H. O. Yorqulov Oʻzbekistonning eng yangi tarixi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi
Download 1.94 Mb.
|
O\'zbekistonning eng yangi tarixi. O\'quv qo\'llanma2
5.3.Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, uning strukturasi va funksiyalari. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasida: “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshiradi”13, - deb belgilab qoʻyilgan.
1990-yil 15-noyabrda Oʻzbekiston Prezidentining “Oʻzbekiston SSR Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining tarkibini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Unga muvofiq ravishda Oʻzbekiston Prezidenti huzurida Vazirlar Mahkamasi tuzildi, Prezident uning Raisi boʻldi. Respublikada vitse-prezident lavozimi ta’sis etilib, uning zimmasiga Vazirlar Mahkamasiga rahbarlik qilish va uning ishini uyushtirish vazifasi yuklandi. 1992-yil 4-yanvarda vitse-prezident lavozimi tugatildi va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri lavozimi ta’sis etildi. Vitse-prezident vakolatlari Bosh vazirga oʻtkazildi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XX bobida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining konstitutsiyaviy-huquqiy maqomi, uning tashkil etilishi, faoliyatining asosiy yoʻnalishlari va vakolatlari belgilab qoʻyildi. Vazirlar Mahkamasi oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yilda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi (yangi tahriri 2003-yil) Qonuni asosida olib boradi. Vazirlar Mahkamasi - Oʻzbekiston Respublikasining hukumati hisoblanadi. Oliy Majlisning qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari bajarilishiga rahbarlikni ta’minlovchi Oʻzbekiston Respublikasining ijro etuvchi hokimiyat organidir. Vazirlar Mahkamasining doimiy organi sifatida Bosh vazir va uning oʻrinbosarlaridan iborat tarkibdagi Vazirlar Mahkamasining Rayosati faoliyat koʻrsatadi. 2003-yil Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 89-moddasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ayni vaqtda Vazirlar Mahkamasining Raisi hisoblanadi” degan ikkinchi qismi olib tashlandi. Shundan keyin Oʻzbekiston hukumati – Vazirlar Mahkamasiga Bosh vazir rahbarlik qiladigan boʻldi. Vazirlar Mahkamasi tarkibida Rais lavozimi boʻlmaydigan boʻldi. Hozirda Bosh vazir nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovda eng koʻp deputatlik oʻrinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng koʻp deputatlik oʻrinlarini qoʻlga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti taqdim etilgan Bosh vazir lavozimiga nomzodni koʻrib chiqqanidan keyin oʻn kun muddat ichida uni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining koʻrib chiqishi va tasdiqlashi uchun taklif etadi. Bosh vazir lavozimiga nomzod Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisida uning nomzodi koʻrib chiqilayotganda va tasdiqlanayotganda Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga moʻljallangan harakat dasturini taqdim etadi. Bosh vazir nomzodi uning uchun tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining yarmidan koʻpi tomonidan ovoz berilgan taqdirda tasdiqlangan hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining a’zolari Bosh vazirning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi ma’qullaganidan keyin kiritilgan taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi. Vazirlar Mahkamasining tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari, vazirlar, davlat qoʻmitalarining raislari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi kiradi. Vazirlar Mahkamasi: samarali iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy, pul-kredit siyosati yuritilishi, fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlashni hamda iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha dasturlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi uchun javobgar boʻladi; fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi; davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari ishini muvofiqlashtiradi va yoʻnaltiradi, ularning faoliyati ustidan qonunda belgilangan tartibda nazoratni ta’minlaydi; Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta’minlaydi; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga har yili mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan ma’ruzalar taqdim etadi14. Vazirlar Mahkamasi vazifalarni bajarish davomida konstitutsiyaviy normalar doirasida va amaldagi qonunchilikka muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining butun hududidagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi. Oʻzbekistonda Bosh vazir maqomiga teng Vitse-prezidentlik lavozimida Shukrullo Mirsaidov (1990–1992), Bosh vazir lavozimida Abdulhoshim Mutalov (1992–1995), Oʻtkir Sultonov (1995–2003), Shavkat Mirziyoyev (2003–2016)lar faoliyat yuritgan. 2016-yil 14-dekabrdan Abdulla Aripov Bosh vazir etib tasdiqlangan. Download 1.94 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling