H. O. Yorqulov Oʻzbekistonning eng yangi tarixi


Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi (Asosiy qonuni) va davlat ramzlari toʻgʻrisidagi qonunlarning qabul qilinishi


Download 1.94 Mb.
bet11/90
Sana30.04.2023
Hajmi1.94 Mb.
#1408774
TuriУчебное пособие
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   90
Bog'liq
O\'zbekistonning eng yangi tarixi. O\'quv qo\'llanma2

3.2. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi (Asosiy qonuni) va davlat ramzlari toʻgʻrisidagi qonunlarning qabul qilinishi.
Konstitutsiya (Asosiy Qonun) - suveren davlatning huquqiy asosi hisoblanadi. Konstitutsiya tushunchasida davlatni boshqarish, mamlakat yaxlitligini, uning mustaqil davlat sifatida e’tirof etilishini ta’minlash, ijtimoiy hayotni takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari mujassamlangan boʻladi.
Rossiyada 1917-yilgi inqilobdan keyin uning mustamlakasi boʻlgan Turkistonda ham jahon tajribalari asosida Konstitutsiyalar ishlab chiqilgan. Jumladan, Turkiston ASSRning 1918-, 1920-yillarda, Xorazm va Buxoro Xalq Respublikalarining 1920-1921-yilda, Oʻzbekiston SSRning 1927-, 1937-, 1978-yillarda qabul qilingan Konstitutsiyalari shaklan respublikaning Asosiy Qonunlari boʻlsada, biroq ular mazmun-mohiyatiga koʻra oʻzining haqiqiy mustaqilligiga ega boʻlgan Davlatning Asosiy Qonuni emas edi. Aniqrogʻi ular avval RSFSR, keyin SSSR Konstitutsiyalarining respublikalar sharoitiga moslashtirib koʻchirilgan, ammo ularning tub manfaatlari aks ettirilmagan nusxalari edi.
“Mustaqillik deklaratsiyasi” qabul qilingan Oʻzbekiston SSR Oliy Sovetining XII chaqiriq II sessiyasida (1990-yili 20-iyun) Oʻzbekiston Respublikasi yangi Konstitutsiyasini yaratish boʻyicha 64 kishidan iborat komissiya tuzilgan edi. Komissiya AQSh, Fransiya, Kanada, Germaniya, Shvetsiya, Yaponiya, Italiya, Ispaniya, Gretsiya, Turkiya, Eron, Hindiston, Pokiston, Misr, Vengriya, Bolgariya, Litva davlatlarining konstitutsiyalarini oʻrganib chiqdi va qiyosiy tahlil qildi. MDH davlatlarining Asosiy qonunlari va konstitutsiya loyihalari koʻrib chiqildi. Shuningdek, buyuk ajdodlarimizning davlatchilikni mustahkamlash yoʻlidagi gʻoya va fikrlari Asosiy Qonunda oʻz ifodasini topdi. Jumladan, Amir Temurning “tuzuklari”da davlatni idora qilishga oid “kuch adolatda”, “rosti durusti” kabi mulohazalariga ham e’tibor qaratilgan. Xususan, Amir Temur umrining soʻnggi yillarida qilgan vasiyatlari orasida quyidagi fikrlar ham bor: “Millatning dardlariga darmon boʻlmoq vazifangizdir. Zaiflarni koʻring, yoʻqsullarni boylar zulmiga tashlamang, adolat va ozodlik dasturingiz, rahbaringiz oʻlsun...”. Konstitutsiyamizda ham adolat va ozodlik gʻoyasi asosiy mezon qilib olindi.
Konstitutsiyaviy komissiya Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini yaratish ustida 2,5 yil ishladi. Loyihaning dastlabki varianti 1991-yilning oktyabr-noyabrigacha tayyorlab boʻlindi. U muqaddima, olti boʻlim va 158 moddadan iborat edi. Bu loyiha hali mukammal emasligi bois, uning ustida yanada jiddiyroq va talabchanlik bilan ishlash zarur edi. 1992-yil bahorida esa loyihaning 149 moddadan iborat ikkinchi varianti ishlab chiqildi. Mazkur tajribalar asosida 1992-yil sentyabr oyigacha Konstitutsiyaning 3-loyihasi yaratildi. 1992-yilning kuz oylarida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi loyihasi umumxalq muhokamasi uchun 2-marta matbuotda e’lon qilindi. Umumxalq muhokamasi davrida 6 mingdan ortiq taklif va mulohazalar bildirildi.
Konstitutsiya Oliy Kengashning XI sessiyasi (1992-yil 8-dekabri)da qabul qilindi. U muqaddima, 6 boʻlim, 26 bob va 128 moddadan iborat boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining oʻziga xos xususiyati, uning huquqiy va siyosiy tafakkurning eng yuksak yutuqlarini hamda hozirgi zamon konstitutsiyaviylik ilmini mujassam etgani, oʻzbek xalqi madaniyati va milliy an’analarining chuqur ildizlariga suyanganligidan iboratdir. U mazmunan yangi, prinsipial siyosiy hujjat boʻlib, uning qoidalari doimiy qonun ustivorligiga asoslangan, ta’sis kuchiga egadir.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining asosiy tamoyillari quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

  • davlat suvereniteti;

  • xalq hokimiyatchiligi;

  • fuqaro (inson)lar erkinliklari va huquqlarining dahlsizligi va ustuvorligi;

  • demokratizm, davlat va shaxsning oʻzaro mas’ulligi;

  • qonuniylik, konstitutsiyaning ustuvorligi;

  • hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro yetuvchi va sud hokimiyatiga boʻlinishi;

  • mahalliy oʻz-oʻzini boshqarish;

  • sud tuzilishi va sudlov.

Fuqarolik jamiyatini shakllantirish asosida huquqiy demokratik davlatni barpo etish Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida qonun tusini olgan. Uning 2-moddasida “Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi”, deb ta’kidlangan. Konstitutsiyaning 7-moddasida “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir”, – deb koʻrsatib oʻtilgan.
2002-yil 27-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartirish kiritish borasida referendum oʻtkazildi. 2003-yil 24-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining VIII sessiyasida referendum natijalari asosida “Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy Qonun qabul qilindi. Bu qonunga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining beshinchi boʻlimi XVIII, XIX, XX va XXIII boblariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi. Prezident vakolatlarining bir qismi, birinchi navbatda, davlat, sud tizimi va maxsus xizmatlarning rahbarlarini, chet ellar va xalqaro tashkilotlardagi diplomatik vakillarni tayinlash va tasdiqlash masalalari, amnistiya e’lon qilish vakolati Oliy Majlisning Senatiga oʻtkazildi.
Mustaqillik arafasida Oʻzbekiston davlat ramzlarining qabul qilinishiga alohida e’tibor qaratdi. Jumladan, 1991-yil 15-fevralida Oʻzbekiston Oliy Kengashi “Oʻzbekistonning davlat ramzlari toʻgʻrisida” maxsus qaror qabul qildi va unda shunday deyilgan edi:
“Mustaqillik toʻgʻrisidagi Deklaratsiyaga amal qilib, Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻn ikkinchi chaqiriq Oliy Kengash II sessiyasida tuzilgan Oʻzbekiston SSR Konstitutsiyasi (Asosiy Qonuni)ning yangi loyihasini tayyorlovchi komissiyasiga Oʻzbekiston SSRning Yangi Davlat bayrogʻi, Gerbi va Madhiyasiga doir takliflar hamda ular toʻgʻrisida Nizomlar tayyorlash topshirilsin. Komissiya respublika jamoatchiligi va deputatlarining fikrlariga tayanib ish koʻrsin.
2. Bu borada takliflar matbuotda e’lon qilinib, umumxalq muhokamasi uyushtirilsin”. Oʻzbekiston mustaqilligi e’lon qilingandan keyin, vaziyat tubdan oʻzgardi, endi Oʻzbekiston SSR davlat ramzlari emas, mustaqil Oʻzbekiston Respublikasi davlat ramzlarini qabul qilinishi zaruriyati kun tartibiga chiqdi.
Shuning uchun Oʻzbekiston mustaqil davlat deb e’lon qilingan kunning oʻzidayoq mustaqil davlat ramzlarini joriy qilish yuzasidan amaliy choralar koʻrildi. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida, respublika gerbining nusxasi va Davlat madhiyasining musiqiy bayoni haqida maxsus qaror qabul qilindi. Unda Konstitutsiya komissiyasining ekspert guruhiga Davlat bayrogʻining variantlari ustida ishlashni davom ettirish, Oliy Kengashning tegishli qoʻmitalariga Konstitutsiya komissiyasi ijodiy guruhi bilan hamkorlikda Davlat bayrogʻi, madhiyasi haqida qonun loyihalarini ishlab chiqib, navbatdagi sessiyaga taqdim etish topshirildi.
Oliy Kengashining VIII sessiyasi (1991-yil 18-noyabr)da Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida, Oliy Kengashning X sessiyasi (1992-yil 2-iyul)da Davlat gerbi toʻgʻrisida, Oliy Kengashining XI sessiyasi (1992-yil 10-dekabr)da Davlat madhiyasi toʻgʻrisidagi qonunlar qabul qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi madhiysi qabul qilinishida tanlov oʻtkazilib, unda gʻolib boʻlgan shoir Abdulla Oripov (1941–2016) va bastakor Mutal Burhonov (1916–2002) tomonidan tayyorlangan madhiya varianti tasdiqlandi.



Download 1.94 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   90




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling