بو كتابكه نهج الفرادس ديو اسم قليندى معنى سي اوچماق لارنك اچوق يولى تيماك اولور.
“Nahjul farodis” 1357/1358 yili Oltin O‘rdaning poytaxti Saroy shahrida bitilgan. Manbaning qo‘lyozma nusxalari Istanbul, Qrim (Yalta), Qozon, Sankt-Peterburg fondlarida saqlanadi. Ma’rifiy-axloqiy mazmundagi “Nahjul farodis” asari to‘rt bobdan iborat bo‘lib, har bob o‘n bo‘limdan tashkil topgan.
Sayfi Saroiyning “Guliston bitturkiy” asari adabiyotshunoslikda SHayx Sa’diy “Guliston”ining tarjimasi deb qaraladi. Biroq u tarjimashunoslikning bugungi o‘lchovlariga tushmaydi. Uni asar syujetining turkiy bayoni desa bo‘ladi. Chunki muallif asarning ba’zi o‘rinlarini qisqartirib, ba’zi o‘rinlarini kengaytiradi, she’rlardan avval yoki keyin baytlarni davom ettiradi va o‘z taxallusini qo‘yadi. Asar qo‘lyozmasi Gollandiyaning Leyden universiteti kutubxonasida saqlanadi.28
“Muhabbatnoma”, “Dahnoma”, “Latofatnoma” qo‘lyozmalari. Xorazmiy “Muhabbatnoma”sining uyg‘ur va arab yozuvidagi qo‘lyozma nusxalaridan eng qadimiysi Britaniya muzeyida saqlanadi. “Muhabbatnoma”ning bu nusxasi Or. 8193 raqamli uyg‘ur yozuvida bitilgan majmuaning to‘rtinchi asaridir.29 Ushbu majmuani 1432 yili temuriylar davlatining yirik markazlaridan bo‘lmish YAzd shahrida Mansur baxshi ko‘chirgan:
تمام بولدى محبتنامه كتابى قوتلوى بولسين تأرخ سيكيز يوز اوتوز بيشته چیچقان ييل رجب آي ننك التي سينده يزد شهرينده ميرجلال الدين بويوغان اوچون بو فقیر منصور بخشى بيتيدى
“Muhabbatnoma”ning boshqa qo‘lyozma nusxalari keyingi davrlarga oid.30
Yusuf Amiriyning “Dahnoma” asarining uyg‘ur yozuvidagi qo‘lyozmasini Zaynul Obidin ko‘chirgan. Istanbuldagi To‘pqopi saroyi kutubxonasida saqlanadi.31 Qo‘lyozmada asarning yigirma uch bayti berilgan, ko‘chirilgan yili ma’lum emas. Qo‘lyozmaning kotibi Zaynul Obidin yashagan davriga ko‘ra qo‘lyozma Samarqandda ko‘chirilganini taxmin qilish mumkin.
1987 yil G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida “O‘zbek adabiyoti bo‘stoni” rukni ostida “Muborak maktublar” to‘plami nashr etilgan. To‘plamda ma’lumot berilishicha, “Dahnoma”ning XVI asr boshlarida ko‘chirilgan yana bir nusxasi Britaniya muzeyida saqlanadi. Shuningdek, bu qo‘lyozmaning fotonusxasi Sankt-Peterburg SHarqshunoslik instituti fondida va O‘z RFA Til va adabiyot institutida ham mavjud.32 “Muborak maktublar” to‘plamidagi matn O‘zRFA ShI Hamid Sulaymon fondi № 18 raqami bilan saqlanayotgan fotonusxa asosida tayyorlangan.
“Dahnoma” asari noma janri an’analariga to‘la rioya qilingan holda yozilgan bo‘lib, u Mirzo Ulug‘bekning akasi Boysung‘ur Mirzoga bag‘ishlangan:
Do'stlaringiz bilan baham: |