Elif Shafaq ishqqa oid qirq qoida
Download 1.48 Mb. Pdf ko'rish
|
Ishqqa oid 40 qoida
1247 yil, dekabr, Konya.
Hamma odamlarning ko'zida biz er-xotin edik. To'yimizdan keyin yetti oy o'tdi. Bu vaqt ichida Shams men bilan biron marta ham erdek yashamadi. Men odamlardan haqiqiy ahvolni yashirishga urinardim, lekin ular to'g'risini bilishadi deb o'ylardim. Nazarimda, bu sharmandali holat peshanamga yozib qo'yilganday ko'rinib turardi, unga qarab hamma tushunib olayotganday tuyulaverardi... Shams mening xonamga kirmas edi demayman. Kirardi, albatta. Lekin har safar kechqurun kirmoqchi bo'lsa, oldindan mendan ruxsat so'rardi. Va har safar men unga: - Ha, albatta. Axir erimsiz-ku! - deb javob qilardim. Keyin kun bo'yi duolar o'qib, nafasimni ichimga yutib, qachon nikohimiz haqiqiy hodisa bo'lishini kutardim. Lekin u eshigimni faqat birga gaplashib o'tirish uchun taqillatardi. U men bilan birga kitob o'qishni yaxshi ko'rardi. Biz u bilan bir nechta kitobni - «Layli va Majnun», «Farhod va Shirin», «Yusuf fia Zulayho», «Atirgul va bulbul»ni o'qidik. Ularning hammasida ham, boshlariga ne savdolar tushsa ham, sevishganlar o'z sevgilaridan kechmaydilar. Bu kitoblar meni g'ussaga soladi. Bu balki men o'zim hech qachon bunday muhabbat ta'mini totib ko'ra olmasligimni bilganim uchundir. Kitob o'qimagan vaqtlarimizda Shams islom so'fiy darvishlarining qirq asosiy qoidasi haqida hikoyalar qiladi. Bir marta qaysidir qoidani tushuntira turib, boshini tizzamga qo'ydi. Keyin sekin ko'zlarini yumdi va jim bo'lib qoldi. Uxlab qoldi, men uning uzun sochlarini siladim, peshonasidan o'pdim. U ko'zini ochgunicha bir umr o'tgandek bo'ldi. Keyin u meni o'ziga tortdi va ohista o'pib qo'ydi. Bu eng baxtli onlar edi. O'tgan yetti oy mobaynida men ham bir necha marta uning xonasiga bordim. Va har safar uni ogohlantirmasdan borganimda, qo'rqqanimdan yuragim siqiladi, chunki u meni qanday qarshi olishini bilmayman. Shamsning kayfiyatini oldindan bilib bo'lmaydi. Ba'zan u shunday mehribon va muloyim bo'lardiki, men barcha kechmishlarim uchun uni kechirishga tayyor bo'lardim, ba'zan esa juda injiq bo'lib qolardi. Bir marta uni yolg'iz qolishiga qo'ymayotganimni aytib, eshigini qattiq yopib oldi. Shu tarzda men undan ranjimaslikka odatlandim, shu bilan birga, men ham u muroqaba (meditasiya) qilayotganida unga xalal bermaydigan bo'ldim. Bir necha oy mobaynida men o'zimni nafaqat boshqalar ko'zi uchun, o'zim uchun ham juda mamnundek ko'rsatib yurdim. O'zimni Shams qiyofasida hamfikr, ustoz, suhbatdosh, hatto o'z o'g'limni ko'rishga majbur etdim, ammo faqatgina erni ko'ra olmas edim. O'zim yoki uning kayfiyatidan kelib chiqib men unga har xil qiyofalar berardim. Ma'lum vaqtga qadar bu meni qanoatlantirib keldi. Ortig'ini kutmasdan, faqat suhbatlashishni kutadigan bo'ldim. Uning fikr- mulohazalarimni qadrlashi va rag'batlantirishi meni behad shodlantirardi. Men undan ko'p yangi narsalar o'rgandim, keyinroq esa o'zim ham uni nimalarnidir o'rgatishim mumkinligini, masalan, u tushunchaga ega bo'lmagan oilaviy hayotga o'rgatishim mumkinligini angladim. Shuningdek, hech kim uning kulgisini menchalik keltira olmas edi. Lekin bu menga yetarli emas edi. Qancha urinmay, u meni sevmaydi, degan fikrdan qutula olmas edim. To'g'ri, men unga yoqardim, u meni qadrlardi. Lekin bular sevgi emas edi. Bu fikr esa menga azob berardi, jismu jonimga tinchlik bermay, ich-ichimdan kemirardi. Men do'stlardan ham, qo'shnilardan ham nari yurardim. O'z xonamda yolg'iz qolishni va marhumlar bilan gaplashishni afzal ko'radigan bo'ldim. Zero, tiriklardan farqlanib, marhumlar hech qachon hech kimni ayblashmaydi. Tiriklardan esa faqat Cho'l atirguli mening eng yaqin dugonamga aylandi. Ikkimiz ham odamlardan uzoq bo'lishni istaganimiz uchun o'zaro tez yaqinlashib oldik. U ham so'fiy bo'ldi. Cho'l atirguli ishratxonadan qochib kelib, xilvatda yangi hayot boshlagan. Bir kuni men unga jasurligi va qat'iyatliligiga havas qilishimni aytdim. U bosh chayqab dedi: - Men yangi hayot boshlaganim yo'q. Shunchaki, qilgan ishim - o'lmay turib o'ldim, xolos. Bugun Cho'l atirgulining oldiga butkul boshqa, odatdagidan tashqari sabab bilan bordim. Men u bilan o'zimni qo'lga olib va juda xotirjam gaplashmoqchi edim, lekin uyiga kirgan zahotim o'kirib yig'lay boshladim. - Kimyo, nima bo'ldi, ishlaring yaxshimi? - Unchalik emas, - iqror bo'ldim men. - Menga yordamingiz kerak. - Ha, albatta. Ayt, nima qilishim kerak? - Shams tufayli... U menga yaqinlashmayapti. Ya'ni... - g'o'ldiradim men. - Men unga yoqishni istayman. Menga O'rgating. Cho'l atirguli og'ir xo'rsindi. - Kimyo, men qasam ichganman, - dedi u deyarli achchiqlanib,- Men Xudoga musaffoligimni saqlashga va erkaklarga yoqish to'g'risida o'ylamaslikka qasam ichganman. - Lekin siz qasamingizni buzmaysiz-ku, faqat menga ozgina yordam berasiz, xolos, - yalindim men. - Men Shamsni baxtli qilishni istayman. - Shams ma'rifatli inson, - xuddi birov eshitib qolishidan xavfsiraganday pichirlab dedi Cho'l atirguli. - Sen to'g'ri ish qilmayapsan, menimcha. - Lekin u erkak-ku! - e'tiroz bildirdim men. - Axir hamma erkaklar Odam Atoning o'g'illari emasmi? Ma'rifatlimi yoki ma'rifatsizmi, hammasida ham jism va qon bor-ku! Shamsda ham, to'g'rimi? - Ha, to'g'ri, lekin... Cho'l atirguli shoshib tasbehini oldi va xayolchan boshini egib, uni o'gira boshladi. - Iltimos, - gapimdan qaytmay turib oldim men. - Men faqat sizga ishonib ayta olaman. Yetti oy o'tdi. Har kuni ertalab yuragimda og'ir yuk bilan uyg'onaman, har kuni kechqurun ko'zlarimda yosh bilan uxlayman. Boshqa chiday olmayman. Men erim bilan yaqinlashishim kerak! Cho'l atirguli javob bermadi. Men ro'molimni yechdim, uni boshidan ushlab o'zimga qaratdim. - To'g'risini ayting. Men xunukmanmi? - Yo'q, albatta, Kimyo. Sen chiroyli ayolsan. - Shunday bo'lsa menga yordam bering. Menga erkak yuragiga qanday kirishni o'rgating. - Azizam, bilsang edi, erkak yuragiga kirish ayolni yo'ldan ozdiradi, uni o'zini unutishga olib keladi. - Baribir, - javob berdim men. - Men orqaga qayta olmayman. Download 1.48 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling