Rashid zohid


Ma’rifat asoslaridan xabardorlik masalasi


Download 0.83 Mb.
bet11/100
Sana31.01.2023
Hajmi0.83 Mb.
#1144024
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   100
Bog'liq
QO\'LLANMA

Ma’rifat asoslaridan xabardorlik masalasi. SHarq mumtoz adabiyotini “ma’rifat” tushunchasidan xoli tasavvur qilish mumkin emas. Sababi, mumtoz adiblarning ijodiy kredosi – maslagini belgilagan, millatimiz ma’naviyatining ajralmas qismi bo‘lgan ming yillik adabiy merosimizning asrlar osha qiymatini oshirib kelayotgan bosh omil ma’rifatdir.
“Ma’rifat” so‘zi lug‘atda tanimoq, bilmoq ma’nolarini anglatadi. Ammo ilm so‘zi anglatgan bilish bilan ma’rifat so‘zi anglatgan bilish o‘rtasida farq bor. Ma’rifat deganda – narsaning belgilarini (sifatlarni) idrok qilish tushunilsa, ilm orqali bilishda narsaning o‘zini (zotni) idrok qilish tushuniladi. Boshqacharoq aytilsa, ilgari xabardor bo‘lmagan narsani keyin bilish ma’rifatdir. Shuning uchun ma’rifat so‘ziga o‘zakdosh orif sifatini Ollohga nisbatan qo‘llab bo‘lmaydi. Chunki bexabarlikdan so‘ng bilim hosil bo‘lishi YAratuvchiga emas, yaratilganlarga xos sifatdir. Qadim manbalarda, xususan mumtoz adabiyotimizda ma’rifat lafzi orqali YAratuvchini tanish tushunchasi ifodalangan. Keyinchalik tilimizda ma’rifat so‘zining ma’no doirasi yanada kengaydi. Asl taqozo qiladigan sifatlar aslning o‘rnida iste’mol qilina boshladi. Masalan, “ma’rifatli kishi” degan so‘zdan endi bevosita Ollohni ongli ravishda anglash sifati tushunilmaydi. Balki, zamonamiz kishisining ma’rifati – ko‘p ma’lumotlardan xabardorlik, rasmiy odob etiketlarini o‘zlashtirganlik, ya’ni bilimli, madaniyatli, ziyoli bo‘lishdan iborat, degan qarash bugun me’yorga aylangan.
Insoniyat tamadduni tarixiga nazar tashlansa, Odam farzandining foniylik va abadiylik aro o‘z-o‘ziga bergan: “men kimman..”, “qaerdan keldim...”, “qaerga ketaman...” kabi mangu savollarga echim topish yo‘lidagi tinimsiz izlanishlari, turli davrlardagi turlicha adashish, xatolarga qaramay, har kim har xil yo‘ldan yagona natijaga kelishi barcha rivojlanishlarning asosi ekanini kuzatish mumkin. Haqni tanitadigan ma’rifat ilmi o‘sha natijaning nazariy asosidir. SHu ilm tufayli inson o‘zligini taniydi, yaxshi bilan yomonni farqlay boshlaydi. Demak, sog‘lom tafakkurga yo‘l ochadigan ma’rifat ma’naviy balog‘atning boshlang‘ich nuqtasidir.
Mumtoz matnni anglashda ma’rifat tushunchasining ahamiyatini So‘fi Olloyorning “Sabotul ojizin” kitobida “Olloh taoloni tanimoq bayoni” bo‘limida keltirilgan ushbu bayti orqali izohlashga harakat qilib ko‘raylik:
Nedur qulluq, ani mushtoqi bo‘lmoq,
O‘zidin foni Haqg‘a boqi bo‘lmoq.12
To‘rt gapdan tarkib topgan bayt tinglovchi diqqatini o‘ziga tortish uchun so‘roq jumla bilan boshlanyapti. Ega va kesim munosabatiga ko‘ra, gapda ikkinchi o‘rinda turishi kerak bo‘lgan “nadur” so‘zining “qulluq”dan oldin kelishi faqat nazm va vazn talabi uchun emas. Savolning bu tarzda berilishi oldinroq bo‘lib o‘tgan “savol-javob”ning davomi ekaniga ishora. Sal ilgari bayt voqeligida ustoz va shogird muloqoti kechgan. “YAratuvchiga qullik” ma’nosini etarlicha ilg‘ay olmayotgan shogirdini ustoz hushyorlikka chorlab: “Ollohga qullik” nima o‘zi, bilasanmi?! – degan savol bilan e’tiborini tortyapti. Savolning jiddiyligi shu darajadaki, ustoz hech qanday bog‘lovchi, izohlovchilarsiz, shu onning o‘zida, kechiktirmasdan, o‘zi bergan savolga o‘zi javob qilyapti va bu baytdagi ikkinchi jumla: “Ani mushtoqi bo‘lmoq”. YA’ni “YAratuvchiga qullik” degani bu – Unga etishni qattiq xohlashdir. Arabcha “mushtoq” so‘zining o‘zagi “shavq” (masdari – ishtiyoq) bo‘lib, o‘zbek tilida qattiq xohish ma’nosini anglatadi. Savolga berilgan javobni shogird to‘la tushunib etmadi. Albatta, shogirdning bu holati baytda aks etmagan. Biroq dabdurustdan berilgan javobning shogird uchun kutilmaganligi zukko ustozga ayon edi. Balki u navbatdagi ma’noni aytishga vaziyat tug‘dirish uchun shogirdni shu ko‘yga solgandir. Har holda u javobini izohlashga o‘tdi va bu baytdagi uchinchi jumla: “O‘zidan foniy”, ya’ni YAratuvchini qattiq xohlagan banda o‘zini unutadi, go‘yo shaxs sifatida yo‘qoladi. Ustozning bu javoblari shogirdga etarli edi, lekin ustoz mantiqni tamomiga etkazishni xohladi va bu baytdagi to‘rtinchi jumla: “Haqg‘a boqiy bo‘lmoq”, ya’ni dunyoning foniyligini anglab, Haqning boqiyligini topadi. Ketish qaergadir borishni taqozo qiladi. Ketiladigan maskan – o‘zlik, boriladigan makon – Haq taoloning yodi. O‘zlikda o‘tkinchi dunyoga bog‘liqlik yashirin. Muvaqqat bo‘lsa-da, o‘zidagi shu bog‘liqlikni uza olgan banda Haq muhabbatining boqiyligini his qiladi.
Ming yillik mumtoz adabiyotimiz vakillari ayni ilm talabida ijod qildilar, ayni maqsaddan zarracha chalg‘imay, avlodga bebaho ma’naviy boyliklar, kashfiyotlarni meros qoldirdilar. Demak qadim mumtoz adabiyotimizning birlamchi manbalari ustida ish olib boruvchi matnshunos olim bu merosning haqiqiy vorisiga aylanishi uchun ma’rifat ilmidan ogoh bo‘lishi ixtisoslikning asosiy shartlaridan biridir.

Download 0.83 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   100




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling