Xurujli mujarrad mutlaq qofiya - raviydan keyin vasl va xuruj (q.) harflarini keltirish orqali hosil qilinadi. Masalan:
Rafiqlar, meni mahzun nechuk bo‘lay g‘amsiz Ki, ko‘nglum ermas alamsiz, ko‘zum emas namsiz.
(G‘aroyib us-sig‘ar, 200-g‘azal )
baytida “g‘amsiz”, “namsiz” so‘zlari qofiya, “m” - raviy, undan oldin to‘rgan “a” qisqa unlisi - tavjih, raviydan keyin to‘rgan “s” harfi - vasl, vasldan keyin to‘rgan “z” undoshi - xuruj, vasl va xuruj o‘rtasida joylashgan qisqa “i” unlisi majro (q.) hisoblanadi.
Mazidli mujarrad mutlaq qofiya - raviydan keyin vasl, xuruj va mazid (q.) harflarining kelishi orqali yasaladi. Masalan:
Ikki hamdamkim, erur may bazm aro hamdamlari,
Topmasun bizdin malolat xotiri xurramlari.
(G‘aroyib us-sig‘ar, 592-g‘azal)
Bunda “hamdamlari”, “xurramlari” so‘zlari qofiya, “m” - raviy, undan oldin to‘rgan “a” qisqa unlisi - tavjih, raviydan keyin to‘rgan “l” harfi - vasl, “l” va “r” undoshlari o‘rtasida to‘rgan qisqa “a” unlisi - nafoz (q.) vasldan keyin to‘rgan “r” undoshi - xuruj, xurujdan keyingi cho‘ziq “i” unlisi mazid hisoblanadi.
Noyirali mujarrad mutlaq qofiya - raviydan keyin vasl, xuruj, mazid va noyira (q.) harflarini keltirish orqali hosil qilinadi. Masalan:
Chu ishq ilgi zabun aylar dilovar podsholarni,
Taaqqul aylagilkim, naylagay bedil gadolarni. - (G‘aroyib us-sig‘ar, 641-g‘azal)
baytida “podsholarni”, “gadolarni” so‘zlari qofiya, “o” - raviy, raviydan keyin to‘rgan “l” harfi - vasl, vasldan keyin to‘rgan “r” undoshi - xuruj, vasl va xuruj o‘rtasida joylashgan qisqa “a” unlisi majro, “n” - mazid, maziddan keyingi cho‘ziq “i” unlisi noira hisoblanadi.
MURDAF QOFIYA (ar.) - Qofiyaning o‘zak tarkibiga ko‘ra
farqlanuvchi turlaridan biri. Ridfli qofiya deb ham ataladi. Bunday qofiya turida raviy harfidan oldin cho‘ziq unlilardan biri - ridfiasliy, ba’zan esa ridf zoyid keladi. M.q. forsiy va turkiy she’riyatda keng qo‘llanilgan. M.q.haqidagi ma’lumotlar Shams Qays Roziyning “Al-mo‘jam”(1218-1233), Nasiruddin Tusiyning “Me’yor ul-ash’or” (1253) asarlarida keltirilgan. Ushbu asarlarda M.q. raviydan avval keluvchi (moqabli raviy) harflar bilan bog‘liq holda talqin qilinadi.
M.q. raviy harfidan keyin harflarning qo‘llanilish va qo‘llanilmasligiga ko‘ra muqayyad (q.) va mutlaq (q.) ko‘rinishlariga ega bo‘ladi. Alisher Navoiy ijodida M.q.ning bir necha turlari qo‘llanilgan:
Do'stlaringiz bilan baham: |