H. O. Yorqulov Oʻzbekistonning eng yangi tarixi


Kuchli ijtimoiy siyosat konsepsiyasining shakllanishi


Download 1.94 Mb.
bet40/90
Sana30.04.2023
Hajmi1.94 Mb.
#1408774
TuriУчебное пособие
1   ...   36   37   38   39   40   41   42   43   ...   90
Bog'liq
O\'zbekistonning eng yangi tarixi. O\'quv qo\'llanma2

7.2. Kuchli ijtimoiy siyosat konsepsiyasining shakllanishi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan soʻng, jamiyatda bozor iqtisodiyotiga oʻtish jarayonida aholini ijtimoiy himoyasini ta’minlash davlat siyosatining bosh yoʻnalishi boʻlib qoldi. Binobarin, mamlakatda oʻtkazilayotgan barcha islohotlarning asl maqsadi insonga munosib turmush sharoitlarini vujudga keltirishdir.
Aholining ijtimoiy himoyasini ta’minlash davlat siyosatining bosh yoʻnalishi hisoblanadi. Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan besh tamoyilning muhim qismi aholini ijtimoiy himoyalash ekanligi ham shu bilan bogʻliqdir. Oʻzbekiston hukumati ana shu besh tamoyil asosida oʻtish davrida aholini ijtimoiy himoyalash yuzasidan zarur choralar koʻrdi. Bu choralar odamlarning turmush darajasini keskin pasayib ketishining oldini olishda muhim rol oʻynadi. Mamlakatda ijtimoiy yoʻnaltirilgan bozor iqtisodiyotini barpo qilishda davlat tomonidan kuchli ijtimoiy himoya siyosati olib borildi.
Ijtimoiy siyosat Oʻzbekistonning oʻz istiqlol va taraqqiyot yoʻlining yetakchi tamoyillaridan biri hisoblanadi. Respublikada ijtimoiy himoyaning huquqiy muhiti yaratildi, unga qonuniy asos solindi. Ijtimoiy himoya tamoyillari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida kafolatlanib, qabul qilingan qonunlarda oʻz aksini topdi. Mamlakatda daromad olishning kafolatlanishi amalga oshirildi. Eng kam ish haqi va boshqa toʻlovlar odatda, oldindan koʻpaytirib kelindi, narx-navo oʻzgarishi bilan bogʻlab olib borildi, bu esa aholining toʻlov qobiliyati saqlanib qolishini ta’minladi va turmush darajasining keskin pasayib ketishiga yoʻl qoʻymadi.
Aholini ijtimoiy himoyalashning ikkinchi yoʻnalishi – ichki iste’mol bozorini himoya qilish hamda oziq-ovqat mahsulotlari va nooziq-ovqat mollari asosiy turlari iste’molini muayyan darajada saqlab turish boʻldi. Bunga erishishda muhimi mahsulotlar eksportini bojxona tizimi orqali nazorat qilish va ularga yuqori boj toʻlovlari joriy etish, kundalik zarur tovarlarni me’yorlangan tarzda sotishni tashkil qilish kabi tadbirlar katta ahamiyatga ega boʻldi.
Iqtisodiy islohotlarning ilk bosqichida ijtimoiy siyosatni amalga oshirishning uchinchi yoʻnalishi – aholining kam ta’minlangan tabaqalarini ijtimoiy himoyalash va qoʻllab-quvvatlash borasida chora-tadbirlar oʻtkazilganligi boʻldi. Bu yoʻnalishda aholining ijtimoiy jihatdan nochor qatlamlari – pensionerlar, nogironlar, koʻp bolali va kam daromadli oilalar, ishsizlar, oʻquvchi yoshlar hamda qayd etilgan miqdorda daromad oluvchi kishilar turli xil yoʻllar bilan himoya qilib borildi. 1992–2019-yillar mobaynida ish haqi va pensiyalarning, oliy oʻquv yurtlari talabalarining, aspirantlarining, doktorantlarining stipendiyalari miqdori bir necha bor oshirildi. Pensionerlarning ijtimoiy ahvolini e’tiborga olib, eng kam pensiyaning mutlaq miqdori ish haqining eng kam miqdoridan oshiqroq boʻlishi muttasil ta’minlanib kelindi. Bu yoʻl ijtimoiy adolat tamoyillariga mos kelar edi.
1994-yilga kelib, Oʻzbekistonda aholini ijtimoiy himoyalash tizimi tubdan oʻzgartirildi. 1994-yil 24-avgustda Prezidentning “Kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid tadbirlar toʻgrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Ijtimoiy koʻmak berishning mutlaqo yangi ilgʻor tizimi shakllantirildi. Bu tizimning mohiyati shundan iboratki, bolalar va kam daromadli oilalar bu yordamdan bahramand boʻluvchi asosiy kishilar boʻlib qoldi. 1994-yilning sentyabridan boshlab, barcha bolali oilalar uchun yagona nafaqa joriy etildi. Bunday yordam odamlarga yaqin turadigan mahalla yigʻinlarida amalga oshiriladigan boʻldi. 1996-yil dekabrda bolali oilalarga ijtimoiy yordam berilishini kuchaytirish, aholini ijtimoiy himoya qilish borasidagi chora-tadbirlarni roʻyobga chiqarishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining roli va mas’uliyatini oshirish maqsadida “Bolali oilalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni yanada kuchaytirish toʻgʻrisida” yana bir muhim farmon qabul qilindi. Unda 1997-yildan boshlab yordamga muhtoj, bolali oilalarga bolalarning soniga qarab, eng kam ish haqining 50 foizidan boshlab 175 foizigacha nafaqalar beriladigan boʻldi. 1996-yildan boshlab 16 yoshgacha bolalari boʻlgan barcha oilalarga beriladigan har oylik nafaqalar koʻpaytirilib, bu nafaqalar bolalarning soniga qarab quyidagi miqdorda belgilandi: bir bolali oilalarga – eng kam ish haqining 30%i; ikki bolali oilalarga – eng kam ish haqining 60%i; uch bolali oilalarga – eng kam ish haqining 80%i; toʻrt bolali oilalarga – eng kam ish haqining 100%i; besh va undan koʻproq bolali oilalarga – eng kam ish haqining 120%i. 1997-yildan boshlab, har yili 1-sinf oʻquvchilariga bepul oʻquv anjomlari, darsliklarni berish joriy etildi, kam ta’minlangan oilalarning boshlangʻich sinflarda oʻqiydigan bolalariga bepul qishki issiq kiyimlar berish yoʻlga qoʻyildi.
Oʻzbekistonda daromadlar nisbatini oʻzgartirish ish haqi, pensiyalar, stipendiyalarning, jamgʻarma banklaridagi aholi omonatlari stavkalarining eng oz miqdorlarini bir vaqtning oʻzida markazlashtirilgan tarzda qayta koʻrib chiqish yoʻli bilan amalga oshirildi. 1995-yilda Respublika davlat budjetining 29,3 foizi ijtimoiy-madaniy tadbirlarga, 21,8 foizi esa ijtimoiy himoyaga ajratildi.
1992-1998-yillar mobaynida ish haqi va pensiyalarning eng kam miqdori bir necha bor oshirildi. Masalan: eng kam ish haqi 1995-yilda 1994-yilga nisbatan 2,5 marta ortdi, 1996-yilning 1-yarmida esa 1995-yil 1-yarmiga nisbatan 2,7 marta koʻpaydi. Nafaqaxoʻrlarning ijtimoiy ahvolini e’tiborga olib, eng kam pensiyaning mutlaq miqdori ish haqining eng kam miqdoridan oshiqroq boʻlishi muttasil ta’minlanib kelindi.
Natijada ish haqini oshirish yoʻli bilan aholining oʻrtacha ish haqi, pul daromadlari oʻz-oʻzidan osha bordi. Shu bilan birga respublikaning ichki iste’mol bozorini himoya qilish hamda oziq-ovqat va nooziq-ovqat mollari asosiy turlari is-te’molini muayyan darajada saqlab turish chora-tadbirlari koʻrilganligi ham aholini ijtimoiy jihatdan qimoyalashning ikkinchi eng muhim yoʻnalishi boʻldi.
Respublikada narx-navoni erkinlashtirish sohasida qoʻshni mamlakatlarga nisbatan bir muncha moʻtadil siyosat oʻtkazilganligi iste’mol bozorini himoyalash zaruratini keltirib chiqardi. Bu Oʻzbekiston rubl mintaqasida turgan bir paytda niqoyatda muhim edi. Aksariyat respublika ehtiyojlari uchun valyutaga xarid qilingan un, oʻsimlik moyi, qand-shakar va boshqa taqchil mahsulotlar respublika tashqarisiga olib chiqib ketilishi hollari yuz berdi.
Olib borilgan kuchli ijtimoiy siyosat natijasida aholi turmush darajasi va farovonligi oshdi, kam daromadli, koʻp bolali oilalar keskin kambagʻallashuvi oldi olindi, aholi soni oʻsdi. Jumladan 1991-yilda aholi soni 20,7 million kishi boʻlgan boʻlsa, 2022-yil 1-yanvar holatiga koʻra Oʻzbekiston aholisi 35,27 million kishini tashkil qildi. 2021-yilga nisbatan 2,1 % ga oʻsgan32. Jumladan, shahar aholisi soni jami aholining 50,7 % ni, qishloq aholisi 49,3 % ni tashkil qiladi. Aholisi soni 3 million kishidan oshgan hududlar soni 4 ta boʻlib, ular Samarqand, Fargʻona, Qashqadaryo va Andijon viloyatlari hisoblanadi. Hozirda Oʻzbekistonda Markaziy Osiyodagi jami aholining 1/3 qismidan koʻprogʻi yashaydi.

Download 1.94 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   36   37   38   39   40   41   42   43   ...   90




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling