Gulshoda o‘razalieva gender va ayollar huquqiy madaniyaTI


Ayollar huquqiy madaniyatini shakllantirishning


Download 439.4 Kb.
bet5/10
Sana01.05.2023
Hajmi439.4 Kb.
#1418128
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Bog'liq
Z2MLTAJYbyAEtlfOOZhS64TVkIGQZvLUhyp1EKw5

Ayollar huquqiy madaniyatini shakllantirishning


o‘ziga xos xususiyatlari
Fuqarolar huquqiy madaniyatini shakllantirishda tabaqalashtirilgan yondashuv zarur, chunki aholining turli qatlamlari qonunlarning mohiyatini turlicha tushunishi mumkin.
Har qanday shaxsning huquqiy madaniyatini shakllantirish, jumladan ayollar huquqiy madaniyatini shakllantirish ham o‘z-o‘zidan yuzaga keladigan jarayon emas. Chunki ayollar o‘ziga xos demografik guruh bo‘lib, aholining yarmidan ko‘pini tashkil etadi. Jamiyat – shaxslarning moddiy ne’matlar hamda o‘z-o‘zini qayta ishlab chiqarish faoliyatidir. Bu sohada jinslar o‘ziga xos funksiyalarni va rollarni bajaradilar. Jinslarning bio-fiziologik tuzilishiga ko‘ra moddiy ne’matlar yaratish jarayonida bosh rolni erkak, o‘z- o‘zini qayta ishlab chiqarishda esa bosh rolni ayol bajaradi. Shunga ko‘ra erkaklar asosan jamiyatning moddiy-iqtisodiy taraqqiyotini, ayollar esa uning uzluksiz rivojlanishini ta’minlab turadi. Shu boisdan ham yuqorida ta’riflaganimizdek, ayollar faqat uy bekasi, onalik vazifasini bajarishib, oila doirasida ko‘p asr qolib ketdilar. Natijada ijtimoiy taraqqiyotga bilvosita, ishlab chiqarish kuchlarini yetishtirib berish orqali o‘z hissalarini qo‘shdilar93. Ammo bu mehnatlari qadrlanmadi, unga haq olmadilar. Sanoatning rivojlanishi, fan va texnikaning takomillashuvi ayollarni ham ishlab chiqarishda qatnashuviga imkoniyat yaratdi.
Ammo bu jarayon o‘z-o‘zidan ro‘y bermadi. Chunki ayollar mehnati erkaklar mehnatidan farq qiladi: ayollar faqatgina moddiy ne’matlar ishlab
93 Qarang.: Mashika T.A. Zanyatost jenщin i materinstva. – M.: Mыsl, 1989, s. 7-8
chiqarmasdan, balki onalik vazifasini ham bajaradi. Shuning uchun ayollarning moddiy ne’matlar ishlab chiqarish imkoniyatlari erkaklarnikiga nisbatan miqdor va sifat jihatdan cheklangandir. Ayollar mehnatining miqdoriy cheklanishining sababi ijtimoiy zaruriyat tufayli homiladorlik ta’tiliga chiqishi, farzandini tarbiyalashi, oila xo‘jaligini tebratishi va boshqalardir.
Ayol jismining ruhiy - fiziologik o‘ziga xosligi tufayli uning mehnati erkaklar mehnatidan sifat jihatdan ham farqlanadi. Ayollar ma’lumotini va kasbiy mahoratlarini oshirishlari uchun erkaklarga nisbatan juda kam bo‘sh vaqtga ega bo‘ladilar. Ayollar ko‘p vaqtlarini uy- xo‘jalik ishlari bilan, farzand tug‘ish, ularni parvarishlash va tarbiyalashga sarflashadi. Shuning uchun ularning kasbiy mahoratini oshirishga kam vaqt qoladi.
Ayollar mehnati, uning o‘ziga xosligini tadqiq etganda farzand tug‘ib, tarbiyalashning ijtimoiy mehnatining bir qismi deb qarash bilan birga, bu mehnatning shakllanish usuli, taraqqiyot qonuniyatlarini e’tiborga olish talab etiladi. Chunki ayollar mehnatining o‘ziga xosligi, ularning aholini yangilab turish va yosh avlodni tarbiyalash jarayonidagi asosiy mavqeidan kelib chiqish lozim. Ayollar mehnat faoliyatlarini uy-xo‘jalik va onalik vazifalari bilan uyg‘unlashtiradi. Uy-xo‘jalik ishlarining yengillashishi esa mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga bog‘liqdir.
Ayollarning onalik vazifasini bajarishi esa ijtimoiy taraqqiyotning barcha davrlari uchun zaruriyat hisoblangan. Shuning uchun ayollar mehnatini baholashda mana shu maxsus, o‘ziga xos omillarni hisobga olish zarur.
Ayollar mehnati – bu ayollarning jismoniy va ma’naviy imkoniyatlarni ijtimoiy ishlab chiqarish, uy-xo‘jaligi, farzandlarini parvarishlashi va ularni tarbiyalashga sarf qilgan faoliyat jarayoni hisoblanadi. Sobiq sovetlar davrida ayollarni ijtimoiy mehnatning barcha sohalariga jalb
etishda ma’lum ijtimoiy-iqtisodiy va tashkiliy ishlar qilindi94. Ammo ular biryoqlama xarakterga ega edi.
Shubha yo‘qki, ayollarning mehnatdagi faolligi ularning moddiy manfaatdorligini va iqtisodiy mustaqilligini ta’minlaydi. Chunki oila moddiy jihatdan ta’minlangan bo‘lsagina oila a’zolarining moddiy va ma’naviy xarid ehtiyojlari qondiriladi. Turli texnik asboblarni qo‘llash orqali uy-xo‘jalik qo‘l mehnatidan foydalanishni kamaytirish mumkin, shuningdek, maishiy xizmat ko‘rsatishdan, umumiy ovqatlanishdan foydalanish mumkin, bu esa o‘z navbatida bo‘sh vaqtdan unumli foydalanish imkoniyatini tug‘diradi. Shuningdek, mehnatkash ayol dekret ta’tiliga chiqqanda, farzandlarini parvarishlagan vaqtda, ularning sog‘lig‘ini tiklagan paytda ham maosh olib turish imkoniyati mavjud bo‘ladi. Bolalar bog‘chalaridan, maktab lagerlaridan imtiyozli foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Kolaversa, yashash sharoitini yaxshilaydi, qarigan chog‘ida nafaqa olish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi.
Shuning bilan birga, ayollarning iqtisodiy jihatdan mustaqillikka erishishi, ularni oiladagi mavqeini ham o‘zgartiradi hamda kasbiy mahoratini oshirishga keng imkoniyat yaratadi. Hozirgi davrda rivojlanyotgan davlatda ayollar uchun mutaxassislikka ega bo‘lish ham rafiqa bo‘lishdek qadriyat hisoblanadi hamda yuqori baholanadi.
Shuningdek, yangi ishlab chiqaruvchi kuchlarning komilligi oilada ayolning tutgan o‘rniga bog‘liq95. Bunday avlodni tarbiyalash ayollarning jismoniy salomatligiga va ma’naviy kamolotiga bog‘liqdir. Shundagina ayollar kelajak uchun sog‘lom, barkamol, intellektual, axloqiy, estetik va boshqa sifatlarga ega komil insonni tarbiyalashi mumkin bo‘ladi.
Ko‘rib turibmizki, ayollarning 2 vazifani bajarishi bir-biriga nomutanosib: ayol bir vaqtning o‘zida ijtimoiy mehnatda hamda onalik
94 Qarang.: Egamberdieva T. Ayol va davr. – T.: 1994. - 18 b.
95 Ayolga ehtirom. –T.: O‘zbekiston, 1999. -11 b.
vazifasini bajarishda bab-barobar o‘z iste’dod va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqara olmaydi96. Ikki sohani ham birday olib borish ayollardan katta kuch talab qiladi, ularning bo‘sh vaqtini kamaytiradi.
Shunday qilib, ayollarning ishlab chiqarishda mehnat qilish, jamoat ishlarida qatnashuvi va onalik vazifasini bajarishi o‘ta murakkab jarayon bo‘lib, olimlar e’tiborini jalb etadigan muammo hisoblanadi. Bu haqda jahon olimlarining fikrlari ham turlicha. Ayrim jurnalistlar va olimlar simpozium va anjumanlarda ayollar mehnatidan voz kechish haqidagi fikrni hozirgi kungacha ta’kidlamoqda. Ular ayollarni oila doirasiga qaytarish fikrini bildirishmoqda. Tarix g‘ildiragini orqaga qaytarib bo‘lmaganidek, bu hodisani ham amalga oshirish mumkin emas.
Tarixiy taraqqiyot jarayoni shundan darak beradiki, ayollarning ijtimoiy mehnati tufayli jamiyatning iqtisodiy, siyosiy va madaniy sohalarida tub o‘zgarishlar yuz berdi, taraqqiyot tezlashdi, jamiyat barqarorlashdi. Ayollar mehnati jamiyat, oila va o‘zlarining manfaatlari uchun ham foydali bo‘ldi.
Dastlab ayollar mehnati tufayli mahsulot ishlab chiqarish oshdi, bu iste’molni ko‘paytirdi, moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirdi. Shunday qilib, ayollar mehnati yashash darajasini takomillashtirdi.
Ijtimoiy ishlab chiqarishda qatnashib, ayollar iqtisodiy mustaqillikka ega bo‘ldilar, bu o‘z navbatida, ayollar bilan erkaklarning tengligi g‘oyasini keltirib chiqardi hamda uni amalga oshirish jarayonini tezlatish imkonitini yaratdi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, ijtimoiy mehnatda qatnashib, ayollar faqatgina o‘zini-o‘zi moddiy jihatdan ta’minlamasdan, balki ma’naviy- axloqiy qoniqish ham hosil qildilar.
Faqat mehnat jarayonida ayollar o‘zlarining malakalarini oshirdilar, ishlab chiqarish tajribalariga ega bo‘ldilar, nazariy va texnikaga oid
96 Qarang.: Zider R. Sotsialnaya istoriya semi. –M.: Vlados, 1997. - S. 243.
bilimlarini oshirdilar, o‘zlarining ijodiy qobiliyatlarini namoyon etdilar, o‘zining manfaatdorlik imkoniyatlarini kengaytirib bordi. Agar ayollar mehnat jamoalarida ishlamasa, ularning jamoa fikri bilan hisoblashish, mustaqillik, mas’uliyatni his etish, dunyoqarashning kengligi, tashabbuskorligi, ishga ijodiy yondoshuv kabi fazilatlari shakllanmagan bo‘lardi.
Mehnat jarayonida ayollar o‘zining mutaxassisligi, hayotiy tajriba hamda oilaviy muammolarga oid juda katta hajmdagi ma’lumotlarga ega bo‘lishadi. Ular ko‘proq adabiyot va san’at, madaniyat bilan qiziqadilar. Mehnat ayollarning oilaviy hayotiga va oilaviy munosabatlariga ham ijobiy ta’sir qiladi. Bilimdon, siyosiy ongi shakllangan ayollar tarbiyalagan farzandlar ham komil bo‘lib tarbiya topadi.
Oilada mehnat taqsimoti ham maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bunday oilalarda boshqa oila a’zolari ham uy-xo‘jalik ishlariga faol qatnashadilar. Faqat mehnatkash ayolning o‘ziga qarashga va farzandlari bilan ko‘proq muloqotda bo‘lishga vaqti qolmaydi, shunga qaramasdan oila mablag‘i oshadi. Mablag‘ning yetarli bo‘lishi farzandlarni tarbiyalash uchun sharoit yaratishga, ularning bilim olishi, sport turlari, musiqa bilan shug‘ullanishiga imkoniyat yaratadi. Bizning o‘tkazgan tadqiqotlarimizda mehnatkash ayol uy bekasiga qaraganda ko‘proq farzand tarbiyasiga ahamiyat berar ekan. Shuningdek, oilada ayol boqimanda bo‘lsa, ya’ni ishlamasa, ular tarbiyalagan farzandlar ham shunga yarasha bo‘lib o‘sishi aniqlangan.
Shunday qilib, ayollarning ijtimoiy ishlab chiqarishda qatnashuvi jamiyatda mahsulot ishlab chiqarishni va milliy daromadni ko‘paytiradi, ayollarning ijtimoiy va iqtisodiy mustaqilligini ta’minlaydi, ularning har jihatdan taraqqiy etishini, iste’mol doirasini kengaytiradi, oilaviy munosabat madaniyatini yuksaltiradi va jismoniy sog‘lom, ma’naviy barkamol farzandlar tarbiyalashiga imkoniyat yaratadi.
Ayollarni ijtimoiy ishlab chiqarishga jalb etish dinamikasiga
e’tibor beradigan bo‘lsak, ular jahonning turli mintaqalarida turlicha amalga oshgan. Bularning xilma-xilligi har bir mamlakatning iqtisodiy taraqqiyoti, xalq xo‘jaligi, demografik o‘ziga xosligi, milliy va oilaviy urf-odatlariga bog‘liq bo‘ladi97.
Turli millatga mansub ayollar mehnatining umumiy jihatlari ham ko‘p, ayniqsa, ularning mehnatini tashkil etish shakli, ijtimoiy ahamiyatida deyarli farq yo‘q. Farq turmush sharoitining ijtimoiy-maishiy ishlab chiqarishda oila faoliyatida va bo‘sh vaqtni sarf etish holatlarida mavjud. Turmushning milliy o‘ziga xosligi tabiiy sharoitlar, tarixiy taraqqiyotning xususiyati, urf-odat va an’analar va ularning yashovchanligiga bog‘liqdir.
Agarda mana shu odatlarda ayollarning mustaqil bo‘lishi uchun, ularning o‘z iste’dod va imkoniyatlarini hayotda amalga oshirishlari uchun keng yo‘l ochilsa, unda ayollar past malakali, kam daromad keltiradigan, ish sharoitlari og‘ir joyda mehnat qilishdan tezroq qutuladilar. Aksincha, ular aqliy mehnat bilan shug‘ullanadigan ish joylarida faoliyat ko‘rsatadilar. Jahon miqyosida o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari shuni ko‘rsatadiki, hozirgacha ayollar orasida og‘ir jismoniy mehnat bilan shug‘ullanganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Chunki malakali aqliy mehnatga yuqori darajada haq to‘lanadi.
Ayollar aqliy mehnat bilan band bo‘lishlari uchun esa ma’lumot olishlari, texnikadan foydalanish texnologiyalarini bilishlari lozim bo‘ladi. Shundagina ayollar mehnatining samaradorligini oshirish mumkin. Bu holat ayollarning kuch-quvvatini saqlaydi va farzandlar tarbiyasiga, o‘ziga qarash uchun vaqti bo‘lishini ta’minlaydi. Shuningdek, ayollarga qanchalik yaxshi ish sharoitlari yaratilsa, ular shunchalik onalik va tarbiyaviy ishlarga imkoniyat ortadi. Asosan, salomatliklari yaxshilanadi.
97 Qarang.: Mashika T.A. Zanyatost jenщin i materinstva. – M.: Mыsl, 1989, s. 14
Xotin-qizlarning 1995 yili Pekinda bo‘lib o‘tgan To‘rtinchi Jahon Konferensiyasida muhokama etilgan masalalardan biri – ayollarning bilim olishini ta’minlash va kasbiy mahoratni oshirish masalasi hisoblandi. Bu holatni amalga oshirish ayollarning o‘z kuchi va imkoniyatlariga ishonchini oshirish bilan birga jamiyatning barqaror taraqqiyotini ta’minlashda, ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida faol ishtirok etishini ta’minlashga imkoniyat yaratadi. Har tomonlama chuqur bilimga ega bo‘lish ayollar uchun nashr etilgan turli ma’lumotlarni o‘zlashtirishga, zaruriy amaliy malaka hosil qilishga, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirishga yordam beradi. O‘z navbatida ayollarning bunday imkoniyatlarga ega bo‘lishi ularning hayotini yaxshilaydi. Shuning uchun ham investitsiyalarni ayollarning ma’lumot olishi va bilimining mukamallashtirishga sarflash maqsadga muvofiqdir, deb topildi.98
Ayollarning bilim olish huquqi insonning asosiy huquqlaridan va, eng muhimi, tenglik, taraqqiyot, tinchlik kabi maqsadlarga erishish vositalaridan biridir. Lekin bu huquq har bir kishining shaxsiy huquqi deb hisoblanishi xato bo‘lur edi. Fan-texnika taraqqiyotining hozirgi sur’atlari shu qadar ildamki, muttasil bilim olish muammosini yuzaga keltirmoqda. Kamsitilishlarga yo‘l qo‘ymay bilim berish nafaqat qizlarga, balki o‘g‘il bolalarga ham foyda keltiradi va shu bilan pirovardida erkaklar va ayollar orasida teng huquqli munosabatlarni o‘rnatishga ko‘maklashadi. Bilim olishda tenglik va uni olish imkoni ko‘p sonli ayollar hukumat islohotlarining faol ishtirokchilariga aylanishlari uchun zarurdir.
Zamonaviy ayolga shunchaki savodli bo‘lish: o‘qish, yozish, hisobni bilishi yetarli emas, uning oldida ta’limning sifati, muammosi paydo bo‘lib, doim mustaqil ta’lim ustida ishlab, tinimsiz o‘z bilimlarini orttirib,
98 Birlashgan Millatlar Tashkiloti: Asosiy omillar. T.: O‘zbekistondagi BMTning vakolatxonasi. 2001. - 274 b.
chuqurlashtirib borishni talab etadi99. Xotin-qizlar orasida savodxonlik ular oilasida farzandlarning sog‘lig‘ini saqlash, ovqatlanish va ta’lim olishini ta’minlashda qo‘l keladi.
Bu sohada olib borgan tadqiqotlar ham shuni ko‘rsatmoqda: Onalar bilimi yuqori bo‘lgan oilalarning iqtisodiy ahvoli yaxshi bo‘ladi; onalar bilimi yuqori bo‘lgan oilalarda bolalar jinoyati kam sodir bo‘ladi; bilimli onalarning farzandlari odatda doimo to‘q, yaxshi kiyingan va kamroq kasalga chalinuvchan bo‘ladi; bilimli onaning farzandlari fan va texnikaning yangi yo‘nalishlarini tezda o‘zlashtirib oladi; bilimli ona o‘z o‘g‘il-qizlariga oila qurish, uni parvarishlash, oilaning moddiy ta’minoti haqida ko‘proq ma’lumot beradi hamda farzandlariga o‘z jismi, salomatligini saqlashni o‘rgatadi. Shuning uchun ham bilimli ayollar tug‘ish paytida kamroq nobud bo‘ladi, ayollar bilimi qanchalik yuqori bo‘lsa, ularning hayotda tanlash imkoniyati shunchalik keng bo‘ladi, jamiyat va oilada o‘z mavqeini anglash uchun sharoit yarata oladi; bilimli ayollar o‘z farzandlarini hayotda o‘z o‘rnini topishga, bilim olish, kasb tanlash, mutaxassislikka ega bo‘lishga yaqindan ko‘maklashish imkoniyatiga ega bo‘ladi; ayol bilimli bo‘lsa, atrofdagi voqea-hodisalarni to‘g‘ri tahlil qila olish qobiliyati kuchli bo‘ladi hamda farzandlariga to‘g‘ri ma’lumot berish imkoniyatiga ega bo‘ladi; oqila ona tarbiya qilgan farzandlarda muomala madaniyati yuksak bo‘ladi; bilimli ayollar o‘z farzandlarini hayotning murakkabliklariga tayyorlab boradi va hokazolar100.
O‘zbek ayolining hayotida turmushga chiqish eng asosiy voqeadir. Otasining uyidagi o‘tgan hayoti uning kelin (qaynonasi uchun), xotin (eri uchun) va ona (farzandlari uchun) bo‘lishiga tayyorgarlikdir. Xalq maqolida “Qiz bola birovning xasmidir” deyiladi. Itoatkor, chaqqon va kamgap qizning nikohga tayyorlanishi zamonaviy ayol andozasidir.
99 Qarang.: O‘zbekistonda hotin-qizlar. Qonun va jamiyat muammolari. -T.: 1999. - 14 b.
100 Xolmatova M., Muraveva N.M. Yoshlar oilaviy hayot bo‘sag‘asida. T.: o‘zbekiston, 2000. – 64 b.
Ayolning oiladagi roli ikkinchi darajali. Uyida erini chidamlilik bilan kutib o‘tirgan ayol eng yaxshi hisoblanadi. Yoshlarni tanishtirish bo‘yicha yoshlar tomonidan ko‘rsatilgan tashabbus xush kelmaydi, ayniqsa, qizlar tomonidan ko‘rsatilgan tashabbus qoralanadi. Agar qiz oilada o‘zi tanlagani borligi va unga turmushga chiqmoqchi ekanligini e’lon qilsa, oilada bu rad etiladi. Odat bo‘yicha tanishish sovchilar orqali amalga oshirilgani ma’qul hisoblanadi. Ota-onalarning roziligidan so‘ng yoshlar birinchi uchrashuvga chiqadilar, undan keyin esa ular ota-onalarining tanlovini tasdiqlashlari yoki rad etishlari lozim. Ko‘pchilik hollarda ota- onaning tanlovi hal qiluvchi bo‘ladi. Nikohingizning tashabbuskori kim degan savolga ayollarning 52 foizi o‘z nikoh rishtalarini ota-onalarining irodasi bilan bog‘langanlarini, faqat ikki foiz ayol ota-onasining irodasi ularning tuyg‘ulari bilan mos tushganligi ko‘rsatdi. Boshqacha aytganda, ayollar turmushga chiqishda qaror qabul qilish uchun shaxsiy erkinlikka ega emas. Ular uchun juda muhim hayotiy voqeaning asosi ota-onaning xohishi, ota-onaning tanlovi, deb hisoblaydilar. Ayollar ixtiyoriy ravishda turmush qurishdagi tanlash huquqlarini ota-onalar zimmasiga yuklaydilar.
So‘ralganlarning 42 foizi o‘z tashabbuslari bilan sevib turmushga chiqqanlar. So‘ralganlarning 2 foizi o‘z xohishlariga qarshi turmushga chiqqanlariga iqror bo‘ldilar.
Ikkinchi va uchinchi javoblar o‘rtasida tenglik ishorasini qo‘yish mumkin. Shunday qilib, so‘ralganlarning 54 foizi o‘z xohishlariga qarshi, sukut bilan, e’tirozlarsiz birovning irodasiga bo‘ysunadilar.
An’anaviy ko‘rsatmalar qizga turmushga chiqish yoki chiqmaslik xohishlarini namoyon qilish imkonini bermaydi. Bu jamiyat tomonidan qiz zimmasiga yuklatilgan majburiyatdir va bu majburiyatni burch sifatida o‘z xohishi, his-tuyg‘ulari va irodasiga qarshi ravishda 100 tadan 54 holatida bajarishi lozim. Shunday qilib, tadqiqot natijalariga ko‘ra har ikkinchi ayol nikohda o‘z huquqlari to‘g‘risida o‘ylab ko‘rmasdan, his-tuyg‘u va
xohishlarini inobatga olmay yashamoqda.
Bu nikohga o‘tishda so‘ralganlarning yarmidan ko‘pi o‘z xohishini erkin izhor eta olmasligini anglatadi. Ayollarning oiladagi bunday ahvoli Oila kodeksiga ziddir. Nikoh ixtiyoriy ravishda tuziladi. Nikoh tuzish uchun bo‘lg‘usi er-xotinlar o‘z ixtiyorlarini erkin ifoda etish qobiliyatiga ega bo‘lishlari lozim. Nikohdan o‘tishga majbur qilish taqiqlanadi.
Qadim zamonlarda Sharq mamlakatlarida qizni iloji boricha erta erga berganlar. Jinsiy yetuklikning birinchi belgilari paydo bo‘lishi bilan qizni jiddiy ravishda erga berishga tayyorlaganlar va u 12-13 yoshga yetganda uzatib yuborganlar. O‘zbeklarga nisbatan qoraqalpoqlarda bu yosh 2-3 yilga kattadir. Bu odat ayrim o‘zgarishlarga uchragan bo‘lsa ham asosan shundayligicha qoldi101. Qizini iloji boricha ertaroq erga berishga intilish esa bugungi kunda ham saqlanib qolgan. Odatda, yosh qizni yangi oilaning qoidalariga bo‘ysunishga majbur qilish osonroq bo‘ladi, deb hisoblashadi. “Yosh novda tez egiladi” degan naql ham bor. Unda jamiyatda qadimiy odat va an’analarga asoslangan holda ayollarni diskriminatsiya qilishning negizi, asosi ifodalangan. Ushbu odatlarga ko‘ra, ayol erining uyida uning oilasidagi qonunlarga bo‘ysunishi shart. Bu anglanilmagan diskriminatsiya qilishning butun bir qatlamidir va butun oilaviy hayot shunga asoslanib quriladi.
So‘ralganlarning yarmidan ko‘pi 19-20 yoshga yetgan qizlar turmushga chiqishi shart, deb hisoblaydilar. Ularning fikricha, qizlar yigirma
yoshida oila qurish, farzand ko‘rish, oilani ta’minlash va kelgusi avlodni tarbiyalashga tayyordirlar. 42 respondentning javobida qizlar 21dan 25gacha bo‘lgan yoshda oila qurish lozim, deb hisoblanadi. Faqat bir respondentning javobdagina qiz shoshmasligi mumkin va oilani 25 yoshdan keyin ham barpo qilsa bo‘ladi, deyiladi.
Mazkur savol bo‘yicha so‘rov natijalari kishini o‘ylantiradi.


101 Qarang.: Abdullaeva Ya. Qoraqalpog‘iston xotin-qizlari kecha va bugun.–T.:Ijod dunyosi, 2004.- 196 b.
So‘ralganlarning 96 foizi 25 yoshga yetgan qizlarning turmush qurishi shart, deb hisoblaydi. Demak, 25 yoshida ayol nafaqat jismoniy, balki ma’naviy jihatdan ham yetuk bo‘lishi lozim. 25 yoshida u oila qurish va uni saqlab qolish, o‘zini va o‘zining huquqlarini himoya qilish imkonini beruvchi bilim va tajribaga ega bo‘lishi lozim. Bu yosh qiz uchun har doim ham qo‘lidan keladigan ish emas.
Ko‘pgina yurtdoshlarimizda 20 yoshdan oshgan qizlar qari qiz bo‘lib qoladi, degan fikr mavjud. Bu tamg‘a unga har bir balog‘atga yetgan qizni kuzatib boruvchi mahallada qo‘yiladi. Agar qiz belgilangan (18-21) yoshda turmushga chiqmasa, u keyinchalik umuman turmushga chiqa olmasligi ham mumkin. Uning to‘g‘risida mish-mishlar tarqata boshlaydilar va qizga kuyov sifatida ajralishgan yoki undan yoshi ancha katta bo‘lgan beva kishilardan sovchilar kela boshlaydi. Bu yosh qizning qadr-qimmatini yanada ko‘proq kamsitadi. U o‘zi bilan o‘zi ko‘pincha yakkalanib qoladi.
Odat (yozilmagan qonun) qizni goh qari qiz bo‘lib qolishi bilan qo‘rqitib, goh g‘oyaviylashgan oilaviy hayotning bo‘rttirilgan saroblari ostida tezroq erga tegishga undaydi. Shunday qilib, erta nikohlarga xayrixohlik odati ayolni 25 yoshgacha turmushga chiqishga majbur qiladi. Buni ayolning oiladagi ahvolini diskriminatsiya qiluvchi omil deyish mumkin. Qahri qattiq odatlar qizga 25 yoshdan keyin mukammal oila barpo qilishga deyarli imkon qoldirmaydi. 18 yoshdan boshlab ko‘pchilik qizlar amalga oshmagan burchdan vijdon azobini his qila boshlaydilar. Bunga 2000 yilda “Oila va jamiyat” ro‘znomasiga kelgan xatlar dalil bo‘la oladi. Noqulaylik va norasolik hissi ularni ta’qib qila boshlaydi va qizning ongida yomon iz qoldiradi. Hech qanday boshqa hayotiy maqsadlar kuchi unga teng kela olmaydi. Deyarli hamma hollarda qizning bunday holati ota-onasi, qarindoshlari va umuman jamiyat tomonidan shakllanadi. An’anaviy fikrlash doiralari erga tegmagan qizlar va ayollarni cheklaydi, qo‘l-oyog‘ini bog‘lab qo‘yadi, buning natijasida ularning orzu-umidlari va hayotdagi
darajalari ro‘yobga chiqmasligi mumkin.
Oilada kim boshchilik qiladi degan savolga:

  • so‘ralganlarning 58 foizi er boshchilik qiladigan oilalarda yashashlarini aytdilar (va buni to‘g‘ri deb hisoblaydilar);

  • so‘ralganlarning 22 foizi qaynona yoki 3 foizi qaynota boshchilik qiluvchi oilalarda yashaydilar;

  • 10 foiz o‘zlarini oilada boshchilik qiluvchi deb hisoblaydi, ulardan bittasi erga tegmagan, ikkitasi ajralishgan, milliy tarkibi bo‘yicha ulardan ikkitasi rus, ikkitasi tatar, bittasi qozoq, shunday qilib, erga tekkan ikki o‘zbek ayoli o‘zlari oilani boshqarishlarini aytdilar;

  • so‘ralganlardan 6 qiz erga tegmagan, ular oilada teng huquqlik bo‘lishi lozim, deb hisoblaydilar.

Shunday qilib, 100 foiz so‘ralgan ayollardan 82 foizi oilada boshchilik qilmaydi va mustaqil qaror qabul qila olmaydi, o‘z ixtiyori bilan yoki zo‘rlab (majburan) oilaning farovonligi uchun javobgarlik er yoki qaynonaning yelkasidadir. Ayol-xotin oila a’zosi sifatida faqat 17 foiz hollardagina (ularning yarmidan ko‘pi erga tegmagan yoki ajralishgan) ovoz berish huquqiga egadirlar.
Bu savolga berilgan javoblarning muhimligi shundaki, erga tekkan ayollarning hech biri oilani birgalikda boshqarish mumkinligini ko‘rsatmadi.
Odatga ko‘ra, an’anaviy oilada ayol qat’iy ravishda oilaviy ierarxiyaga bo‘ysunishi kerak. Erning boshchiligiga e’tiroz bildirib bo‘lmaydi, agar yosh oila ota-onasi bilan yashayotgan bo‘lsa, qaynonaning boshchiligiga ham e’tiroz bildirib bo‘lmaydi.
Er va qarindoshlari xohishiga ko‘ra, ta’lim va mutaxassisligini tashlab qo‘yib uyda qolgan har bir ayol moliyaviy bosimni o‘zida his qiladi. Hamma narsada eriga qaram bo‘lib qolib, natijada o‘zini mustaqil mablag‘lar olish huquqidan mahrum qiladi. U o‘z xohishicha va keraklicha
ishlatishi mumkin bo‘lgan mablag‘ va boshqa boyliklarga ega emas. O‘zining elementar ehtiyojlarini qondirish uchun u ruxsat so‘rashi kerak. Shunday qilib, Toshkent shahri va Toshkent viloyati bo‘yicha 100 ta so‘ralganlardan 64 foizida daromad manbalarini taqsimlashga ijozat yo‘q.
So‘ralgan ayollarning faqat 15 foizigina,( ulardan sakkiztasi turmush yuritish tajribasiga ega emas) oilaviy budjetni eri yoki boshqa oila a’zolari bilan kelishgan holda olib borishadi yoki olib bormoqchilar, 21 foiz ayollar oila budjetini mustaqil taqsimlaydilar. Bu sonni sinchiklab ko‘rib chiqqanimizda ikki ayol erga tegmagani, ikki ayol ajralishgani, ulardan yettitasi kam sonli millat vakillari ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Shunday qilib, so‘ralgan ayollarning har 1,5 tasi oilaviy sabablarga ko‘ra iqtisodiy jihatdan eri yoki qaynonasiga bog‘liqdir hamda o‘z budjetini rejalashtirish, mablag‘larni taqsimlash imkoniyatiga ega bo‘lmasdan qaramlik yoki itoatkorlikni afzal ko‘radilar.
100 tadan 64 foiz ayol o‘z oilasi uchun foyda keltiruvchi yoki qandaydir boshqa faoliyatni barpo qilish tashabbusini ko‘rsata olmaydilar, chunki o‘z shaxsiy mablag‘lariga ega emaslar. Bunday oilalarda ayollar hatto o‘zlariga shaxsan tegishli bo‘lgan qimmatbaho mebel yoki qandaydir boshqa narsalarga egalik qila olmaydilar. Ayolning bankdagi jamg‘armalaridan ham xabardor bo‘lgan er uni taqiq ostiga olmoqchi bo‘ladi, ko‘ndirish yoki do‘q-po‘pisa orqali bu mablag‘lardan beminnat foydalanadi. Oilalarning yarmidan ko‘pi o‘zaro munosabatlarini patriarxal tarzda olib boradi. Bunday oilalarda er va uning ota-onasi boshchilik qiladi. Ayollar pastki – tobe o‘rinni egallaydi. Oiladagi patriarxal ierarxiya oilada mablag‘larni taqsimlashga o‘z tamg‘asini bosadi. Sharq oilalarining an’ana va odatlari pul va moddiy mablag‘larni taqsimlashda erning hukmronlik huquqiga asoslangan.
So‘rov natijalariga ko‘ra, 100 holatdan 60 tasida ayollar hal qiluvchi ovoz berish huquqiga ega emaslar. Bu raqam ayollarning yarmidan ko‘pi o‘z oilasining teng huquqli a’zosi emasligini ko‘rsatadi, ularning his-
tuyg‘ulari, fikrlari, xohishlari va ehtiyojlari ko‘pincha oilada e’tiborsiz qoldiriladi. Bu bilan mazkur odat O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining “Oilaviy munosabatlarda fuqarolarning teng huquqliligi” (3-moddasi)ga ziddir. Bu moddada “har bir fuqaro oilaviy munosabatlarda teng huquqlarga egadir va huquqlarning bevosita yoki bilvosita qandaydir cheklanishiga yo‘l qo‘yilmaydi...” deyilgan.102
So‘rov oilaviy muammolarni hal qilishda ayollarning fikriga 19 foiz (ulardan 1tasi erga tegmagan, 2tasi ajralishgan va 5tasi oz sonli millat vakili) holatda quloq solishlarini ko‘rsatdi. Qolgan holatlarda (bu esa 60 foiz tashkil etadi) ayollar bu imkoniyatdan muhrum bo‘lgan va imtiyozni eriga (34 foiz), qaynonasiga (23 foiz) va qaynotasiga (3 foiz) beradilar.
Faqat 17 foizginasi (uchtasi erga tegmagan) oilaviy muammoni birgalikda hal qilish mumkin, deb hisoblaydilar. So‘ralganlarning 2 foizi (bular yoshlar, erga tegmagan qizlar) “agar kim faol bo‘lsa”, “aql bilan ish yuritish lozim” yoki “oiladagi muammolarni hal qilishda umumiy fikrga ega bo‘lish kerak” kabi javoblarning bir necha variantini taklif etdilar. Shunday qilib, oilada biror - bir qaror qabul qilinayotganda ayollarning ahvoli tahlikali bo‘lib qolmoqda. 100 holatdan 60 tasida ayollarning fikriga quloq solmaydilar. Qachonki qaynona darajasiga yetganida uning fikri hal qiluvchi bo‘ladi.
O‘zbek oilalarida mojarolar masalasini so‘rov misolida kuzatish mumkin. So‘ralgan 100 ayoldan 95 foizi mojaroli vaziyatga ega oilalarda yashaydilar, ulardan 15 foizida esa bunday vaziyatga hali erga tegmagan qizlarning oilalarida ham yo‘l qo‘yiladi. So‘ralganlarning faqat 5 foizi oilalarida mojarolar bo‘lmaydi, deb javob berdilar (ulardan bir ayol turmushga chiqqaniga ikki oy bo‘lgan).
Mojarolarni hal qilishda 35 foiz holatlarda er qaynonaning tomonini oladi va 39 foiz holatlarda (ulardan sakkiztasi erga tegmagan va
102 Qarang: O‘zbekiston Respublikasining Oila Kodeksi. T.: Adolat. 1998.
to‘qqiztasi boshqa millatlarning vakillari) xotinining manfaatlarini himoya qiladi. Hammasi bo‘lib 24 o‘zbek ayoli eri tomonidan tushunish va himoyaga ishonish imkoniga egadirlar.
Mojaro vaziyati yuzaga kelganda er onasining tomonida turadi. Bunday vaziyat ko‘pincha ota-onalarining tashabbusi bilan turmush qurgan oilalarda uchraydi hamda ularning oila barpo qilishda hamma javobgarlikni olishga tayyor emaslikdan kelib chiqadi. Bu ayniqsa voyaga yetmagan qizlar turmushga chiqayotgan erta nikohlarga tegishlidir.
Ba’zida oiladagi mojaro vaziyati vazifalarni taqsimlash asosida yuzaga kelishi mumkin, farzandlarni tarbiyalash odat bo‘yicha ayollarning vazifasidir, erlar farzandlarni parvarish qilish, o‘qishini nazorat qilish jarayonida va ular hayotidagi boshqa voqealarda ishtirok etmaydilar. Shu sababli ma’lum bosqichda oilada farzandlar va otalar bir-biridan uzoqlashb ketadilar. O‘zbek oilalarida eng ko‘p mojaro vaziyatlari “kelin- qaynona” munosabatlari asosida kelib chiqadi. Bu yerda gap axloq-odob jihatlarida emas, balki ayolni (kelinni) jismoniy va ruhiy ezishda boradi. Kelinning har bir harakatini qat’iy nazorat qilish, shaxsiy hayotiga, hatto er-xotin hayotining nozik sohalarigacha qo‘pollik bilan aralashish shular jumlasiga kiradi. Moliyaviy nazorat qaynonaning kelinga nisbatan xatti- harakatlarining an’anaviy ko‘rsatkichidir. Qaynonaning kundalik ezishi va er tomonidan tushunmaslik ayolni tanglik holatiga olib keladi, u juda og‘ir yukni ko‘tara olmaydi va bu holatda mojaro yuzaga keladi yoki chidashni davom ettiradi. Chuqurlashib ketgan mojaro tuzatib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib keladi: o‘zini-o‘zi o‘ldirishga urinishlar, suiqasd, ruhiy kasalliklar shunday turmush tarzining natijasidir.
Huquqiy madaniyat shaxsiy e’tiqod va an’analarga emas, balki qonunga asoslanib harakat qilish qobiliyatidir. Yuqorida biz ayollarni mehnatga jalb etishda urf-odat va diniy e’tiqodlarning ta’siri qanchalik kuchli ekanligini ko‘rib chiqdik.
Ayollar huquqiy savodxonlik masalasida ancha orqada qolayotganligi aynan ularning oiladagi ahvoliga bog‘liq bo‘ladi. Oilada an’anaviylik kuchli bo‘lsa, ayollarning haq-huquqlarga erishuvi, jamiyatda o‘z mavqeiga ega bo‘lishi murakkab kechadi. Agar biz mana shu holatni hisobga olsak, oila ayollarning haq-huquqlariga ega bo‘lishi, o‘z taqdirlarini o‘zlari hal etishlari, bilim olishlari hamda kasbiy mahoratga ega bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu ayollarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish yuzasidan doimiy ravishda ish olib borish zarurligini ko‘rsatadi. Ammo shuni ham hisobga olish kerakki, huquq-tartibot to‘g‘risidagi qonun- qoidalarni bilib olishning o‘zi yetarli emas, bu hali kishining yuksak darajadagi huquqiy ong egasi bo‘lganligidan dalolat bermaydi. Huquqiy bilimning mavjudligi ham qonunlarning halollik bilan bajarilishini ko‘rsatuvchi dalil bo‘ladi. Ayni chog‘da har bir ayolning amaliy xatti- harakati xulq-atvorining qonun talablariga qanday munosabatda ekanligiga baho berish uchun mezon bo‘lishi mumkin. Lekin ayolning huquqiy qarashlari bilan huquqiy me’yorlari talablariga nisbatan potensial munosabati bilan amaldagi hulq-atvori, axloqi o‘rtasida katta farqlar mavjud.
Muayyan jamiyatdagi huquqiy qonun-qoidalar o‘sha mintaqa xalqlari tomonidan asrlar mobaynida ishlab chiqilgan axloqiy aqidalar, tamoyillar, me’yorlar, shuningdek, nisbatan umumiylik xususiyatiga ega bo‘lgan urf-odatlar zamirida vujudga keladi103. Lekin ba’zi bir urf- odatlar, an’analar huquqiy me’yorlar darajasiga ko‘tarila olmasligi ham mumkin. Buning sababi – ularning nisbatan xususiy tabiatga ega bo‘lganida, qolaversa, axloqiy va huquqiy taraqqiyot talablariga javob bera olmasligida. Masalan, johiliyat davrida arablarda qiz tug‘ilsa, uni tiriklay ko‘mib tashlash odati bo‘lgan. Keyinchalik musulmonlik yoyilganda, bu odat g‘ayrimuslimlik odati sifatida rad etildi. Hozirga kelib unday hodisa huquqiy qonunlar asosida jinoyat deb qaraladi. Yoki bizning
103 Qarang.: Ayol huquqi va erkinliklari – T.: Adolat, 2002, - 68 b.
mintaqada qadimda mavjud bo‘lgan xun olish odati ham hozirda jinoyat sifatida jazoga tortiladi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
Huquqiy qonunlar bilan axloq, aslida, urf-odat va an’analar bilan bog‘liq bo‘lsa-da, bu tushunchalar bir-biridan farqlanadi. Axloq bilan huquq garchand bir ildizga ega bo‘lsa-da, ularning jamiyat axlloqiy hayotini boshqaruv usuli har xil: axloq asosan tushuntirish, pand-o‘gitlar vositasida ish ko‘rsa, huquq majburiy usul, jazo choralari orqali ish olib boradi.
Nafaqat bugungi kunda, hatto qadimda ham axloq bilan huquqning farqiga borilgan. Buni miloddan avvalgi 1800 yilda Somirdagi Nippur shahrida bo‘lib o‘tgan sud jarayoni yozib qoldirilgan giltaxtadan ko‘rish mumkin: uch kishi – sartarosh, bog‘bon va yana bir kimsa (hujjatda kasbi qayd etilmagan) Lu Inanna degan ibodatxona xizmatchisini o‘ldiradilar hamda bundan uning xotinini xabardor qiladilar. Lekin marhumning xotini jinoyat to‘g‘risida mahalliy hokimiyatga hech narsa demaydi. Biroz vaqt o‘tgach, huquq-tartibot mutasaddilari mazkur jinoyatdan xabar topadilar va Ur- Nippur podshosi bu masalani hal etishni bizning tushunchamizdagi oliy sud vazifasini bajaruvchi Nippur fuqarolari yig‘iniga topshiradi. Sud yig‘inida so‘zga chiqqan to‘qqiz kishi uch qotil va ular bilan birga marhumning xotiniga ham o‘lim jazosi berilishini so‘raydi. Biroq ikki kishi so‘zga chiqib, xotinning qotil emasligini aytadilar. Yig‘in qatnashchilari keltirilgan isbot-dalillarni e’tiborga olib, marhumning xotini qotillikda bevosita ishtirok etmagani uchun uni jazodan ozod qiladilar. Giltaxtada: “Kimlar haqiqatdan o‘ldirgan bo‘lsalar, o‘shalarning jazolanishi kifoya”, degan xulosa yozib qoldirilgan.104 Bundan shunday fikrga kelish mumkin: erini o‘ldirganlarni bilib, hokimiyatga xabar bermagani xotinning vijdoniga havola, zero bu – uning huquqi; axloqiy qonun-qoidalarni buzdi, lekin huquqni buzadigan xatti-harakatlarni sodir etgani yo‘q.


104 Kramer S.N. Istoriya nachinaetsya v Shumere. M.: Nauka, 1990. S.- 66.
87
Ayni paytda, shuni ham ta’kidlash kerakki, huquq axloqqa nisbatan ancha aniq va ancha muayyan ichki bo‘linishlarga ega. Chunonchi, xalqaro huquq, fuqaro huquqi, jinoiy huquq, mehnat huquqi va h.k. singari nisbatan qat’iy chegaralangan huquqiy me’yorlar mavjud. Axloq esa huquqqa nisbatan ancha keng qamrovli. Chunonchi, huquqiy qonunlar mavjud tuzumga, muayyan shaxs va yosh doirasidagi kishilarga tatbiq etilsa, axloqiy qoidalar, hikmatlar, pand-o‘gitlar barcha tuzumlar hamda turli yoshdagi kishilarga birdek taalluqli bo‘ladi105. Shuningdek, huquqiy me’yorlar aniq manzilni taqozo qiladi, axloqiy qoidalar esa mavhumligi va umumiyligi bilan ajralib turadi.
Shuning uchun har bir shaxs huquqiy ongining qay darajada ekanligini to‘la bilish uchun huquq me’yorlarida bayon qilingan talablarni majburan bajaryaptimi, ya’ni u mas’uliyatdan qo‘rqqanligidan qonunlarga rioya qilyaptimi yoki uni o‘z burchini anglash majbur qilyaptimi yoxud uning e’tiqodi shunday qilish zarurligiga da’vat etyaptimi – bularni anglash g‘oyat muhimdir. Bundan tashqari, har bir jamoat tashkilotlari o‘z ijtimoiy vazifasiga, huquqiy holatiga ko‘ra, qolaversa, huquqiy tajribada ishtirok etishiga ko‘ra, bir-biridan farq qiladi. Bu hol jamoat tashkilotlarining ish hajmi va mazmunini bir-biridan farqlashga, tashkilot a’zolarining huquq va burchlarini ham shunga yarasha bir-biridan farqli bo‘lishiga olib keladi. Demak, har bir jamoat tashkilotida uning o‘z huquqiy tushunchalari tizimi, u yoki bu tashkilot huquqiy tajribasiga xos bo‘lgan xususiyatlarini aks ettiradigan huquq-targ‘ibot qoidalariga nisbatan ularning o‘z munosabatlari tarkib topadi. Ayol ishlab turgan jamoaning, undagi psixologik muhitning, huquqiy tasavvurlar, qarashlar va xis-tuyg‘ularning ta’siri ostida uning huquqiy ongi shakllanadi. Bunday huquqiy ongning shakllanishini, bir tomondan huquq-targ‘ibot qoidalarini o‘zlashtirib, bilib olinishi taqozo etsa, ikkinchidan, buni jamoat tashkilotlarining


105 Qarang.: Jabborov S. Musulmon huquqi va odat normalari. –T.: 2001. - 92 b.
o‘ziga xos xususiyatlari ham taqozo etadi.
Huquqiy ongni yuksak darajaga ko‘tarish va huquqiy madaniyatni yuksaltirish faqat amaldagi mavjud huquqiy normalarni bilib olishnigina nazarda tutmaydi. Balki qonunlarni turli hayotiy vaziyatlarda qo‘llay olish, ularni to‘g‘ri tatbiq eta bilish masalaning muhim tomonidir. Binobarin, huquqiy ong ham huquqiy madaniyatdan kelib chiqadigan hodisa bo‘lib, qonunchilikni yanada rivojlantirishning ishonchli omilidir.
Yuqoridagi ta’kidlangan fikrlardan quyidagi xulosalarga kelish mumkin. Shaxs huquqiy madaniyatini shakllantirish murakkab jarayon bo‘lib, aholi tarkibiga nisbatan differensial yondashuvni talab etadi. Jumladan, ayollar ham o‘ziga xos demografik guruh bo‘lganligi uchun ularning huquqiy ongi va madaniyatini takomillashtirish ham o‘ziga xos xususiyatga ega. Ular quyidagilardir:

  1. Jinslarning bio-fiziologik tuzilishiga ko‘ra, ayollar farzandlar ko‘rib, aholini ko‘paytirish (reproduktiv) vazifasini bajarganligi tufayli ko‘proq oila doirasida cheklanib qoladilar.

  2. Reproduktiv vazifani bajarganliklari uchun ayollarning bu sohaga sarf qilgan mehnatiga jamiyat tomonidan yetarlicha haq to‘lanmasligi bois ularning mehnati oilada ahamiyatsizdir.

  3. Ayollar garchand mehnatga jalb etilsalar ham, farzand ko‘rib, ularni tarbiyalashga ko‘p vaqtlarini sarf qilganliklari tufayli uzoq yillar tanaffus bilan ishlashga majburdirlar, bu holat ularni oilada erlari, qaynota-qaynonalariga qaram bo‘lib yashashiga, ularning har qanday tahqirlovchi talablarini bajarishga olib keladi.

  4. Milliy urf-odat hamda diniy talablar ham oilada ayollarni tahqirlovchi holatlarni doimiy odatga aylantirishga xizmat qilib kelmoqda. Masalan, erta nikohlilik, ayollarni bilim olishi, kasb o‘rganishiga imkoniyat qoldirmaydi, iqtisodiy qaramlikka olib keladi. Bu oiladagi gender tengsizligini vujudga keltiradi.

  5. Ayollar huquqiy ongini va huquqiy madaniyatini shakllantirish, ularning oiladagi mavqeiga, ular huquqining tan olinishiga, oilaviy munosabatlar madaniyatining darajasiga, bilimiga, kasb mahoratiga, iqtisodiy mustaqilligiga bog‘liq bo‘ladi.

  6. Ayollar huquqiy madaniyatining shakllanishi ayollar haqidagi erkaklarning tasavvurlari, qarashlariga hamda ularni o‘zlari bilan teng inson deb bilishlariga ham bog‘liqdir.

  7. Ayollar huquqiy madaniyatini takomillashtirish, bu sohada faqat ayollar orasida targ‘ibot ishlari bilan cheklanmasdan, butun jamiyat aholisi orasida ayollar, ayollar huquqi, ularning huquqiy madaniyatlari haqida targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borishni talab etadi.

Uchinchi bob. Ayollar huquqiy madaniyatini takomillashtirish – davr talabi





Download 439.4 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling