyida, yana biri qaroqchi Obmada saqlanadi. Eng kichik, ammo eng muhim qism esa dom-daraksiz yoʻqolgan. – Faylasuf shunday deb Ahmadga yaqinroq keldi. Negadir uning koʻzlariga tikilib qarab qoldi. – Shu soʻnggi qismning siriga hali hech kim yetganicha yoʻq. Bolakay, balki, bu sirni sen oshkor qilarsan? – Men... men bilmadim... – dedi Ahmad kalovlanib. – Sezib turibman, sen buni uddalashing mumkin. Ammo yodingda tut, sen yaratgan kema galaktikada yagona. Bunday kemaga ega boʻlishni istaydigan yovuzlar esa juda koʻp. Sizlar juda ehtiyot boʻlishingiz kerak. Yoʻlingizda uchragan har kimga ham ishonavermang! Faylasuf shunday deb soʻzini tugatdi. Qahramonlarimiz esa u bilan xayrlashib ortga qaytishdi. Ular zagunlik hamrohlaridan Maanen yulduzi yaqinidagi Miks sayyorasiga olib boruvchi yoʻlni bilib olishganidan soʻng “Koʻkkezar”ga oʻtirib yoʻlda davom etishdi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling