H. O. Yorqulov Oʻzbekistonning eng yangi tarixi
-BOB. OʻZBEKISTONNING OʻZIGA XOS ISTIQLOL VA TARAQQIYOT YOʻLI
Download 1.94 Mb.
|
O\'zbekistonning eng yangi tarixi. O\'quv qo\'llanma2
- Bu sahifa navigatsiya:
- “Oʻzbek modeli”
4-BOB. OʻZBEKISTONNING OʻZIGA XOS ISTIQLOL VA TARAQQIYOT YOʻLI
4.1. Oʻziga xos taraqqiyot yoʻlini tanlash zarurati. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan keyin davlat qurilishi, iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy sohalarda islohotlar oʻtkazishi, ma’naviy sohani yangilash kerak edi. Chunki, Oʻzbekiston davlatchilik borasida huquqiy demokratik davlat qurushni, iqtisodiy sohada bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotni, jamiyat qurilishi borasida fuqarolik jamiyatini shakllantirishni maqsad qilib oldi. Endi sobiq sotsialistik tuzumga xos totalitar boshqaruv usullari, davlat rejali iqtisotiyoti, komunistik mafkuradagi qarashlar va boshqa koʻplab ijtimoiy munosabatlar va jarayonlar barpo qilinajak yangi jamiyat manfaatlariga mos kelmas edi. Oʻzbekiston maqsadlariga erishish uchun davlat boshqaruvidagi demokratik islohotlarni amalga oshirishi, iqtisodiy sohada mulkchilik, mulkka egalik va uni boshqarish, ishlab chiqarish omillari, bozor mexanizmi, davlatning yangicha ijtimoiy-iqtisodiy funksiyalarini joriy qilishi, jamiyat ijtimoiy tafakkuridagi qarashlarni yangilashi kerak edi. Dunyo davlatlarining geografik joylashuvi, iqlimi, aholi soni va ijtimoiy tarkibi, dunyoqarashi, diniy e’tiqodi, xoʻjalik yuritish usullari bir-biridan farq qilganligi sababli hamma mamlakatlarga birdek mos keluvchi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning tamoyillari, barcha uchun tavsiya etish mumkin boʻlgan tayyor andozalar boʻlmaydi. Oʻz navbatida ayrim oʻxshahsh, mos keluvchi jihatlaridan milliy modellarni ishlab chiqishda foydalanish mumkin. Shuning uchun Oʻzbekistonda milliy rivojlanish modelini tanlab olishda Oʻzbekistonning oʻziga xos xususiyatlarini, asrlar mobaynida shakllangan an’analarni hisobga olish zarur boʻldi. Dunyo mamlakatlarining taraqqiyot tajribalarini oʻrganish uchun ancha-muncha izlanishlar olib borildi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan keyin uning rivojlanishiga shubha bilan qarovchi insonlar mamlakat ichida ham uning tashqarisida ham bor edi. Sobiq markazdagi ayrim siyosiy bashoratchilar Oʻzbekistonni “Oʻzbekistonni mustaqil rivojlana olmaydi”, - deb bashorat qilsa, mamlakat ichkarisidagi ayrim kishilar oʻrtasida “Endi Oʻzbekiston qanday yoʻldan boradi? Qanday jamiyat quradi? Markazsiz yashay oladimi? Respublikada barqarorlik ta’minlanadimi?”— qabilidagi savollar paydo boʻlgan. Unga har kim oʻzicha javob qidirar, jamiyat ayrim a’zolari orasida ikkilanishlar, ishonchsizlik mavjud edi. Fikrlardagi ziddiyatlar, davlatchilikni shakllantirish, yangi jamiyat qurish borasidagi jamiyatning ayrim a’zolari orasida tarqalgan ishonchsizlik paytida Oʻzbekiston uchun oʻziga xos taraqqiyot yoʻlini tanlash, yangi jamiyat barpo qilish uchun oʻz andozasini ishlab chiqishi va unga jamiyat a’zolarini ishontirishi, safarbar etishi gʻoyat dolzarb va ahamiyatli edi. Oʻzbekistonning oʻz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish andozasini ishlab chiqishda rivojlangan mamlakatlarning koʻp asrlik tajribasini oʻrganish, ularning foydali qismini oʻzlashtirish bilan birga Oʻzbekiston xalqining turmush tarzi va an’analariga ham tayanish lozim edi. Ya’ni, Oʻzbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy vaziyat, odamlar oʻrtasida tarkib topgan munosabatlar, ularning dunyoqarashi, jumladan, diniy e’tiqodi, ruhiyati va xulq-atvor me’yorlarini ham hisobga olishni taqozo etardi. Shuning uchun tub yangilanishlar yoʻnalishlarini belgilar ekan, Prezident I.Karimov Oʻzbekiston mustaqilligining dastlabki kunidanoq, “jahon va oʻzimizning amaliyotimizdan olingan barcha unumli tajribani rad yetmagan holda oʻz ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy taraqqiyot yoʻlimizni tanlab olish respublikaning qat’iy pozitsiyasidir”, - degan edi. Oʻzbekistonda huquqiy demokratik davlat barpo etish jarayonidagi eng muhim vazifalaridan biri bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotni barpo etish deb belgilandi. Ma’lumki, hozirda rivojlangan mamlakatlar (AQSh, Yaponiya, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya)ning deyarli barchasi bozor iqtisodiyoti yoʻlini tanlagan boʻlib, shu asosda iqtisodiy taraqqiyotini belgilab kelmoqda. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, bozor iqtisodiyotiga oʻtish zamonaviy davrga xos boʻlgan umumjahon voqeligidir. Bozor iqtisodiyotiga oʻtish kishilarning xohish – irodasi emas, balki obyektiv zaruratdir. Bozor iqtisodiyoti deganda, tovar – pul munosabatlariga asoslangan va ularga xos iqtisodiy qonunlar, ya’ni bozor munosabatlari tamoyillari asosida boshqariladigan iqtisod tushuniladi. Bozor iqtisodiyoti azaldan mavjud. U bir necha ming yillardan beri rivojlanib, turli iqtisodiy – ijtimoiy tizimlar doirasida saqlanib keladi. Bozor iqtisodiyotiga oʻtish – bu shunchaki maqsad emas, balki iqtisodda bozor munosabatlarini shakllantirish, jamiyatni yangilash yoʻlidir, ya’ni iqtisodiy faoliyat erkinligiga, mulkchilikning xilma – xilligiga, narx erkinligiga, raqobat kurashiga, shaxsiy huquq va erkinliklarning qaror topishiga, daromadning cheklanmaganligiga erishish demakdir. Faqat bozor munosabatlari zamonidagina ishlab chiqarishni barqaror rivojlantirish, koʻplab sifatli mahsulotlar yaratish, ularga boʻlgan talabni qondirish, tejamli xoʻjalik yuritish, xalqning farovon turmushini ta’minlash mumkin. Bozor iqtisodiyoti - jamiyat taraqqayotini tezlashtiruvchi iqtisodiy aloqalar majmuidir. Tarixan, bozor iqtisodiyotiga oʻtishda eng soʻnggi navbatda “sotsialistik” mamlakatlar oʻtdi. Xalqaro tajribada bozor iqtisodiyotiga oʻtishning bir qancha modellari mavjud boʻlib, ularni umumlashtirib, bozor iqtisodiyotiga oʻtishni uch turga yoki modelga boʻlishimiz mumkin: 1. Gʻarbiy Yevropa mamlakatlari va boshqa rivojlangan mamlakatlar yoʻli. 2. Mustamlakachilikdan ozod boʻlib, mustaqil taraqqiyot yoʻliga kirib rivojlanayotgan Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasi mamlakatlarining yoʻli. 3. Mustaqil Davlatlar hamdoʻstligi mamlakatlari, boshqacha aytganda, “sotsialistik” rivojlanish yoʻlidan borgan va hozirda bozor iqtisodiyoti yoʻlini tanlagan mamlakatlar yoʻli. Sobiq sotsialistik mamlakatlarda, jumladan Oʻzbekistonda davlatlashtirilgan, oʻta markazlashtirilgan va yagona bir markazdan boshqariluvchi iqtisodiyotdan — bozor iqtisodiyotiga oʻtish zarurligi quyidagi bosqichlarni amalga oshirishni taqozo etdi: 1. Bozor iqtisodiyotiga oʻtishning huquqiy asoslarini yaratish, ya’ni uni ta’minlovchi yuridik qonunlar tizimini yaratish. 2. Bozor infratuzilmasini shakllantirish. Bunda bozor iqtisodiyotiga xos aloqalarni oʻrnatishga koʻmak beruvchi, ya’ni bozorga xizmat koʻrsatuvchi sohalarni, tashkilot, korxona va muassasalarni yaratish. 3. Mulkchilik va xoʻjalik yuritish usullarini xususiylashtirish. 4. Narx – navoni liberallashtirish, narxlarni erkin qoʻyib yuborish, narx ustidan davlat nazoratini minimal darajaga keltirish. Bozor iqtisodiyotiga oʻtishning umumiyligi, masalan, xususiy mulkchilik, iqtisodiy jarayonlarni boshqarish va takomillashtirishda talab, taklif qoidalarining bir xil boʻlishi bilan bir qatorda har bir mamlakatning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiquvchi yoʻli mavjuddir. Bunda uning xoʻjalik tuzilishi va shart – sharoitlari, joylashgan yeri, tabiati va iqlimi, milliy kelib chiqishi, rasm – rusumlari, an’ana va milliy xarakteri hamda boshqa omillar sabab boʻladi. Jahon tajribasi shuni koʻrsatadiki, dunyodagi hamma mamlakatlar uchun maqbul boʻlgan bir xil taraqqiyot yoʻli, bir xil andoza boʻlishi mumkin emas. Hozirda bozor iqtisodiyotiga oʻtishning turli modellari mavjud boʻlib, ular barcha mamlakatlarni bitta manzilga — erkin bozor iqtisodiyoti tizimiga olib keladi. Ammo, bozor munosabatlari shakllanishining ijtimoiy-iqtisodiy, tarixiy, milliy va xalqaro sharoiti har xil boʻlganligi tufayli, unga oʻtishning milliy xususiyatlari ham mavjud boʻladi. Shu nuqtai nazardan biror mamlakatning taraqqiyot yoʻlini yoki taraqqiyot modelini borligicha qabul qilib boʻlmaydi. Natijada oʻziga xos yoʻlni tanlash muhim hisoblanadi. Sobiq tuzumda amal qilgan va markazlashgan ma’muriy boshqarish tizimiga asoslangan iqtisodiyot oʻzining hayotiy emasligini, aholining oʻsib boruvchi ehtiyojlarini ta’minlay olmasligini aniq koʻrsatdi. Natijada mustaqillik yillarida mamlakat taraqqiyoti uchun Oʻzbekistonda bozor munosabatlariga oʻtishning oʻziga xos yoʻlini ishlab chiqish va bu yoʻlda tub islohotlarni belgilash zarurati yuzaga keldi. Oʻzbekistonning taraqqiyot yoʻlini ishlab chiqishga Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A. Karimov boshchilik qildi. 1991-yil 29-dekabrda oʻtkazilgan saylov natijalariga koʻra Islom Karimov Oʻzbekiston Prezidenti sifatida 1992-yil 4-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari IX sessiyasida qasamyod qabul qildi va nutq soʻzladi. Nutqda mamlakat rivojlanishining asosiy yoʻnalishlari belgilab berildi. Keyinchalik ham mamlakat rivojlanish maqsadlarini xalqqa tushuntirib berish, bu maqsadlar yoʻlida jamiyatni birlashtirish, safarbar qilish uchun I.A.Karimov oʻz asarlarida va nutqlarida rivojlanishning asosiy gʻoyalari va yoʻnalishlarini yoritib bordi. Shu maqsadda “Oʻzbekistonning oʻz istiqlol va taraqqiyot yoʻli” nomli birinchi asari 1992-yil avgust oyida nashr etildi. Oʻzbekiston taraqqiyotining oʻziga xos xususiyatlari Islom Karimovning keying asarlari va ma’ruzalarida toʻldirib, boyitilib borildi. Oʻzbekistonda ijtimoiy yoʻnaltirilgan bozor iqtisodiyotiga oʻtish modeli Islom Karimov tomonidan ishlab chiqildi. Besh tamoyilni oʻz ichiga olgan bu modelning mazmuni va mohiyati Prezidentning 1993-yilda nashr etilgan “Oʻzbekiston — bozor munosabatlariga oʻtishning oʻziga xos yoʻli” nomli asarida asoslab berildi. Bu yoʻl xalqimiz tomonidan ham, xalqaro maydonda ham taraqqiyotning “Oʻzbek modeli” deb qabul qilindi. Oʻzbek modelini ishlab chiqishda, birinchidan, xalqaro tajriba asos qilib olindi. Ikkinchidan, mamlakat xoʻjalik imkoniyatlari, shart – sharoitlari, eski tuzumdan meros boʻlib qolgan muammolar hisobga olindi. Bu barcha tamoyillar demokratik va iqtisodiy qayta oʻzgartishlar jarayonlarini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etib, hayot sinovidan oʻtdi. Amaliy islohotlar jarayonida, xususan XXI asr arafasi va uning dastlabki yillarida mamlakatimizning rivojlanish strategiyasi, islohotlarni chuqurlashtirish va jamiyatni yangilash borasidagi faoliyatni jadallashtirish maqsadida bu tamoyillar Oliy Majlisning XIV sessiyasida (1999-yil 14-aprel) quyidagi oltita ustuvor yoʻnalish bilan toʻldirildi: 1. Mamlakat siyosiy, iqtisodiy hayotini, davlat va jamiyat qurilishini yanada erkinlashtirish. 2. Jamiyat ma’naviyatini yanada yuksaltirish. 3. Kadrlar masalasi. 4. Xalq turmush darajasining izchil va barqaror oʻsishi, aholini yanada kuchli ijtimoiy himoya qilish. 5. Iqtisodiyotda tarkibiy oʻzgarishlarni ta’minlash. 6. Jamiyatdagi barqarorlik, tinchlik, millatlar va fuqarolararo totuvlikni, sarhadlarimiz daxlsizligini, mamlakatimiz yaxlitligini ta’minlash. Albatta, mamlakat uchun burulish bosqichida uning yangi jamiyatga oʻtishi bilan bogʻliq vazifalarni bajarish davlat rahbarining qarashlari va uning say harakatlari bilan bogʻliq boʻldi. Natijada jamiyat a’zolarini yagona maqsad atrofida birlashtiruvchi gʻoyalar tizimi shakllandi va Oʻzbekistonning oʻziga xos taraqqiyot yoʻli amaliyotga joriy qilindi. Download 1.94 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling