Elif Shafaq ishqqa oid qirq qoida
Download 1.48 Mb. Pdf ko'rish
|
Ishqqa oid 40 qoida
1247 yil, may, Konya
Ey, hulqi hush kelinchak, yig'lamagin, yor-yor, Ota-onangdan seni olib ketar, yor, yor, Tongda qushlar sayrashi o'zga endi, yor-yor, O'zga hayotning kuyi jo'r bo'ladi, yor-yor. To'y kuni kechqurun sekin hovliga chiqdim va kimlarningdir xitoblari, kulgulari, gaplari orasida uydan tashqariga eshitilib turgan Onado'lining qadimiy yor-yorini tinglab, biroz muddat o'tirdim. Ayollar o'zlariga ajratilgan tomonda kuylashardi. Men ashula so'zlarini qiziqib eshitdim. Nima uchun ayollar to'y kuni hamisha qayg'uli ashula aytishadi? So'fiylar to'yni o'limga qiyoslashadi va o'limni esa Xudoning vasliga yetish kuni sifatida bayram qilishadi. Ayollar ham to'yni o'lim bilan bog'lashadi, lekin buning sababi butunlay boshqacha. Garchi ular uchun to'y baxtli hodisa esa-da, baribir, xafa bo'lishadi. To'y marosimida qizlik davri bilan vidolashayotgan, tez orada ayol va ona bo'ladigan shaxsning nolasi kuylanadi. Mehmonlar ketishgach, uyga qaytdim va yolg'izlikda muroqaba qildim. Keyin meni kutayotgan Kimyoning xonasiga kirdim. U to'shakda, zarli naqshlar bilan bejab tikilgan oq libosda o'tirardi. Sochlari mayda o'rilgan, har o'ramiga marjoy taqilgan. Yuzi ko'rinmadi, chunki yuziga qizil ro'mol yopilgan edi. Oyna yonida yonib turgan shamdan boshqa chiroq yo'q. Devordagi oyna ustiga duxoba mato tushirib qo'yilgan, chunki yosh ayol tunda o'z aksini ko'rishi yomon belgi hisoblanar ekan. To'shak yoniga anor va pichoq qo'yilgan, biz uni serfarzand bo'lish niyatida eyishimiz kerak ekan. Kira meni bu yerning barcha urf-odatlaridan xabardor qilgan, hatto kelinning boshiga yopilgan to'rni olishdan oldin kelinga tilla tangalardan terilgan marjon taqishim kerakligini aytgan edi. Lekin umrimda tilla tangalarim bo'lmagan, birovdan nasiyaga olingan «marjon»ni esa taqishni xohlamadim. Shuning uchun Kimyoning yuzini ochib, unga faqat toshbaqanusxa taroq sovg'a qildim va lablaridan bo'sa oldim. U tabassum qildi. Bir on jur'atsizlikka taslim bo'ldim, go'yo yosh bola bo'lib qolganday edim. - Go'zalsan, - dedim men. Kimyoning yuzi qizarib ketdi. Keyin bor kuchi bilan o'zini aslidan farqli o'laroq, xotirjamroq va tajribaliroq ko'rsatishga urinib, qaddini rostladi. - Endi men xotiningizman. U yerga to'shalgan, sepining bir qismini tashkil etgan, o'zi katta diqqat-e'tibor bilan to'qigan gilamini menga ko'rsatdi. Ajoyib rang-barang jilolar. Ko'rgan zahotim, undagi har bir tugun men haqimda so'zlayotganini his etdim. Kimyo unda o'z orzusini to'qigan edi. Uni yana bir marta o'pib qo'ydim. Uning iliq lablaridan vujudimni larzaga soladigan istak taralardi. Kimyodan yasmin va boshqa giyohlarning isi kelardi. Yoniga yotib Shu ifordan nafas oldim. Shu topda men faqat uning ichiga kirib g'oyib bo'lishni va o'zimni butkul unutishni istardim. U esa menga yomg'irdan oldin atirgul g'unchasi qanday ochilsa, shunday ochilayotgan edi. Men undan o'zimni tez tortib oldim: - Kechir, Kimyo, men bunday qila olmayman. U nafas olishdan to'xtab, jim qotdi. Uning ko'zlaridagi uzilgan ilinj ifodasini ko'tara olmay, o'rnimdan turib ketdim: - Men ketishim kerak. - Siz hozir keta olmaysiz, - dedi Kimyo hazin ovozda. - Agar hozir ketsangiz odamlar nima deydi? Ular nikoh buzildi deyishadi. Va bunda meni aybdor qilishadi. - Nima uchun? - so'radim men, garchi javobini bilib turgan bo'lsam ham. Kimyo nigohini chetga olib, tushunarsiz bir nimalar dedi, lekin keyin o'zini qo'lga olib, har bir so'zini dona- dona qilib dedi: - Ular meni qiz emas ekan, deb o'ylashadi. Va men bu nomusni bir umr ko'tarib yurishim kerak bo'ladi. Xudo yaratgan uyg'unlik bilan sira umumiyati yo'q bu insoniy adolatsizlikdan tomirlarimda qonim qaynab ketdi. - Bema'nilik. Odamlar o'zlarining ishlarini qilishsin, - e'tiroz bildirdim men, garchi Kimyoning haqligini yaxshi tushunib turgan bo'lsam ham. Men anor yonida turgan pichoqni tezgina oldim. kimyoning yuzida vahima paydo bo'ldi, lekin keyin qayg'uli ahvolni tushungandek bo'lib, o'ziga keldi. Men tezgina chap qo'limni kesdim, yaradan choyshabga qon tomchiladi, oqib to'q qizil dog'ga aylandi. - Choyshabni ularga ber. Shu bilan og'zilarini yoparsan, noming qanday toza bo'lgan bo'lsa, shunday tozaligicha qoladi. - Iltimos, shoshmang. Ketmang, - yolborardi Kimyo.- Axir men xotiningizman-ku! Shu dam men unga uylanib qanchalar katta xato qilganimni his etdim. Tunda xonadan va hovlidan ham chiqib ketar ekanman, boshimda yorilguday og'riq turgan edi. Mening vaziyatimdagi erkak uylanmasligi kerak. Men oilaviy majburiyatlar uchun yaralgan emasman. Menga endi bu har qachongidan ham ravshan edi. Va endi buning badali ham behad katta bo'ladi. Menda nafaqat bu uydan, bu shahardan, bu nikohdan, balki o'z vujudimdan ham qochishga behad kuchli istak tug'ilgan edi. Lekin ertalab Rumiy bilan ko'rishishim haqidagi fikr meni to'xtatdi. Men uni yana tashlab keta olmasdim. Men tuzoqqa tushibman. Download 1.48 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling