«yurisprudensiya»


Suv qonunchiligini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik


Download 1.39 Mb.
bet38/77
Sana22.11.2023
Hajmi1.39 Mb.
#1793703
1   ...   34   35   36   37   38   39   40   41   ...   77
Bog'liq
suv huquqi majmua

4. Suv qonunchiligini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik
Suvdan foydalanish huquqini buzganlik uchun huquqiy javobgarlik jinoyat qonuni normalarida belgilangan ijtimoiy xavfli xatti-harakat yoki harakatsizlikni sodir qilgan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi.
Ma’lumki, jinoiy huquqbuzarlik jamiyat uchun zarari va ijtimoiy xavflilik darajasi yuqoriligi bilan boshqa huquqbuzarliklardan ajralib turadi.
O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida: atrof tabiiy muhitni ifloslantirish (196-modda) suv yoki suv havzalaridan foydalanish shartlarini buzish (203-modda) uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Suv havzalari ifloslanishining ijtimoiy xavfi yuqoriligi sababli O‘zbekiston Respublikasi JKning 196-moddasida ushbu qilmish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. JKning 196-moddasi 1-qismida «Suvni ifloslantirish odamlarning ommaviy ravishda kasallanishi, hayvonlar, parrandalar yoki baliqlarning qirilib ketishi yoxud boshaqacha og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorida jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi», deb belgilangan. Ko‘rib chiqilayotgan jinoyatning obyekti odamlarning hayoti va sog‘lig‘i, qishloq xo‘jaligi va baliqchilik xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatishining va taraqqiy etishining tabiiy shart-sharoiti bo‘lmish suv havzalarini muhofaza qilish bo‘yicha ijtimoiy munosabatlardir. Jinoyatning predmeti suvdir.
Suv havzasi tabiiy yoki sun’iy yo‘l bilan barpo etilganligidan (muz-liklar, ko‘llar yoki daryolar) qat’i nazar ularni ifloslantirganlik uchun jinoiy javobgarlik yuzaga keladi.
O‘zbekiston Respublikasi «Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunida suvdan aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash, turmush ehtiyojlarida ishlatish, shifoxonalarda, kurortlarda, foydalanish foydalanishning boshqa barcha turlaridan ustivordir deb belgilab qo‘yilgan. Ichimlik va turmush ehtiyojlari uchun ishlatiladigan suvlar davlat andozalariga mos keladigan suv havzalaridan olinadi. Aholi turar joylari yaqinida joylashgan, cho‘milish, sport bilan shug‘ullanish, aholining dam olishi uchun foydalaniladigan suv havzalarining suvlariga hamda baliqchilik xo‘jaligi maqsadlarida foydalaniladigan suv havzalariga maxsus talablar qo‘yiladi.
Oqova suvlarni suv havzalariga oqizishga yo‘l qo‘yilishi mumkin, ammo bunda suvdan foydalanuvchilar O‘zbekiston Respublikasining «Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunida nazarda tutilgan talablarga rioya qilishlari lozim. qonunda, agar oqova suvlar tabiatni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan belgilangan darajada tozalangan bo‘lsa, ularni suv havzalariga oqizish mumkinligi ko‘rsatilgan. Suv havzalariga sanoat, turmushda foydalaniladigan (maishiy) va boshqa turdagi chiqindilar hamda axlatlarni tashlash qat’iyan man etiladi.
Jinoyat kodeksining 196-moddasida aytilganidek, suv havzalarining ifloslanishi deganda, suv havzalarning o‘zicha tozalanish imkoniyatini sezi-larli darajada kamaytiradigan iflos qilish tushuniladi. Buning natijasida odamlar sog‘lig‘iga, qishloq xo‘jalik ishlab chiqarish mahsulotlarini yetishtirishga yoki baliq zaxiralariga zarar yetkazish xavfi yuzaga keladi. Suvlarning fizik, kimyoviy va biologik xususiyatlarining o‘zgarishlari suvning ifloslanishi, deb topiladi. Bunday ifloslanish natijasida suvlar kommunal, sanoat, qishloq xo‘jalik, baliq xo‘jaligi va boshqa maqsadlarda normal foydalanishga yaroqsiz bo‘lib qoladi.
Suvlar (suv havzalari) suv o‘tlari bosib ketishi, turli temir-tersak, kundalar va shunga o‘xshagan narsalarga to‘lib, yaroqsiz bo‘lib qolishini suvlarning ifloslanishidan farqlash kerak, zero bunday hollar suvdan foydalanishga to‘siq deb hisoblanadi. Suvning ifloslanganligi belgilangan tartibda suvdan tekshirish uchun namunalar olish yo‘li bilan aniqlanadi. Suv havzalari va suv obyektlaridagi suvlar xo‘jalik faoliyati va turmushda ishlatilganligi natijasida o‘zgarib ketgan bo‘lsa, suvlar foydalanish uchun to‘liq yoki qisman yaroqsiz bo‘lib qolgan bo‘lsa, ifloslangan hisoblanadi.
Suvdan foydalanish turiga bog‘liq ravishda unda odamlar, jonivorlar, baliqlar uchun zararli moddalar ko‘payib ketgan bo‘lsa yoxud suvning orgonoleptik xususiyatlarining o‘zgarishi natijasida sifati pasayib ketganligiga qarab suvning ifloslanganlik darajasi aniqlanadi. Suvning ifloslanganligi suvdan foydalanish va uni muhofaza qilishni tartibga soluvchi organlar tomonidan tuziladigan komissiya o‘tkazadigan tekshirishlar yordamida aniqlanadi.
Jinoyat kodeksining 196-moddasida suv havzalariga oqova suvlar, turli korxonalarning chiqindilari va axlatlarini tashlash - ifloslantirish usuli sifatida ko‘rsatilgan. Sanoat, qishloq xo‘jalik, kommunal yoki turmush ehtiyojlari uchun ishlatilgan va natijada tabiiy, kimyoviy, fizikaviy yoki biologik tarkibi butunlay o‘zgarib ketgan suvlar oqova suvlarga kiradi. Axlatlar ishlab chiqarish faoliyatining hech narsaga yaroqsiz bo‘lib qolgan qoldiqlaridir. Chiqindilar esa hali qandaydir maqsadlarda ishlatsa bo‘ladigan qoldiqlardir. JKning 196- moddasida qonun chiqaruvchi tomonidan faqat ifloslanish atamasi ishlatiladi.
Tahlil qilinayotgan jinoyatning obyektiv tomonini tavsiflaydigan zaruriy belgilardan biri qonunda ko‘rsatib qo‘yilgan bo‘lib, u zarar yetkazish yoki uni yetkazish xavfini tug‘dirishdir. Real xavf tug‘dirmagan holda suvlarni ifloslantirganlik uchun ma’muriy javobgarlik yuzaga keladi.
Suvning ifloslanishi natijasida odamlar kasallikka chalinsa yoki ularning mehnat qilish qobiliyati xavf ostida qolsa, odamlarga zarar yetka-zilgan hisoblanadi. qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga yetkazilgan zarar ekinlarning nobud bo‘lishida, mollar, parrandalarning qirilib ketishida ifodalanadi. Zarar yetkazilgan hollarda ifloslanish bilan uning zararli oqibatlari o‘rtasidagi sababiy bog‘lanish mavjudligini aniqlash lozim.
JKning 196-moddasi 2-qismida suv havzalarini ifloslantirish natijasida odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan qilmish uchun javobgarlik nazarda tutilgan.
Subyektiv tomondan ushbu jinoyat qasddan yoki ehtiyotsizlik oqibatida ham sodir etilishi mumkin.
Ushbu jinoyatning subyekti mansabdor shaxslar, shuningdek jismoniy shaxslar ham bo‘lishi mumkin.
Jinoyat kodeksida atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi eqologiya xavfsizligiga oid normalar va talablarni buzish (193-modda), atrof tabiiy muhitning ifloslanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qasddan yashirish yoki buzib ko‘rsatish (194-modda), atrof muhitning ifloslanishi oqibatlarini bartaraf qilish choralarini ko‘rmaganlik (195-modda) uchun ham jinoiy javobgarlik belgilangan.

Download 1.39 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   34   35   36   37   38   39   40   41   ...   77




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling