H. O. Yorqulov Oʻzbekistonning eng yangi tarixi
Iqtisodiy islohotlarning besh tamoyili
Download 1.94 Mb.
|
O\'zbekistonning eng yangi tarixi. O\'quv qo\'llanma2
4.4.Iqtisodiy islohotlarning besh tamoyili.
Jamiyat bir ijtimiy-iqtisodiy tuzumdan ikkinchisiga oʻtishda ma’lum bir oraliq davrni bosib oʻtadi. Bu oʻtish davri deb altaladi. Oʻtish davri oʻziga xos xususiyatlarga va murakkabliklarga ega. Ya’ni jamiyat hayotida sinab koʻrilmagan nazariy qarashlarni amliyotga qoʻllash, jamiyat a’zolari hammasi ham boʻlayotgan oʻzgarishlarga moslashish qobiliyatining yetarli emasligi, jinoyatchilik va korrupsiyaning faollashishi, ijtimoiy koʻmakka muhtoj qatlamlarning vujudga kelishi kabi holatlar koʻzga tashlanadi. Albatta bunday sharoitda qat’iy belgilangan qoidalarga amal qilish davlat siyosatida turli ogʻishlarning oldini olishga xizmat qiladi. Oʻzbekiston davlat rejali iqtisodiyotidan voz kechib bozor munosabatlarini joriy qilar ekan, ana shunday qat’iy belgilangan qoidalar, ya’ni tamoyillarni ishlab chiqdi. Bu tamoyillar kuchli davlatchilik va ijtimoiy yoʻnaltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirishga yoʻnaaltirilgan edi. Bunda faqat iqtisodiy baquvvat davlatgina kuchli boʻladi va u har qanday islohotlarni amalga oshirishga qodir boʻladi deb hisoblandi. I.A.Karimov oʻzining 1993-yilda nashr qilingan “Oʻzbekiston - bozor munosabatlariga oʻtishning oʻziga xos yoʻli” risolasida: “Oʻzbekiston oʻzi uchun tanlab olgan yoʻl ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilgan, respublikaning manfaatlariga, shart-sharoitlari va xususiyatlariga eng koʻp darajada mos keladigan bozor iqtisodiyotini shakllantirishga qaratilgandir. Ayni mana shunday yoʻl Oʻzbekiston xalqining munosib turmushini, uning huquqlari va erkinliklarini kafolatlashi, milliy an’analari va madaniyatining qayta tiklanishi, insonni shaxs sifatida ma’naviy axloqiy kamol topishini ta’minlashi mumkin”8, - deb koʻrsatib bergan edi. I.Karimov mazkur asarida mamlakatning dastlabki yillaridagi rivojlanish jarayonlarini chuqur tahlil qilib, Oʻzbekiston davlat qurilishi va iqtisodiyotini isloh qilish dasturining oʻzagi sifatida quyidagi beshta asosiy tamoyilni oʻrtaga tashladi: Birinchidan, iqtisodiyotning siyosatdan ustunligi. Ichki va tashqi siyosatning mafkuradan holi qilinishi. Ikkinchidan, davlat bosh islohotchi ekanligi, ya’ni davlat islohotlarning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berishi, oʻzgartishlar siyosatini ishlab chiqishi va uni izchillik bilan oʻtkazishi belgilab qoʻyildi. Uchinchidan, qonun ustuvorligi. Ya’ni, Konstitutsiya va qonunlarga hamma rioya qilishi shartligi. Toʻrtinchidan, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish. Aholi demografik tarkibida yoshlar, koʻp bolali oilalar, ishsizlar soni koʻp boʻlganligi, nogironlar va keksalar iqtisodiy faoliyat bilan shugʻullanishi cheklanganligi sababli koʻp bolali oilalar, nogironlar, keksalar, oʻquvchi yoshlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni ijtimoiy himoyalshga e’tibor qaratildi. Beshinchidan, bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich oʻtish. Iqtisodiyotdagi oʻzgarishlar ijtimoiy larzalarsiz bosqichma-bosqich amalga oshirilishi belgilab qoʻyildi. Bu beshta tamoyil Oʻzbekistonning keyingi rivojlanishiga oʻzining belgilovchi ta’sirini koʻrsatdi. Mamlakatda ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni ta’minladi, siyosiy hokimiyatning bozor munosabatlarini joriy etish yoʻlida izchil harakat qilishiga asos boʻldi. Bu besh tamoyil yetakchi tamoyillar sifatida tan olinishi iqtisodiy islohotlarning butun ichki mantigʻini, rivojlanish yoʻlini va xarakterini belgilab berdi. Ayniqsa Oʻzbekistonning bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich oʻtish tamoyiliga rioya qilinishi bir tomondan, avvaldan meros boʻlib qolgan barcha ijobiy tajribalarni saqlab qolishga, ikkinchi tomondan esa islohotlar ketma-ketligi tartibini belgilab berishga xizmat qildi. Aniqrogʻi, bu tamoyil “yangi uy qurmay turib, eskisini buzmaslik” haqidagi xalqning dono fikriga asoslangan edi. Iqtisodning siyosatdan ustunligi tamoyili, davlat e’tiborini iqtisodiy islohotlar strategiyasiga qaratganligidan dalolat beradi. Chunki, Oʻzbekiston mustaqillikka erishgan paytda sobiq Ittifoqdan barbod boʻlgan iqtisodiy va moliyaviy tizim, izdan chiqqan iqtisodiy boshqaruv mexanizmi va samarasiz iqtisodiy munosabatlar meros boʻlib qolgan edi. Ittifoq parchalngandan keyin uning tarkibiga kirgan respublikalar bilan uzoq yillar davomida shakllangan iqtisodiy munosabatlarga putur yetdi. Xom ashyo, asbob uskunalar yetkazib berish toʻxtab qoldi. Mustaqillikka erishgan milliy respublikalarda ham iqtisodiy islohotlar amalga oshirilib xususiy korxonalar tashkil topdi, mahsulot turlari va ishlab chiqarish yoʻnalishlari oʻzgardi. Milliy iqtisotiyotlarning bunday qayta shakllanishi faqat Ozbekistonda emas butun postsovet mamlakatlari hududida iqtisodiy oʻsish koʻrsatkichlari pasayishiga olib keldi. Bunday vaziyatda davlat islohotlar ma’suliyatini zimmasiga olishi, iqtisodiy islohotlar dasturlarini tuzib chiqishi va uni amalga oshirishi zarur edi. Mustaqillikning dastlabki yillarida Oʻzbekistonning sanoat korxonalarida asbob uskunalar va xomashyo yetishmasligi vujudga kelib, xoʻjalik yuritishda qiyinchiliklarga duch kelindi. Masalan, Oʻzbekiston qishloq xoʻjalik mashinasozligi zavodlari, toʻqimachilik va kimyo sanoati korxonalari, Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi va boshqa korxonalarda mahsulot ishlab chiqarish keskin pasaydi yoki toʻxtab qoldi. Bunday vaziyatda Oʻzbekiston oldida iqtisodiyotdagi tanglik holatlarini oldini olish, inqirozga yoʻl qoʻymaslik, makroiqtisodiyotni barqarorlashtirish vazifasi dolzarb vazifaga aylandi. Shuning uchun iqtisodiy sohada Oʻzbekistonning iqtisodiy strategiyasi asosan eng muhim vazifalar ishlab chiqarishning pasayishini toʻxtatish, makroiqtisodiyotni barqarorlashtirish, barqaror iqtisodiy rivojlanish uchun shart-sharoit yaratishga qaratildi. 1992-yildayoq Prezident Islom Karimov Oʻzbekistondagi iqtisodiy oʻzgarishlar barqarorlik vaziyatida oʻtishi kerakligini alohida ta’kidlagan edi. Buning uchun makroiqtisodiyotni barqarorlaashtirish zarur edi. Makroiqtisodiyotni barqarorlashtirish iqtisodiyotda tarkibiy oʻzgarishlarni amalga oshirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqaradigan korxonalarni qurish va iqtisodiyotga investitsiyalar jalb qilish bilan bogʻliq edi. Oʻzbekistonda iqtisodiy islohotlarning dastlabki bosqichidayoq iqtisodiyotning turli tarmoqlarida tarkibiy oʻzgarishlarni amalga oshirishga kirishildi. Jumladan, neft va gaz sanoati, energetika, oltin qazib olish, metallurgiya, transport va aloqa tizimlari, mashinasozlik va avtomobilsozlik, radiotexnika va elektrotexnika tarmoqlari, qishloq xoʻjaligi sohasida va boshqa yoʻnalishlarda yangi tarmoqlarni shakllantirish, yangiliklarni joriy qilish va modernizatsiya qilish belgilab olindi. Iqtisodiyotda tarkibiy ozgarishlarni amalga oshirish, yangi korxonalarni qurish va eski korxonalarni modernizatsiya qilish hamda rivojlantirish uchun ichki va tashqi investitsiyalar jalb qilishga katta e’tibor qaratildi. Yangi korxonalar qurish, yuqori texnologiyalarni mamlakatga olib kirish uchun ichki va tashqi investitsiyalarni faol jalb qilishga kirishildi. Xorijiy va mahalliy sarmoyadorlarga qulay va imtiyozli investitsiya muhiti yaratildi. Kiritilgan investitsiyalar korxonalar ochish, eski korxonalarni yangi texnologiya va asbob uskunalar bilan jihozlashga va ijtimoiy sohani rivojlantirishga sarflandi. Download 1.94 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling