Madaniyat – inson dunyosi, faqat unga xos faoliyat usuli bo‘lib, uni amalga oshirish jarayonida odamzod o‘zi yaratayotgan narsalarga ruh baxsh etadi, tabiatni, o‘zi yashaydigan muhitni insoniylashtiradi. Madaniy faoliyat ongli va qadriyatlarga qaratilgandir. Unda me’yorlarga rioya qilish va ularda nisbatan mustaqillik, maqsadga muvofiqlik va noutilitarlik o‘zining uyg‘un ifodasini topadi. Madaniy faoliyat umuminsoniy ideallar va qadriyatlarni etnik yoki mintaqaviy shaklda aks ettiradi. Madaniyat jabhasida inson faoliyati uning ehtiyojlari bilan belgilanadi, lekin faqat ularga bog‘liq bo‘lmaydi. Unda maqsadga erishish uchun zarur bo‘lgan elementlar ham, ortiqcha unsurlar ham mavjud. Ortiqchalik tushunchasi, madaniyat hodisalarida, ularning ma’naviy mazmunini amalda gavdalantirish uchun talab etiladigan vositalarning zarur darajasidan ortiqroq elementlar mavjudligini anglatadi. Madaniyatda utilitar maqsadga muvofiqlik mezoni bilan o‘lchash mumkin bo‘lmagan muhim qadriyatlar yaratiladi. Garchi madaniyat biologik, fizik, ijtimoiy, texnik-iqtisodiy va boshqa shunga o‘xshash omillarga ta’sirchan bo‘lsa-da, ular madaniyatda o‘zining variativ – ko‘p ma’noli ifodasini topadi. Bu madaniyatda erkinlik hamda butunlay yangi predmetlilikni yaratish imkoniyatlari mavjudligidan dalolat beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |