Eron adabiyotini shartli ravishda 3 bosqichga boʻlish mumkin: qadimiy, oʻrta asr va zamonaviy. Eron adabiyotining ilk namunalari qadimiy fors tilida yaratilgan


Samad Behrangiy (1939-1968; Eron)


Download 46.01 Kb.
bet2/2
Sana29.04.2023
Hajmi46.01 Kb.
#1399913
1   2
Bog'liq
3-ma\'ruza 2

Samad Behrangiy (1939-1968; Eron)
Samad Behrangiy (1939-1968) zamonaviy Eron adabiyotining yorqin siymolaridan biridir. U 1939 yilning 23 iyunida Eronning Tabriz shahrida ozarbayjon oilasida dunyoga kelgan. Samad o‘rta maktabni tamomlagandan so‘ng 1955 yilda muallimlar tayyorlash bilim yurtiga o‘qishga kirgan. Talabalik paytida hamfikr do‘stlari bilan birga “Gulush” nomli satirik jurnal chiqara boshlagan. 1957 yildan umrining oxirigacha Eronning ozariy qishloqlarida muallimlik qilgan. Shu bilan birga ozariy qishloqlarini kezib xalq og‘zaki ijodi namunalarini to‘plagan.
1963 yilda xalq og‘zaki ijodi namunalaridan iborat “Pora pora” (she’r va tez aytishlar) kitobi nashr qilingan. Taniqli fors shoirlari Ahmad Shomlu, Furo‘g‘ Farruxzod she’rlarini, shuningdek, bir necha turk yozuvchilarining asarlarini ozarbayjon tiliga o‘girgan. Uning “Eron ta’lim tizimi muammolari” va “Ozarbayjon maktablari uchun ozariy alifbo” nomli kitoblari katta bahs va munozaralarga sabab bo‘lgan. 1967-1968 yillar adib ijodining eng sermahsul davri bo‘lgan.
Italiyaning nomdor “Bulumi Oltin Mukofoti”ga sazovor bo‘lgan “Qora baliqcha” asari ham 1968 yilda bosilgan va o‘sha yilning o‘zida dunyoning juda ko‘plab tillariga tarjima qilingan.
Samad Behrangiy 1968 yilning sentyabrida fojiali bir tarzda hayotdan ko‘z yumgan. Adibning Aras daryosiga cho‘kib o‘lgani haqidagi xabar Eron xalqi bilan birga uning asarlarini o‘qigan barcha kitobxonlarni qayg‘uga g‘arq qildi.
Samad Behrangiy hikoya va ertaklari bolalar bilan birga kattalarni ham befarq qoldirmaydigan asarlardir.

Mushfiq Kozimiy (1887-?; Eron)


Murtazo Mushfiq Kozimiy (1887 — ?) — Eron yozuvchisi. Zamonaviy fors nasrining asoschilaridan biri. «Erane javan» («Yosh Eron») jurnalida bosh muharrir bo‘lib ishlagan (1926). Ijodiy faoliyati 20-asrning 20-yillaridan boshlangan. Kozimiyning birinchi yirik asari «Qo‘rqinchli Tehron» (1922) romani hisoblanadi. Romanda Erondagi ijtimoiy hayot, xalq boshiga tushgan qiyinchiliklar, adolatsizliklar, ayollarning og‘ir qismati aks ettirilgan. Romanning 1-qismi «Mahuf» (1921) Tehronda, 2-qismi «Bir kecha xotirasi» (1924) Berlinda nashr etilgan. Kozimiy «So‘ligan gul», «Qimmatga tushgan rashk» va boshqa romanlar muallifi. Publitsistik asarlari, tarjimalari Eron adabiyotida o‘ziga xos o‘rin tutadi. «Ko‘rqinchli Tehron»ning 1-qismi Fafur G‘ulom, 2-qismi Sotiboldi Yo‘ldoshev tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan.
Asrlar mobaynida fors adabiyoti oʻzining katta shuhrat qozongan benazir sheʼriyati bilan dunyoga mashhur boʻlib keldi. Maʼlumki, mumtoz fors nazmiy adabiyoti juda rivojlangan boʻlib, uning namunalari jimjimador tashbehu mubolagʻalarga boy hamda oʻziga xos murakkab sanʼatlarni qamrab olgan. Fors adabiyotida sheʼriyat bilan bir qatorda badiiy nasr ham rivojlanib bordi.
Umuman olganda, Eronda hikoyanavislik tarixi uzoq davrlarga borib taqaladi. Hozirgi zamon fors hikoyanavisligi, (yaʼni yangi tipdagi hikoya janri nazarda tutilmoqda – O.T.) deyarli yuz yillik tarixga ega boʻlgan taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtgan boʻlsa-da, ilk nasriy asarlar bundan ancha ilgari yuzaga kelgan.
IX–X asrlardan bizgacha (qisman) yetib kelgan eng qadimiy nasriy asar Abu Mansur al-Maummariyning “Shohnoma”sidir.
Sharq olamida oʻsha davrlarda ham, hozirgi kunga kelib ham katta shuhrat qozongan nasriy asarlardan Faxriddin Gurgoniyning “Vis va Romin”, Nizomiyning “Panj ganj”, Saʼdiyning “Guliston” va “Boʻston” asarlari, Nizomul Mulkning mamlakatni boshqarish ilmini oʻz ichiga olgan “Siyosatnoma” asari, tarixiy voqealar sodda, jozibali tilda hikoya qilingan “Tarixi Bayhaqiy” va boshqa koʻpgina shu kabi asarlar oʻzida badiiy unsurlarni ham mujassamlashtirib, Eron hikoyanavisligi tarixi negizining bir qismini tashkil qiladi.
XIX asr oʻrtalariga qadar fors badiiy nasri pandnoma hikoyatlar, tarixiy-qahramonlik, fantastik asarlar, ertaklar shaklida ifodalab kelindi. Bu janrlarning ayrimlari hozirgi kungacha saqlanib qolgan va zamonaviy fors badiiy nasrining shakllanishiga katta taʼsir koʻrsatgan.
Eron adabiyotiga yangi tipdagi hikoya janrining kirib kelishi Yevropa adabiyotidan boʻlgan taʼsir bilan ham belgilanadi. Buni Eron olimlaridan doktor Hamid Abdullohiyon, Muhammad Huquqiy, Jamol Mirsodiqiy, Muhammad Qosimzoda kabilar oʻzlarining nazariy asarlarida taʼkidlab oʻtganlar.
Eronda zamonaviy hikoya janrining asoschisi Muhammadali Jamolzoda boʻlib, u olti hikoyani oʻz ichiga olgan “Bor ekan-da, yoʻq ekan” (1914-1921 yillar oraligʻida yozilgan) toʻplamini yozgan va xalq orasida katta shov-shuvga sabab boʻlgan. Eronliklar yangi hikoya janri bilan tanishar ekanlar, ularni qadimiy hikoyatlar bilan oʻxshashligi bois juda yaxshi kutib oldilar. Balki shuning uchun ham sal oldinroq roman bilan oshno boʻlgan eronliklar Jamolzodaning hikoyalarini Abdurahim Tolibov va Zaynalobidin Marogʻaiyning romanlaridan koʻra ancha iliq kutib oldilar. Jamolzodaning hikoyalari qahramonlari, odatda, oddiy, besavod, toʻpori xalq vakillari edilar.
Shu tarzda fors adabiyotida yangi tipdagi hikoya janri vujudga keldi hamda xalq ogʻzaki ijodi, qadimgi va mumtoz fors adabiy merosi, Yevropa va adabiyoti rivojlangan boshqa mintaqalar yutuqlarini uygʻunlashtirgan holda shakllanib bordi.
Ijodkor yozuvchilar tezkor va hozirjavob hikoya janriga qoʻl urib, xilma-xil hikoyalar yoza boshladilar. Hikoya tilining goʻzalligi, latofati va soddaligi bilan esa oʻz ixlosmandlarini topa bordi. Hikoyanavislik, mumtoz adabiy shakllarni oʻzgartirishdan tashqari, asar tilini soddalashtirishda, xalq tiliga yaqinlashtirishda ham munosib taʼsir koʻrsatdi. Yozgan asari xalq hayoti oynasi boʻlishini istagan yozuvchi oʻz maqsadini xalq tushunadigan tilda yozishga intilar ekan, buni boshqa vosita orqali bayon eta olmas edi ham.
Hikoyanavislikda XX asr birinchi yarmida voqelikni tasvirlash metodiga kelsak, eng avvalo, realistik yoʻnalishning ustunligi aniq koʻrinadi. Hikoyanavislikda u oldin maʼrifiy tus oldi, soʻng unda tanqidiy realizm uslubi chegarasida ijod qilish boshlandi.
Maʼrifatchilik realizmi ijtimoiy notenglikka qarshi chiqib, tanqidiy realizmga zamin hozirladi. Maʼrifatchilik realizmining keyingi davr realistik yoʻnalishlar rivojida, ayniqsa, realistik fors hikoyalarining vujudga kelishi va rivojlanishida ahamiyati beqiyosdir. Xususan, yangi tipdagi ilk forscha hikoyalar muallifi Muhammadali Jamolzodaning “Qurbonalining dil dardlari” hikoyasida maʼrifatparvarlik realizmidan tanqidiy realizm tomon siljishlar koʻzga tashlanadi. Bu hikoyada ratsionalizm mafkurasi, yaʼni Yaratganning ishlariga aqliy tahlil nuqtai nazaridan qarash yetakchilik qiladi. Hikoya oʻzini xudojoʻy qilib koʻrsatgan riyokor odamlarni fosh qiladi. Adib qahramonlarni oʻz tili orqali fosh qildirish uslubidan samarali foydalangan. Hikoyada Sayyidi Shuhado maddohi – Qurbonalining haqiqiy tabiati ochib beriladi. Yozuvchining uslubi anʼanaviy uslubga yaqin. Bu uning jumlalar tuzishida, soʻz sanʼatlari – talmeh, ritorika, majoz, u yoki bu shoir sheʼrlaridan misollar, diniy iboralar ishlatishida aniq bilinadi.
XX asrning 20-yillarida hikoyanavislik rivoji haqida soʻz borganda, bu davr siyosiy holati haqida toʻxtalib oʻtmaslik mumkin emas, chunki 1925 yilda Rizoshoh mamlakatda harbiy diktatura oʻrnatdi va yangi Pahlaviylar sulolasiga asos soldi. Demokratik harakatlar ishtirokchilari qattiq taʼqib ostiga olindi, partiyalar faoliyatining man qilinishi haqida buyruqlar chiqarildi. Matbuotga qattiq senzura oʻrnatildi. Bularning barchasi 20-30-yillar adabiyotida aks etmay qolmadi. Ilgʻor fikrli yozuvchilar asarlarining nashri taʼqiqlab qoʻyilgani adabiyotga katta zarar yetkazdi.
30-40-yillarga kelib esa fors adabiyotida katta oʻzgarishlar kuzatila boshladi, isteʼdodli yozuvchilar guruhi vujudga keldi. Ular orasida Boʻzoʻrg Alaviy, Jalol Ol-Ahmad, Muhammad Masʼud Dehotiy, Muhammad Hijoziy, Sodiq Chubak, Behozin va albatta, Sodiq Hidoyat bor edi.
Hikoya janri esa zamonaviy adabiyotda oʻz oʻrnini topdi, tez surʼatlar bilan rivojlanib bordi, eʼtiborga tushdi, xilma-xillashdi va tubdan oʻzgardi.
40-50-yillarga kelib ham nasrda hikoya janri yetakchilik qildi, chunki hikoya hozirjavob, loʻnda, hayot voqealarini tez inʼikos etadigan janr edi.
40-50-yillarda ijod etgan adiblar hikoyalarining mavzular koʻlami nihoyatda xilma-xil edi. Bu davrda juda koʻp uchraydigan mavzular qatoriga vatanga muhabbat, insonparvarlik, ezilgan Eron ayolining dardi, ogʻir qismati va shu kabilarni kiritish mumkin. Avvalgidek, Eron ziyolilari taqdiri, dehqonchilik sohasidagi ogʻir ahvol, dehqonning mashaqqatli hayoti, oddiy xizmatchilarning hayoti, hokim tabaqaning zoʻravonligi, ularning tekin daromad va siyosiy mavqega boʻlgan intilishi, oʻz yovuz maqsadiga erishish yoʻlidagi yolgʻonchiligi va poraxoʻrligi kabi masalalar, mavzular doirasini qamrab olgan yangi turkum hikoyalarning paydo boʻlishi bilan xarakterlanadi.
Eronning 60-70-yillar adabiy taraqqiyotini tahlil qilar ekanmiz, anʼanaviy islom dini tasavvurlari bilan mamlakat kapitalistik shakllarining toʻqnashuvi maʼnaviy tartibsizlikni keltirib chiqarganining guvohi boʻlamiz. Shu bilan birga, milliy ong va milliy mafkuraning oʻsishi barobarida, oʻtmish, qadimgi Eron tarixi va madaniyatiga va xususan, islom dini, uning ijtimoiy-maʼnaviy funksiyasiga qiziqish kuchaydi. Anʼanalarni qaytadan “kashf etish” Gʻarb madaniyatiga boʻlgan talqinni sezilarli darajada oʻzgartirdi. Gʻarb taraqqiyotiga nisbatan 50-60-yillarda yaqqol sezilib turgan chuqur hurmat endilikda tanqidiy munosabat kasb eta boshladi. Bu tendensiya 70-yillar boshiga kelib yozuvchilar ijodida yanada yorqinroq aks eta boshladi.
Aynan shu davrga kelib modernistik unsurlar qoʻllangan, miflar (afsonalar) asosida yaratilgan hikoyalar, shu bilan birga, inson va uning taqdiri, koʻngli tadqiqiga yoʻnaltirilgan mavzudagi hikoyalarning kirib kelganini koʻrish mumkin.
1979 yildagi Eron islom inqilobining turli sohalarga, jumladan, adabiyot sohasiga taʼsirini ham inkor etib boʻlmaydi. Jahon tajribasidan maʼlumki, sodir boʻlgan inqiloblar taʼsiri nafaqat siyosiy-ijtimoiy sohalarda, balki madaniy va adabiy sohalarda ham namoyon boʻla boshlaydi. Bu holat bora-bora yangi-yangi adabiy qarashlar va adabiy maktablarni vujudga kelishiga sabab boʻladi.
Fors zamonaviy hikoyanavisligi qadimiy epik anʼanalardan koʻplab elementlarni meros qilib olgan. Yaxshilik bilan yomonlik oʻrtasidagi kurash, qadimgi va mumtoz syujetlarga, allegorik obrazlarga murojaat, munozara janri, voqelikni ramzlar orqali ifodalash, hajviyot, didaktik adabiyot kabi anʼanalarning zamonaviy adabiyotda aks etib kelayotgani buning yaqqol dalilidir. Biroq hozirgi zamon adiblari qadimgi shakl va anʼanalarga zamonaviy talablarga javob bera oladigan yangicha mazmun va yangicha shakl baxsh etib, mazkur adabiy anʼanalardan samarali foydalanib kelmoqdalar.
Fors hikoyanavisligi 80-yillarga kelib sifat jihatidan yangi koʻrinish kasb eta boshladi. 80-yillarda adiblar ijodida yangi mavzular, shakliy-uslubiy izlanishlar, voqelikni yangicha tasvirlashga intilish tamoyillari kuchayganligi eʼtirof etiladi. Realizmning zamonaviy fors nasrida, xususan, hikoyachiligida ustunligini eʼtirof etgan holda, modernistik yoʻnalishlarning ham ayrim ijodkorlar tomonidan keng qoʻllanib kelinayotganini taʼkidlash joiz.
Ijodda subʼyektivlikning oldingi oʻringa chiqarilishi, mantiqiy bilishdan intuitiv bilishning yuqori qoʻyilishi, inson ichki olamida kechuvchi his-tuygʻularga oʻzgacha eʼtibor berilishi, yaxlit olganda, realizm mavqeida turgan qator zamonaviy adib va adibalar Roziya Tujjor, Vajihe Somoniy, Firuz Zanuzi Jaloliylar ijodiy yoʻsiniga ham jiddiy taʼsir koʻrsatdi.
Realistik hikoyalar bilan bir qatorda, syurrealistik manzaralar bilan ajralib turadigan modernistik yoʻnalishdagi hikoyalar muallifi hozirgi zamon Eron adabiyotining yirik namoyandalaridan biri Roziya Tujjordir. Asosan, hikoya janrida qalam tebratib kelayotgan adibning bir necha hikoyalar toʻplami dunyo yuzini koʻrgan, ayrim hikoyalari esa turli tillarga tarjima qilingan. Ular “Shisha ayol”, “Yetti tugun”, “Nargislar”, “Vatanga sayohat”, “Sabr toshi”, “Akatsiya koʻchasi”, “Xayrli tun”, “Shuʼla va tun” kabi badiiy asarlardan iborat. Adibaning hikoyalari voqealarga boy emas, balki insonning, ayniqsa, ayollarning ichki dunyosiga qilingan safarning bayonidan iboratdir.
Roziya Tujjor oʻziga xos bir uslubda yozadiki, uning yozganlari falsafiy mushohadalar bilan boyligi, til va uslub goʻzalligi hamda ijtimoiy muammolarning oʻrtaga qoʻyilishi jihatidan boshqa yozuvchilarning asarlaridan ajralib turadi. Roziya Tujjor hikoyalari qahramonlarining aksariyati ayollardir. Masalan, dom-daraksiz yoʻqolgan oʻgʻlining urushdan qaytishini kutayotgan ona, oʻz yorini urushdan qaytishini kutayotgan yangi kelin, erining befarqligidan jabr chekayotgan ayol va shu kabilar. Bu uning oilaviy, ijtimoiy-iqtisodiy muammolar bilan toʻqnash kelgan ayollar dardlaridan ogohligini bildiradi. Uning asarlari qahramonlari boʻlmish ayollar oʻzida mavjud sharoitlardan qochish yoki qutulishga urinmaydilar. Adiba kulrang tusdagi, mushkulotlarga toʻla dunyoni koʻradi, uni tasvirlaydi va asarini shunday tushkun ruhda yakunlaydi. Bu uning ijodiga xos boʻlgan yana bir xususiyatlardan biridir.
R.Tujjor ham realist, ham syurrealist yozuvchidir. U syurrealist yozuvchi sifatida koʻproq qahramonlarning ruhiy kechinmalari va botiniy holatlarini tasvirlaydi. R.Tujjorning yozuvchilik mahorati va uslubi haqida gapirganda, uning oʻz asarlarida shoirona uslub turlaridan foydalanishini alohida taʼkidlab oʻtish joiz. Ushbu shoirona uslub oʻquvchini oʻziga jalb qiladi va asarlarida jilvalangan unsurlarni oʻquvchi oson ilgʻab oladi. Uning qalamiga mansub “Ham olma, ham yulduz” toʻplami yigirma ikkita hikoyadan iborat. Shulardan oʻn yettitasida ayollar markaziy oʻrinni egallaydi va faqat beshta hikoyadagina erkaklar bosh qahramon sifatida gavdalanganlar, biroq ularda ham oldingi hikoyalarda boʻlgani kabi ayollar ishtiroki sezilib turadi. Ayollar bevosita yoki bilvosita erkaklar taqdiriga daxldordirlar.
“Ham olma, ham yulduz” toʻplamidan joy olgan “Sariqlarning toʻkilishi, yashillarning oʻsishi” hikoyasi bemorlarni davolaydigan doktor ayol haqida. Birovlarni davolashga oʻrgangan ayol oʻzi yomon kasalga chalinganligini biladi va avvaliga ruhiy inqirozga uchraydi. Hikoya syurrealistik uslubda yozilgan. Qahramon holati aniq tahlillar oʻrniga jonli sezimlar orqali koʻrsatiladi. Ichki iztiroblari bilan tashqi sovuqqonligi bir-biriga zid tarzda gavdalanadi. Doktor ayol alahsiraydi, unga hamma narsa sariq boʻlib koʻrinadi: sariq rang kasallik ramzi, sariq gullar, sariq barglar. Oʻz koʻzlarida kasalning qiyofasini koʻradi, jismidan joy olgan kasallik bilan soʻzlashadi.
Hikoyada psixologik holatlarga koʻp eʼtibor berilgan. Qahramon ayol oʻzini doim tushda yurgandek, yarim uyquda, chalajon ahvolda sezadi. Keyin esa sariq gullarni yulib tashlaydi, nimaiki sariq boʻlsa, hammasini koʻzdan yoʻqotadi. Sariq narsalar oʻrnini yam-yashil oʻt-oʻlanlar egallay boshlaydi. Daryoga tushadi, yomgʻir ostida qoladi, ancha tinchlanib, qalbida yana umid uchqunlari paydo boʻladi. Qahramonning derazadan daryoga tushishi, suv yuzasida yurib ketishi, yana derazadan qaytib ishxonasiga qaytishi, aslida, uning ruhiyatida sodir boʻlayotgan jarayonlar. Yaʼni adiba taxayyul erkinligiga yoʻl berib, gʻayrioddiy, fantastik elementlarni qoʻllagan. Ahamiyat berib qaralsa, unda syujet umuman yoʻq. Doktor ayolning deraza orqali xonadan chiqib daryoga tushib qaytishidan boshqa harakat yoʻq. Hikoyada qahramonning ichki fikrlari, ong oqimi, oʻzi va kasalligi bilan kurashishi, fikrlari va assotsiatsiyalari (tasavvurlari) bayon etilgan.
“Apelsinzorgacha yetti qadam ranj” hikoyasi majoziy, syurrealistik unsurlarga boy. Asrlar davomida ayolga bitilgan qismat haqidagi hikoya. Ayol doimo erkak bilan bogʻliq, u bilan birga, yaxshi onlarda ham, yomon kunlarda ham. Erkak ham zulm oʻtkazuvchi, ham xaloskor. Bu ikkisi – ayol va erkak oʻrtasida doimo azaliy rishta bor. Bu hikoya oddiy syujetli bir voqeani bayon etuvchi hikoya emas, balki falsafiy-axloqiy maʼnolarga, mulohazalarga toʻla hikoya hisoblanadi. Bu hikoya qahramoni ayol va uning eri. Qahramon ayol bir nechta davrlarda yashaydi. Yozuvchi barcha hikoyalarida boʻlgani kabi mazkur hikoyasida ham oʻziga xos obrazlar topadiki, biz hech qaysi adiblarda bunday obrazlarni uchratmaymiz. Har bir ranj ayolning yashagan bir necha davrini anglatadi.
Birinchi ranj uning ibtidoiy jamoa tuzumi davridagi gʻordagi hayoti bilan bogʻliq. Ikkinchi ranjda oʻtovdagi koʻchmanchilar hayoti va shu hayotdagi ayolning oʻrni, uchinchi ranjda qamalga olingan oʻrta asrlar shahri, unda asir olingan ayol taqdiri, toʻrtinchi ranj koʻp xotinli oiladagi toʻrtinchi xotin taqdiri, beshinchi ranj bolasi eri tomonidan tortib olingan ayol taqdiri, oltinchi ranj ogʻir mehnatdan tomirlari chiqib ketgan ayol, yettinchi ranjda ayolning hozirgi kundagi taqdiri, oʻrni, qismati tasvirlangan. Mana shu davrlarda yashab oʻtgan ayolning har bir lahzasi erkak bilan bogʻliq. U hamisha zaif, himoyaga va eʼtiborga muhtoj inson sifatida gavdalanadi. Hikoyada syurrealistik lavhalarga katta oʻrin ajratilgan.
R.Tujjor bilan zamondosh, 80-yillardan oʻz ijodiy faoliyatini boshlagan Firuz Zanuzi Jaloliy inqilobdan keyingi davr Eron adabiyotining eng isteʼdodli yozuvchilaridan biri hisoblanadi. Uning “Laʼnati soat” asari modernistik hikoya boʻlib, mistika, psixoanaliz, ong oqimi kabi elementlarni oʻzida mujassamlashtirgan. Mistik hikoya gʻayritabiiy, sirli olam. Nomaʼlum kasal bilan ogʻrigan ziyoli kishi Sokit qadimgi buyumlar sotiladigan doʻkonga kiradi. Doʻkon egasi uni Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo” romani qahramoni Raskolnikovga oʻxshatadi. Kasal kishi doktorni izlab ketadi. Qahramonning tanasini har kuni soat toʻrtda kuchli ogʻriq egallaydi va bu hol uch yildan beri davom etib kelayotgan boʻladi. Doktorning oldiga ketayotganda, yoʻlda – telefon budkasida bir gʻalati kishini uchratadi. U telefonda doktorga qoʻngʻiroq qilishi kerak, biroq budkadagi odam bunga yoʻl qoʻymaydi. Sokit bilan qoʻpol muomalada boʻladi va oxiri unga tarsaki tushiradi. Yiqilib tushgan Sokit oʻrnidan turganida gʻalati odam koʻzdan gʻoyib boʻlgan edi. Bu vaqtda soat toʻrt boʻlgan edi, lekin bemorning tanasida ogʻriq turmaydi. Sokit gʻoyib boʻlgan kishini qidira boshlaydi. Qadimiy buyumlar – doʻkon egasi – Raskolnikov – jinoyat va jazo – nomaʼlum kishi – ogʻriqning toʻxtashi oʻrtasida qandaydir sirli aloqa bor.
Ijodiy erkinlik nafaqat gʻoyaviy-mazmuniy, balki shakliy izlanishlarda ham oʻz ifodasini topdi. Fors adabiyotida juda qisqa “jajji hikoya” shakli ommalashdi. Hikoyachada keng syujet boʻlmaydi. U hodisalar va vaziyatlarni tasvirlaydigan hikoyadan farqli ravishda faqat vaziyat va ahvol haqida xabar beradi. Hikoyacha koʻp hollarda yagona vaziyat va yoki yagona shaxsda markazlashgan va uning xususiyatlarini tahlil etadi.
Bu shaklning chiroyli namunalari ham serqirra ijodkor Roziya Tujjor qalamiga mansubdir.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, yangi tipdagi hikoya janri fors adabiyoti tarixida salkam bir asrlik yoʻlni bosib oʻtdi. Shu davr mobaynida hikoya murakkab bosqichlardan oʻtdi. Ilk davrlarda maʼrifiy tus olgan mazkur janr, keyinchalik tanqidiy tus ola boshladi. Uning mavzular koʻlami esa nihoyatda boy. XX asrning oxirgi oʻnyilliklarida hikoyanavislik rivoji jadal surʼatlar bilan oʻsib bordi. Bu holat bir tomondan ayrim yozuvchilar ijodida anʼanalar va qadriyatlarga xos xususiyatlarni oʻzlashtirib, zamonaviy hikoyalar yaratishlarida namoyon boʻlgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, shu adiblar qoʻllayotgan metodlarda namoyon boʻldi. XX asrning 80-90-yillarida zamonaviy adiblar tomonidan realistik metod bilan bir qatorda, modernistik metodning keng qoʻllanilishi kuzatila boshlandi. Bu davrga (80-90-yillar) kelib, adabiyot maydoniga isteʼdodli yozuvchilar guruhi kirib keldi. Hikoyanavislik esa yangi-yangi mavzular, yangi shakllar bilan boyidi. 
Download 46.01 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling