Elif Shafaq ishqqa oid qirq qoida
Download 1.48 Mb. Pdf ko'rish
|
Ishqqa oid 40 qoida
1244 yil, 17 oktyabr, Konya.
Dehqon bilan xayrlashganimizdan so'ng eng oldin o'zim va otim uchun boshpana axtarishga tushdim. Karvonsaroyda menga to'rtta xonani ko'rsatishdi, men eng kamtaronasini tanladim. Menga ko'rpa-to'shak, shipillab yonib turadigan eski moychiroq va bosh qo'yarga yostiq o'rniga oftobda kuydirilgan bir g'isht bo'lsa bas edi. Shu bilan birga xonam derazasidan shaharning to tepaliklarga qadar ajoyib manzarasi ko'rinib turardi. Birinchi navbatda shu ishni tugatgach, bu yerda turli dinlar va tillarning qaror topganiga hayron bo'la-bo'la, ko'chalarni kezishga tushdim. Yo'limda mashshoq-lo'lilarni, arab sayohatchilarini, xristian ziyoratchilarini, yahudiy savdogarlarni, buddaviy ruhoniylarni, ovrupo trubadurlarini, eron hunarmandlarini, xitoy akrobatlarini, ilon o'ynatuvchi hindlarni, zardushtiy sehrgarlarni, yunon faylasuflarini uchratdim. Qullar sotiluvchi bozorda terisi sutga chayqab olinganday oppoq ayollarga va quyoshda qoraygan gavdali bichilgan qullarga ko'zim tushdi. Bozorda bir soqol olish bilan birga qortiq bilan qon oluvchi sartaroshlarni, yumaloq shishalari bilan bashorat qiluvchilarni va olov yutadigan masxarabozlarni ko'rdim. Ziyoratchilar Quddusdan kelayotgan edilar, daydilar esa, tushunishimcha, sarbadorlar qo'shinidan qochib kelgan askarlar edi, ular Venetsiya, frank, sakson, yunon, fors, turk, kurd, arman, yahudiy va men bilmaydigan allaqanday tillarda gaplashardilar. Oralaridagi tafovut ko'pligiga qaramay, ularning barchasida allaqanday noyetuklik borligi tasavvuri yuzaga kelardi, nazdimda, Usta ishni yarim yo'lda to'xtatgan-u, har biri chala qolganday edi go'yo. Shahar Bobilni eslatardi. Hamma yoq harakatda. Men bu betartib qarakatlarning qoq o'rtasida va atrofimdagi odamlarni kuzatar ekanman, yana bir oltin qoidani esladim: «Mukammal, benuqson va beayb Xudoni sevish juda oson. Ammo qisqa umr kechiruvchi o'z birodaringni barcha nuqson va kamchiliklari bilan sevmoq mushkul. Inson sevishga qobil zot ekani esingizda bo'lsin. Sevgisiz hikmat yo'qdir. Esingizda bo'lsinki, agar biz Xudoning yaratmishlarni seva olmasak, Xudoni ham chinakamiga seva olmaymiz va bila olmaymiz». Men har xil yoshdagi hunarmandlar o'zlarining tor, qorong'u ustaxonalarida mehnat qilayotgan tor ko'chalarda aylanib yurdim. Va hamma yoqda odamlar Rumiy haqida gapirar edilar. Qiziq, uning o'zi bunchalik mashhurlikni qanday his etar ekan? Bu uning «men»iga ta'sir ko'rsatganmikin? Xayolga botgancha, Rumiy xutba o'qiyotgan masjiddan nari ketdim. Shahar manzarasi sekin-asta o'zgardi. Shimol tomondagi uylar ancha eski, bog'larning devorlari qisman vayron bo'lgan, bolalar ancha sershovqin va serharakat edilar. Hidlar ham o'zgardi, ancha chuchmalllashdi; bu erda sassiq sarimsoqning isi kuchliroq edi. Oxirida men havoda uch xil is: ter isi, atir-upa isi va hirs isi kuchli anqiyotgan ko'chaga kelib qoldim. Tosh yotqizilgan ko'cha oxirida devorlariga bambukdan tirgak tirab qo'yilgan va tomi o't- o'lanlar bilan yopilgan yarim vayrona uy bor edi. Uy oldida bir nechta ayol gaplashib turishardi. Ular yaqinlashayotganimni ko'rib, qiziqsinib, yo hayron bo'lganday, yoki xursand bo'lganday, menga qarab qolishdi. Men turli rang va ko'rinishdagi atirgullar ochilib yotgan bog'ga e'tibor berdim. Ularga kim qarashi meni qiziqtirib qo'ydi. Javobini uzoq kutishga to'g'ri kelmadi. Bog'ga yaqinlashgan zahotim uyning eshigi lang ochildi va baland bo'yli, bag'baqalari katta, judayam semiz ayol chiqib keldi. Ko'zlarini qissa, ular atrofdagi yog' qalqalari ichida ko'rinmay ketardi. Ustki labi yuqorisida yupqa qora mo'ylov borligini payqadim. Qarshimda yarim ayol-yarim erkak turganini payqashim uchun biroz vaqt ketdi. - Nima kerak? - shubhalanib so'radi u mendan. Uning qiyofasi tez o'zgaruvchan edi; bir qarashda bu - ayolning yuzi bo'lsa, keyingi qarashda erkakning yuziga aylanardi. Men o'zimni tanitdim, keyin uning ismini so'radim, lekin erkak-ayol savolimni chetlab o'tdi. - Bu sendeklar keladigan joy emas, - xuddi pashsha haydaganday menga qo'l silkitdi bu ayol-erkak. - Nimaga? - Bu yer islovotxonaligini ko'rmayapsanmi? Sen shahvatga bo'ysunmaslikka qaror qilgan darvish emasmisan? Odamlar meni gunohga botgan, deb o'ylashadi, men esa xayru sadaqalar qilaman va Ramazon oyida eshiklarni yopaman. Va hozir seni ham gunohdan halos etyapman. Bizdan nari yur. Bu shaharning eng buzuq joyi bo'ladi. - Buzuqlik insondan tashqarida emas, uning ichida bo'ladi, - e'tiroz bildirdim men. - Qoidada shunday deyilgan. - Nima haqida gapirayapsan? - qag'illadi ayol- erkak. Qirq qoidadan bittasi shu haqida, - tushuntirmoqchi bo'ldim men. - «Asosiy kir insonning ichida bo'ladi. Qolgan barcha kirlarni yuvsa ketadi. Faqat bir kirni toza suv bilan yuvib ketkazib bo'lmaydi, Bu qalblarni kemiruvchi nafrat va o'ta mutaassiblik kiri, yuragingni faqat ishq poklay oladi». - Siz darvishlar, hammangizning esingiz joyida emas. Bu yerga har xil mijoz keladi. Lekin darvish qachon kelishi mumkin? Faqat qurbaqaning soqoli chiqqanda! Agar men seni bu erga kiritsam, Xudo hamma yog'imizni yer bilan bitta qiladi va o'zini Xudoga bag'ishlagan kishini yo'ldan ozdirganimiz uchun bizga tavqila'nat yuboradi. Men o'zimni to'xtatolmay, kulib yubordim: - Bu fikrlar qayoqdan kelgan o'zi? Xudo, sizningcha, osmonda o'tirib olib, o'ziga yoqmagan ishlarni qiluvchi kishilarga qurvaqayu toshlar yog'dirib turadigan serjaxl qabila boshimi? Islovotxona egasi mo'ylovining uchini o'ziga tortdi va menga xo'mrayib qaradi. - Kirmayman, xavotir olma, - dedim men. - Menga shunchaki atirgullaringiz juda yoqdi. - Ha, shunaqami. Bu mendagi qizlardan birining ishi. Cho'l Atirgulining. U qo'li bilan ishratxonada yashovchi ayollar orasida utirgan yosh ayolni ko'rsatdi. Uning terisi sadafrang, bodomqovoq qora ko'zlariga g'am soya solgan ayol edi. U juda chiroyli edi. Men unga qarab, o'zgarish jarayonini boshdan kechirayotganini his etdim. Shundan keyin hech kim eshitmasligi uchun bekaga sekin shivirladim: - Bu yaxshi qiz. Va kunlardan bir kun u Xudoni izlab, safarga chiqadi. Uning taqdiriga sizning uyingizni butunlay tashlab ketish bitilgan. Shu kun kelganda siz uni to'xtatib qolishga harakat qilmang. U hayratdan qotib qoldi, keyin shang'illab tashladi: - Sen bu yerda nimalarni aljirayapsan? Qizlarga qanday muomala qilishni menga o'rgatma! Yaxshilikcha ket bu yerdan. Yo'qsa, hozir Shoqolboshni chaqiraman! - Bu kim bo'ldi? - Uni bilmaganing yaxshi, menga ishonaver, - dedi ayol-erkak, so'zlarini tasdig'i o'laroq, menga qo'llarini pesh qilarkan. Bu notanish ismni eshitayotib titrab ketdim, lekin qo'rqinch tezda o'tib ketdi. - Xo'p, endi mening ketar vaqtim bo'ldi, - dedim men. - Lekin hali qaytaman, shuning uchun meni yana ko'rganingizda hayron bo'lmang. Chunki men, garchi ko'z va qalblari tashqi dunyo uchun yopiq bo'lsa hamki, butun umrini joynamoz ustida bukchayganicha o'tkazadigan darvishlar toifasidan emasman. Ular yuzaki Qur'onni o'qisalar, men nish urib o'sayotgan o'simliklardagi, uchib yurgan qushlardagi ichki Qur'onni o'qiyman. Odamlar qalbiga yashiringan jonli Qur'onni o'qiyman. - Odamlarni o'qiyman, deyapsanmi? - xoxolab qo'ydi u. - Bo'lmag'ur narsalarni valdirayapsan! - Har bir inson misoli ochiq kitob, har birimiz jonli Qur'onmiz. Xudoni izlamoqlik, xoh u fohisha bo'lsin, xoh avliyo, har bir inson qalbida jo bo'lgan. Har bir inson qalbida tug'ilgandan boshlab IShQ yashaydi va u ochilmoqni istaydi. Qirq qoidadan biri ayni shu haqidadir: «Butun koinot insonda - senda jo bo'lgan. Atrofingda nimalarni ko'rayotgan bo'lsang, hatto sen nafratlanadigan, yoqtirmaydigan odamlar ham, - hammasi o'zingda jo bo'lgan. Shuning uchun shaytonni tashqaridan izlama. Iblis o'zimizning ichimizda yashiringan. Agar sen chin o'zligingni bila olsang, o'zingdagi nurli va qorong'u tomonlaringni ko'ra olsang, eng yuksak anglashga erishasan. Har bir inson, xoh u erkak bo'lsin, xoh yo ayol, o'zligini bila olsa, Xudoni ham biladi». Ko'llarini ko'kragiga qovushtirib olgan ayol- erkak oldinga surildi va menga tahdidli tikildi: - Fohishalarga ta'lim beruvchi darvish! Ehtiyot bo’l, ahmoqona ta'limoting bilan bu yerdagilarning yuragiga g'ulg'ula solishingga men yo'l qo'yib berar ekanmanmi. Yaxshisi, jo'na bu yerdan! Agar jo'namasang, qasam ichib aytamanki, Shoqolbosh bu uzun tilingni uzib oladi va men uni yamlamay yutaman. Ella Download 1.48 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling