Etika va Estetika fanlarining predmeti va vazifalari Reja: “Etika” fanining predmeti, muammolari va vazifalari


Download 0.94 Mb.
Pdf ko'rish
bet39/42
Sana22.12.2022
Hajmi0.94 Mb.
#1043336
1   ...   34   35   36   37   38   39   40   41   42
Bog'liq
Etika -estetika fanlarining predmeti (1)

Fojeaviylik va kulgililik 
Fojeaviylik ham estetikaning qamrovli va asosiy tushunchalaridan hisoblanadi. 
Uning zaminida fojeaviy ziddiyat yotadi. Fojeaviy ziddiyat shaxs orzu-istaklari, 
maqsadlari bilan jamiyat talablari orasidagi qarama-qarshidan vujudga keladi, boshqacha 
qilib aytganda, fojeaviy ziddiyat asosida erkinlik va zaruriyat orasidagi kurash yotadi. Bu 
kurashda «zaruriyat – ob’ekt, erkinlik esa – sub’ektiv tomonni tashkil etadi»
16
. Erkinlikni 
o‘zida mujassamlashtirgan fojeaviy qahramon – sub’ekt zaruriyat tajassumi bo‘lmish 
voqelik – ob’ekt bilan tengsiz kurashda halok bo‘ladi. 
Bu o‘rinda shuni aytish kerakki, fojeaviy o‘lim oddiy – tabiiy o‘limdan ham, fojeali 
halokatdan ham farq qiladi. M., to‘qsondan oshgan qariya vafot etdi, deylik. Uning o‘limini 
16
Шеллинг Ф. Философия искусства. М., Мœсль, 1966. С. 400. 


hech kim – oila a’zolari ham, mahalla–ko‘y ham fojea sifatida qabul qilmaydi, aksincha, 
fotiha o‘qilgach, u kishining yoshini Xudo bizga ham bersin, deb, bu o‘limga havas bilan 
qarashadi. Chunki inson tug‘ilganidan boshlab, o‘limga mahkum etilgan zot, keksa odam 
«oshini oshab, yoshini yashab», biologik umr nuqtai nazaridan qarib, uning a’zoi badani 
o‘z tirikligini tabiiy ravishda, hatto tibbiyot yordamida ham, ta’minlay olmay qoladi. 
SHuning uchun bunday o‘lim fojea emas, tabiiy hodisa. Fojeali halokat esa, undan farq 
qiladi. Deylik, yoshgina quruvchi yigit baland qurilish ob’ektining tepasidan qulab tushib, 
tasodifiy falokat tufayli fojeali halok bo‘ldi. Uning o‘limi hammada afsus, achinish 
tuyg‘ularini uyg‘otadi, marhumning ishxonasi, oilasi, va qarindosh-urug‘lari tomonidan 
fojea sifatida qabul qilinadi. Lekin bunday o‘lim ham «fojeali halokat» deb atalsa – da, 
fojeaviy o‘lim hisoblanmaydi. 
Fojeaviy o‘limning mohiyati shundaki, unda davrning, jamiyatning, millatning 
qahramoni halok bo‘ladi. Lekin qahramonning g‘oyalari, ideallari abadiy qoladi va 
kelgusida jamiyatning yangilanishi, insoniylashuvi, erkinlashuvi, faollashuvi uchun xizmat
qiladi. Boshqacharoq aytganda, ideal reallik bilan kurashda halok bo‘ladi, va o‘limi orqali 
o‘zining shu reallikdagi o‘lmasligini ta’minlaydi. Ya’ni fojeaviy o‘limda cheklanganlik va 
cheksizlik, o‘lim va o‘lmaslik dealektikasi voqe bo‘ladi: cheklanganlik – cheksizlikka, 
o‘lim – o‘lmaslikka aylanadi. M., Jaloliddin Manguberdi yoki Janna d’Arkning o‘limi davr 
uchun fojea, millat jamiyat, hatto butun insoniyat uchun o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan 
yo‘qotishdir. 
Fojeaviylik tabiatda ham namoyon bo‘lishi mumkin. Lekin u ob’ektning emas, 
asosan sub’ektning ichki kechinmalari natijasida, inson qalbining mahsuli sifatida ro‘y
beradi. M., deylik siz ovchisiz, ko‘ldan bir necha o‘rdak otdingiz. Hursandsiz, ularning 
o‘limiga achinmaysiz. Lekin modasi o‘lgan oqqushning so‘nggi bor qiyqirib, ko‘l bilan, 
jufti bilan, hayot bilan vidolashib, osmonu falakka ko‘tarilganini va ko‘z ilg‘ar – ilg‘amas 
balandlikdan, qanoatlarini yiqqancha, o‘zini erga otib halok bo‘lganini ko‘rganingizda 
yuragingiz achishib ketadi, unga achinasiz, afsus chekasiz, biroq ich-ichdan uni 
olqishlaysiz. Chunki siz bu parrandaning o‘limida sevgini, sadoqatni va mardlikni bir so‘z 
bilan aytganda, oqqushning odamiylashganini ko‘rdingiz. 
Bir qaraganda, binafsha oddiy dala chechagi, ilk bahorda ochiladi, uni ko‘chalarda 
kichik-kichik guldasta qilib shaharliklarda sotishadi. Bu odatiy hol, uning fojeaviylikka 
aloqasi yo‘q. Biroq shu dala guli shoir yuragidan o‘tib, majoziylik kasb etganda, u 
shoirning g‘oyalariga yo‘g‘rilib, she’riy shakldagi Vatan qiyofasiga aylanadi. Endi u 
binafsha emas, siyosat bozorida sotilayotgan, erkka erishgan zahoti yana erkinlikdan uzib 
olingan Turkiston fojeasining timsoli; endi Turkiston erksiz, faqat shoir qalbidagina yana 
erkka erishishi va shu erdangina ko‘klarga bo‘y cho‘zishi, erkin nafas olishi mumkin. 
SHe’rdagi fojeaviylik ruhi albatta sizga ko‘chib o‘tadi: shaklan binafshaga aylangan 
Turkiston sizda hamdardlik, achinish hislarini uyg‘otadi, ham binafsha, ham Turkiston, 
ham erksiz Vatan shoirining fojeasi birvarakay ko‘z oldingizda jonlanadi. 
San’atda fojeaviylikning namoyon bo‘lishi o‘ziga xos tarixga, tadrijiylik tarixiga 
ega. Fojeaviylik antik san’atda, xususan, fojea janrida dastlab qahramonlikning xatosi, 
fojeaviy taqdiri sifatida keyinroq fojeaviy ayb tarzida in’ikos etadi; qahramonlikning o‘z 
mash’um taqdirini o‘zgartirish yo‘lidagi har bir harakati aynan o‘sha taqdirni 
yaqinlashtiradi. Buning yaqqol misolini Sofoklning «Shoh Edip» fojeasida ko‘ramiz: 
Edipning taqdirdan qochishi aslida taqdir tomonga intilishi bilan yakunlanadi. Keyingi 
davrlarda, xususan, sinfiylik va tabaqaviylik zaiflashib, milliy yakdillik kuchayib borgani 
sari fojeaviy ayb qahramonning komilligiyu jamiyatning nomukammaligi bilan izohlana 
boshlandi, ya’ni umuminsoniy yoki umummilliy ijtimoiy hodisa sifatida talqin etiladigan 
bo‘ldi. 


San’atdagi fojeaviylik inson qalbini forig‘lantiradi, qo‘rqinch, achinish, hamdardlik 
tuyg‘ulari vositasida qalb – ruh salbiy, mayda hislardan tozalanadi. Natijada inson, Arastu 
merosi tahlilida ko‘rib o‘tkanimizdek, bir tomondan boshiga tushgan taqdir ko‘rgiliklariga 
xotirjam qaray boshlasa, ikkinchi tomondan, baxsizlik girdobiga tushganlarga nisbatan 
o‘zida achinish, rahm-shafqat hissini tuyadi. Boshqacha qilib aytganda, fojeaviylikni idrok 
etgandan so‘ng insondagi o‘zgarish xuddi ojiz ko‘zning ochilishiga o‘xshaydi: u dunyoni 
yangitdan ko‘ra boshlaydi. Jismoniy azobdan hatto badantarbiyadagi og‘ir mashqlardan 
so‘ng kishining a’zoi badani qanday yayrab orom olsa, ruh ham fojeaviylikdan so‘ng 
shunday holatni boshdan kechiradi. Fojeaviylik ruh uchun pirovard natijada rohatga 
aylanadi, u, ma’lum ma’noda ruhning «badantarbiyasi»dir. Chunki forig‘lanish uzoq 
muddat davom etmaydi, tirikchilikning mayda-chuyda tashvishlari yana qalbingizni
qamrab oladi. SHu bois san’at olami bilan tez-tez muloqotda bo‘lish oraqli inson o‘zida
forig‘lanish holatini, yiriklashish, olijanoblashish holatini takrorlab turishi mumkin.
Shunday qilib, fojeaviylik forig‘lanish vositasida insonni ichki bir tazarruga olib 
keladi, shukronalikka, sabr va kenglikka o‘rgatadi. U, bir tomondan, buyuk yo‘qotishning 
qayg‘uli marsiyasi, ikkinchi tomondan, o‘lmaslik rutbasiga erishgan inson haqidagi 
ulug‘vor madhiya tarzida insoniyat ma’naviy hayotida o‘ziga xos o‘ringa ega, shu sababli 
ba’zan uni ulug‘vorlikning mantiqiy davomi ham deyishadi. 
Shu o‘ringacha biz fojeaviylikning bir turi – ko‘tarinki ruh beruvchi hayotbaxsh 
fojeaviylik to‘g‘risida fikr yuritdik. Uning ikkinchi turi ham mavjudki, unda nisbiylik – 
hayotbaxshlilik xususiyati yo‘q, mutlaq fojea, bor xolos. Uni estetikaga doir adabiyotlarda 
dahshatlilik degan tushuncha bilan ham ifodalaydilar. 
Agar tubunlikda uzoq muddat o‘tgach, ulug‘vorlikka evrilish ehtimoli yoki inson 
hayotini davom ettirishi uchun o‘ta shartli imkon, boshqacharoq aytganda, tunnelning 
so‘nggidagi yorug‘likka ozgina ilinj saqlanib qolsa, bunday fojeaviylikda insonning, hatto 
insoniyatning yashashiga mutlaqo sharoit qolmaydi, kelajak degan tushuncha absurdga 
aylanadi, tushkunlik o‘zining eng yuqori darajasida namoyon bo‘ladi. Shu bois uni tushkun 
fojeaviylik, qahramonsiz, qahramonliksiz fojeaviylik deb atash mumkin. Uning bo‘rtib 
ko‘zga tashlanadigan timsolini Jorj Bayron «Zulmat» degan kichik dostonda aks ettirgan; 
quyosh sovugach, dunyoni bosgan zulmat ichida odamlar so‘nggi gulxanlarning qo‘ridan 
taft izlaydilar, vahshiylikda hayvonlar bilan odamlarning farqi qolmaydi. Ochlikdan, 
sovuqdan o‘lib bitadilar. Oxirida qachonlardir hashamatli poytaxtda bir-biriga dushman 
bo‘lib yashagan ikki odam tirik qoladi; ular o‘zlari bilmagan holda baravar bir qo‘rni 
titadilar va uning so‘nggi yorug‘ida bir-birini ko‘rgan zahotiyoq joni uzilib, yiqiladilar; oy 
yo‘q, yulduz yo‘q, bulut yo‘q, shamol yo‘q, osmon bilan er qorishib ketgan, hamma narsa 
harakatdan to‘xtagan – olam bo‘m-bo‘sh...
17
Bunday mushkul fojeaviylikning tasvirini san’atda u qadar ko‘p uchratmaymiz. Shu 
sababli fojeaviylik haqida gap ketganda, odatda, hayotbaxsh ruhdagi, ulug‘vorlik bilan 
bog‘liq fojeaviylikni nazarda tutamiz. 
Fojeaviylikning ziddi – kulgililik. Agar fojeaviylik kishini iztirobga solsa, achinish 
uyg‘otsa, kulgililik, aksincha, idrok etuvchida xushnud kayfiyat, quvonch tug‘diradigan 
estetik xususiyat. Uning falsafiy-estetik mohiyatini ochib berish uchun avvalo yana 
Shellingga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi: agar fojeaviylikda erkinlik sub’ektda, zaruriyat 
ob’ektda berilsa, kulgililikda buning aksi ro‘y beradi – erkinlik ob’ektda, zaruriyat 
sub’ektda voqe bo‘ladi va ular orasidagi kurashdan kulgili holat vujudga keladi
18
. YA’ni, 
sub’ektdagi torayib, maydalashib qolgan, umrini yashab tugatayotgan reallik hayot 
17
Байрон. Соб. соч. в 4 т. Т.2 М; Правда, 1981. С. 95-97.
18
Šаранг: Шеллинг Ф. Философия искусства. С. 418. 


qonunlariga binoan o‘zining o‘rnini olishi zarur bo‘lgan, kelajagi porloq ideallikka qarshi 
kurashadi, unga joy bergisi kelmaydi, boshqalar ko‘rib turgan oddiy haqiqatni ko‘rmaydi, 
behuda “o‘jarlik qiladi”, natijada atrofdagilarda kulgi qo‘zg‘atadi. Oddiy bir misol: ancha 
yillar avval mashhur bokschi bo‘lgan, lekin hozir keksayib kuchdan qolgan qariyaning hali 
ham o‘zini zo‘r bokschi hisoblab, yigirma yasharli chempionga qarshi ringga tushishini 
tasavvur qiling. SHu holatning o‘ziyoq hali bellashuv boshlanmasdan turib kulgili holatni 
vujudga keltiradi va tomoshabinlarda gurros qah-qaha qo‘zg‘otadi. Lekin chol buni 
tushunmaydi va jang talab qiladi. Uning ringdagi yiqilib-surilishlari, oxir-oqibat engilib 
chiqib ketishi, hech kimni achintirmaydi, aksincha, kuldiradi, ma’lum ma’noda uning 
uchun fojeaviy bo‘lgan holat umumiy qah-qaha, xursandchilik ostida kechadi, faqat 
o‘rinsiz da’vo qilgan cholning o‘zigina kulmaydi, xolos: ob’ekt kuladi, sub’ekt kulgi 
bo‘ladi. 
Kulgilikning asosida kulgi yotadi. Kulgi faqat insonga xos xususiyat. Agar 
fojeaviylikni inson bevosita yoki bilvosita idrok etganida, achinishdan, qayg‘urishdan, 
iztirob chekishdan boshqa imkoni qolmasa, ya’ni shularga majbur bo‘lsa, kulgililik faqat 
erkinlik bilan bog‘liq. Chunki kulgining o‘zi sof erkinlik namoyon bo‘ladigan hodisa. 
Insonni hech qachon majburlab kuldirib bo‘lmaydi. Ba’zan hazilni, mutoyibani 
yoqtirmaydigan, uni “maynavozchilik” deb ataydigan, hatto undan g‘azablanadigan 
“jiddiy” odamlar ham uchraydi. Ular aslida kulgidan, yonidagi odam qilgan hazildan emas, 
balki kulgi orqali ifoda topgan erkinlikdan g‘azablanadilar, hazillashgan odamni “o‘zini 
qo‘yvorgan” deb hisoblaydilar: nima uchun odam bu qadar o‘zini erkin his qilishi kerak?! 
Mana, masala qaerda. Bunday olib qaraganda, tarixda kulgi hatto qulda ham erkinlikni 
uyg‘otganini, kulayotgan qul yoki asir kulgi jarayonida o‘zini atrofdagilar bilan teng, erkin 
sezganini ko‘rish mumkin. 
Lekin har qanday kulgi ham kulgililikka aylanavermaydi. Masalan, Afrikada kulgi 
daraxti bor, uning mevasidan egan odam o‘zidan-o‘zi kula boshlaydi, ko‘proq eb qo‘ysa, 
hatto kulgidan o‘lishi ham mumkin. Shuningdek, biror mehmonni kutib olayotganingizda 
yoki kuzatayotganingizda etiket yuzasidan jilmayishingiz, yoinki qiz bolaning ibo bilan 
tabassum qilib qo‘yishi va shunga o‘xshash kulgilar kulgililikka asos bo‘lolmaydi. 
Gap shundaki, kulgining kulgililikka aylanishi uchun avvalo unga kattami-kichikmi 
– ijtimoiy yuk yuklanishi lozim, uning zamirida muayyan g‘oya, maqsad yotishi kerak, 
qolaversa, kulgi tanqidiylik tabiatiga ega bo‘lishi shart. 
Kulgililik doirasidagi kulgilarning xili ko‘p: kinoyali kulgi, istehzoli kulgi, 
miyig‘ida kulib qo‘yish, qah-qaha, zaharxanda. Ularning san’atda namoyon bo‘lishi ham 
har xil, to‘g‘rirog‘i, har bir kulgining “o‘z xili”, “o‘z janri” bor, ular fojeaviylikdagidan 
ko‘p va rang-barang. Chunonchi, hazil – yumor ko‘proq komediya (kulgi), mutoyiba, 
latifa, lof, parodiya, masal janrlarida, dramaturgiyada ham, nasrda ham she’riyatda ham 
qo‘llanilishi mumkin, hatto uning maxsus “o‘z san’at turi” bor – askiya. Hajviy (satirik) 
kulgi – zaharxanda, istehzo, kinoya esa ko‘proq komediyada, masalda, qo‘shiqda, 
musiqada namoyon bo‘ladi. 
Har ikki turdagi kulgining farqiga kelsak, hazil (yumor) – o‘z ob’ektining butunlay 
reallikdan ketishini istamaydi, unga ko‘pincha mehr bilan qaraydi, faqat uning ba’zi illatli 
jihatlarini tanqid ostiga oladi, bu illatlarni yo‘qotishda ko‘maklashadi. Hajviy-satirik kulgi 
esa o‘z ob’ektini reallikdan ketishini talab etadi, uning ba’zi jihatlarini emas, butunisicha 
o‘zini illat deb hisoblaydi va tanqid tig‘i bilan unga o‘nglanmaydigan qilib zarba beradi. 
Hazilda sub’ekt kulgi ob’ekti bilan birga hamqadam bo‘lishni, yashashni, ishlashni 
xohlaydi, bunga halaqit berayotgan mayda-chuyda nuqsonlardan uning tezroq qutilishini 
istaydi, unga do‘st sifatida qaraydi. Hajviy kulgida esa sub’ekt ob’ektni dushman deb biladi 


va uni ma’naviy o‘limga mahkum etishga intiladi, atrofdagilar undan qancha tez qutulsa, 
jamiyatga shuncha yaxshi bo‘ladi deb hisoblaydi. 
Ma’lumki, yolg‘onni biz eng katta yovuzlik, xavf-xatar deb bilamiz, doimo insonni 
va jamiyatni undan forig‘ qilish uchun kurashamiz. Chunki u hayotda haqiqat niqobini 
kiyib, bizni qiynaydi, rosmana yashashimiz uchun xalaqit beradi; yolg‘on tufayli haqiqiy 
reallikning teskarisini tushunamiz, aldanib, undan uzilib qolamiz, natijada ko‘pgina 
fojealar ro‘y beradi. Ammo kulgililikda u nihoyatda bezarar va ayni paytda kulgi 
uyg‘otadigan hodisa sifatida namoyon bo‘ladi. Buni qadimdan Sharqda mashhur bo‘lgan 
lof janrida ko‘rishimiz mumkin. Lofda niqobi yirtib tashlangan, “haqiqatdan tozalangan” 
sof yolg‘on kulgi uyg‘otadi, odamlar “qip-yalang‘och” yolg‘on ustidan kuladilar. 
Kulgililikning hayotda zohir bo‘ladigan sohalari, san’atda aks etadigan janrlari 
ko‘p, biz, darslik imkoniyatlari doirasida, ularning ba’zilariga to‘xtalib o‘tdik, xolos. 
Muhimi shundaki, kulgililik odamga faqat xushnudlik baxsh etibgina qolmaydi, balki 
fojeaviylik kabi forig‘lantirish xususiyatiga ham ega. Kulgi orqali g‘azab, gina, minnat 
kabi mayda hislar qalbdan yo‘qoladi, ruh tozaradi, yangilanadi, charchoq ketadi, asablar 
joyiga keladi, inson o‘zida yangi ma’naviy quvvatni his qiladi. Zotan xalqimizdagi: “Bitta 
kulgi to‘rtta tuxumning kuchini beradi”, degan hazilomuz gap bejiz aytilmagan. Xullas, 
kulgililik, ijtimoiy yukining zalvaridan qat’i nazar, u – engil yumormi, o‘tkir satirami, 
pirovard natijada insonni, jamiyatni yaxshilash, insoniylashtirish uchun xizmat qiladi. 
Fojeaviylik bilan kulgililik ham boshqa juft estetik xususiyatlar va tushunchalar 
kabi o‘zaro aloqador. Hayotda qayg‘u va quvonch yonma-yon kelganidek, san’atda ham 
fojeaviylik bilan kulgililik ko‘p hollarda yonma-yon keladi, ba’zan esa biri ikkinchisining 
hujayrasiga singib ketadi. Masalan, Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek” fojeasida 
fojeaviylik bilan yonma-yon Bobo Kayfiy qiyofasidagi kulgililikni ko‘ramiz. Sharof 
Boshbekovning “Temir xotin” asarida esa bu ikki hodisa bir-biriga singishib ketganiga 
guvoh bo‘lamiz: o‘zbek ayolining mehnati shu qadar og‘irki, unga hatto ayol kishi shaklida 
yasalgan robot ham dosh berolmaydi, bu – milliy fojea, lekin soddadillik bilan shu temir 
xotinga – robotga uylanaman degan Qo‘chqorning xatti-harakatlari kulgi uyg‘otadi. Bu 
asarning janrini biz fojeaviy kulgililik – tragikomediya deb ataymiz; unda mohiyatan yig‘i 
– kulgiga, kulgi – yig‘iga aylanib ketadi, ko‘zda yosh bilan kulish hodisasi ro‘y beradi. 
Shunday qilib, fojeaviylik va kulgililik xususiyatlari bir-biri bilan dialektik aloqada 
bo‘lgani holda, hayotda ham, san’atda ham bir tomondan, qayg‘u, achinish, ikkinchi 
tomondan, quvnoqlik, kulgi orqali insonni tafakkur qilishga o‘rgatadi, ma’naviy 
yuksaklikka da’vat etadi. 
Endi shu paytgacha asosiy estetik adabiyotlardan, darslik va qo‘llanmalardan o‘rin 
olmay kelgan, biz uchun nisbatan notanish bo‘lgan mezoniy tushunchalarning qisqacha 
tahliliga o‘tamiz. 

Download 0.94 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   34   35   36   37   38   39   40   41   42




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling