Estetik ehtiyoj. Estetik anglash va shu asosdagi faoliyat jarayonining ibtidosi estetik
ehtiyojga borib taqaladi. Estetik ehtiyoj inson hayotida ro‘y beradigan barcha estetik
hodisalarning asosi sifatida ham tabiiy-biologik, ham ijtimoiy-ma’naviy mohiyatga ega;
«go‘zal nafs», nafosatga tashnalik, insonda estetik hissiyotni qo‘zg‘atish xususiyatini
saqlab qolgan holda, keyinchalik uning butun umri mobaynida takomillashib boradi estetik
muhokama, estetik baho, estetik did va estetik idealning shakllanishiga xizmat qiladi. Har
bir shaxsdagi madaniyatlilik darajasi, ma’naviy salohiyati uning estetik ehtiyoji doirasi
bilan o‘lchanadi. U «go‘zal nafs» sifatida boshqa ehtiyojdan talab etilayotgan ob’ektdan
moddiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va boshqa manfaatlar kutmasligi, beg‘arazligi bilan
ajralib turadi. Estetik ehtiyoj estetik hissiyot bilan uzviy, dialektik bog‘liq; estetik ehtiyoj
ko‘pincha estetik hissiyotni uyg‘otsa, ba’zan estetik hissiyot estetik ehtiyojni vujudga
keltiradi. Masalan, siz «Mirzo Ulug‘bek» spektaklini ko‘rish xohishi – estetik ehtiyoj
tufayli teatrga bordingiz; spektakl mobaynida sizda estetik hissiyot-hayratlanish,
zavqlanish, quvonish v.b. tuyg‘ular qo‘zg‘aldi. Spektakldan keyin esa u haqda mulohaza
yuritishga, undagi ijobiy va salbiy qiyofalarni baholashga, qolaversa, yaqin kishilarga
spektakl mazmunini o‘z estetik nuqtai nazaringizdan so‘zlab berishga yoki Mirzo Ulug‘bek
suratini chizishga, unga atab she’r yozishga yoki u haqida insho yozishga ehtiyoj sezasiz.
Demak, estetik ehtiyoj hissiyotni uyg‘otsa, hissiyot yana estetik ehtiyojni, muayyan estetik
hodisani o‘zgacha badiiy-estetik talqin qilish, unga ijodiy yondashish ehtiyojini tug‘diradi.
Zero, J.Lokk aytganidek, «nimaiki tushunchada bor ekan, u bundan avval hissiyotda
mavjud edi; agar hissiyotdan aqlga narsalar qiyofasi uzatilmas ekan, u holda tafakkur
uchun hech qanday material berilmagan bo‘ladi». Demak, estetik anglash avvalo estetik
hissiyot bo‘lishini taqozo etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |