Elif Shafaq ishqqa oid qirq qoida
Download 1.48 Mb. Pdf ko'rish
|
Ishqqa oid 40 qoida
1247 iil, dekabr, Konya.
Bu asov, jasur, zukko Shams ishq haqida juda ko’p narsa biladi. Lekin bir nimani bilmasligi aniq: rad etilgan sevgi azobini. Cho'l atirguli meni pardoz-andozlar qilib, kiyintirib qo'ygan kuni juda to'lqinlanib ketdim va esu hushim joyida emas edi. O’zimda shunday o'zgarish bo'lishi mumkinligi xayolimga ham kelmagan edi. Vujudimga tegib turgan nafis ipak mato, atir isi, tilimdagi gulob ta'mi va boshqalar hammasi, bir tomondan, meni asablantirar, ikkinchi tomondan, menga kutilmagan jasorat ham baxsh etgan edi. Uyga qaytib, birinchi galda o'zimni ko'zguga soldim. Suluvgina edim. Uyda hamma uxlashini kutib, keyin katta ro'molni yelkamga tashlab, oyoq uchida Shamsning xonasiga ravona bo'ldim. - Kimyo, men seni kutmagan edim, - dedi u eshikni ocharkan. - Men sizni ko'rishim kerak edi. - Shunday dedim-u, taklifini kutmasdanoq ostonadan o'tdim. - Iltimos, eshikni yopib qo'ying. Shams hayron bo'lganini yashirmay, iltimosimga bo'ysundi. Ikkimiz uning xonasida yolg'iz edik, menga diqqatimni to'plab olishim uchun vaqt kerak edi. Men unga orqa o'girdim, chuqur xo'rsindim-da, ro'molni tashlab, ko'ylagimni echa boshladim. O'sha zahoti orqamda erimning og'ir nigohini his etdim. Xonaga sovuq jimjitlik cho'kdi. Nafasim tiqilib qoldi, turli yomon xayollar miyamda gir aylanardi, lekin men Shams qarshisida xuddi jannatdagi xur kabi turaverdim. Yoqimsiz sukut xukm surardi, faqat tashqarida esayotgan shamolning uvillashini eshitib turardik. - Bu nima qiliq? - sovuq ohangda so'radi Shams. Men birdan ovozdan qoldim, shunga qaramay o'zimni majburlab dedim: - Sizni istayman. Shams atrofimda yarim aylanib, qarshimda to'xtadi va meni ko'zlariga qarashga majbur etdi. Tizzalarim bukilay-bukilay deb turardi, lekin men bunga so'z bermaslikka harakat qilardim. Aksincha, uning tomoniga bir qadam qo'ydim va Cho'l atirguli o'rgatganday, unga taqaldim, quloqlariga nafis sevgi so'zlarini shivirladim. Shams xuddi cho'g' tekkanday sakrab o'zini nari oldi. - Sen o'zingcha meni istayapman, deb o'ylaysan, aslida o'zingning kamsitilgan «men»ingni yupatmoqchisan. Men Cho'l atirguli aytganday qilib, qo'llarim bilan uning bo'ynidan quchoqladim va qattiq o'pdim... Atigi bir daqiqa har ikkimizni ham ehtirosli istak o'z girdobiga tortayotganini his etdim, lekin Shams yulqinib qo'limdan chiqib ketdi. - Kimyo, sen mening hafsalamni pir qilding, - dedi u. - Endi esa, iltimos, xonamdan chiq. Shams meni qattiq xafa qiladigan bu so'zlarni yuzida hech qanday ifodasiz - na g'azab va na jahlsiz aytdi. Va men ularning qaysi biridan - aytgan so'zlarining ma'nosidanmi yoki yuzida hech qanday hissiyot yo'qligidanmi - ko'proq xafa bo'lishim kerakligini ham bilolmay qoldim. Hayotimda bundan ortiq xo'rlikka duch kelmagan edim. Men yerda yotgan ko'ylagimni olishga egildim, lekin qo'llarim qaltiraganidan sirpanchiq ko'ylagim ushlab ololmasdim. Shuning uchun ro'molning o'ziga o'ralib oldim. Yig'lagancha, og'ir nafas olib, yarim yalang'och xonasidan chiqdim, undan ham, uning muhabbatidan ham qochib ketdim, tushundimki, bu muhabbat faqat mening tasavvurimda ekan. Shundan buyon Shamsni biron marta ham ko'rmadim. O'sha kundan boshlab o'z xonamdan tashqariga boshqa chiqmadim. Ertayu kech to'shakdan turishga majolim yetmay, yotib qoldim. Bir hafta o'tdi, yana bir hafta o'tdi va men kunlarni ham boshqa sanamay qo'ydim. Menda butkul mador qolmadi. O'limning isi borligi haqida hech o'ylamagan ekanman. Bu is tuzlangan zanjabil yoki qarag'ayning ignalari kabi, lekin ancha o'tkir va achchiq, biroq badbo'y emas. Men o'limni xonamga kirib kelganida, u meni qalin va nam tumanga chulg'ab olayotganida his etdim. Meni bezgak tutdi, hushimni yo'qota boshladim va hatto alahladim ham. Meni juda ko'p do'stlar va qo'shnilar ko'rgani kelish- di... Kira yonimdan nari ketmadi. Uning rangi siniqqan, ko'zlari ichiga cho'kkan edi. Gavhar ham yonimda, ikkinchi tomonimda, yuzlarida kulgichlar paydo bo'ladigan o'zining yoqimli tabassumi bilan kulimsirab turardi. - La'nati bid'atchi! - derdi Sofiya. - Bechora qizning yuragini chilparchin qildi. Hammasi o'sha tufayli bo'ldi. Men unga e'tiroz bildirmoqchi bo'ldim, lekin ovozim chiqmadi. - Nimaga unday deysan? - e'tiroz bildirdi Kira.- Hammasi Xudoning qo'lida. Odamning irodasi Xudonikiga teng kelarmidi? Lekin Kiraga hech kim quloq solmas, men o'zim-ku, Hech kimni ishontiradigan holatda emas edim. Lekin nimaiki deya olganimda ham, natija bir xil bo'lib chiqishini tez ilg'ab olgandim. Shamsni yomon ko'rgan odamlar mening kasalimda undan nafratlanish uchun yana bir sabab topishdi, lekin men uni hech nimaga qaramay sevardim. Mana, nihoyat, men barcha ranglar bir rangga, hamma ovozlar bir guvillashga aylanadigan holatga tushdim, Odamlarni tanimaydigan va so'zlarni ajratmaydigan holga. Shams meni ko'rgani keldimi, kelmadimi, bilmayman. Kelmagan bo'lsa kerak. Kelganida ham xotinlar uni yonimga yo'latmagan bo'lishardi. Balki kelgandir ham, to'shagim yonida o'tirib, qo'limdan tutib yoki soatlab nay chalib yoki duo o'qib o'tirgandir. Shunga ishongim keladi. Nima bo'lsa ham, endi buning ahamiyati yo'q. Mening undan jahlim chiqmadi va xafa ham bo'lmadim. Bu menga Xudoning marhamati va yupanchi bo'ldi. Shamsning oldiga pardoz- andoz qilib, ipak ko'ylaklar kiyib kirib, kasal bo'lib qolganimdan keyin o'n kun o'tgach, men yo'qlik daryosiga sho'ng'idim va o'z yuragimga to'liq muvofiqlashgan holda suzib ketdim. Bu oqim meni hayotdan o'lim sari oqizib ketdi. Ella Download 1.48 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling