Elif Shafaq ishqqa oid qirq qoida
Download 1.48 Mb. Pdf ko'rish
|
Ishqqa oid 40 qoida
Tilanchi Hasan
1244 yil, 17 oktyabr, Konya. Jahldan tushishga harakat qila-qila zarang ostida o'tirardim. Azob nimaligi haqida o'zining hech qanday aniq tasavvuri yo'q Rumiyning balandparvoz nutqidan jahlim chiqmasligi mushkul edi. Minoraning soyasi ko'chani qopladi. Goh mudrab, goh o'tgan- ketganni kuzatib o'tirar ekanman, ilgarilari sira ko'rmagan darvish e'tiborimni tortdi. U qora janda kiygan, qo'lida uzun hassa, besoqol, qulog'ida yupqa kumush sirg'a bo'lib, boshqa fuqarolarga o'xshamagani uchun e'tiborni tortmasligi mumkin ham emas edi. U u yoq-bu yoqqa qaradi va darhol meni payqadi. Lekin odatda moxovni ko'rib qolib, o'sha zahoti teskariga o'giriladigan boshqa odamlardan farq qilib, qo'lini ko'ksiga qo'ydi va eski qadrdonday menga ta'zim qildi. Bu meni shunchalik hayratga soldiki, bu harakat orqamda turgan kimgadir bo'lsa kerak, deb o'ylab o'girilib qaradim. Ammo orqada hech kim yo'q edi. Xijolatga tushgan, dovdiragan holda men ham qo'limni ko'ksimga qo'yib, darvishning ta'zimiga javob qildim. U shoshmasdan men tomonga yurdi. Men, darvish idishimga bir nechta chaqa tashlar yoki non berar, degan o'yda ko'zlarimni pastga qaratdim. Ammo buning o'rniga u qarshimda tiz cho'kdi. - Assalomu alaykum, - dedi u. - Vaalaykum assalom, darvish, - javob berdim men va to'satdan xirillab qolgan ovozimni o'zim tanimay qoldim. Kim bilandir gaplashish uchun imkon bo'lmay qolganiga ko'p bo'lgan edi va men o'z ovozim qandayligini deyarli unutgan edim. Darvish o'zini Shams Tabriziy deb tanishtirdi va mening ismimni so'radi. Men kulib yubordim: - Menday odamga ism nimaga kerak? - Har bir insonning o'z ismi bor, - e'tiroz qildi darvish. - Allohning ismlarini sanab tugatib bo'lmaydi. Biz ulardan faqat to'qson to'qqiztasini bilamiz. Hamon Xudoning ismi shuncha ko'p ekan, uning xalifasi bo'lgan odam - qanday qilib ismsiz bo'lsin? - Bir vaqtlar mening onam va xotinim bor edilar va ular meni Hasan deb chaqirar edilar. - Demak, ismingiz Hasan, - boshini silkitdi darvish. Keyin meni hayron qilib, kumush ko'zguni uzatdi. - Oling. Buni menga Bag'dodda bir yaxshi odam bergan edi, lekin bu mendan ko'ra sizga kerakroq. Bu sizga Xudo o'z ichingizda ekanini eslatib turadi. Men javob berishga ulgurmasimdan, g'alati shovqin-suron boshlanib qoldi. Avvaliga men masjidda o'g'rini tutib olishgan bo'lsa kerak, deb o'yladim. Lekin shovqin tobora kuchayib borardi. Yomonroq kori hol bo'lgan ko'rinadi. Hech qanday o'g'rini deb bunchalik shovqin ko'tarilmaydi. Tez orada hammasi ravshan bo'ldi. Masjidga ayol kishi kiripti va oddiy ayol emas, erkak kiyimini kiyib olgan hammaga taniqli fohisha kiripti. Erkaklar baqira-chaqira uni tashqariga olib chiqishdi: - Aldoqchini savalang! Fohishani savalang! Quturgan olomon ko'chaga otilib chiqdi. Men erkak kishining kiyimidagi yosh ayolni ko'rdim. Uning yuzi dokaday oqarib ketgan, ko'zlarida dahshat qotib qolgan edi. Va omma ichiga tushib qolib, uning qismiga aylangan odam qanchalik o'zgarib ketishiga hamisha lol qolardim. Hech qachon birov bilan mushtlashmagan oddiy odamlar - hunarmandlar, savdogarlar, dastyorlar - omma ichiga tushib, yirtqich hayvonga aylanib qolishardi. Ommaning hukmi ham odatiy hol edi va u hamisha murdani hamma ko'radigan joyga osib qo'yish bilan yakun topardi. - Sho'rlik, - pichirladim men Shams Tabriziyga o'girilar ekanman, lekin u allaqachon yonimda yo'q edi. Men darvishni xuddi osmonga otilgan yonib turgan kamon o'qi kabi olomon ichiga otilib kirganini kurdim. Buni ko'rib men ham sakrab turdim va ketidan otildim. Ommaga etib olgach, Shams hassasini misoli tug' kabi ko'tardi va bor kuchi bilan baqirdi: - To'xtanglar, odamlar! To'xtang! Dovdirab qolgan odamlar birdan jim bo'lib qolishdi va hayrat bilan darvishga tikilishdi. - Uyalmaysizlarmi! - hassasini yerga urib baqirdi u yana. - O'ttiz erkak bir ayolga qarshi- ya! Shu adolatdanmi? - U adolatga loyiq emas, - dedi to'rtburchak yuzli gavdali va aftidan g'azabdan ko'ziga hech nima ko'rinmay qolgan bir kishi. Aftidan bu odam o'zini-o'zi olomonga boshliq qilib saylagan ko'rinadi. Men uni darrov tanidim. Bu shahardagi barcha tilanchilar yaxshi taniydigan va beayovligi, xasisligi tufayli hammalari qo'rqadigan Beybars ismli qorovul edi. - Bu ayol erkakcha kiyinib olib, musulmonlarni adashtirib, masjidga kirgan. - Sen uni masjidga kirgani uchun jazolash kerak, demoqchimisan? Masjidga kirish jinoyatmi? - masxaraomuz so'radi Shams Tabriziy. Savolni eshitib, hamma jim bo'lib qoldi. Bunday fikr hech kimning xayoliga kelmagan edi. - Bu ayol fohisha! - olomon orasidan yana kimdir baqirdi, - muqaddas dargoxda unga joy yo'q! Olomonni qayta yondirib yuborish uchun shu yetarli bo'ldi. - Fohisha! Fohisha! - baqirishdi bir necha ovoz baravariga. - Fohishani bir yoqli qilamiz! Xuddi buyruqqa bo'ysungan kabi qandaydir yigitcha bir sakrab, ayolning boshidagi sallasini olib tashlashga urindi. U sallani tortgan edi, salla echilib ketdi va ayolning uzun sarg'ish sochlari quyoshda yaraqlab, to'lqinlanib elkalariga tushdi. «Jinoyatchi» ayolning xusnu jamolini ko'rib, hammaning nafasi ichiga tushib ketdi. Odamlarni hayratga solgan, tuyg'ularning qorishib ketganini tushundi, shekilli, Shams hamon hassasini silkitganicha, olomonga yana ham yaqinroq keldi - Birodarlar, aniqlab oling! Siz bu ayoldan nafratlanasizmi yoki uni istaysizmi? Darvish shunday deb ayolning qo'lidan ushlab, o'ziga tortdi. Ayol xuddi yosh qizcha onasining etagi ortiga yashiringan kabi uning orqasiga berkindi. - Sen katta xato qilayapsan, - dedi baland ovozda to'daboshi. - Sen bu shaharda begonasan va bizning qoidalarimizni bilmaysan. Bizning yo'limizda turma. Yana kimdir gapga aralashdi: - Sen qanday darvishsan o'zi? Fohishani himoya qilishdan boshqa qiladigan ishing yo'qmi? Shams, go'yo savol o'ylantirib qo'yganday, bir zum jim qoldi. U hech qanday hissiyotga berilmay, sokin turardi. - Orangizda ayol kishi borligini qanday bildingiz? - to'satdan so'radi u. - Yo siz masjidga namoz o'qish uchun emas, atrofdagilarni tomosha qilish uchun kelasizmi? Agar siz o'zingizni ko'rsatmoqchi bo'lganingizday shunchalik xudojo'y ekansiz, siz bu ayol hatto yalang'och bo'lsa ham qaramagan bo'lar edingiz. Endi ortingizga qaytib boring-da, astoydil ibodat qilishga harakat qiling. Ko'chaga noqulay jimjitlik cho'kdi. Shamol yerdagi xazonlarni supurardi va menga bir zum ular faqat mening yonimda harakatlanayotganday tuyuldi. - Boring! Masjidga qayting! - dedi Shams va xuddi pashshalarni haydayotgan kabi hassasini silkitdi. Hamma ham uning aytganini qilavermadi, lekin hamma chekindi va ishonqiramay, hayrat ichida nima bo'lishini kutgancha, ikki qadam nari surilishdi. Kimdir, qaytish kerakmikin, deb o'ylaganday, masjidga qarab qo'ydi. Ayni shu daqiqada ayol jasorat qildi va darvishning ortidan chiqdi. Xuddi quyonday chaqqonlik bilan oyoq uchida o'girildi va malla sochlarini silkitgancha, eng yaqindagi muyulishga kirib g'oyib bo'ldi. Ikki erkak uning ortidan quvmoqqa shaylanishdi, lekin Shams Tabriziy ularning yo'lini to'sdi, ularning oldida hassasini shunday katta kuch bilan silkitdiki, ikkisi ham qoqilib ketishdi va yerga ag'darilib tushishdi. Yo'lovchilar buni ko'rib, kula boshlashdi, men ham toza kuldim. Dovdirab qolgan va hayratga tushgan erkaklar o'rinlaridan turishdi, lekin bu vaqtda fohishaning izi ham o'chib bo'lgan va darvish ham ishini bitirib ketayotgan edi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling