103) Insoniyat istiqbolini belgilovchi omillar va ilmiy bashorat qilish usullari.
Insoniyatning kelajagi to’g’risida tarixda turli-tuman bashoratlar mavjud, ular bir necha xillarga bo’linadi. Masalan, xalqimizning ilk tarixiy qadriyatlaridan bo’lgan muqaddas “Avesto” yozma yodgorligi ham umumiy bir tarzda insoniyatning kelgusi istiqbolini bashorat qilib, kishilarni mushtarak maqsadlar tomon yo’naltirishga harakat qilgan. Bunday bashoratlar diniy mazmunga asoslangan bo’lib, o’z davri uchun katta ahamiyat kasb etgan edi. “Avesto”da Zardo’sht o’limidan so’ng 3000 yil o’tgandan keyin, erkin farovonlik zamoni keladi, Axura Mazda qudrati Axriman yovuzligi ustidan to’la g’alaba qozonadi, deya ishonch bildirilgan edi. Ikkinchi xil bashoratlar o’rta asrlarda keng tarqalgan, hozirda ham G’arb mamlakatlarida shuhrat qozonayotgan bir qator G’arb futurologiyasi mazmuniga ega. G’arb futurologiyasining namoyandalaridan Fon Karman, E.Shervin, G.Kan va boshqalar insoniyatning kelgusi istiqbolini, asosan, yadro halokati yoki boshqa bir umumbashariy muammolar bilan bog’lab pessimistik manzaralarni chizib ko’rsatishga urinadilar.
Kishilik jamiyatining kelgusi istiqboli to’g’risida jiddiy ilmiy bashoratlar orasida 1968 yilda A. Pechchei tomonidan asos solingan “Rim klubi” a’zolari bo`lgan J. Forrester, D. Medouz, Ya. Tinbergan, A.King va boshqalar tayyorlagan hisobotlarning ilmiy ahamiyati nihoyatda katga. Ularda insoniyatning kelgusi istiqbolini shubha ostida qoldirayotgan umumbashariy muammolar ko’lamining kengayib borishi, kishilar tomonidan tabiatga qilinayotgan zug’umning mudhish oqibatlari qanday bo’lishi to’g’risida jiddiy mulohazalar yuritiladi. “Rim klubi” a’zolari tomonidan qilingan bashoratlar ilmiy-falsafiy mazmunga ega bo’lib, unda asosan tajriba sinovidan o’tgan bilimlar va mantiq qonunlari va kategoriyalariga suyangan holda insoniyatning kelajagi to’g’risida muhim ilmiy xulosalar bayon qilingan. Demak, insoniyat taraqqiyotining kelgusi istiqbolini belgilashdagi eng muhim belgilar sirasiga umumbashariy muammolar tabiatini chuqur anglash, bu muammolarning yechimi umuminsoniy mushtarak manfaatlar yo’lida hamjihatlikda qilingan sa’y-harakatlar ekanini alohida ta’kidlash lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |