G'arb mutafakkirlarining pedagogik qarashlar
Download 0.55 Mb.
|
G\'arb mutafakkirlarining pedagogik qarashlar-fayllar.org
Fransua OjeJan de Shelandrning �Tir va Sidon� tragikomediyasiga so'z boshi O'quvchiga Janob Shelandrni ushbu pesani e'lon qilishga undagan asosiy sabablardan biri kaminaning fikri bo'lgan ekan, o'ylaymanki, shu munosabat bilan unga bildirilishi mumkin bo'lgan barcha e'tirozlar uchun javobgarman, u esa ushbu qilmishi uchun aybni menga qo'ygan holda o'zini har qanday ayblovdan soqit qilishga haqlidir. <...> Qadimgi shoirlar tomonidagilar bizning muallifimizni koyish uchun, yangilar tomonida turganlar esa maqtash uchun yetarli asos topa biladilar. Avvalgilari - biz fikrlariga imkon qadar ishonadigan olim kishilar - aytadilarki, bizning tragikomediyamiz qadimgilar, ya'ni bir kun doirasiga sig'maydigan voqyealarni tasvirlashga hyech qachon mayl qilmagan salaflarimiz, teatr uchun belgilab bergan qoidaga zid ravishda qurilgan. Bizda esa pesaning birinchi qismi ham, ikkinchi qismi ham bir kun doirasiga sig'dirib bo'lmaydigan, sodir bo'lishi uchun uzoq vaqt talab qiladigan voqyealarni o'z ichiga oladi. Bunga javoban biz aytamizki, qadimgilar bir-biridan uzoq vaqt bilan ajralgan voqyealarni bir necha soat doirasida birlashtirish zarurati natijasida yuzaga keluvchi qiyinchiliklardan qochishga urinib, ahamiyati o'zlari yo'l qo'ymaslikka harakat qilgan xatolardan aslo kam bo'lmagan ikkita xatoga yo'l qo'yganlar. Mualliflar tomoshaning yoqimli bo'lishini voqyealarning turli-tumanligi ta'minlashini bilgan holda bir kun doirasiga juda ko'p tasodifu kutilmaganliklarni tiqishtirganlarida, bu xatolardan biri yuzaga keladiki, buncha qisqa vaqt davomida shuncha voqyeaning sodir bo'lishi mumkin emasligi aqlga ayon. Bu narsa mushohadali tomoshabinni <...> noxush hayratga soladi. Mazkur kamchilik qadimgilarning deyarli barcha pesalarida ko'zga tashlanadi <...> Hatto pesaning izchilligi haqida boshqalardan ko'proq qayg'uradigan Sofokl ham bilimdonlar tomonidan mukammal namuna deb tan olingan �Shoh Edip�da shunga o'xshash nomuvofiqlikka yo'l qo'yadi: zero, hademay sahnada zarur tushuntirishlar olish maqsadida keltirish uchun odam yuborilgan sobiq xizmatkor (Kreont Delfdagi bashoratchi huzuridan qaytib kelgandan so'ng va hyech kim Lay o'limida kim aybdorligini aniqlay olmay turgan vaqtda) paydo bo'lishi kerak bo'lgan bir paytda, mazkur shoir bir vaqtlar hozir yetib kelishi kutilayotgan keksa xizmatkor qo'lidan go'dak Edipni tarbiyat qilish uchun olgan cholni Korinfdan tasodifan yetib kelishga majbur qiladi. Shunday qilib, tragediya bir kun doirasidan chiqib ketishidan cho'chigan shoir bir damdayoq hamma narsani ochib beradi. Bu o'rinda korinflik cholning tuyqus kirib kelishi avvaldan belgilab rejalashtirilganini yoki uning atayin chaqirtirilmagani holda Layning keksa xizmatkorini keltirish uchun odam yuborganlaridan keyinoq paydo bo'lib Edip bilan gaplasha boshlashi haqiqatga mutlaqo monand emasligini kim ham ko'rmaydi? Axir, hamma narsa, haqiqiy shart-sharoitlarga zid o'laroq, bu personajlarni bir-biriga uchrashtirish va bir lahzada baxtsiz podsho o'limi sirlarini ochib berishga qaratilgani nahot tushunarli bo'lmasa? Voqyealardan qaysidir birini tasavvurdagi ertaga o'tkazishni man etuvchi qoidaga amal qilinishi yana shunga olib keladiki, shoirlar ayrim voqyealarni bevosita ketma-ketlikda kelishga majbur qiladilar, holbuki, ularni ma'lum vaqt bo'shlig'i ajratib turmog'i lozim edi. Jumladan, Esxilda Agamemnon1 jasadining hashamat bilan, go'yandalar va may sunuvchilarning uzundan-uzoq safi hamrohligida olib chiqilishi Agamemnon o'ldirilishi bilanoq amalga oshiriladi. Garchi yuz bergan qotillik butun podsho xonadonini shoshirib-esankiratib qo'ygan bo'lishi, garchi qotillar jasadni yashirib qo'yishlari yoki olib chiqib ketishlari, garchi bu o'rinda harakat shiddatli tus olishi va g'azab, hamdardlik, intiqom hislariga to'lib ketishi lozim bo'lsa-da, - biz bu ma'raka hali tanasidagi jarohat qoni qurib ulgurmagan, sirasini aytganda, hali yarimjon holatdagi badbaxt podshohni ulug'vor hashamat va xotirjamlik bilan kuzatib borayotganini ko'ramiz. Tragediya voqyealarini kun chiqishidan to kun botguncha bo'lgan vaqt oralig'iga joylashga harakat qilgan qadimgi shoirlar yo'l qo'yadigan ikkinchi nomuvofiqlik jarchilardan foydalanish zarurati tufayli yuzaga keladiki, bu jarchilar avvalgi kunlari qanday voqyealar yuz berganini hikoya qiladilar va ayni vaqtda sahnada amalga oshayotgan xatti-harakatlarning sabablarini tushuntirib beradilar. Oqibat bu jarchilar deyarli har bir pardada intrigalarni batafsil tushuntirish bilan tomoshabinlar vaqtini oladilarki, bu esa hatto eng xayrxoh tomoshabinning ham toqatini toq qiladi. Chndan ham, pesadagi butun harakatini bitta odam egallab olsa, zerikarli bo'ladi; bundan tashqari, bir-bir ketin beto'xtov kirib kelayotgan jarchilarni qabul qilish yaxshi tragediyadan ko'ra durust qahvaxonaga ko'proq yarashadi. Yaxshisi boshqa odamlar bilan nimalar sodir bo'lganini tavsivlovchi bunday mijg'ov safsatabozlardan imkon qadar voz kechish, uzundan-uzoq hikoyalarni tarixchilar yoki sahnalashtirilayotgan pesalarga dalillar yaratishni kasb etganlarga qoldirib, personajlarning barini voqyea bilan qamrab olmoq kerak2. Sizdan so'ragim bor, Esxilning �Forslar�i bilan Kserks va yunonlar orasidagi to'qnashuv haqidagi oddiy xabar o'rtasida zarracha bo'lsa ham farq bormi? Shu pesa darajasida chuchmal va bemaza boshqa yana biron narsa topilarmikin? Axir, o'quvchining nafratini qo'zg'ayotgan narsa barcha rollarni birgina jarchi o'ynaganiyu muallifning hozirda bizni chekinganimiz uchun asossiz ayblashayotgan qoidadan chekinishni istamagani emasmi? Sirasi, men Marafon, Salamin va Plataning3 shonli kunlari vatanining ozodligi uchun jangga kirish uchun mardligi yetgan shoirning asarlariga tirg'alish niyatidan yiroqman. Forslarning qochishi to'g'risida o'ziga yoqqandek muhokama qilish ixtiyorini uning o'ziga havola etaylik-da,- boz ustiga, ularning mag'lub etilishiga o'zi katta yordam bergan,- davom etaylik. Poeziya, ayniqsa, uning teatr uchun yaratilgan turi, faqat huzur bag'ishlash va ko'ngil ochishga intiladi, huzur esa sahnada taqdim etilayotgan voqyealarning xilma-xilligidangina kelib chiqishi mumkin. Shoirlar bunday xilma-xil voqyealar bir kun doirasiga osongina sig'masligini sezishgach, o'ta tor doirada siqib qo'yilgan salaflarining odatlarini asta-sekinlik bilan tark etishga majbur bo'ldilar. Bunday o'zgarish qadimning o'zidayoq yuz ko'rsatgan. Kim Sofoklning �Antigona�sini diqqat bilan o'rgansa, u Polinikning birinchi va ikkinchi bora dafn etilishi orasida bir tun kechishini ko'ra oladi: zero, axir, tun zulmati yordam bermaganida, birinchi safar Antigonaning badbaxt shahzoda jasadini qo'riqlayotgan soqchilarni aldashi va shuncha nigohdan pinhon qolishi mumkin bo'larmidi? Ikkinchi safar esa u havoning buzilgani va soqchilarni panalashga majbur qilgan kuchli jaladan foydalangan holda keladi, bo'ron ayni avjiga chiqqan mahal akasini dafn etib, marhumga so'nggi e'zozni ado etadi. Shunday qilib, Antigona haqidagi tragediya kamida ikki kunlik voqyealarni tasvirlaydi, chunki ushbu malikaning �jinoyati�ga kuppa-kunduz kuni Fiva oqsoqollari huzurida e'lon qilingan Kreontning farmoni turtki bergan. Bu tragediyadagi voqyealar tartibi quyidagicha: Kreontning kunduzi qabul qilgan va e'lon qilgan qarori (boshqacha aytsak, ta'qiqi), Polinikning birinchi daf'a, mening o'ylashimcha, tunda amalga oshgan dafn etilishi; kun yarmida qo'zg'algan bo'ron paytida ikkinchi bor dafn etilishi. <...> Aytilganlardan ko'rinadiki, qadimgilar va boshqa teatr san'atining eng yaxshi bilimdonlari hozirda biz, tanqidchilarimizning fikricha, muqaddas deya amal qilishimiz lozim bo'lgan qoidaga doim ham amal qilgan emas ekanlar. Agar ular aksariyat hollarda bu qoidaga rioya qilgan bo'lsalar ham, aslo tomoshabin tasavvuriga ma'qul qilmoqni o'zlarining burchi deb bilganlari uchun emas, balki salaflar ochgan yo'ldan ko'p chetga chiqish uchun o'zlariga izn bermaslikka odatlanib qolganlari uchundir. Bu shundan ham ayon bo'ladiki, qadimgilar teatrdagi kichkina o'zgarishga ham davlat qurilishidagi muhim va sezilarli o'zgarishdek qaraganlar.(Sofoklning koturnlarni kashf etgani va ilgari o'n ikki kishidan tashkil topgan xorga yana uch kishini qo'shgani salmoqli o'zgarish bo'lmay, faqat aktyorlarning bo'yi va xordagilar soniga taalluqli edi, sirasi, xor har vaqt, undagi odamlar soni va sifatidan qat'i nazar, yaxshi bo'lgan emas). Mening fikrimcha, qadimgi tragiklarning ilk namunalardan ozginagina, shunda ham nihoyatda ehtiyotkorlik bilan chekinishga jur'at qila olganlariga ikkita sabab mavjud. Birinchisi shuki, ularning tragediyalari ibodat va diniy marosimlarning bir qismini tashkil etgan. Bunda esa har qanday yangilik nafrat uyg'otigani, o'zgarishlar esa, agar ular o'z-o'zicha va go'yo sezilmaganday yuzaga kelmasagina, bartaraf qilish qiyin kelishmovchiliklar keltirib chiqargani bois, shoirlar qaror topgan odatlarga nomuvofiq nimadir qilishga jur'at etmaganlar. Ehtimol, shu tufaylidir, ular hatto qotillik bilan bog'lik kechadigan yo yakunlanadigan, yo qandaydir boshqa yovuzliklarga esh dahshatli voqyealarni tasvirlaganlarida ham, hyech vaqt tomoshabin ko'z o'ngida qon to'kmaganlar, ulug'vor marosimni zo'ravonona qotillik manzarasi bilan bulg'ashdan qo'rqib, barcha yovuzlik va xunxo'rlik bilan bog'liq amallar sahnadan tashqarida yuz berayotganiga ishora qilganlar. Masalan, diqqat bilan qaralsa, Sofoklning Ayaksi o'zini sahnada emas, yaqindagi chakalakzorda o'ldirgani ko'riladiki, o'sha joydan uning ovozi va so'nggi nafaslari eshitilib turadi. Qadimgi tragediyalarning bari deyarli bir xil qiyofaga egaligiyu xor va jarchilarga birdek to'laligining ikkinchi sababi shundaki, shoirlar tomoshabinlarga ma'qul kelgan muallif uchun tayinlangan mukofotni olish ilinjida xalq va hakamlar istagiyu didiga moslab yozishga majbur edilar; ular esa, hyech shubhasiz, asar yozishda ilgaridan amal qilib kelingan tartiblarga rioya qilmaganlarni musobaqalashuvchilar qatoriga kiritmas edilar. Shuning uchun ham biz qadimgi tragiklarning deyarli barchasida bir xil syujetlar ishlangani, Esxil, Sofokl va yevripidlar (faqat shu tragiklardangina bizgacha to'liq asarlar yetib kelgan) o'xshash dalillardan foydalanganini ko'ramiz. Xuddi shu sababga ko'ra, syujetlar va dalillar grek xalqiga yaxshi ma'lum, miqdori uncha ko'p bo'lmagan rivoyat yoki tarixlardan olingan: zero, greklar Fiva yoki Troyadan boshqa joyda yuz bergan voqyealarga asoslangan teatr tomoshalarini ma'qullamagan bo'lur edilar4. Eslatib qo'yay, Esxil tragediyalarini favqulodda ma'qullash bilan qarshilagan afinaliklar istisno tariqasidagi imtiyoz sifatida bu tragedilar muallif o'limidan so'ng ham sahnada o'ynalsin degan istakni bildirdilar. Bundayin yuksak e'tirof Esxil ortidan kelgan tragik shoirlarga shu mashhur namunadan ko'p chekinmaslik kerakligini, shuningdek, xalqning fikri bilan hisoblashish zarurligi, chunki u chinakam xo'jayinligini ko'rsatib qo'ydi. Keyin esa yunonlardan ilmlar va so'z san'atlarini o'zlashtirgan va ularning kashfiyotlariga tobe lotiniylar ilgari o'rnatilgan chegaralarni, ayniqsa, biz hozir muhokama qilayotgan chegaralarni jildirishga jur'at qilmadilar. Haqiqatda ham, yunonlarga taqlid qilgan va hatto tarixiy va lirik poeziya bobida ilg'orlikni talashgan rimliklar bor-yo'g'i ularning tragediyalarini tarjima qilish bilan qanoatlanganlar (yoki deyarli qanoatlanganlar) va Gretsiya sahnalarida ko'p bor namoyish etilganlardan boshqa qandaydir syujetlarni tanlagan emaslar. <...> Lotiniylardan so'ng teatr, boshqa nafis so'z san'atlari kabi, o'z holiga tashlab qo'yildi, varvarlik ustuvor bo'ldi5. Sheriklikdagi podshohlikka so'z san'atlarining uzoq sabr qilishiga to'g'ri keldi, faqat otalarimiz davriga kelibgina ular yana o'z hokimiyatini tiklay oldilar. Biroq bu tiklanishga ko'plab xatolar hamroh bo'ldi - biroq bu o'rinda ularni muhokama qilish mening maqsadimga kirmaydi... <...> Men esa bu o'rinda birgina poeziya bilan cheklanaman va aytamanki, qadimgilarga taqlid qilish ishtiyoqining o'ta qizg'inligi bizning ilk shoirlarimizga salaflari bilan shuhratda va asarlarning mukammalligi borasida tenglashishga halal berdi. Ular bir muhim narsani, ruhoniy hayotda millatlarning didi xuddi jismoniy hayotdagi bo'lgani kabi bir-biridan farqlanishini, xuddi mavrlar (arablar),- uzoqqa borib yurmaylik,- ispanlar biz Fransiyada qadrlaydigandan ko'ra o'zgacha go'zallikdan hayratlanganlari, o'z ma'shuqalarida biz o'z mahbubalarimizda izlaydigan tana qismlari mutanosibligi va yuz tuzilishidan tamom farqli jihatlarni izlaganlari, ular orasida go'zallik haqidagi tasavvurlari biz badbashara degudek chizgilarga ega kishilarni uchratish mumkin bo'lganidek, hyech shubhasiz, har bir xalq ruhi, uning intilishlari o'sha xalqni boshqalardan keskin farqlashini e'tiborga olmagan edilar. Xuddi shu gapni har bir xalqda ma'naviy-ruhoniy ijod,- poeziya ham shu siraga kiradi,- mahsullarining go'zalligi tug'dirgan hislar haqida ham aytish mumkin; biroq bu gap falsafa bilan bog'liq poeziyaga taalluqli emas: zero, falsafa har qanday odamning ongi, u qaerda tug'ilganidan qat'i nazar, oliy ezgulikka erishish uchun nima qilish zarurligi haqida yagona fikrga kelmog'i kerak deb biladi va o'z imkoni darajasida hamma uchun bitta bo'lgan haqiqatni izlash yo'lida birlashtirishga intiladi. Endi shunday oddiygina yoqimli va falsafaga taalluqli bo'lmagan masalalarga kelsak, bunda falsafa o'zimizga yoqqan fikrga ega bo'lishimizga izn beradi va bu sohaga o'z hukmini o'tkazmaydi. Shu haqiqatni tan olinsa bo'ldi, o'sha onning o'zidayoq hozirda qadimgilarning asarlarini tanqid qiluvchilar bilan ularning himoyachilari orasida tez-tez kelib chiqayotgan ziddiyatlarni xotirjam va beg'araz muhokama qilish imkoni tug'iladi. Men Pindarni tentak va ahmoq6, Gomerni parishonxotir va h. va sh.k. deb atayotgan ikki yoki uchta qofiyabozni, shuningdek, keyingi vaqtda ularga jo'r bo'layotganlarni koyimay qo'ya olmayman; biroq Gomer va Pindarni mukammal namuna, qaysiki, biz zarracha chekinishga haqli bo'lmagan namuna sifatida tavsiya etilayotgani ham g'alatligi jihatidan bundan kam ko'rinmaydi. Bunga javoban aytish kerakki, yunonlar Gretsiya sharafi uchun mehnat qilganlar va o'sha davrning e'tiborli kishilariga ishonsak, bu borada muvaffaqiyat topdilar; bas, biz ayrim ijodkarlarimiz singari ularning ijodiy niyatlari va go'zal uslublari ortidan izma-iz yurishni o'zimizga burch qilib olib emas, balki o'z yurtimiz zakosi va tilimizning xususiyatlariga haq berib, ularning izzatini joyiga qo'ygan holdagina ularga yaxshi taqlid qilgan bo'lamiz. Faqat, har qanday boshqa ishda talab etilganidek, oqilona ish tutishimiz hamda qadimgilardan faqat bizning zamonamiz va xalqimiz tabiatiga muvofiqlashtirish mumkin bo'lgan narsalarnigina olishimiz darkor; buni, aqlga ayonki, umumning ma'qullashi ostida shuncha asrlarni yashab o'tgan asarlarga so'kish yog'dirmagan holda qilmoq kerak. Ilgari bu asarlarga hozir biz qarayotgandan o'zgacharoq nigoh bilan qaraganlar, ularda hozirda bizning nigohimizdan pinhon, tug'ilganidan boshlab Attika havosidan nafas olmagan va qadimgi Gretsiyaning alp eranlari orasida ulg'aymagan odamning topishi mushkul bo'lgan fazilatlarni ko'rganlar. Darhaqiqat, bizning me'damiz o'zga yurtlarning aholisi huzur bilan tanovul qiladigan ma'lum shirinlik va mevalarni qabul qilmaganidek, ongimiz ham bir vaqtlar qadimgilarda ulkan hayrat uyg'otgan zakiylik va koshiflikni ma'qullay olmaydi (afinaliklar, shubhasiz, Pindar she'rlarida hozir biz topayotgandan tamom boshqa fazilatlarni ko'rganlar,- zero, afinaliklar bu shoirni shaharga tuhfa etgan birgina so'zi uchun hozirgi podshohlar o'zlarining sharafiga bitilgan �Iliada�lar uchun taqdirlagandan ko'proq taqdirlaganlari bejiz emas). Demak, biz qadimgilar amal qilgan qoidalarga ko'r hassasiga yopishgandek yopishib olishimiz kerak emas; aksincha, bu qoidalarni zamon, joy va odamlarga tatbiqan o'rganib chiqish va bizda foydalanishga moslab kerak joyida to'ldirish yo qisqartirishimiz kerakki,- buni Aristotelning o'zi ham ma'qullagan bo'lur edi. Zero, hatto shu, oliy ong hukmronligini muqarrar etishga intilgan va xalq fikrini e'tiborga olmagan faylasuf ham shoirlar rollar ijrosini osonlashtirish uchun komediantlarga qulaylikni hisobga olishlari, shuningdek, imkon boricha tomoshabinlarning zehni pastligiyu qaysarligini unutmasliklari kerakligini aytib o'tishni faromush qilmagan. Shubhasiz, u butun boshli millatning istagi va fikriga qo'shilgan va, agar uning biz kabi betoqat va o'zgarishlarni suyadigan xalq qarshisida o'ynaladigan pesalar uchun qoidalar ishlab chiqishiga to'g'ri kelganida edi, bizni jarchilarning o'ta tez takrorlanuvchi hikoyalariyu yuz ellik misralab cho'zilgan xor qismlari (xuddi yevripid o'zining �Ifigeniya Avlidda�sida qilgani kabi) bilan toliqtirishdan o'zini tiygan bo'lur edi. Qadimgilarning o'zlari ham teatrlarining nomukammaligi va tomoshabinlarni zeriktiruvchi bir xilligini his etganlar, shuning uchun intermediyalar sifatida satiralarni kiritishga majbur bo'lganlarki, bundagi betizgin badkalomlik va eng e'tiborli kishilarga huruj qilish bilan omma e'tiborini tortganlar: odamlar, odatda, o'zgalar haqidagi yomon gaplarni eshitishni xush ko'radilar. Qadimgilar tomonidan pesalarning bu yo'sin qurilishiyu qismlarining mazkur tartibda joylashtirilishi bizga italyanlar kiritgan tragikomediyani osongina oqlash imkonini beradi, chunki muhim va nojiddiy narsalarni nutqning bir oqimida birlashtirish va rivoyat yo tarixga asoslangan yaxlit syujetga qamrash tragediyaga chetdan, unga mutlaqo aloqasi bo'lmagan, tomoshabin nigohi va xotirasini shoshiradigan satiralarni kiritishdan ko'ra maqbulroqdir. Bitta pesaning o'zida goh jiddiy, muhim va fojeali, goh esa jo'n, o'tkinchi va kulgili narsalarni muhokama etuvchi kishilarni harakatlantirish ma'qul emas deb hisoblovchilar esa hayotning o'ziga xos xususiyatlarini, unda inson chekiga baxt yo baxtsizlik tushganiga bog'liq holda ko'pincha bir kun, hatto bir soat ichida kulgi bilan ko'z yosh, farog'at bilan qayg'u almashinib turishi mumkinligini e'tibordan qochiradilar. Qachonlardir xudolardan biri quvonch bilan qayg'udan yagona aralashma qilmoqni istagan-u, maqsadiga yetolmay, hyech yo'q ikkisini bir-biriga qo'shib qo'yishga qaror bergan. Shuning uchun ham ular bir-biri bilan muntazam almashinib turishadi. Tabiatning o'zi bu ikkisining orasida zarracha farq yo'qligiga guvohlik beradi: musavvirlar qaysi mushak va nervlar harakati yuzimizda tabassum zohir etsa, chuqur qayg'udan darak beruvchi g'amgin qiyofaga kirishimizda ham xuddi o'sha mushak va nervlar xizmat qilishini fahmlaganlar. Sirasi, qadimgi qoidalardagi hyech nasrani o'zgartirmaslikni talab qiluvchilar faqat so'zlarga yopishadilar, mohiyatga emas: zero, yevripidning bir tomonda satir va silenlarning o'zaro hazillariyu mayxo'rligi, ikkinchi tomonda esa o'yilgan ko'zlaridan oqqan qoniga belangancha yotgan qahr jazavasidagi Polifemni tasvirlagan �Kiklop�i tragikomediya bo'lmasdan nima, axir? Demak, qarshimizda, garchi nomi yangi bo'lsa ham, qadimgi kashfiyot turibdi; faqat undan maqbul tarzda, personajlarni syujet va xushaxloqlik talabiga mos gapirtirgan va vaqtida tragediya koturnlaridan (menga shunday deyishga izn berilsin) tushib komediya shippaklarini kiyishni uddalagan holda foydalanish lozim bo'ladi. Bizning muallif xuddi shunday qiladi. Tragediya va komediya kabi poeziyaning bir-biridan katta farq qiluvchi turlariga xos uslublar ham o'zaro qay darajada farqlanishi lozimligi hammaga ma'lum: birinchisiga yuksak, ulug'vor va tantanavor, ikkinchisiga oddiy va jiddiyati kamroq uslub muvofiq. Pliniy Kichkina hazil tariqasida shahar tashqarisidagi uylaridan birini Tragediya, ikkinchisini Komediya deb atagani bejiz emas: ulardan birinchisi tog'da, ikkinchisi esa pastda, dengiz bo'yida joylashgan edi. Xuddi har bir uyning joylashishi uni o'zicha yoqimli qilganidek, umid qilamanki, muallifimizning uslubi yuksak pardalarga ko'tarilib, Farnabazni o'zining ulug'vorligi va omadliligini his etgan hukmdorga xos jiddiyat bilan va muhim masalalardan gapirtirgan o'rinlarda ham, quyi pardalarga tushib, sevgi mojarolarida o'rtakashlik qilgan Timadonni7 yoki qichlar libosiga burkangan pajning cholni laqillatgan o'rinlarda ham qanoatlantira oladi. Shubham yo'qki, bizning eng yangi tanqidchilar tragikomediyamizning fazilatlari, undagi barcha yorqin nutqlar, hashamatli tasvirlar, bunga qadar ko'rilmagan kamyob kashfiyotlarni faromush aylab, diqqatlarini yetarlicha sayqallanmagan misralaru o'zlarining didiga o'tirishmagan uch-to'rtta jumlaga jalb etadilar. Holbuki, ular qo'shiq bilan sonet, jang tasviri yoki o'tkir hisga chulg'angan inson ruhining to'lg'onishlari orasida ulkan farq borligini8, birinchi holda ikkinchisiga qaraganda bayonning butkul boshqa yo'llaridan foydalanish va o'zga hollarda ishlatish mumkin bo'lmagan so'zlarni qo'llash lozim bo'lishini e'tiborda tutishlari kerak edi. Shunisi ham borki, bu janoblar koyigan nuqtalarning tuzatilishi doim ham taqozo etilmaydi; ular birovlarninggina emas, balki o'z asarlarini ham ma'qullash yoki inkor qilish borasida ko'pincha yanglishadilar. Darhaqiqat, kimki kelajakda olim kishilarga yoqish umidida bo'lsa, u o'zi uchun hozirda bir necha ojiz va hasadli aqllarga ma'qul bo'lmay qolish xavfini tug'diradi. <...> Izohlar: 1. Esxilning �Oresteya� trilogiyasining birinchi qismi nazarda tutiladi. Oje �Agamemnon jasadining hashamat bilan olib chiqilishi� deya ushbu tragediya finalini noaniq bayon qiladi. 2. Argumentlar - pesani ijro qilish oldidan beriluvchi mazmunining qisqa bayoni. Tomoshabin gap nima haqida borayotganini bilsin uchun bu qismni ilova qilish odati XVII asrning 30-yillari o'rtalarigacha, ya'ni klassitsizm dramaturgiyasi ustuvor mavqye egallaguncha davom etib kelgan. 3. Marafon jangi (mil.av.490 y.), Salamin jangi (mil.av.480 y.), Plateya jangi (mil.av.479 y.) - yunon-fors urushidagi muhim hodisalar. Yunon qo'shinining bu janglardagi zafarlari Esxilning �Forslar� tragediyasini yozishiga ilhom bergan. 4. Ojening tragik syujetga yondashuvining o'ziga xosligi shundaki, u XVI asr nazariyotchilari va qisman Aristoteldan farqli (Poetika1453a) o'laroq, o'quvchi e'tiborini �ulug' hukmdorlarning ayanchli taqdiri�ga emas, tragik fabulaning ijtimoiy-tarixiy mazmuniga tortadi. 5. �varvarlik ustuvor bo'ldi� - Oje o'rta asrlarni varvarlik davri deb hisoblagan gumanist olimlar fikriga qo'shiladi. Oje so'z san'atining jonlanishini, o'zining aytishicha, �otalarining yodidagi davr� bilan bog'laydi, ya'ni u taxminan XVI asr o'rtalarini, Fransiya adabiy hayotida hal qiluvchi so'zni Pleyada namoyandalari aytgan vaqtni nazarda tutadi. Oje, hyech shubhasiz, bu adabiy maktab faoliyatiga hurmat bilan qaragan, ayni chog'da Pleyada vakillari estetikasi bilan o'z qarashlari o'rtasida aniq chegarani ajratadi, u, xuddi Malerb singari, san'atni milliy an'analar va did bilan ko'proq bog'liqlikda ko'rishni istaydi. 6. �Pindarni tentak va ahmoq... deb atayotgan� - chamasi, bu o'rinda, zamondoshi Talleman de Reo guvohlik berishicha, �o'zini Pindarning be'maniliklari dushmani deb e'lon qilgan� Malerb nazarda tutilgan(Talleman de Reo. Zanimatelno'e istorii.M.,1974, s.40) 7. Oje bu o'rinda �Tir va Sidon� tragikomediyasining ayrim epizodlariga ishora qiladi va uning personajlarini eslatadi. Farnabaz - shuhratparast hukmdor, garchi urush harakatlari o'n yil davomida to'xtamayotgan bo'lsa-da, Sidon bilan urush holatini saqlab qolishga intiladi. Timadon - Tir shahzodasi Leontning qurolbardori va uning qariya Zorotning yosh xotini Filamina bilan ishqiy mojarolaridagi vositachisi. Qiz bola kiyimini kiyib olgan paj ham shu intrigada ishtirok etadi. 8. Oje �Tir va Sidon� tragikomediyasining turli sahnalari - jang tasviri va Leontning muhabbat mojarolari bilan bog'liq epizodlarni nazarda tutadi. Literaturn�e manifest� zapadnoevropeyskix klassitsistov. M.,1980.- S.257-264 Download 0.55 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling