Adabiy manbashunoslik va matnshunoslikning bir butun hodisa sifatidagi bog‘liqligi. Adabiy manbashunoslik filologiyaning qadim adabiy manbalardan to XX asr boshigacha chop etilgan matbuot materiallari hamda bugungacha muzey va shaxsiy arxivlarda saqlanayotgan adabiyotga daxldor manbalar bibliografiyasining bazaviy resursini yaratish yo‘lida nazariy-amaliy izlanish olib boruvchi tarmog‘idir. Manbalar bibliografiyasining bazaviy resursini yaratish quyidagi vazifalarni bajarish bilan amalga oshadi:
mamlakatimizda mavjud rasmiy va xususiy qadim qo‘lyozma kitoblar fondlaridagi adabiy manbalarning dastlabki reesterini tuzish;
manbalarni saralash:
a) qo‘lyozma;
b) toshbosma;
v) asrlar kesimida guruhlash;
g) mavzuiy guruhlash;
saralangan tartibda ilmiy tavsifni amalga oshirish;
adabiy manbalar to‘la katalogini tuzish;
katalog materiallarini o‘quv (amaliy va seminar) mashg‘ulotlariga jalb etish;
katalog asosida bakalavr, magistrlik diplom ishlari mavzular bankini shakllantirish;
katolog manbalari tadqiqini PhD, DSs dissertatsiyalari darajasiga olib chiqish;
ilmiy istifodaga kiritilgan adabiy manbalar monitoringi xulosalari asosida seminar-treninglar, xalqaro anjumanlar tashkil etish.
Mazkur vazifalar bazaviy resursning kengayishiga qarab, manbashunoslik va matnshunoslik muammolari zaminida o‘zgaradi, yangilanib boradi. Sakkiz banddan iborat bu vazifalarning qariyb yarmi bevosita matnshunoslik faoliyati bilan bog‘liq. Chunki manbashunoslik tadqiqi natijalarini matnshunoslik tahlilisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu esa adabiy manbashunoslik va matnshunoslikning bir butun hodisa ekanini anglatadi. Bu ilmiy haqiqatning nazariy asoslari va adabiy manbashunoslikning funksional vazifalari haqida kelgusi mavzularda11 to‘xtalamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |