H. O. Yorqulov Oʻzbekistonning eng yangi tarixi


Ijtimoiy sohani rivojlantirishga yoʻnaltirilgan davlat siyosatini takomillashtirish


Download 1.94 Mb.
bet41/90
Sana30.04.2023
Hajmi1.94 Mb.
#1408774
TuriУчебное пособие
1   ...   37   38   39   40   41   42   43   44   ...   90
Bog'liq
O\'zbekistonning eng yangi tarixi. O\'quv qo\'llanma2

7.3. Ijtimoiy sohani rivojlantirishga yoʻnaltirilgan davlat siyosatini takomillashtirish. Mustaqillikning dastlabki yillarida iste’mol bozori barbod boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik uchun Oʻzbekistonda ishlab chiqarish yaxlit tizimini vujudga keltirishga hayotiy muhim masala sifatida qaraldi, mahsulotlarni tashqariga olib chiqib ketilishini bojxonalar orqali qatiy nazorat qilish va yuqori boj toʻlovlari joriy etish yoʻli bilan amalga oshirildi. Dastlab murakkab bir paytda iste’mol mollarini sotib olish uchun bir marta, soʻngra esa koʻp marta ishlatiladigan kuponlarni muomalaga kiritish, kundalik zarur tovarlarning cheklangan turlarini meyorlangan tarzda sotishni tashkil etish koʻzda tutilgan edi. Bu tizim oʻzini toʻla oqladi. U bozorni pishiq-puxta himoya qilibgina qolmay, savdo tarmogʻiga barcha zarur oziq-ovqat mahsulotlarini va kundalik xarid mollarini muntazam ravishda chiqarib turishni ta’minlash, ularni iste’mol qilish hajmlarini kamaytirmaslik imkonini berdi.
1992-1996-yillarda non va goʻsht mahsulotlari, sut, qand-shakar, oʻsimlik moyi, kir sovun, bolalarga kerakli ayrim mollar, kommunal va transnort xizmatlari uchun dotatsiyalar qisman saqlab qolindi. Shu tufayli daromad darajasi turlicha boʻlgan oilalar bulardan bir qadar foydalanish imkoniyatiga ega boʻldi. Islohotlarning dastlabki bosqichida sobiq Ittifoqning koʻpgina mamlakatlarida aholining asosiy qismi yoppasiga qashshoqlashgan bir paytda Oʻzbekistonda amalga oshirilgan tadbirlar muhim ijtimoiy ahamiyatga ega boʻldi. Odamlarning olib borilayotgan islohotlarga ishonchini mustahkamladi.
Ayni vaqtda respublikada iste’molchilarning manfaatlarini himoya qilishning mutlaqo yangi tizimiga oʻtishga tayyorgarlik ishlari olib borildi. Yangi tizimning mohiyati ichki narxlarni jahon narxlari darajasiga tez tenglashtirib olish va aholining daromadlarini shunga muvofiq ravishda oshirishni koʻzda tutadi. Bunday islohot sharoitida ijtimoiy himoyaning yangidan-yangi shakllarini qidirib topishni taqozo etadi. Jumladan, milliy valyutani muomalaga kiritish, uning ichki almashuvini ta’minlash sohasida amalga oshirilgan tashkiliy va iqtisodiy chora-tadbirlarning koʻrilishi ayniqsa katta ahamiyatga ega boʻldi.
“Biz, - degan edi I.Karimov, - aholining ijtimoiy jihatdan nochor tabaqalari - pensionerlar, nogironlar, koʻp bolali va kam daromadli oilalar, ishsizlar, oʻquvchi yoshlar, shuningdek qayd etilgan miqdorda daromad oluvchi kishilarni himoya qilish davlatning muqaddas burchidir, degan qoidaga asoslanib ish tutdik”.
Ish haqini oshirish bilan birga barcha toifadagi maktablarning muallimlari, bolalar uylari, maktabgacha va maktabdan tashqari muassasalar tarbiyachilari, oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlarining professor-muallimlari va ilmiy xodimlari, ijodiy va tibbiy xodimlarni ijtimoiy himoyalash va ularning mehnatini ragʻbatlantirish maqsadida ularga qoʻshimcha moddiy ne’matlar - kvartira xaqi va kommunal toʻlovlar sohasida imtiyozlar berildi, yakka tartibda uy-joy qurib olish uchun yer uchastkalari birinchi navbatda ajratiladigan boʻldi.
Masalan, oʻqituvchilarga davlat va tashkilotlar tomonidan berilgan uylari bepul xususiylashtirildi, ularga shaxsiy qurilish uchun yer uchastkasi berildi. Yolgʻiz pensionerlarni turar-joy va kommunal xizmatlar uchun xaq toʻlashdan ozod etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Ular dori-darmonlar va eng zarur mollarni belgilangan meyorda bepul olish va jamoat transportida tekin yurish huquqidan foydalanadigan boʻldilar. Ularga madad berish uchun respublikada maxsus ijtimoiy yordam boʻlimlari tuzildi. Bu boʻlimlar yolgʻiz pensionerlar va nogironlarning uyida ijtimoiy-maishiy xizmat koʻrsatishni uyushtirmoqda. Nogironlar va qariyalarni sogʻlomlashtirish ularning sanatoriya va kurortlarda dam olishlarini tashkil etish borasida ham ma’lum ishlar amalga oshirildi.
Mustaqillik yillarida oʻquvchi yoshlarni ijtimoiy himoyalashga, ularga ishlab chiqarishdan ajralgan holda oʻqib, bilim olishi uchun zarur sharoit yaratishga ham doimo e’tibor berildi. Mustaqillikning dastlabki yillarida Oliy oʻquv yurtlari talabalarining stipendiyalari saqlab qolindi va bir necha marta oshirildi. Bundan tashqari yoshlarni ijtimoiy himoyalashning boshqa shakllari ovqat narxining bir qismini qoplaydigan qoʻshimcha toʻlovlar, maktab oshxonalari va tamaddi xonalari qoʻshimcha xarajatlarining bir qismini budjet mablagʻlari hisobidan qoplash, jamoat transportida arzon haq toʻlash va boshqa yengilliklar joriy etildi. Milliy an’analarni nazarda tutib, birinchi bor nikohdan oʻtayotgan kelin-kuyovlar uchun mebel va gilam mahsulotlari sotib olishning imtiyozli tartibi belgilandi.
1995-yilda ijtimoiy himoyaga ajratilgan mablagʻning 51 foizi oilalarga ularning farzandlariga ikki yoshga toʻlgunlaricha parvarish qilish uchun ajratildi. 1996-yil 1-apreldan 16 yoshgacha boʻlgan bolalari bor oilalar uchun nafaqalar ota-onasining va umuman oilaning daromadlari miqdoridan qat’iy nazar, barcha oilalarga toʻlana boshladi. Boshqacha aytganda, 16 yoshgacha boʻlgan bolalar turli dastlabki omillar va sabablardan qat’iy nazar, toʻgʻridan-toʻgʻri davlat yordami beriladigan obyektga aylandi. Beshta va undan koʻproq bolali oila uchun nafaqaning eng koʻp miqdori avvaliga eng kam ish haqining yarmi miqdorida, 1996-yilga kelib eng kam ish haqining toʻla stavkasi darajasida belgilab qoʻyildi.
Aholining kam ta’minlangan qatlamlarini davlat tomonidan moddiy ta’minlash doimiy ravishda takomillashtirib borildi. 1997-yil sentyabr oyidan boshlab, har yili 1-sinf oʻquvchilariga bepul oʻquv anjomlari, darsliklarni berish joriy etildi kam ta’minlangan oilalarning boshlangʻich sinflarda oʻqiydigan bolalariga bepul qishki issiq kiyimlar berish yoʻlga qoʻyildi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida hukumat tomonidan ayrim toifadagi fuqarolar va oilalar uchun belgilangan ayrim imtiyoz, kafolat va qoʻshimchalarning roʻyxati:
- oilalarga bola 2 yoshga yetgunga qadar 1,5 minimal ish xaqi miqdorida yordam puli toʻlash. Ushbu toʻlovlar hajmi uzluksiz oshmoqda, 1998-yilda 521 ming nafar ayolga 10,4 mlrd. soʻm miqdorida nafaqa toʻlandi;
- homiladorlik va farzand koʻrish davrida ayollarga ish joyidan 125 kalendar kuni uchun oʻrtacha ish haqi miqdorida yordam puli berish;
- bolalikdan nogiron boʻlib qolganlarga beriladigan yordam puli;
- kommunal xizmat koʻrsatish va kvartiradan foydalanilganligi uchun imtiyozli 50 % miqdorida haq toʻlash (nogironlar oilasi uchun);
- qishloq joylarida yashayotganlarni kommunal xizmat koʻrsatish va kvartira haqlaridan toʻla ozod etish va shaharlarda istiqomat qiluvchilarga (maktab oʻqituvchilari, bogʻcha tarbiyachilari va oʻqituvchilar, ilmiy xodimlar, oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlari oʻqituvchilari) 50 % miqdorida imtiyoz berish;
- kommunal xizmat koʻrsatish va kvartira haqi toʻlashdan toʻliq ozod etish (1-darajali “Soglom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlanganlar oilasi, yolgʻiz pensionerlar);
- elektr energiyasidan foydalanganligi uchun 50 % chegirma berish (oyiga 110 kw.s.) (nogironlar oilasi);
- yer soligʻi toʻlashdan ozod etish (16 yoshgacha boʻlgan 5 va undan ortiq koʻp bolali oilalar, nogironlar oilalari);
- olinayotgan barcha daromadlardan soliqqa tortilmaydigan minimal daromadning 4 karrasi miqdorida (16 yoshgacha boʻlgan 2 va undan ortiq farzandli yolgʻiz onalar);
- 16 yoshgacha boʻlgan 2 va undan ortiq farzandi boʻlgan yolgʻiz ota, bevalar va boquvchisini yoʻqotganligi uchun nafaqa olayotganlar barcha daromadlarining 30 % dan; yoshligidan nogiron boʻlib qolgan bolalarni tarbiya qilayotgan ota yoki onadan birortasi daromad soligʻining 30 % ni toʻlashdan ozod etiladi.
Serfarzand va kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy himoyalash tizimi oʻziga xosligi bilan ajralib turadi.
Kam ta’minlangan oilalarga va koʻp bolali muhtoj oilalarga moddiy yordam toʻlovlarini moliyalashtirishning asosiy manbasi Respublika va mahalliy budjet vositalaridir. Kam ta’minlangan oilalarga 1998-yilda toʻlangan nafaqalarning umumiy miqdori 3 mlrd. soʻmni tashkil qildi, 16 yoshgacha boʻlgan farzandli oilalarga toʻlangan nafaqalar - 15,6 mlrd. soʻmni tashkil qildi.
1998-yilda 36 % bolali oilalar nafaqa olishdi. Oʻrtacha nafaqa miqdori bitta oilaga deyarli 1483 soʻmga toʻgri keldi yoki (1996-yilga nisbatan) besh barobar oʻsdi. 1998-yilda mahalliy oʻz-oʻzini boshqarish organlari orqali Respublikadagi 700 ming yoki umumiy oilalarning 11,8 foiziga kam ta’minlanganlar uchun moddiy yordam koʻrsatildi. Koʻrsatilgan moddiy yordam miqdori har oilaga hisoblaganda har oyda 1730 soʻmdan ortiq tashkil etdi.
Bu borada yana shuni aytish kerakki, davlatimiz mustahkamlana borgan sari uning xalqparvarlik siyosati yanada kuchayib bordi, 1995-yil, 20-dekabrda qabul qilgan “Aholining omonatlardagi va davlat sugʻurtasi boʻyicha pul mablagʻlarini indeksatsiya qilish toʻgʻrisida”gi Farmoni ana shunday insonparvar siyosatning yorqin dalili boʻldi. Farmonga binoan 1992-yilning yanvariga qadar jamgʻarma bankiga pul qoʻygan millionlab fuqarolarning mablagʻlari yana qadrlandi. 5 milliondan ortiq omonatchilar, oʻz pullarini qaytarib oladigan boʻldi. Indeksatsiyalangan pul mablagʻlarining 1996-yil 1-iyuldan fuqarolarga qaytarila boshlandi.
1994-yilga kelib aholining real pul daromadi mamlakat boʻyicha 1989-yilga nisbatan qariyb 2 barobar pasayib ketdi. 1997-1999-yillarda davlatning daromad siyosati mamlakat umumiy iqtisodiy rivojlanishi darajasini hisobga olgan holda aholi daromadini koʻpaytirish, inflyatsiya darajasini tushirish, qishloq xoʻjaligidagi islohotlarni chuqurlashtirish, tadbirkorlikning barcha turlarini, oʻrta va kichik biznesni rivojlantirishga qaratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2006-yildagi “2007–2010-yillarda yolgʻiz keksalar, pensioner va nogironlarni aniq ijtimoiy muhofaza qilish va ularga ijtimoiy xizmat koʻrsatishni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari dasturi toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, “Nuroniy” jamgʻarmasi hisobidan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga, faxriylarning davolash maskanlariga, “Saxovat” va “Muruvvat” uylariga dori-darmon vositalari yetkazib berildi. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish hamda Sogʻliqni saqlash vazirliklarining hududiy boʻlimlari bilan hamkorlikda nuroniylar toʻliq dispanser koʻrigidan oʻtkazildi. Toshkent shahrida faxriylarimizga barcha qulayliklarga ega 150 oʻrinli “Nuroniy” shifoxonasi xizmat qilmoqda. Viloyat shifoxonalari qoshidagi kasalxonalarda jamgʻarmaning viloyat boʻlimlari hamda mahalliy hokimliklarning amaliy yordami tufayli tashkil etilgan nogironlarni bepul davolovchi “Nuroniylar xonalari” faoliyat koʻrsatmoqda. Respublikamizdagi barcha “Saxovat” va “Muruvvat”, “Mehribonlik” uylari hamda maxsus maktab-internatlarga homiylar tomonidan har yili moddiy yordam berib boriladi. 2015-yilda ham Keksalarning hayot darajasi va sifatini yanada yaxshilash, ularni moddiy va ma’naviy qoʻllab-quvvatlash koʻlamini kengaytirish, yoshi ulugʻ insonlar, ayniqsa, 1941–1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylariga ijtimoiy, pensiya ta’minoti va tibbiy xizmat koʻrsatishni takomillashtirish maqsadida, 2015-yil “Keksalarni e’zozlash yili” deb e’lon qilindi. Har yili urush qatnashchilari va front ortida mehnat qilganlarga bepul tibbiy xizmat koʻrsatilmoqda, ular sanatoriy kurortlarda davolanmoqda, boshqa zarur vositalar bilan ta’minlanmoqda. Har yili 9-may “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan ikkinchi jahon urushi qatnashchilari mukofotlanadi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-apreldagi farmoniga koʻra, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari 2 mln soʻmdan mukofotlandilar. Urush qatnashchilarining ayrimlariga toʻla jihozlangan uylar, Haj ziyoratiga bepul borish va navbatsiz avtomobil sotib olish imtiyozi berildi.
Aholini uy-joy bilan ta’minlash ijtimoiy himoyada muhim ahamiyatga ega. I.Karimov aholini uy-joyli qilish masalasining yechimini toppish maqsadida 1989–1990-yillarda bir yarim milliondan koʻproq oilaga qoʻshimcha yer ajratildi, 700 ming oilaga tomorqa yerlari berildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 3-avgustdagi “Qishloq joylarda uy-joy qurilishi koʻlamini kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan boshlangan qishloq infratuzilmasini yangilashga qaratilgan bunyodkorlik ishlari bugun qishloqlarimiz qiyofasini zamonaviy arxitektura asosida tubdan oʻzgartirishga xizmat qilyapti. Xususan, 2009–2016-yillarda qishloq joylarda 69,557 ta shinam namunaviy uy-joy bunyod etildi. Pirovardida 83,5 mingdan ortiq oilaning yashash sharoiti yaxshilandi. Shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 21-oktyabrdagi “2017–2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish dasturi toʻgʻrisida”gi qarori mazkur yoʻnalishdagi keng koʻlamli islohotlarning mantiqiy davomi boʻlib, qishloq qurilishida yangi bosqichni boshlab berdi. Ayni paytda qishloq aholisining zamonaviy va arzon uylarga oʻsib borayotgan ehtiyojlaridan kelib chiqib, imtiyozli kredit berishning yuqori darajadagi shartlari joriy etildi. Shuningdek, energiyani tejaydigan materiallar va asbob-uskunalarning yangi turlaridan foydalanishning yanada kengaytirilishi barpo etilayotgan uylarning tannarxi pasayishi hamda aholining barcha qatlamlari uchun maqbul narxlar belgilanishiga xizmat qildi. Qarorga koʻra, qishloq joylarda mavjud namunaviy loyihalarga qoʻshimcha ravishda xoʻjalik imoratlari va obod hovlilari boʻlgan ikki, uch qavatli koʻp kvartirali (2, 3 xonali) hamda aholi zich joylashgan tumanlarda hovlidagi imoratlari bilan birgalikda maydoni 0,02 gektar boʻlgan yer uchastkalarida joylashtiriladigan bir qavatli 2 va 3 xonali, shu bilan birga, maydoni 0,04 gektar boʻlgan yer uchastkalarida joylashtiriladigan ikki qavatli 4 xonali birlashtirilgan arzon uylarning yangi namunalari joriy etildi. Bundan tashqari, 2017-yildan boshlab mamlakat poytaxti va viloyatlarda uy-joyga ega boʻlmaganlar, harbiy xizmatchilar, yosh olimlar va ichki ishlar xodimlari uchun arzon turarjoylar qurilib, egalariga topshirilmoqda. Oʻzbekistonda 2017−2020-yillarda davlat dasturlari asosida 140 mingta yoki yiliga oʻrtacha 35 mingtadan uy-joylar barpo etilgan boʻlib, bu avvalgi yillarda qurilgan oʻrtacha uy-joydan 4−5 baravar koʻproqni tashkil etgan.



Download 1.94 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   37   38   39   40   41   42   43   44   ...   90




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling