Rashid zohid


Download 0.83 Mb.
bet1/100
Sana31.01.2023
Hajmi0.83 Mb.
#1144024
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   100
Bog'liq
QO\'LLANMA


O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI


ALISHER NAVOIY NOMIDAGI TOSHKENT DAVLAT
O‘ZBEK TILI VA ADABIYOTI UNIVERSITETI


RASHID ZOHID
MATNSHUNOSLIK VA ADABIY MANBASHUNOSLIK
ASOSLARI


O‘quv qo‘llanma

Toshkent – 2022


Ushbu o‘quv qo‘llanmada matnshunoslik va manbashunoslikning bibliografik resursi, matnshunoslik va manbashunoslikning fan sifatidagi o‘rni va ularning filologik fanlar bilan aloqasi, matnshunoslik malakasi va matn tahqiqi masalasi, qadim turkiy manbalar qo‘lyozmalari, XIV asr yozma yodgorliklari, temuriylar davri matnshunosligi, XIV asr oxiri va XV asr adabiy manbalari, eski o‘zbek tili va imlo transformatsiyasi masalasi kabi sohaga oid ko‘plab muammolar nazariy va qisman amaliy aspektda o‘rganilgan.


O‘quv qo‘llanma adabiy manbashunoslik va matnshunoslik, adabiyotshunoslik va tilshunoslik ixtisosligi bo‘yicha ta’lim olayotgan bakalavr talabalariga mo‘ljallangan. Shuningdek, mazkur qo‘llanma adabiy manba va matn tarixiga qiziquvchi barcha kitobxonlar uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.


Muallif: f. f. d. R.Zohidov


Taqrizchilar: f. f. d. Q.Sodiqov
f. f. d. N.Jabborov

Mas’ul muharrir: prof. Sh.Sirojiddinov

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti _________________ Kengashining 2022 yil ______________ dagi (№ ___-sonli bayonnoma) majlisi qarori bilan nashrga tavsiya etilgan.

KIRISH

Bugungi kunda ta’lim va fan sohasini rivojlantirish uchun oliy o‘quv yurtlari huzurida ilmiy va innovatsiya yutuqlarini amaliyotga joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish, xususan, ulug‘ ajdodlarimiz asos solgan ilmiy maktablar faoliyatini chuqur o‘rganib, asrlar osha qadrini yo‘qotmagan, balki millat ruhini sog‘lom saqlashga xizmat qilgan, taraqqiyotimiz manbai bo‘lgan bobomeros ilm an’analarini zamonaviy shaklda davom ettirish har qachongidan ham dolzarbdir. Matnshunoslik va adabiy manbashunoslikning fundamental masalalari va ularga ilmiy yondashuv metodikasi haqida ma’lumot beruvchi ushbu o‘quv qo‘llanma adabiy manbalarni har tomonlama chuqur o‘rganish va o‘rgatish tizimini samarali yo‘lga qo‘yish masalalariga bag‘ishlangan.


Mamlakatimiz hududidagi muzeylar, kutubxonalar, arxiv fondlari va boshqa muassasalarda saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarning ilmiy dolzarbligi va muhimligiga qarab, ularni tarjima va tadqiq qilish, ularni xalqchil tilda bosqichma-bosqich nashr etish bugunning dolzarb vazifasidir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoevning 2017 yil 23 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga tashrifi chog‘ida o‘zbek mumtoz adabiyotiga taalluqli qo‘lyozma manbalarni o‘rganishga qaratilgan ilmiy tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha bergan topshiriqlari asosida tashkil topgan universitet “Qo‘lyozma va toshbosma adabiy manbalar fondi” faoliyatida ayni ish, mana, besh yildan buyon amalda tajribadan o‘tyapti. Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik mutaxassisligi bo‘yicha o‘qiyotgan magistrantlarning diplom mavzulari imkon boricha fondda mavjud adabiy manbalar bo‘yicha shakllantirilyapti. Joriy o‘quv yilida universitetda Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik bakalavr ta’lim yo‘nalishi ochildi va unga talabalar qabul qilindi. Mazkur talabalarning bitiruv malakaviy ishi mavzulari ham fonddagi qo‘lyozma va toshbosma asarlar tadqiqi bilan bog‘liq bo‘lishi rejalashtirilgan.
Endilikda bu sohadagi ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishini fundamental asosda kengaytirish, adabiy manbashunoslik va matnshunoslik bo‘yicha ta’lim olayotgan bakalavr talabalar, tayyorlanayotgan magistr mutaxassislarning bilim va salohiyatini amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlash uchun sohaga oid nazariy, amaliy, o‘quv adabiyotlarining tarmoqli shajarasini yaratishga ehtiyoj sezilyapti. Ayni ehtiyoj natijasi o‘laroq tayyorlangan mazkur qo‘llanma “Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik asoslari” fani dasturidagi dars mavzularining ellik foizini qamraydi. Bakalavr talabalarda fan haqida aniq va to‘la tasavvur hosil bo‘lishi uchun kirish mavzulari fanning maqsadi va faoliyat yo‘nalishlari, tadqiq ob’ektlari, matnshunoslikning filologik fanlar bilan aloqasi kabi nazariy masalalarga bag‘ishlandi.
Kirish mavzularini o‘zlashtirgan talaba fan yuzasidan muayyan qarashga ega bo‘lgach, unga ayrim jihatlarni tarixiy ma’lumotlar bilan mustahkamlash imkoniyati berildi, ya’ni qo‘lyozma va toshbosma kitoblar tarixi, matbaachilik taraqqiyoti, eski o‘zbek tili va imlo transformatsiyasi masalasi, matn tushunchasining matnshunoslik kontekstidagi ta’rifi, qo‘lyozma manbalarning tashqi va ichki tuzilishi, qo‘lyozma kitob, yozuv ashyolari va yozuv qurollari, adabiy manbashunoslik muammolari, sharq va g‘arb manbashunosligi muammolari, o‘zbek mumtoz adabiyoti manbashunosligi kabi mavzular doirasida nazariy bazani amaliy jihatdan o‘zlashtirishiga imkoniyat yaratildi.
Asosiy masalani eslab qolish, muhim nuqtalarga diqqatni oshirish uchun har bir mavzu uchun tuzilgan rejadan so‘ng tayanch ibora va tushunchalar qayd etib borildi, jarayonda talabalarning mustaqil fikrlashlariga kengroq yo‘l berish maqsadida mavzu nihoyasida savol va topshiriqlar ishlab chiqildi. Materiallarning qay darajada o‘zlashtirilganini aniqlash va shu asosda talabalar bilimini baholash uchun o‘tilgan mavzular bo‘yicha 100 ta nazorat testi tuzildi.
O‘quv qo‘llanma nafaqat matnshunoslik va adabiy manbashunoslik ta’lim yo‘nalishidagi bakalavr talabalar uchun, balki adabiyotshunoslik, tilshunoslik sohasida ta’lim olayotgan barcha talaba yoshlarga, xususan, adabiyotimiz tarixi bo‘yicha tadqiqot olib boruvchi izlanuvchilarga muhim manba bo‘lib xizmat qiladi, degan umiddamiz.


Download 0.83 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   100




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling