Shoʻrtan gaz – kimyo majmuasi (Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor tumanida) Oʻzbekiston kimyo sanoatining faxri hisoblanadi. 1995-yil oktyabrda Oʻzbekiston bilan AQShning “ABB Lummus Global” kompaniyasi oʻrtasida Shoʻrtan gaz – kimyo majmuasini qurish boʻyicha bitim tuzilgan edi. Tezda qurulish – montaj ishlari loyihasi ishlab chiqildi. 1997-2001-yillarda AQSh, Germaniya, Yaponiya, Italiya va boshqa davlatlarning kompaniyalari ishtirokida qurilish ishlari amalga oshirildi.
Shoʻrtan gaz – kimyo majmuasi qurilishida 1 mlrd. AQSh dollari hajmida investitsiya oʻzlashtirildi. 2001-yil 21-dekabr Shoʻrtan gaz – kimyo majmuasi ishga tushirildi. Majmua yiliga 125 ming tonna polietilen, 137 ming tonna suyultirilgan gaz va 126 ming tonna gaz kondensati ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan dunyodagi eng yirik korxonalardan biridir.
2016-yil 21-may kuni Surgʻil koni negizida barpo etilgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasi ishga tushdi. Majmuaning qurilishi Janubiy Koreya bilan muvofaqqiyatli hamkorlikning natijasi boʻldi. Umumiy qiymati 4 milliard dollarlik ushbu loyihaning amalga oshirilishi yiliga 4,5 milliard kub metr tabiiy gazni qayta ishlash hisobidan 3,7 milliard kub metr gaz, 387 ming tonna polietilen, 83 ming tonna polipropilen, 102 ming tonna piroliz distillyati va boshqa qimmatbaho mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini beradi.
2018-yil 19-aprelda Qandim gazni qayta ishlash majmuasi ishga tushirildi. Majmuada yiliga 8,1 milliard kubometr gaz qayta ishlanadi, bu esa 7,9 milliard kubometr tozalangan gaz, 134,4 ming tonna gaz kondensati, 212,9 ming tonna oltingugurt ishlab chiqarish imkonini beradi.
Oʻzbekistonda neft va gaz ishlab chiqarish bilan bir qatorda kimyo sanoati ham rivojlandi. Toshkent, Samarqand, Andijon, Fargʻona, Chirchiq, Navoiy, Olmaliq kabi shaharlardagi kimyo sanoati korxonalari qayta ta’mirlandi. Qizilqum fosforit kombinati, Qoʻngʻirot soda zavodi, Qoʻqon va Yangiyoʻl biokimyoviy zavodlari barpo etildi. Respublika kimyo sanoati qishloq xoʻjaligi uchun mineral oʻgʻitlar, ekinlarni zararkunandalardan saqlovchi kimyoviy moddalar, sun’iy tolalar, boʻyoqlar, polietilen, aholining kundalik turmushida kerak boʻladigan mahsulotlar ishlab chiqarmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |