Gulshoda o‘razalieva gender va ayollar huquqiy madaniyaTI


Download 439.4 Kb.
bet2/10
Sana01.05.2023
Hajmi439.4 Kb.
#1418128
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Bog'liq
Z2MLTAJYbyAEtlfOOZhS64TVkIGQZvLUhyp1EKw5

Gender tengligi g‘oyasining vujudga kelishidagi ijtimoiy-tarixiy shart-sharoitlar

Ayollar masalasi jamiyat, ijtimoiy munosabatlar, millatlar, davlatlar, madaniyat va sivilizatsiyalar bilan uzviy aloqada. Bu masalaning yuzaga kelishi, rivojlanishi ijtimoiy-tarixiy jarayonlarning bir bosqichdan ikkinchi bosqichga o‘tishi bilan ham bog‘liqdir.


Olimlar ayollar masalasini jamiyat taraqqiyoti bilan bog‘liq ravishda tahlil qilish natijasida kishilarning ijtimoiy birligi, jamiyat bo‘lib yashashi uchun zarur bo‘lgan oila, urf-odat, madaniyat, xalqaro va sivilizatsiyalararo munosabatlar, din, mehnat va jamoat tashkilotlariga uyushish katta ahamiyat kasb etishini ilmiy ifodalaganlar. Gender g‘oyasigacha o‘tish evolyusiyasi mobaynida quyidagi ijtimoiy-tarixiy bosqichlar bosib o‘tildi. Mazkur bosqichlar to‘rt tasnifiy xususiyatlarga ega bo‘lib, ular quyidagilardir:
1. Diniy konfessional taqiq tizimi amal qilgan. Tarixiy manbalar aynan ayolni insoniyat madaniyatining asoschisi deb atashadi. Haqiqatan ham mehnatning ibtidoiy jamoa tuzumida taqsimlanishiga qarab erkaklar ov qiluvchilar, ayollar esa hosil yig‘uvchilar vazifasini bajarganlar. Faqat ayolgina yerdan to‘yimli o‘simlik ildizlarini, inlardan mayda jonivorlarni, hashoratlar lichinkasini qazib olish bilan mashg‘ul bo‘lgan.
Rivoyatlarda olovni kashf etganlar erkaklar timsolida uchraydi. Ayollar olovning xususiyatlarini o‘rganish, uni turmushda qo‘llash, uyni isitish, ovqat tayyorlash kabi zaruratlarni bajarganlari haqida hikoya qilinadi. Kiyim-kechak va oyoq kiyimlarini ham ayollar kashf etishgan7.
Ona urug‘i davrida ayollarning mavqei yuqori bo‘lgan. Ayol asosiy ishlab
7 Qarang: Xolmatova M. Jamiyatda ayollarning o‘rni (tarixiy-falsafiy tahlil). /Ekologiya va ayol. Farg‘ona. 2001. 109-110 betlar.
chiqaruvchi kuch, ro‘zg‘orni muhofaza qiluvchi, bola tarbiyalab, avlodning ko‘payishini ta’minlovchi zot hisoblangan. Bu esa unga urug‘, qabila hayotida yetakchilik qilish imkonini bergan. Urug‘-aymoqchilik davri ma’budalari ayollar timsolida tasvirlangan, qabilani boshqarish, aybdorlarni jazolash, hatto boshqa qabilalar ustiga qo‘shin tortish ham ayollar ixtiyorida bo‘lgan. Ijtimoiy huquqiy nuqtai nazardan bu davrni ilmiy adabiyotlarda “ayol huquqi”8 xukmron bo‘lgan davr deb atashadi. L. Morgan, F. Engels, G. Ploss, E. Teylor asarlarida ona urug‘i davri (matriarxat)da ijtimoiy- huquqiy va siyosiy masalalar ayollar qo‘lida bo‘lganiga ko‘plab misollar keltiriladi. Biroq ota urug‘i (patriarxat) davriga o‘tilishi bilan ijtimoiy-huquqiy muvozanat ayoldan erkak tomonga og‘adi va erkak asosiy ishlab chiqaruvchi kuchga, davlatni boshqaruvchiga aylanadi. Ijtimoiy- tarixiy taraqqiyotning keyingi bosqichlari ayolni erkakka qaram qilish, uning psixologik, xo‘jalik yuritish va bola ko‘rishga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish yo‘lidan bordi.
Bu ijtimoiy-huquqiy mutelik ayol bilan erkakning mulkka egalik huquqining turlicha taqsimlanganida, ayolning turmush qurish, ajralish huquqlari tan olinmaganligida, sud ishlarida qatnashishi cheklanganligida va boshqalarda namoyon bo‘ldi9.
Ayollar va erkaklar teng huquqliligi masalasi qadim zamonlardan buyon qizg‘in bahslarga sabab bo‘lib kelgan. Miloddan 400 yillar avval yashagan sofist Antifont o‘z asarlarida barcha odamlarning tabiat tomonidan teng qilib yaratilganligi haqidagi g‘oyani birinchilardan bo‘lib ilgari surgan. Uning fikricha, tabiat barchani: ayolni ham, erkakni ham teng qilib yaratadi, lekin insonlar o‘zlarini tengsiz holatga soluvchi qonunlar odamlarning o‘zaro kelishuvi natijasidir10.
Tabiiy huquqlar tengligi va barcha odamlarning erkinligi haqidagi


8 Bebel A. Sotsializm i jenщina. M.: Gospolitizdat. 1959. -S.49.
9 Qarang.: Egamberdieva T. Ayol va davr. T.: Mehnat. 1994. – 6-7 betlar.
10 Antologiya mirovoy filosofii. M., 1969. T.1. -s. 322
g‘oyani sofizm oqimining boshqa namoyondalarida ham uchratamiz. Jumladan, Likofronning fikricha, faqat qonunlargina shaxsiy huquqlarning kafolati bo‘lishi mumkin11.
Shunday qilib, ayol va erkak teng huquqliligi muammosi doimo hur fikrli insonlar diqqat markazida bo‘lgan. Biroq aynan ayolning erkak bilan teng huquqli ekanligini e’tirof etgan mutafakkir qadimgi yunon faylasuf olimi Pifagor edi. U odamlarning turmushi isloh qilinishi hamda falsafaning huquq va erkinlik to‘g‘risidagi xulosalariga muvofiqlashtirilishi kerakligi haqidagi tasavvurlarni rivojlantirgan. Ushbu nuqtai nazardan u o‘zining falsafiy qarashlarida ayol va erkakning teng qilib yaratilishi haqidagi fikrni ilgari suradi. Pifagorning maslakdoshlari esa bu g‘oyani davom ettirganlar. Ular inson hayoti adolat va ma’lum chegara, ya’ni o‘z o‘rnini bilish va his qilish asosida qurilishi lozimligini ta’kidlaydi12.
Ushbu mazmundagi g‘oyani yana bir yunon mutafakkiri Suqrot qonunlarning ob’ektiv ahloqiy tabiati to‘g‘risidagi falsafiy ta’limotida rivojlantirgan. Jumladan, u ham insonlarning tabiiy huquqlari tengligini e’tirof etar ekan, polisning mantiqan to‘g‘ri va adolatli konunlargagina bo‘ysunishi lozimligini va faqat shunday holatdagina inson erkinligini ta’minlash mumkinligi g‘oyasini ilgari suradi13.
Shaxs erkinligi va ozodligi, inson va fuqaro huquqi haqidagi ilg‘or g‘oyalarni ilgari surganiga qaramay, qonunga itaotkor va ahloqiy ish yuritgan Suqrot o‘lim jazosiga mahkum etilgan. U agar menga xudolar shuni ravo ko‘rishgan ekan, demak men shunga loyiq ekanman, degan fikrni bildiradi14.
11 Nersesyans. Istoriya idey pravovoy gosudarstvennosti. M.: 1993. s.5
12 Nikolaev N. “Kto takoy Pifagoro‘” Universalnaya ensiklopediya.D.D. T.2,s. 422-423
13 Qarang.: Kessidi F. Sokrat. M.: 1988. s.181
14 O‘sha joyda.
Suqrot izdoshlaridan biri bo‘lgan Platon uning ratsionalistik (aqlga asoslangan) g‘oyalarini rivojlantiradi. U Suqrot va Pifagor ta’limotining inson huquqlari va erkinligi borasidagi g‘oyalarini davom ettirib, “Ideal davlat” asarida atroflicha talqin etadi. O‘z asarida Platon ideal davlatda ayolning o‘rniga nisbatan qarashlari uning biologik va madaniy, xususiylik va ommaviylik o‘rtasidagi o‘zaro bog‘lanishlarni aniqlashtiradi. U ayollar va erkaklar o‘rtasidagi o‘zaro teng huquqlilikni e’tirof etib, insoning qanday ijtimoiy foydali mehnatni bajarishiga qodirligiga qarab jinslar o‘rtasidagi biologik tafovutlarni nomuhim tafovutlar deb izohlaydi. Ayolning reproduktiv holati ularni faqat uy- ro‘zg‘or ishlari bilan chegaralanib, ijtimoiy vazifalardan chetlatilishiga asos bo‘la olmaydi, deb uqtiradi.
Shu bois biz Platonni jinslar tengligining ilk himoyachisi deb aytishimiz mumkin. U yigit va qizlarning ta’lim olishi, erkin kasb tanlashi, o‘z qobiliyatiga yarasha ijtimoiy mavqeni egallashi kabi teng imkoniyatlarni qo‘llab- quvvatlagan. Ammo yuqoridagi fikrlar Platonni feminizm tarafdori bo‘lgan deb qarashga asos bo‘la olmaydi. U ayollar va erkaklarga teng huquqlar beradi, lekin bu uning ayollar shug‘ullanib kelgan an’anaviy faoliyat sohasini nazardan soqit qilishi evaziga yuz beradi15.
Qadimda turli mintaqalarda ayolning ijtimoiy ahvoli, oila va jamiyatdagi o‘rni har xil bo‘lgan. Tarixiy manbalarda ifodalanishicha, har doim ham ayolga inson sifatida qaralmagan. Yer yuzida ayolga adolat bilan qaraydigan jamiyat bo‘lmagan hali deyish mumkin.
Asrlar davomida ayollarga nisbatan ijtimoiy va ma’naviy kamsitishlar ularning ijtimoiy faolligini yanada susayishiga olib keldi. Ba’zi ayollar asta- sekinlik bilan bu holatni tabiiy deb tan olib, ushbu turmush tarziga ko‘nika boshlasalar, boshqalari esa bunday kamsitishlarga turli yo‘llar bilan qarshilik ko‘rsatishga harakat qilishgan. Uy
15 Qarang.: Skirbekk G., Gile N. Falsafa tarixi. - T.: 2002, 106-108 betlar.
yumushlari, ro‘zg‘or tashvishlari, oila boshlig‘iga, ota yoki erga so‘zsiz itoat qilish, tinimsiz haqoratlarga, ho‘rliklarga chidash– ayollarning ichki dunyosi va ruhiyatida ko‘rquv va qullik, itoatkorlik paydo bo‘lishiga olib keldi.
Shunday bo‘lsa-da, biron dinda ayollarning ijtimoiy hayotda erkaklar bilan teng ekanligini (ularning xudo oldidagi tengligi bundan mutasno), ularni davlat, cherkov va diniy idoralar ishida teng qatnashishi mumkinligini e’tirof etuvchi manba uchramaydi. “Teologiyaga oid adabiyotlar esa erkaklarning ayollarga nisbatan antifeministik qarashlarini asoslashdan iborat. Xush nomusli yahudiy ham, jazavali hindu ham, mag‘rur musulmon ham ayol qilib emas, erkak qilib yaratilgani uchun o‘z xudolariga shukronalar aytadilar”.16
Qadimgi Hindistonda ayol turmush qurish, meros va boshqa hech qanday huquqqa ega emasdi. U nopok tamoyilga, zaif fe’lga, yomon axloqqa ega deb hisoblanib, Manu III qonuni uni bolaligida otasiga, yoshligida eriga, erining vafotidan so‘ng o‘g‘liga yoki erining qarindoshlaridan bir erkakka qaram bo‘lmoqqa majbur etardi. Hatto ba’zi joylarda eri o‘lgach, ayolga yashash taqiqlanardi. Marhum eri bilan uni tiriklayin yoqib yuborish an’anasi ham paydo bo‘ldi17.
Њlmay qolgan bevalar esa ayanchli ahvolda yashar edi. Hinduizm aqidasiga ko‘ra, beva motam kiyimida yurishi kerak. Ularning bir kunda bir marta ovqatlanishi, sochlari ustarada qirilishi majbur edi, bevalar bayram va to‘ylarda ko‘rinmasligi lozim bo‘lib, biron-bir erkak unga uylanmas, basharti uylansa, u avvalo o‘z toifasidan chiqarilar va haydalardi.18
Hindlarning muqaddas kitobi - “Veda”da ayol momaqaldiroqdan, o‘limdan, zahardan va ilondan ham yomonroq jonzot sifatida tasvirlanadi.
16 Qarang: Usacheva N. Jenщina:yee status, sudba i obraz v mirovoy kulture.–Almatы. Gыlыm. 1994.–S. 149.
17 Qarang.: An-Haim. Women and Islam. Oxford.1997. L. 7, p.31
18 Gandi Moxandas Karamchand. T.: Fan. 1972. –61 b.
Buddizmning ayrim yo‘nalishlarida ayollar obrazlari muhim o‘rin egallaydi. Buddizmning asosiy yo‘nalishi bo‘lmish –maxayanada ayol yaxshi, farovon hayot ichida ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramay, muqaddas yozuvlarda ayollarning ziddiyatli tasvirlanishi natijasida erkaklarning ayollarga nisbatan ikki xil munosabati aks etirilgan. Bir tomondan ayol dono, muloyim, mehribon qilib ko‘rsatilsa, boshqa tomondan esa u kishini yo‘ldan ozdiruvchi, buzg‘unchi mavjudot sifatida ta’riflanadi19. Buddaviylik asoschisi Budda avvallari ayolni dinga qabul qilmagan.
Budda bir gal Anandaga shunday dedi: Ayolni bu dinga qabul qilmaganimizda, buddachilik (buddizm) sof holda uzoq asrlar davom etardi. Endi oramizga ayol kirgach, bu din uzoq yashaydi, deb ayta olmayman, degan20.
Xristianlikda esa, asosan, V asrgacha, ayolga nisbatan past nazar bilan qaralgan, unda ayol erkakni yo‘ldan uruvchi iblisga yaqin mavjudot sifatida talqin qilingan21. Rim jamiyatida nimaiki ko‘ngilsizliklar, tartibsizliklar hukm sursa, uning sababini ayoldan qidirdilar. Ular tinimsiz ayollar haqida bahslashar va o‘zlarinig nomaqbul ta’riflarini berib, o‘z so‘zlarini ma’qullashar edi. Jumladan, qirol va poplar “Ayol- iflos”, deya baho berdilar. “Uning go‘zalligidan ehtiyot bo‘lish lozim. Zero, u fitna va g‘urur uchun iblisning qurolidir”, deya xitob qildilar. Ularga qo‘shimcha tarzda ayrimlari ayol to‘g‘risida, u inson nafsiga shaytonni kiritgan, ayol erkakni Alloh taqiqlagan daraxtga yaqinlashtirgan. Allohning qonunlarini buzgan, erkakni chirkinlashtirgan”,

  • degan fikrni bildirganlar. “Uning gunohkor ekani muqarrar, muhaqqakdir. Ayol qiziqarli ofatdir. Uy va oila uchun tahlikadir. G‘addor bir sevgili, sirli, noma’lum davomli musibatdir” degan xulosa

19 Qarang: Paul D. Women in Buddism: images of the feminine in the Mahayana tradition.Berkley.1985, p.19
20 Gandi Moxandas Karamchand. T.: Fan. 1972. –61 b.
21 Gurevech A.Ya Kultura i obщestvo srednevekovoy Yevropы glazami sovremennikov.- M.: Iskusstvo,1989- s.241.
bildirgan22. Xavvoriy Pavel o‘zining korinfliklarga Birinchi yo‘llanmasida sitseron “ ayollar bo‘lmaganda, erkaklar xudo bo‘lar edi” deganini, Koton, “ agar hayotda ayollar bo‘lmaganida, biz xudolar bilan muloqotda bo‘lar edik”, deganini aytib, o‘sha davrning ayollarga bo‘lgan munosabatini ifodalaydi.
O‘sha davrda xristianlikda (milodiy V asrda) quyidagi masalani muzokara etish uchun bir anjuman o‘tkazdilar. “Ayol mavhum, ruhsiz bir jismmi? Yo unda ruh bormi?” Ular shunday qarorga keldilar: “Masihning onasidan tashqari barcha ayollar jahannam azobidan qutuluvchi emaslar”.
Xuddi shunga yaqin anjuman Fransiyada milodiy 586 yilda bo‘lib o‘tgan: “Ayol insonmi yo inson emasmi?” Natijada shunday qaror qiladilar: “Ayol inson, lekin u faqat erkakka xizmat etmoq uchun yaratilgan”.
Angliyada esa ayol hatto Injilni o‘qish u yoqda tursin, hatto unga qo‘l tekkiza ham olmagan. Qirol Genri VII (1509-1547) zamoniga kelibgina, ayollar Injil o‘qiy boshladilar.
Bu davrgacha ingliz qonunida ayollar fuqaro sanalmasdi. Ular mulk egasi sifatida haq-huquqlarga ega emas edilar. Hatto o‘z mehnati bilan topgan mol-mulkni erkin tasarruf qila olmaganlar23.
Katolik cherkovida ham, protestant cherkovida ham ayollarning faol harakatiga qaramay, hukmron mavqeni erkaklar egallashgan. 1997 yilda Rimda “Muqaddas kongregatsiya e’tiqod doktrina”sida, ayollarni muqaddas din xodimi darajasiga ko‘tarishni man qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. O‘n ikkita havoriy orasida bitta ham ayol yo‘qligi bu qarorga asos bo‘ldi. 1987 yilni katolik cherkovi tomonidan rasmiy ravishda “Ona-xudo


22 Qarang.: Ploss’ G. Jenщina v yestestvovedenii i narodovedenii. Antropologicheskie issledovaniya. – Sыktыvkar-Kirov, Perya-MAA –GIPP, Vyatka. 1995. t.3-S. 282-283.
23Qarang.:Safaeva S. Ayollar masalasi: umumijtimoiy va milliy jihatlar.–T.: O‘zbekiston.2003. -26 b.
yili” (Bogomater yili), deb e’lon qilinishidan maqsad ayollarga ularning an’anaviy onalik va xotinlik burchlarini yodga solishdan iborat edi.
Johiliyat davrida, ya’ni Islomgacha Arabiston yarim oroli aholisi o‘rtasida ayolning hech qanday o‘rni ham, qadr-qimmati ham yo‘q edi. Bu holat farzandning tug‘ilishidan boshlanardi. Oilada o‘g‘il bola dunyoga kelsa, sevinishar, xursandchiliklar qilishar, qiz tug‘ilsa esa oilada motamsarolik xukm surib, tezda farzandni yo‘qotish payiga tushishar edi. Ayolning eri oldidagi qadri erining molichalik emasdi. Johiliyat zamonida arab erkaklari ayol bilan bir xonada o‘tirishmas, birga ovqatlanmasdilar. U davrda arablar uch narsada: otda, ayolda, uyda xosiyat yo‘q, deb ishonishardi24.
Ayniqsa, ajrashgan ayolning turmushi juda nochor ahvolda bo‘lgan, eri uni qiynalsin .deb boshqasiga turmushga chiqishiga to‘sqinlik qilar, tinimsiz haqoratlar edi. Shuning uchun idda muddati tugaydigan vaqtda uni yana nikohiga olar va takror qo‘yardi. Qabul qilingan idda muddati bir yil bo‘lgani uchun, ajrashish cho‘zilib ketardi. Er bu holni uch bor takrorlay olardi. Erning o‘limidan so‘ng esa ayollar bir yil matom tutishardi va bir yil idda kutishardi.
Cho‘ldagi badaviylar johiliyat davrida bir oz ayolni hurmatlashar, shahardagi madaniy hayotda esa tamoman aksi edi.
Makkaga nisbatan Madinada ayollarning ahvoli yaxshiroq edi. Bu davrda qurayshlar uy boshqarishda ayollarga ba’zi huquklarni berganlar. Ammo erkaklar hech qanday istisnosiz xohlaganlaricha uylana olardilar.
Quraysh va Hind kabi ba’zi qabilalarda qiz bolalarni tiriklayin ko‘mib yuborish odati bor edi. Bu ishni ular qiz bola baribir oilaga yaxshilik keltirmaydi deb o‘ylab amalga oshirar edilar. Ko‘chmanchi arablar ayrim yashab qolgan qizlariga og‘ir ishlarni qildirar, tinimsiz haqoratlar


24 Gryunebaum G.E. Klassicheskiy islam. Ocherk istorii (660-1258). M.: 1986. S.13.
edilar. Ba’zan esa olti yoshlarga kirganda, uni yasantirib, "Qarindoshlarimiznikiga olib boraman", deb cho‘lda avvaldan hozirlangan chuqurga tashlab, ustidan tuproq tortib yuborishardi. Ba’zi rivoyatlarda aytilishicha, homilador ayollarni chuqurga tushirib tug‘dirishar, agar tug‘ilgan farzand qiz bola bo‘lsa, uni o‘sha zahoti chuqurga ko‘mib kelishardi.
Johiliyat davrida erkaklar oldida ayollarning hech qanday ahamiyati yo‘q edi. Turmushga berish davrida ham ota qizining istagini hisobga olmay, yoshiga e’tibor ham qilmasdan, xohlaganiga turmushga berib yuborardi. Uylanadigan erkakning otasi yoki yaqin qarindoshi qizning otasidan uni so‘ragani borardi va bu ishga “xitba” deyilardi. Qiz uzatiladigan bo‘lsa, bir mahr tayinlanar, shundan keyin turmush qurilardi. Arablarda yana bundan boshqa bir talay botil va chirkin nikoh shakllari uchrardi25.
Arablarda nikoh xususida yomon ishlardan biri-o‘gay onalariga uylanish odatining xukm surishi edi. Bir arab xotinini qo‘ysa yoki o‘zi o‘lsa, katta o‘g‘li o‘gay onasiga uylanishga haqi bo‘lgan, agar u o‘gay onasiga uylanmoqchi bo‘lsa, libosini o‘sha xotin ustiga tashlar va shu tariqa mahr bermasdan, unga uylanib olardi. Agar o‘g‘il istasa, o‘gay onani boshqasiga turmushga berib yuborar va mahrini o‘zi olishi mumkin edi. Hatto marhumning o‘g‘li kichik bo‘lsa, u ulg‘ayguncha o‘gay ona ushlab turilar va bola ulg‘aygach, masala hal etilishi kutilardi. Bu kabi xo‘rliklardan ayol o‘z qabilasidan qochib qutulmasa, bu asoratli vaziyatdan qutulish dargumon edi.
Islom dini vujudga kelishi arafasida dunyoda ikki katta davlat – Rim va Eron bir-birlari bilan raqobatlashar, boshqa xalq va elatlar ustidan hukmlarini o‘tkazishar edi. Rim nasroniy davlat, Eron esa otashparastlar yurti edi. Bu davlatlarning qonunchiligi buzuq, inson haq-huquqlari


25 Azimov A. Islom va hozirgi zamon.-T.:O‘zbekiston.1991,-5 b.
poymol edi, ichki nizolar oqibatida kuchsizlanib qolgan edilar. Arabiston yarim oroli goh u, goh bu davlatning qo‘shinlari bilan harbiy to‘qnashuvlarga duch kelib turardi. Islom dinining vujudga kelishi Arabistonda ijtimoiy-siyosiy hayotni muolaja qiluvchi bir dastur sifatida qarshi olindi. Hayotning barcha jabhalarini qamrovchi Islom ayollar haq- huquqlariga ham katta e’tibor berdi26.
Islomda ayolning haqlari quyidagicha ado etilishi lozim deb ko‘rsatilgan.

  1. Ayollarga yaxshi muomalada bo‘lish, ularga nisbatan xushmuomala, shirinso‘z, muloyim munosabatda bo‘lish, nohaqlik va qo‘pollik qilmaslikni targ‘ib etdi. Bu xususda Muhammad Payg‘ambar mo‘minlarning eng to‘la ishonchlisi xush xulqlisidir. Sizlarning yaxshilaringiz ayollarga, zavjalariga yaxshi muomalada bo‘lganlaringizdir, ayollar xususida Allohdan qo‘rqingiz. Zero, siz ularni Allohdan omonat o‘laroq olgansiz27, deb ta’kidlaganlar.

  2. Ayollarni urmaslik. Ayollarga munosabat to‘g‘risida Qur’oni karimda: “Xotinlarning itoatsizligidan qo‘rqsangiz, avvalo ularga nasihat qilingiz, so‘ng (bu ta’sir qilmasa) ularni yotoqlarida tark etingiz, so‘ngra (bu ham kor qilmasa,) ularni (majruh bo‘lmagudek darajada) uringiz. Ammo sizlarga itoat qilsalar, ularga qarshi (boshqa) yo‘l axtarmangizlar, deb qayd qilingan. “Niso” oyatida aytilganidek, itoatsiz ayolni tarbiya va so‘nggi chora sifatida qattiq og‘ritmasdan urishga izn berilgan. Lekin, ma’lumotlarga ko‘ra Payg‘ambarning o‘zi ayollarini urmagan va xotin kishini urganlarga ham qarshi turgan. “Ne bo‘ldi erkaklarga, xotinlarini qul kabi uradilar, holbuki, ayni kun so‘nggi (tun)da latiflashadilar”, degan hadis ham bu fikrning isbotidir28. Ayni paytda, ayollarga ham erlariga ozor bermaslik amr etilgan.



26 Jabborov S. Musulmon huquqi va odat normalari. T.: 2001-. 47 b.
27 Qur’oni Karim. T.: Cho‘lpon. 1992.- 418 b.
28 Qur’oni Karim. T.: Cho‘lpon, 1992. 57-58 - betlar.

  1. Ma’lumki, yuqorida ta’kidlanganidek, islomga qadar ayrim arab mamlakatlarida oilada qiz farzand tug‘ilsa, fojea alomati deb qaralgan, shu bois, uni tiriklayin ko‘mishgan. Bu odat vahshiylik hisoblanmas, aksincha, ayollarni bunday xo‘rlash odatga aylangan edi. Islomda esa ayol va bolalarni o‘ldirish man etilgan. Qur’oni Karimda shunday deyiladi: “(Ey insonlar), bolalaringizni qashshoqlikdan qo‘rqib o‘ldirmangiz, ularga ham, sizlarga ham Biz rizq berurmiz. Ularni o‘ldirish, shubhasiz, katta xatodir” (“Al-Isro”, 31).29 “O‘z bolalarini aqlsizlik qilib, johilona o‘ldirgan va Allohga tuhmat qilib ular uchun Olloh rizq qilib bergan (hayvonlar)ni haromga chiqarganlar, albatta, (o‘zlariga) ziyon qilganlar. (Ular) haqiqatdan adashdilar va to‘g‘ri yo‘lga yuruvchi bo‘lmadilar” (An’om” 140).30

Islom huquqida hatto urush vaqtida ayol va bolalarni o‘ldirish taqiqlangan. Payg‘ambar: “Kimki ikkita qizni voyaga yetguncha boqsa, jannatga men bilan birga kiradi”, deb ta’kidlaganlar.

  1. Ayollarning ilm olishlari. Ayol va erkak musulmonlarga ilm o‘rganmoq farzdir. Qur’oni Karimda faqatgina ayollarning o‘ziga xos, jismiga muvofiq kelgan (masalan, avratlarini to‘sish, bola emizish, idda muddati, taloq to‘g‘risida va hakozo) qolgan barcha oyatlar erkagu ayolga tegishli hisoblanadi. Ilm haqidagi chaqiriqlar ham shular jumlasidandir. Islomda iymondan keyingi farz ilm olishdir. Buning ahamiyati to‘g‘risida Muhammad payg‘ambar “ilmni Chinga bo‘lsa ham borib, olinglar” deb ta’kidlaydi.

Islomda ilm fikh, hadis, faroiz, tib, handasa, tarix, falakiyot va boshqa sohalarga bo‘lingan. Musulmonlar Qur’on va sunnatga amal qilgan vaqtlarida ularning orasida ilmning barcha sohalarida dunyoga tanilgan allomalar yetishib chiqqan. Bunga o‘zimizning vatandoshlarimiz: Al-
29 O‘sha kitob, -192 b.
30 O‘sha kitob, -94 b.
Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Ulug‘bek, Zamaxshariy va boshqa ko‘plab olimlarning nomlarini keltirish mumkin.
Islom olamida birinchi darsxonalar, madrasa va masjidlar ochilgan. Uni diniy va dunyoviy bilimlar bilan boyitishga muvaffaq bo‘ldilar31. Bu diniy va boshqa bilimlarni tahsil etishda ayol-erkak ajratilmagan. Chunki Islomda ilm olishda ayol-erkak tengdir. “Ilm talab etmoq har bir musulmon erkak va ayol uchun farzdir”, degan hadis ham fikrimizning to‘g‘riligini ifodalaydi.
Islom ta’limoticha, shubhasiz, shariatning uch amal tayanchi bor. Bular: ilm, amal, ixlos. To‘rt xalifa zamonlari o‘tib ketgach, Islom davlatlarida soxta din peshvolari tarafidan ayollarning ilm olishini taqiqlaydigan uydirma hadislar ham yuzaga keldi32. Holbuki, Muhammad payg‘ambar va Horun ar-Rashid davrlarida ayollar ilm tahsilining cho‘qqisida bo‘lganlar.
Kimki “Muslima ayollarning ilm olishini din taqiqlagan yoki taqiqlaydi” iddaosini ilgari sursa, bilingizki, u kimsa Islomga xiyonat etgan”, degan hadis ham islom ayollarning ilm olishini rag‘batlantiruvchi din ekanligidan dalolatdir.
Islom dinining ta’kidlangan ijobiy jihatlari bilan birga, ayrim kamsituvchi holatlari ham mavjud: ayollar asrlar davomida oila doirasi bilangina cheklandilar, erta nikohlilik, ko‘pxotinlik, oilada ayollarni doimiy ravishda tazyiq ostida yashashi kabilar shular jumlasiga kiradi.
Turmush tarzi tizimida ayollar huquqlarining kamsitilishi amal qilgan. O‘tmish zamonlarda ayollarni kamsitish jamiyat turmush tarzi uchun odatiy hol bo‘lib kelgan. Bunday holatni ba’zi huquqiy odat va normalar orqali asoslashga harakat qilingan.
Masalan, Mesopotamiya va unga yaqin hududlarda shumer huquqiga ko‘ra, bir ayol eriga: “Sen mening erim emassan” desa, ya’ni ajrashmoqni istasa,


31 Islam v stranax Blijnego i Srednego Vostoka. - M., 1982. – s. 42.
32 Jabborov S. Musulmon huquqi va odat normalari. T.: 2001.- 16 b.
u ayol daryoga tashlanib o‘ldirilar edi. Faqat erkak xotiniga: “Sen mening xotinim emassan” deydigan bo‘lsa, erkak unga bir miqdor kumush pul berishi lozim edi. Albatta, bunday adolatsizliklar ayollar ma’naviy-ruhiy holatiga kuchli ta’sir etmay qolmaydi. Shuning uchun ham ayollar har qanday zo‘ravonlik va adolatsizliklarga sabr-toqat bilan yashashga majbur bo‘lganlar33.
Manbalarda aytilishicha, agar bir erkak ayolning homilasini tushirishga majbur etishi natijasida u ayol o‘lsa, o‘sha erkakning qizi o‘limga mahkum etilardi. Ayolga muqobil erkak esa o‘ldirilmaydi, ayolga muqobil ayol, hur erkakka muqobil hur erkak, qulga muqobil qul o‘ldirilardi. Bu huquqqa ko‘ra, birovning jinoyati boshqaga ko‘chirilmoqda. Aybdor, jinoyatchi erkak o‘rniga ma’sum bir qiz o‘ldirilmoqda.
Qadimgi Bobildagi Hammurappi va Solon qonunlarida ayolning mulkka munosabati tilga olinmaydi. Solon o‘z qonunlarini “barcha uchun teng qilib qo‘ydim”34, degan bo‘lsa-da, ayollar mulkka egalikda, sud ishlarida va saylovlarda qatnashmas edilar. Bevafo ayolga o‘lim jazosi qo‘llanilgan yoki cho‘riga aylantirilgan.
Shumer qonunlarida esa faqat ba’zi bir qoidalar mukammalroq ishlangan. Bunga ko‘ra, oilaning huquqiy jihatlarida ayol manfaatlarini himoya qiluvchi ba’zi bir moddalar kiritilgan. Masalan, bitta ayol bilan turmush qurish e’tirof etilgan holda, ba’zi bir vaziyatlarda birdan ziyod ayolga uylanishga ruxsat etilgan.
Onado‘lida yashagan xatitlarda oilada farzandlar erki faqat ota izmida bo‘lgan. U istaganini amalga oshirishi mumkin edi. Agar xohlasa bolalarini tovon yoki badal o‘rniga boshqasiga berib yuborardi. Eri o‘lsa, ayol oiladagi qarindoshlariga topshirilardi. Mavjud odatga
33 Ploss’ G. Jenщina. Sыktыvkar-Kirov, Perya-MAA –GIPP, Vyatka. 1995. t.3-S. 259.
34 Nersesyans V.S. Filosofiya pravo.-M.:Norma-infra.1998.-s.400-401
ko‘ra, agar eri o‘lib, xotini beva qolsa, u ayol erning qarindoshiga turmushga chiqadi. Agar u ham o‘lsa, uning otasiga, ota ham o‘lsa, erning boshqa qarindoshlariga turmushga chiqish majburiyatida edi.
Shuningdek, farzandning olamdan o‘tgan otasidan qolgan o‘gay onasiga uylanishi ayb emas deb hisoblangan. Shu tariqa beva qolgan xotinga erining boshqa qarindoshlari ham uylanishga haqli bo‘lgan.
Qadimgi Yunonistonda ham ayollarning ahvoli ayanchli edi. Ayollarga bozordagi bir buyumday munosabat qilinar edi. Ular hech qanday huquq va erkinliklarga ega emas edilar, lekin ayollarga oldiga qat’iy burchlar qo‘yilgan. Unga ko‘ra, ular butun umri davomida erkakning buyrug‘iga itoat etish, uning xohlagan istaklarini bajarishga majbur edilar. Ayol umrbod bir erkakning ixtiyorida bo‘lib, hayot-mamoti o‘sha erkakka topshirilardi. O‘sha erkak istagan ayoliga er sifatida o‘z xohishini taklif etar va ayolni zo‘rlab o‘z tasarrufiga olardi. Barcha mol-mulk erkakning ixtiyorida bo‘lgan. Uning roziligisiz ayol hech bir tasarruf huquqiga ega emas edi. Ajralish ishlarida er mutloq haq xisoblanardi. Ba’zi bir hollardagina ayol ham ajralish istagini bildira olar edi. Bunday hollarda ayol boshiga adolatsiz bo‘xtonlar yog‘ilardi.
Spartaliklar esa ayolga ba’zi bir madaniy haq-huquqlar bergandilar35. Faqat bu ularning ayollarni hurmat qilganlari tufayli emasdi. Sparta harbiy joy bo‘lganligi uchun erkaklar davomli urush, jang bilan mashg‘ul bo‘lardilar. Ular ko‘p hollarda oilada bo‘lmaganlari uchun, mol-mulkni tasarruf etishni beixtiyor ayollarga qoldirishga majbur edilar. Shu sababli spartalik ayol Afina va boshqa Yunon shaharlarida yashagan ayollarga qaraganda erkinroq edi.
Inson huquqlari haqidagi g‘oyalar juda qadimdan paydo bo‘lgan bo‘lsa- da, faqat demokratiya va yuqori ma’naviyat mavjud bo‘lgan Afina, Rim kabi
35 Matkarimova G. Ayol huquqlari. T.: 2001. -24 b.
davlatlarda keng rivojlandi. Mazkur davlatlarda ayollarning mavqei ham boshqa mamlakat ayollarining mavqeidan farq qilar edi. Ayollarni e’tiborli, go‘zal va xushtarbiya qilib tarbiyalash, ularni yaxshi oilaga tayyorlash urfga aylangan edi.
Qadimgi Yunonistonda savdo - sotiqning rivojlanishi oqibatida mamlakatga katta mablag‘ oqib kela boshladi. Buning natijasi o‘laroq Yunonistonga sharqona dabdaba, hashamat kirib kela boshladi. Geterizmning kirib kelishi esa oilaning va ayollaring mavqeini birmuncha pasayishiga olib keldi. Aslida, yunon qizlari har doim o‘z onasi yonida bo‘lar, balog‘at yoshiga yetmay erga berilar va qolgan umrini erining uyida farzand tarbiyasiga va uy- ro‘zg‘or yumushlariga bag‘ishlar edi. Yunoniston erkaklari esa o‘zlarining aql-zakovatlari bilan dunyoga mashhur edilar. Ular ko‘pincha jamoat ishlarida qatnashar, o‘z bilimlari va salohiyatlarini oshirishga intilishar edilar. Ayollar esa uyga ro‘zg‘or ishlari va yumushlariga o‘ralashib, hech qanday jamoat ishlarida ishtirok eta olmasdi.
Geteralar36- badavlat oilalarda sozanda, raqqosa yoki qo‘shiqchi sifatida, ularning ko‘nglini yozish uchun taklif qilinar edilar. Ular o‘zlarining aqli, donoligi, dilkash, tana go‘zalligi bilan erkaklarni jalb qildilar. Hukumat bu holatga ahamiyat bermadi va aksincha geteralarga keng yo‘l ochib berdi. Solon ularning faoliyatiga maxsus soliq tayinlagan va yig‘ilgan katta mablag‘ga Afrodita ibodotxonasini qurgan.
Yunoniston ayollarining taqdiri xavf ostida qoldi , chunki erkaklar faqat geteralar bilan kun o‘tkizishar, ba’zan davlat siyosatini ham ular bilan maslahatlashgan holda ish yuritar edilar. Natijada, geteralarning davlat boshqaruvidagi mavqei osha bordi.
Rim ayollari esa qabul qilinayotgan qonunlarga o‘zlarining fikrlarini bildirganlar, ayniqsa o‘zlariga taalluqli qonunlarni himoya qilgalar. Shu
36 Getera (yun.netaira –o‘rtoq, jazman) Qadimgi Yunonistonda turmushga chiqmagan, yuqori ma’lumotli erkin hayot kechiruvchi ayollar.
tariqa Rim ayollari qimmatbaho oltin iplar bilan bezatilgan ko‘ylaklar kiyib, aravachalarda shahar bo‘ylab sayr qilish kabi alohida hukuqlarni qo‘lga kiritdilar37. Qadimgi Rimda ayollarga qo‘pol munosabatda bo‘lgan erkaklar qonun asosida jazolanar, xotinini haydab yuborgan erkak (xotini uni zaharlashga urinishi yoki xiyonati bundan mustasno) o‘z mulkining teng yarmini xotiniga berishi lozim topilgan.
Rim ayolllari erlari bilan birga ovqatlanish, suhbatlashib o‘tirish, kezi kelganda esa mehmonlarni erlari bilan birgalikda qabul qilishi mumkin bo‘lgan. Aslzoda ayollar o‘z qullariga, ish yurituvchi va hatto o‘z prokuroriga ham ega bo‘lganlar. Shu bois ular madaniyatning keng tarqalishiga ham o‘zlarining katta hissalarini qo‘shganlar.
Ko‘plab huquqlarni qo‘lga kiritgan ayollar sekin- astalik bilan Rim siyosatiga kirib borishni yaxshi o‘zlashtiradilar. Shu bilan bir vaqtda erkak va ayol o‘rtasidagi munosabatlarning chetga chiqishi ham kuzatiladi. Masalan, fohishabozlik keng yoyilib, nikohsiz yashayotgan ayol-erkaklar ko‘payib ketishi kabi hodisalar ayolning jamiyatdagi mavqesini tushurib yubordi.
Natijada, oila inqirozga yuz tutdi, ajralish jarayonlari keskin ko‘paydi. Turmushdan ko‘zlangan maqsad faqat zavq-shavq olish va shahvat qondirish bo‘lib qoldi. Farzand ko‘rish maqsadi tamoman yo‘qoldi.
Rimliklarda tug‘ilgan bola xoh o‘g‘il, xoh qiz bo‘lsin, ota uni oilaga qabul qilish majburiyatini olgandi. Farzand tug‘ilgach, u eng avvalo otaning oyoqlari ostiga qo‘yilardi. Ota uni quchib, yuqoriga ko‘tarsa, tan olingan deb hisoblangan, agar farzandiga e’tibor bermasa, chaqaloq oilaga qabul qilinmasdi. U holda farzand ko‘chalarda yoki “tangri” haykallari yonida qoldirilardi. Tug‘ilgan bola o‘g‘il bo‘lsa, xohlagan odam uni farzand qilib olishi mumkin edi. Agar farzand qiz bo‘lsa, uni hech kim olmas, ko‘p hollarda chaqaloq ochlik va tashnalikdan, issiq va sovuqdan nobud bo‘lgan. Oilada ota mutloq hokim hisoblangan, farzandlar
37 Doktor G. Ploss’. Jenщina. T.3,s. 337
taqdirini o‘z bilganicha hal etgan. Qiz bolaning mulkka hech qanday haq- huquqi bo‘lmagan.
Rim mutafakkiri va faylasufi Sineka Rimdagi ajrashish razolatlarini, zamonamizda Rimdagi ajrashish hodisasi endi ayb sanalmayapti, ayol hisobsiz marta erkaklarga turmushga chiqa oladi, deb tasvirlaydi. O‘sha davrdagi Rimda poliandriya va poliginiya jarayonlari sezilarli darajada kuchaygan38.
Manbalarda aytilishicha, milodiy 43-104 yillarda yashagan Marsel ismli rimlik adib qisqa muddat ichida o‘nta er almashtirgan bir ayol to‘g‘risida so‘z yuritadi. Ayrim yozuvchilar esa besh yilda 8 marta turmushga chiqqan ayol haqida hikoyalar yozishgan.
U davrda nikohsiz munosabatlar odatiy sanalgan. Ayollarga hayo, ibo, ayollik or-nomusi degan tuyg‘ular yot bo‘lgan. Jinslar o‘rtasidagi munosabatlarda ma’naviy qashshoqlikning yuz berishi natijasida Rim jamiyatida erotizm, amoralizm keng tarqaldi.
Bu fahsh va razolat shu qadar kuchaydi-ki, Rim xukmdori Taibror davrida Rim zodagon oilalarining aslzoda ayollariga oddiy ayollar bilan yaqin aloqalarni man etuvchi qonun chiqdi. Shu tariqa axloqiy va ma’naviy tanazzul oqibatida Rim imperiyasi barbod bo‘lishini tezlashtirdi. Ayol bilan erkak o‘rtasidagi aloqalarning oilaviy munosabatlar doirasidan chiqib, nazoratsiz qolishi jamiyatni har tomonlama inqiroziga olib keldi. Ma’naviy qashshoq va axloqiy nopok jamiyat esa har jihatdan tanazzulga uchrashi muqarrardir.
Qadimgi yahudiylarda ham ayollarga munosabat yuqorida aytilganlardan farq qilmas edi. Ular qiz bolaga qulga qaraganday qarashardi. Otasi uni sotish huquqiga ega bo‘lgan. Otasining o‘g‘il farzandi bo‘lmagandagina qizi meros olish huquqiga ega bo‘lishi mumkin edi. Ajralish huquqiga faqat erkak kishi ega edi. Yahudiylarning


38 Giddens E. Sotsiologiya. -T.: Sharq 2002. – 427 b.
fikricha, Momo Havo hazrati Odamni yo‘ldan ozdirib, jannatdan haydalishiga sabab bo‘lganligi uchun ham ayol tavqi la’natga hukm qilingan. Ular ayolga tubanlik manbai sifatida nafrat bilan qarashardi. Xiyonatda ayblangan ayollarni esa toshbo‘ron qilib o‘ldirishgan yoki tiriklayin yerga ko‘mishgan.
Jumladan, Tavrotda ayol o‘limdan achchiqdir (yomondir), alloh nazdida yaxshi kishi xotinidan qutulgan odamdir, ayollar orasida yaxshisini topolmadim, degan fikr bildirilgan.39
Eronda, Sosoniylar davrida qiz bola albatta qarindoshi bilan turmush qurishi joiz bo‘lgan.
Xitoyda esa ayol inson sanalmas, hatto ism qo‘yilmasdi. Ayol 1, 2, 3 deb raqam bilan chaqirilardi. O‘g‘il bolalar maqbul hisoblanar, qiz bolalarga esa juda past nazar bilan qarashardi. Agar xitoy oilalarida qiz dunyoga keladigan bo‘lsa, bu ular uchun farzand deb hisoblanmas edi. Xitoyda qizlar xuddi oddiy buyum kabi savdo qilinib, kim oshdi savdosida sotilar va natijada kim ko‘proq haq to‘lasa, o‘sha odamning izmida bo‘lardi. Ular erkaklar bilan birga o‘tirib ovqatlana olishmas, faqat churq etmay ularning barcha xohish - istaklarini bajarishardi. Ayollar turmushga chiqqach merosdan mahrum etilardilar. XX asrgacha bo‘lgan davrlarda Xuanxe va Yanszi daryolari sharafiga o‘tkaziladigan bayram marosimlari, ayniqsa, xitoy qizlari uchun dahshatdan boshqa narsa emas edi. Chunki har yili ushbu daryolarga qurbonlik qilish maqsadida qizlar ichidan eng go‘zallari tanlab olinib daryoga cho‘ktirilar edi40.
Siyosiy haq-huquqlarining cheklanishi amal qilgan. XVII asrga kelib G‘arb mamlakatlarida sanoatning rivojlanishi ayollar masalasida yangicha qarashni ifodaladi. Insoniyatning tabiiy va ajralmas huquqlari haqidagi g‘oyalar J.J.Russo, J. Lokk, Sh.L. Monteske ilmiy nazariyalarida o‘z
39 Kultura drevnego Rima. T.1. – M.: Nauka. – S. 140-41.
40 Usacheva N. Jenщina: yee status, sudba i obraz mirovoy kulture. – Almatы., Gыlыm, 1994, s. 137
aksini topdi va 1789 yili qabul qilingan inson va fuqaro huquqlari fransuz Deklaratsiyasida yuridik jihatdan e’tirof etildi. Bu feminizm g‘oyasi edi.
Feminizm - xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va madaniy sohalarda erkaklar bilan teng huquqqa ega bo‘lishi uchun kurashi, shuningdek, ijtimoiy-siyosiy kurashda ishtirok etishi ma’nosini anglatadi41.
Ijtimoiy-falsafiy adabiyotlarda feminizm bir qancha bosqichlarga bo‘lib o‘rganiladi. Jumladan, ilk feminizm XUIII asrda vujudga kelgan bo‘lib, XIX asr oxirigacha o‘z ta’sirini saqlab qoldi. Bu davrda xotin- qizlar barcha yirik harakatlarda ishtirok eta boshladilar. Fransiyada xotin-qizlarning tenglik uchun kurashiga bag‘ishlangan birinchi jurnali chiqdi, dastlab xotin-qizlar revolyusion klublari paydo bo‘ldi va ular siyosiy kurashlarda faol qatnashdilar.
Bu davrda asosiy g‘oya - xotin-qizlarning oiladagi tutqunligiga qarshi qaratilgan bo‘lib, endilikda ular siyosiy teng huquqqa ega bo‘lishlari lozim, buning uchun ular ma’lumot olishi, erkaklar bilan barobar ishlashlari, haq olishlarini yoqlab chiqishidan iborat bo‘lgan.
Faqat sufrajist ayollar harakatidan keyingina XX asrda AQSh Konstitutsiyasi tahrir qilinib, ayollar saylash va saylanish huquqiga ega bo‘ldilar. Bu holat feminizm g‘oyasining yanada kengroq miqyosda tarqalishiga sabab bo‘ldi hamda yangi feministik oqimning vujudga kelishiga sharoit yaratdi42.
Yangi feminizm ayollar tengligi uchun kurash g‘oyasini meros qilib, o‘ziga xos bo‘lgan xususiyatlarga ham ega. Shartli ravishda yangi feministik oqimning yo‘nalishlarini 3 ga bo‘lib o‘rganish mumkin. Bulardan tashqari, konservativ g‘oyaga ega bo‘lgan - antifeministik yo‘nalish ham mavjud.
41 Qarang.: Sotsiologicheskiy ensiklopedicheskiy slovar.- M.:Infra-Norma, 1998.- s. 388
42 Brayson V. Politicheskaya teoriya feminizma. –M.: Ideya-Press, 2001. - s. 119
Konservativ yo‘nalish namoyondalari Z.Freyd nazariyasiga asoslanib, ayollarning oila va onalik vazifasini bajarishi lozimligini mutloqlashtiradi hamda ayollarning kamsitilishi g‘oyasini inkor qiladi. Ayollarning jamiyatda va oilada yuqori mavqelarni egallashlari ularni farzand ko‘rish, ularni tarbiyalash ekanligini e’tirof etib, ishlab chiqarishda qatnashish ularning faoliyat doirasiga kirmaydi, degan g‘oyani ilgari suradi.

  1. Liberal-reformistik oqim jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar orqali ayollar bilan erkaklarning teng huquqliligiga erishish mumkin, degan nuqtai nazarda bo‘lishgan. Bu oqim namoyondalari43 angliyalik olim Meri Uolton Kraft, Garriet Teylor Mill, Jon Styuart Mill kabi feminist olimlar ayollarning tengligi haqidagi nazariyalarga asoslanib, ayollarning erkaklarga huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy qaramligini to‘xtatmoq; ayollarning bilim olish, uni doimiy takomillashtirish erkinligini ta’minlash uchun imkoniyatlar yaratish; ayollarning bozor iqtisodiyoti sharoitida teng ishtirok etuvini ta’minlash; bozor sharoitlariga moslashuv jarayonini tezlashtirish; ayollar mavqeini yuksaltiruvchi qonunlar qabul qilish kabi g‘oyalarni ilgari suradi.

  2. Radikal feminizm. Bu oqim XX asrning 60 - yillarida AQShda vujudga kelgan bo‘lib, ayrim g‘oyalari bilan liberal feminizmdan tubdan farq qiladi. Ular targ‘ib etgan g‘oya asosida ayollarning tabiiy-biologik tuzilishi yotadi. Radikal feminizm ayollar bilan erkaklar tengligi g‘oyasini inkor etib, hayotda barcha ezilganlarni ozod qilishni targ‘ib etadi. Ular quyidagi g‘oyalarni ilgari suradi:

    • ayollar qadimdan eziluvchi guruhni tashkil etadi;

    • ayollarni ezish - jahonda keng tarqalgan ijtimoiy hodisa bo‘lib, zo‘rovonlik ezishning kuchli shaklidir.

43 O‘sha joyda, s. 57-59
Radikal feminizm nafaqat jamiyat tizimini o‘zgartirishni, balki oilani, farzandlar tarbiyasini ham o‘zgartirishni talab qiladi. Radikal feministlar tibbiyotni, dinni, urf-odatlarni, irqchilik, ekologiyani hamda siyosiy nazariyotni tahlil qilib, qanday qilib erkaklarning jamiyatda ustunlik jihatlarini ta’minlanish asoslarini ilmiy jihatdan ifodalab berishga harakat qiladi.
Radikal feminizm erkaklar hukmronligi ayollarga zulm o‘tkazish manbai ekanligini isbotlovchi oqim sifatida mashhur. Ayollarni jinsiy zo‘rlash, ularni kaltaklash, parnografiya, jinsiy organlarini sterilizatsiya qilish, homilani sun’iy yo‘l bilan tushirish, kontraseptivlardan foydalanish haqidagi qonunlarni va boshqalarni nazoratga olish lozimligini ta’kidlaydi.

  1. Sotsialistik feminizm ayollarni mustabid ijtimoiy tuzilmalardan xalos etishni targ‘ib etuvchi va biologik omilni hisobga olmagan holda ayollar mavqeini jamiyatdagi ijtimoiy voqealar hosilasi sifatida o‘rganuvchi oqim44.

Bu nazariya sovet davrida amalga oshirilishi natijasida sobiq Ittifoqda, jumladan, O‘zbekistonda ham xotin-qizlarning ishlab chiqarishda ishtirok etishi ta’minlandi va natijada uydan tashqarida erkaklar bilan bab-barobar ishlovchi ayollar qatlami yaratildi.
O‘zbekistonda 20-yillar ijtimoiy-siyosiy hayotida xotin-qizlarni ozod qilish muammolari alohida o‘rin egallagan. Ijtimoiy tashkilotlar bu muammoni xotin-qizlar o‘rtasida savodsizlikni tugatish, ularni ijtimoiy hayotga jalb etish orqali hal etishga intilgan. Bu tadbirlar ayollarning oilada emas, balki jamiyatda erkaklar bilan teng asosda faol ishtirok etishini istaydigan butunlay yangi avlodni tarbiyalash uchun xizmat qilgan45. Xotin-qizlar harakati faollari dastlab garchand ishontirish


44 Brayson V. Politicheskaya teoriya feminizma. –M.: Ideya-Press, 2001. - s. 135
45 O‘zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida. O‘zbekistonning yangi tarixi. 2 jild. T.: Sharq, 2000. 375- 376 betlar.
usullari orqali mahalliy millat xotin-qizlari hayotiga kirib borgan, ular qisqa muddatli kurslarda o‘qitilib, bunda xotin-qizlarning ta’lim olish, mehnat qilish, saylash va saylanish hukuqiga ega ekanligi ta’kidlangan. Nikoh yoshi va qalin haqida dekret qabul qilindi. Qizlar 18 yoshga to‘lganlaridan keyingina, o‘z ixtiyorlari bilan turmush qurishi mumkin bo‘lib, qalin olish man etilgan.
Teng huquqlilik haqidagi bu ishlar xotin-qizlarning diniy e’tiqodlarini, milliy qadriyatlarini, ma’naviyatini, urf-odat va ko‘nikmalarini ayovsiz qo‘porib tashladi, an’anaviy turmush tarzi, mahalliy urf-odat va ruhiy-psixologik o‘ziga xosliklar hisobga olinmadi. Islom omili butunlay unutilib, ruhoniylar qatag‘on qilindi. Bu harakat tom ma’noda sovet hukumatining siyosiy va iqtisodiy manfaatlarini amalga oshirish uchun joriy qilingandi. Garchand ayollarni mehnat qilishga jalb etilganligi ular hayotida muhim burilish yasagan bo‘lsa-da, bu hodisa sovetlar o‘lkasining tabiiy boyliklaridan samarali foydalanish maqsadida arzon ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojni qondirgan va ayollar asosan jismoniy kuch talab qiladigan jabhalarda mehnat qilishga jalb qilingan. Natijada ayollar kechayu-kunduz paxta dalalarida tinmay mehnat qilishardi. Shu bilan birga, uy-ro‘zg‘or ishlarining og‘ir yuki ham ularning zimmasida qolaverdi. Shuningdek, ayollar bu davrda reproduktiv vazifasini ham bajarishdi. Rasmiy huquq tengligi bilan yashiringan imkoniyatlarning real tengsizligi ham saqlab qolindi. Bu muammolarni xotin-qizlar masalasi bu davrda uzil-kesil hal bo‘lgan degan shior asosida hal etishga harakat qilindi. Tabiatdagi ekologik vaziyatning murakkablashuvi, demografik muammolar, qolaversa, ayollarning o‘zigagina xos bo‘lgan ijtimoiy masalalarning birgalikdagi ta’siri, bu davrda ayollar holatining yomonlashuviga: ayollar o‘limining ko‘payishi, chaqaloqlarning nosog‘lom tug‘ilishi, umrining qisqarishi kabi holatlarni vujudga keltirdi.
O‘tish davrining muammolari xotin-qizlarning ahvoli hamda ijtimoiy rolining taqsimlanishidagi eski muammolarni chuqurlashtirdi va yangilarini keltirib chiqardi. Ijtimoiy ta’minot tizimining buzilishi, xotin-qizlarning siyosiy ishtiroki darajasining pasayishi; qishloq infratuzilmasining qoloqligi, xotin-qizlarning mehnatidan, ayniqsa, qishloq joylarida o‘ta ko‘p foydalanilishi; ayollarga qarshi zo‘ravonlik, ekologik muammolar, diniy urf-odatlarning tiklanishi bahonasida aqidaparastlik g‘oyalarini ayollar ongiga singdirishga urinish kabi holatlar xotin-qizlar huquqining kamsitilishiga yo‘l ochdi.
XX asr boshlarida Shimoliy Amerika, Yangi Zelandiya, Avstraliya, Finlyandiya, Norvegiya, Shvesiya, Angliya, Germaniya va Avstriyada liberal qonunlar qabul qilindi, ayollar munitsipalitet saylovlarida, maktab, litsey va gospital hayotida ixtiyoriy qatnashish huquqiga ega bo‘ldilar. XX asrning o‘rtalarida esa ayollar siyosiy huquqqa to‘la ega bo‘ldilar, ularning siyosiy manfaatlari xalqaro bitimlar va BMTning maxsus bo‘limlari orqali himoya qilinadigan bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, jahonda parlamentlarga saylanganlarning atigi 14 foizi xotin-qizlardir.46 Vazirlar mahkamalarida esa ular 1995 yilgi ma’lumotga ko‘ra 6,8 foizini tashkil etadi.47 Bizning respublikamiz davlat boshqarishi idoralarida ayollar 17,5 foiz, Oliy Majlisda 9,4 foiz, yuridik muassasalarida 21,6 foizni tashkil etadi.48

  1. Ma’rifiy cheklanishlar tizimi amal qilgan. Tarixda ayollarning bilim olishi o‘ta murakkab hodisa bo‘lib, ko‘p holatlarda buni amalga oshirishning imkoniyati bo‘lmagan, faqatgina XX asrning boshlaridan ayollar jahon miqyosida bilim olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Gender munosabatlari nuqtai nazaridan farzandlarni parvarish qilish, tarbiyalash



46 Vsemirnыy doklad o chelovecheskom razvitii. 2000. – Nyu-York. 2000. – S.87.
47 Jenщina mira: Tendensii i statistika OON. – Nyu-York. 1995. – S.207.
48 Doklad o polojenii jenщin v Respublike Uzbekistan. – T.: 1999. – S.19.
va ularga ta’lim berish vazifalari bo‘yicha masala ikki xil tarzda ko‘rib chiqilishi mumkin: birinchidan, qiz va o‘g‘il bolalar tarbiyasi hamda ta’limi ta’sir o‘tkazish jarayoni orqali; ikkinchidan, ayolning oiladagi reproduktiv funksiyasi (ko‘chaytirish yoki susaytirish) orqali.
Ta’lim tizimidagi gender tengligiga oid, “Neshnl elementari prinsipl” jurnalida 1966 yili chop etilgan maqolada bolalarning jinsi bo‘yicha guruhlashtirilgan maktab uchun yangi o‘quv dasturi obzori sotsiologlarning qizg‘in talqiniga sabab bo‘ldi. Maqolada aytilishicha, tajriba uchun Virjiniyaning Feyrfaks grafligidagi Uekfild boshlang‘ich maktabi tanlangan. U paytda o‘g‘il va qiz bolalar amalda alohida-alohida o‘qitilayotgan bo‘lgan. O‘g‘il bolalar uchun ko‘proq fanlarni o‘qitish, qurilish- binokorlik ishlariga va amaliyotga katta e’tibor berilgan. Qizlar uchun mo‘ljallangan sinflarda esa bichish-tikish va uy-ro‘zg‘or ishlarini yurgizishga alohida e’tibor qaratilgan. O‘qish uchun o‘g‘il va qiz bolalarga boshqa-boshqa matnlar berilgan. Shu tariqa maktab ta’limiga jinsiy farqlar qanday ta’sir etishi o‘rganilgan. Tadqiqot maktab ta’limida jinslarning tengsizligi bir qancha natijalarga olib kelishini aniqladi49. Masalan, fanlarni o‘zlashtirish bo‘yicha boshlang‘ich maktabda va o‘rta ta’limning ilk bosqichlarida qiz bolalar o‘g‘il bolalardan ancha o‘zib ketadilar. So‘ngra qizlar asta-sekin orqada qola boshlaydilar va ba’zi bir fanlar sohasida ular proporsional tarzda o‘g‘il bolalar bilan teng o‘qitilmaydi.
Tabiiy fanlar, texnik va tibbiyot kabi sohalardagi o‘quv yurtlarda qizlarga qaraganda yigitlarning ko‘pchilikni tashkil etishi global xarakterdadir. Bunday holatlar biz o‘tkazgan sotsiologik tadqiqotlarda ham qayd etilgan. Jumladan, ta’lim sohasida tarixiy va madaniy meros yuzaga keltirgan hamda oilada qizlarni an’anaviy tarbiyalash, qiz va ayol fe’l- atvorining shakllanishi hamda ijtimoiy hayotda ayollar rolini anglashning
49 Giddens E. Sotsiologiya. –T.: Sharq, 2002. – 483 b.
muayyan andozalari bilan bog‘liq bir qancha muammolar mavjud. Ushbu omillar qiz va ayollarning bilimli bo‘lishlariga hamda kasb tanlashlariga ta’sir o‘tkazmasdan qolmaydi. Odatdagidek, qizlar o‘z ota-onasining oilasida, so‘ngra esa erining oilasida tobe bo‘lib qolishi sababli uning o‘qishi to‘g‘risidagi qarorni ota-onasi va yaqin qarindoshlari qabul qiladilar. Hatto yetuk yoshdagi qizlar va juvonlar ham ular tanlagan yo‘lga amal qilishni tabiiy hol deb hisoblaydilar. Oilani rejalashtirish loyihasi doirasida o‘tkazilgan tadqiqot natijalari shuni tasdiqlaydiki, ayollarning bilim olishini tanlash ko‘pincha ota-ona yoki er tomonidan belgilanadi va asosan pedagogik hamda tibbiyot sohasi bilan cheklanadi. Respondentlarning ko‘pchiligi oila qurish bilan bilim (kasb) olish o‘rtasida qaysi birini tanlar edingiz? - degan savolga oila qurish birinchi o‘rinda ekanligini aytishdi. Ko‘p qizlar turmushga chiqqandan keyin bilim olishni to‘xtatishga to‘g‘ri keladi, degan fikrga qo‘shildilar. Ikkinchi tomondan, ma’lumotli va muayyan malakaga ega bo‘lgan yosh ayollar farzand ko‘rish bilan bog‘liq yumushlarning ko‘payishi, tajriba va malakani yo‘qotishlari tufayli bozor sharoitlarida raqobatga noqobil bo‘lib qolmoqdalar.
Ayollarning farzand ko‘rish bilan bog‘liq katta zo‘riqishlari ham ularning ta’lim darajasiga ta’sir qiladi: O‘zbekistonda eng ko‘p tug‘ish 20 yoshli ayollar hissasiga to‘g‘ri keladi. Majburiy o‘rta ta’lim bosqichida qizlar va ayollarning o‘qishga jalb etilishi yuqori darajada bo‘lgani holda ta’limning keyingi bosqichlarida bu ko‘rsatkich pasayib ketadi.
Yangi mustaqil davlatlarning halqaro tashkilotlar bilan ishlay boshlagani, ayollar huquqlarini himoya qilish borasida to‘plangan xalqaro tajribalardan foydalanish, mintaqa uchun yangi bo‘lgan gender tengligi g‘oyasi va zamonaviy konsepsiyalarni olib kirish va rivojlantirish imkoniyatini berdi.
Bu ijobiy va salbiy vaziyatlar xotin-qizlar muammosiga yangicha yondashuvni, ya’ni gender ta’limining ham uslub jihatidan, ham mohiyat jihatidan jiddiy moslashtirilishi zarurligini taqozo etadi.
Tarixda ayollarga munosabat jaryonini tahlil qilib quyidagi xulosalarga keldik:

  1. Ayollar masalasi kishilik jamiyati, ijtimoiy munosabatlar, millatlar va davlatlar, madaniyat va siviliziatsiya bilan chambarchas bog‘liq.

  2. Ayollar masalasini tahlil etganda oila, urf-odat, madaniyat, din ayollarning mehnat qilishi, ta’lim olishi, jamiyatni boshqarishda, siyosiy jarayonlarda qatnashishini cheklab kelganligini unutmaslik lozim.

  3. Turli mintaqalarda ayollarga nisbatan munosabatlarning turli-tuman bo‘lishi, ayol huquqlarining ham turli taraqqiyot bosqichlarida turlicha bo‘lishiga olib keldi. Ayol huquqlari inson huquqi sifatida tan olinib, xalqaro hamjamiyat tomonidan alohida e’tibor talab qiluvchi soha darajasiga yetguncha ko‘p asrlar davomida kurashib keldilar.

  4. Ayollarning teng huquqliligi masalasi bugungi kunda inson muammosi darajasiga qo‘tarildi. Endilikda xalqaro maydonda jinslar o‘rtasidagi munosabat madaniyatini yuksaltirmasdan, ayollarning tengligiga erishish mumkin emas, degan yangi g‘oya ilgari surildi. Shunday g‘oyalardan biri gender g‘oyasidir.


Download 439.4 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling