FITOSENOLOGIYA FANIDAN
MA’RUZALAR MATNI
Tuzuvchilar:
Yuldashev A.S. – And.DU, “Biologiya va ekologiya” kafedrasi professori, biologiya fanlari
doktori
Tojiboyev M.U. – And.DU, “Biologiya va ekologiya” kafedra katta o’qituvchisi
ANDIJON - 2018
FITOSENOLOGIYA FANIDAN O’QUV MATERIALLARI
Nazariy mashg’ulotlar mazmuni
1-ma’ruza: Fitosenologiya faning predmeti, vazifalari, ob’ekti va rivojlanish tarixi.
Reja
Fitosenologiya haqida tushuncha, fanining predmeti va ob’ekti
Fitosenologiya fanining maqsad va vazifalari
Fitosenologiya faninng rivojlanish tarixi
Tayanch so’z va iboralar: fitosenologiya, ob’yekt, predmet, Gams, Lavrenko, Sukachev, fitologiya, geobotanika, O’zbekiston o’simliklar qoplami, O’zbekiston florasi, o’zbekistonlik olimlar
Fitosenologiya haqida tushuncha, fanining predmeti va ob’ekti
Fitosenologiya (phyton-o’simlik, senosis-umumiy va logos-fan) Yer yuzidagi o’simliklar jamoasi haqidagi fan. Geobotanika deganda fitotsenologiyaning sinonimi yoki fitotsenologiya bilan botanik geografiyaning majmuasi yoki fitotsenologiya, botanik geografiya va o’simliklar geografiyasi kabi bo’limlarning umumiy majmuasi tushuniladi. Fitotsenologiya termini 1918 yilda Daniyalik olim Gams tomonidan taklif etilgan. Shundan buyon bu so’z geobotanika so’zining sinonimi sifatida ishlatilib kelinmoqda. U botanika va geografiya fanlarining ajralmas bir qismi bo’lib, o’simliklarning yer yuzida tarqalishi va joylashish qonuniyatlarini o’rganadi. Boshqacha qilib aytganda, Yer sharida tarqalgan o’simliklar jamoasi va undagi qavmlar (fitotsenozlar) ning tuzilishi, tarkibi va taraqqiyotini tuproq, iqlim, geologik omillarga bog’lab o’rganuvchi fan tushuniladi va u alohida o’simlik yoki florani emas, o’simliklar guruhini, qoplamini, uyushmasini dunyo floristik oblastlari bo’yicha o’rganadi.
Bu fan umumbiologik fanlar toifasiga kirib, bevosita o’simliklar morfologiyasi, sistematikasi, fiziologiyasi, geografiyasi, ekologiyasi bilan chambarchas bog’liq. Ma’lumki botanika fani yer yuzasida tarqalgan o’simliklar olamini har tomonlama tatqiq qiluvchi fanlar tizimidan iborat. Botanika fani o’rganish manbalari, maqsad va vazifalari, uslublariga ko’ra ikkita bo’limga ya’ni, fitologiya va geobotanikaga bo’linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |