Element sistemani tashkil qilgan strukturaning o‘zaro bog‘lanish, aloqadorlik, munosabat jihatlarini ta’minlaydigan nisbatan mustaqil tarkibiy qismidir. Jamiyatda element ijtimoiy munosabatlarning konkret ko‘rinishlari tarzida namoyon bo‘ladi. Masalan, jamiyatni yaxlit sistema deb oladigan bo‘lsak, undagi element alohida individlar, ijtimoiy qatlamlar, tabaqalarning ongli munosabatlari tarzida ko‘zga tashlanadi. Ya’ni, jamiyatning axloqiy, huquqiy, siyosiy, iqtisodiy va boshqa munosabatlari strukturaviy tuzilishni tashkil qilgan. O’z navbatida, sistemani to‘laligicha bilish, uning stukturaviy tuzilishidagi har bir elementning funksional faoliyatini alohida tahlil qilishni taqozo etadi.
Shuning uchun «sistema», «struktura», «element» kabi falsafiy kategoriyalar narsa va hodisalarni bilishga sistemali yondashish, strukturaviy tahlil usullarining umummetodologik asosi bo‘lib hisoblanadi.
«Mohiyat va hodisa» kategoriyasini olib ko‘raylik. Mohiyat-o‘zida alohidalik, maxsuslik, umumiylikning mazmunini, sababini, zaruriyatini, imkoniyatini, butun, qism, sistema, struktura, element tarzida namoyon qiladi. Hodisa esa, ularning bog‘lanishi, aloqadorlik va munosabatlarining namoyon bo‘lishidir. Mohiyatni alohidalik, maxsuslik, umumiylik, butun, qismga mos kelishiga qarab, turkumlashtirib o‘rganish maqsadga muvofiq. Bundan tashqari, subyekt nazarida ahamiyatiga va funksiyasiga ko‘ra, asosiy va asosiy bo‘lmagan, nisbatan barqaror yoki o‘zgaruvchan mohiyatlarga ajratib, ularning rivojlanishi jarayonida o‘rnini almashtirib turishlarini e’tiborga olish zarur.
Narsa va hodisalarning mohiyat va hodisa tarzida bog‘lanishlari makon va zamondagi muayyan konkretligi bilan ajralib turadi. Mohiyat va hodisa o‘z xususiyatlariga ko‘ra sistema, struktura va elementlarda o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladi. Shuning uchun har qanday hodisani va mohiyatni tahlil qilishda aniq tamoyillarga asoslanish lozim.
Mazmun va shakl. Falsafada mazmun va shakl kategoriyasi narsa, hodisalarning mavjudligi va rivojlanish jarayonini bilish usuli sifatida muhim ahamiyatga ega. Mazmun - narsa va hodisalarning rivojlanish jarayonidagi sistemani tashkil qilgan elementlarning strukturaviy bog‘lanishi bo‘lib, uni boshqa sistemalardan farqini belgilaydigan aloqadorliklar va munosabatlarini ifodalaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |