H. O. Yorqulov Oʻzbekistonning eng yangi tarixi
Oʻzbekistonda parlament tizimi
Download 1.94 Mb.
|
O\'zbekistonning eng yangi tarixi. O\'quv qo\'llanma2
5.2. Oʻzbekistonda parlament tizimi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat hokimiyati tizimi qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlariga boʻlinishi belgilab qoʻyilgan.Uch hokimiyatdan har biri faoliyatida mustaqil boʻlib, ayni vaqtda bir-biri bilan chambarchas bogʻliqdir. Prezident har uchala hokimiyat faoliyatini muvofiqlashtirib turadi. Davlat hokimiyatining uchga taqsimlanishi hokimiyatning bir kishi yoki bir guruh kishilar qoʻlida toʻplanishini oldini oladi, oʻzaro tiyib turish mexanizmining vujudga kelishiga xizmat qiladi. Qonunlarning xalq tomonidan saylangan parlament tomonidan ishlab chiqilishi va ijroiya hokimiyatning parlament oldida hisobdorligi demokratik tamoyillarga mos keladi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat parlament hisoblanib – u Oʻzbekistonda Oliy Majlis deb nomlanadi. Oʻzbekistonda Parlamentarizm islohotlarini uchta davrga boʻlish mumkin. Birinchi davr – 1990–1994-yillarni oʻz ichiga olib, mamlakatimiz parlamenti Oliy Kengash nomi bilan atalgan va 150 deputatdan iborat edi. Ikkinchi davr – 1995–2004-yillarni oʻz ichiga olib, bu davrda 250 deputatdan iborat bir palatali parlament Oliy Majlis deb ataldi. Uning tarkibida Xalq demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, “Vatan taraqqiyoti” partiyasi, “Milliy tiklanish” partiyasidan saylangan deputatlardan partiya fraksiyalari tashkil etildi. Uchinchi davr – 2005-yildan hozirgi paytgacha davrni qamrab olgan. 2005-yildan boshlab Oʻzbekistonda ikki palatali parlamentga oʻtildi. Oliy Majlish Qonunchilik (quyi palata) va Senatdan (yuqori palata) iborat boʻldi. Ikki palataga oʻtilishi 2002-yil 27-yanvarda oʻtkazilgan referendum va shu asosda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi va “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunlar asosida amalga oshirildi. Parlamentda 250 kishi, jumladan, Quyi palata – Qonunchilik palatasida 150 deputat, Senatda 100 nafar senator faoliyat koʻrsatadi. Qonunchilik palatasiga deputatlar umumxalq saylovi asosida saylanadi, deputatlikka nomzodlar siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatiladi. Senatga 14 ta ma’muriy hudud - Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 6 nafardan, jami 84 kishi saylanadi. 16 nafar el-yurtda obroʻ-e’tibor qozongan kishilar Prezident tomonidan tayinlanadi va Senatning a’zosi boʻlishadi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78-moddasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlari koʻrsatilgan. Ular quyidagilardan iborat: Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarini qabul qilish, ularga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, referendum oʻtkazish toʻg‘risida qaror qabul qilish, ichki va tashqi siyosatning asosiy yoʻnalishlarini belgilash hamda davlat strategik dasturlarini qabul qilish, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi hamda sud hokimiyati organlarining tizimini va vakolatlarini belgilash, Oʻzbekiston Respublikasi tarkibiga yangi davlat tuzilmalarini qabul qilish va ularning Oʻzbekiston Respublikasi tarkibidan chiqishi haqidagi qarorlarni tasdiqlash, boj, valyuta va kredit ishlarini qonun yoʻli bilan tartibga solish, Vazirlar Mahkamasining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetini qabul qilish va uning ijrosini nazorat etish, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni joriy qilish, Oʻzbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi masalalarini qonun yoʻli bilan tartibga solish, chegaralarini oʻzgartirish, tumanlar, shaharlar, viloyatlarni tashkil etish, tugatish, ularning nomini hamda chegaralarini oʻzgartirish, davlat mukofotlari va unvonlarini ta’sis etish, Prezidentning vazirliklar, davlat qoʻmitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlarini tuzish hamda tugatish toʻg‘risidagi farmonlarini tasdiqlash, Markaziy saylov komissiyasini tuzish, Prezidentning taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini koʻrib chiqish va tasdiqlash, shuningdek mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining dolzarb masalalari yuzasidan Bosh vazirning hisobotlarini eshitish va muhokama qilish, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili va uning oʻrinbosarini saylash, Hisob palatasining hisobotini koʻrib chiqish, Prezidentning urush holati e’lon qilish, umumiy yoki qisman safarbarlik e’lon qilish, favqulodda holat joriy etish, uning amal qilishini uzaytirish yoki tugatish toʻg‘risidagi farmonlarini tasdiqlash, xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya va denonsatsiya qilish, parlament nazoratini va Konstitutsiyada nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish11. Konstitutsiyaning 84-moddasiga koʻra “Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senat tomonidan ma’qullanib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangach va qonunda belgilangan tartibda rasmiy nashrlarda e’lon qilingach, yuridik kuchga ega boʻladi”12. Download 1.94 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling