H. O. Yorqulov Oʻzbekistonning eng yangi tarixi
Download 1.94 Mb.
|
O\'zbekistonning eng yangi tarixi. O\'quv qo\'llanma2
- Bu sahifa navigatsiya:
- 9-BOB. MUSTAQILLIK YILLARIDA QORAQALPOGʻISTON RESPUBLIKASI
8.3. Ta’lim rivojining oʻziga xos xususiyatlari.
Ma’naviy-ma’rifiy sohadagi yutuqlarimiz ta’lim tizimidagi tub oʻzgarishlarda yaqqol namoyon boʻlmoqda. Mamlakatimizda istiqlolning dastlabki yillaridan boshlab ta’lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilishga alohida e’tibor qaratilib, farzandlarimizning jahon andozalari darajasida zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi, jismonan va ma’nan etuk insonlar boʻlib ulgʻayishi, ularning qobiliyat va iste’dodini, intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat va fidoyilik tuygʻularini yuksaltirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. 1992-yil 2-iyulda mustaqillik yillaridagi birinchi “Ta’lim toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Bu qonun ta’lim sohasidagi sovet davrida erishilgan yutuqlarni saqlab qolish, mustaqil davlat ta’lim siyosatini olib borish uchun asos boʻib xizmat qildi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan ta’limni tubdan isloh qilish yoʻllari ishlab chiqildi. 1997-yil 29-avgustda Oliy Majlisning IX sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasining “Ta’lim toʻgʻrisida” Qonuni va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” qabul qilindi. Milliy dasturning maqsadi qilib ta’lim sohasini tubdan isloh qilish, uni oʻtmishdan qolgan mafkuraviy qarashlar va sarqitlardan toʻla xalos etish, rivojlangan demokratik davlatlar darajasida, yuksak ma’naviy va axloqiy talablarga javob beruvchi yuqori malakali kadrlar tayyorlash milliy tizimini yaratishdan iboratligi belgilab olindi. Kadrlar tayyorlash milliy dasturi boʻyich ta’limning milliy modeli - uzluksiz ta’lim tizimi ishlab chiqildi. Uzluksiz taʼlim Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini taʼminlovchi, shaxs, jamiyat va davlatning iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy texnikaviy va madaniy ehtiyojlarini qondiruvchi ustuvor soha qilib belgilandi. Uzluksiz taʼlim ijodkor, ijtimoiy faol, maʼnaviy boy shaxs shakllanishi va yuqori malakali raqobatbardosh kadrlar tayyorlash uchun zarur shart sharoitlar yaratadi. Uzluksiz taʼlim tizimining faoliyat olib borishi davlat taʼlim standartlari asosida, turli darajalardagi taʼlim dasturlarining izchilligi asosida taʼminlandi va maktabgacha taʼlim, umumiy oʻrta taʼlim, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi, oliy taʼlim, oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash, maktabdan tashqari taʼlimni oʻz ichiga oldi. Har qanday davlatning kelajagi yosh avlodning qanday ta’lim-tarbiya olayotganligi bilan bogʻliq. Oʻzbekiston demografik oʻsish yuqori boʻlgan mamlakatlar qatoriga kiradi (2021-yilda doimiy aholi soni 712,4 ming kishiga oshgan41) va aholining 60 foizini yoshlar tashkil qiladi. Oʻzbekistonning bu xususiyati ta’limga, xususan maktabgacha ta’limga alohida e’tiborni talab etadi. Maktabgacha ta’lim rivojlanishi mustaqillikning dastlabki yillarida maqtangulik boʻlmadi. 2017-yilgacha soʻnggi 20 yil davomida Oʻzbekistonda davlat maktabgacha ta’lim muassasalari soni 45 foizdan ziyodroqqa kamaygan va bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish darajasi bor-yoʻgʻi 30 foizga yaqinroqni tashkil etgan. Ta’limning bu bosqichidagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 30-sentyabr kuni maktabgacha ta’lim tizimini boshqarishni tubdan takomillashtirish toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi. Ushbu hujjat bilan Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi. Davlat tasarrufidagi va nodavlat ta’lim muassasalarini koʻpaytirish hisobiga 2022-yil 31-mart holatiga koʻra bolalarni bogʻchalarga qamrab olish darajasi 70 foizga etdi. Maktabgacha ta’limni rivojlantirish konsepsiyasida 2030-yilgacha bolalar qamrovini 95 foizga chiqarish belgilab qoʻyilgan. 2025-yilgacha esa maktabga tayyorlov yoshida boʻlgan 6 yoshli bolalar 100 foiz qamrab olinishi maqsad qilingan. Maktab ta’limini rivojlantirishga ham alohida e’tibor berib kelinmoqda. Maktab darsliklarining yangi avlodini yaratish, oʻquv dasturlarini yaratish, 10 mingga yaqin umumta’lim maktablari bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, joriy va mukammal ta’mirlash boʻyicha ishlar amalga oshirildi. 1997-yildagi ta’lim islohotlarida kadrlar tayyorlashda kasb-hunar kollejlariga va biror fanni juqur oʻrgatishga ixtisoslashgan akademik litseylarga alohida e’tibor berildi. Bunda yoshlar katta hayotga qadam qoʻyganda biror kasb egasi boʻlishi yoki biror fanni chuqur oʻzlashtirishi muhum deb hisoblandi. Lekin kasb-hunar kollejlarida kasb boʻyicha yetarli tushunchaga ega boʻlmagan yoshlarning olinishi (9-sinf bitiruvchilari), mutaxassis oʻqituvchilarning, oʻquv adabiyotlarining etishmasligi, ishlab chiqarishda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga boʻlgan talabning kamligi, ta’lim tizimida jumladan oʻrta maxsus kasb-hunar ta’limida ham korrupsiyaning mavjudligi tayorlanayotgan kadrlar sifatiga salbiy ta’sir koʻrsatdi. Natijada 2017-yildan keyin ta’limning bu boʻgʻinida islohotlar qilindi. Koʻplab kasb-hunar kollejlari tugatilib, maktabning yuqori sinf oʻquvchilari kasbiy bilim va koʻnikmalarni egallash uchun kasb-hunar maktablari (boshlangʻich professional ta’lim) tashkil qilindi, kasb-hunar kollejlari (oʻrta professional ta’lim) bir qismi saqlab qolindi, texnikumlar (oʻrta maxsus professional ta’lim) tashkil qilindi. Maktablarda 11 yillik ta’lim qayta tiklandi, oliy ta’lim muassasalariga maktab bitiruvchilarini qamrab olish darajasi oshirilib bormoqda. Iqtisodiy rivojlanishda mehnat bozorida talab qilinadigan yuqori malakali kadrlar tayyorlashda oliy oʻquv yurtlari muhim oʻrinni egallaydi. Mustaqillik yillarida yangi oliy oʻquv yurtlari tashkil etilib, bilimlarning yangi tarmoqlari boʻyicha kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor berib kelinmoqda. Oliy ta’lim tizimidagi 28 ta universitetning 24 tasi mustaqillik yillarida tashkil etildi. Mustaqillik yillarida eng zarur zamonaviy mutaxassisliklar boʻyicha oʻnlab yangi oliy oʻquv yurtlari - Mudofaa vazirligi qoshida Harbiy akademiya, Ichki ishlar vazirligi qoshida Ichki ishlar akademiyasi, Bank-moliya akademiyasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent aviatsiya instituti, Navoiy togʻ-konchilik instituti, Toshkent Moliya instituti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti va boshqalar tashkil etildi. Oʻzbekiston oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlashni son va sifat jihatdan oshirishga harakat qilmoqda. Bu yangi oliy oʻquv yurtlarini ochish, mavjud oliy oʻquv yurtlarining filiallarini tashkil qilishni talab etar edi. Agar Oʻzbekiston Mustaqillikka erishgan 1991-yilda oliy ta’lim muassasalari (OTM) soni 37 tani tashkil qilgan boʻlsa, 2016-yilda 77 tani, 2022-yil 1-sentyabr holatiga koʻra 177 tani tashkil qilgan. Keyingi yillarda oliy ta’limni rivojlantirishda Xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallari va xususiy oliy ta’lim muassasalarini tashkil qilishga alohida e’tibor berilmoqda. Agar 2016-yilda maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim bilan qamrab olinish darajasi 9% tashkil qilgan boʻlsa, 2021-yilda 28%ni tashkil qildi, 2030-yilda 50 foizga yetkazish vazifasi qoʻyilgan. Prezidentimizning 2017-yil 7-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmonida ijtimoiy soha, xususan, ta’lim va ilm-fan sohalarini takomillashtirish borasida qator vazifalar belgilangan edi. Shu asosida ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangi ta’lim muassasalari qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash barobarida ularni zamonaviy oʻquv va laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi, oʻquv-metodik qoʻllanmalar bilan ta’minlash ishlari amalga oshirildi. Pullik xizmatlar koʻrsatish va moliyalashtirishning qoʻshimcha manbalarini izlashda oliy oʻquv yurtlarining vakolatlarini kengaytirish yoʻli bilan ularning mustaqilligi bosqichma-bosqich rivojlantirib borilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 2017-yil 20-aprelda “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2909-sonli Qaror42ni imzoladi. Qaror bilan ta’lim-tarbiya jarayonlarining sifati ustidan samarali davlat nazoratini oʻrnatish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida Ta’lim sifatini nazorat qilish boʻyicha davlat inspeksiyasi (Vazirlar mahkamasining 18.07.2017-yil 515-sonli Qarori43) tashkil etildi. Uning asosiy vazifasi – ta’lim-tarbiya jarayoni, professor-oʻqituvchilar tarkibi, ta’lim tizimida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sifati hamda mulkchilik shakli va idoraviy boʻysunishidan qat’i nazar, ta’lim muassasalarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish, ta’lim-tarbiya sifatini nazorat qilish boʻyicha davlat siyosatini amalga oshirishdan iborat. 2020-yil 23-sentyabrda yangi tahrirdagi “Ta’lim toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi. Unga muvofiq, ta’lim turlari quyidagilardan iborat boʻldi: • maktabgacha ta’lim va tarbiya; • umumiy oʻrta va oʻrta maxsus ta’lim; • professional ta’lim; • oliy ta’lim; • oliy ta’limdan keyingi ta’lim; • kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish; • maktabdan tashqari ta’lim. Umumiy oʻrta ta’lim I–XI sinflarni oʻz ichiga oladi. Oʻrta maxsus ta’lim akademik litseylarda 9 yillik tayanch oʻrta ta’lim asosida 2 yil mobaynida amalga oshiriladi. Professional ta’lim boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional ta’lim darajalariga ajratiladi. Boshlangʻich professional ta’lim kasb-hunar maktablarida IX sinf bitiruvchilari negizida kunduzgi ta’lim shaklida 2 yillik integratsiyalashgan dastur asosida bepul amalga oshiriladi. Oʻrta professional ta’lim kollejlarda davlat buyurtmasi yoki toʻlov-shartnoma asosida davomiyligi 2 yilgacha boʻlgan kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllari boʻyicha amalga oshiriladi. Oʻrta maxsus professional ta’lim texnikumlarda davlat buyurtmasi yoki toʻlov-shartnoma asosida davomiyligi kamida 2 yil boʻlgan kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllari boʻyicha amalga oshiriladi. Qonunga koʻra, davlat oliy ta’lim, oʻrta maxsus, professional ta’lim muassasalari va ularning filiallari, shuningdek davlat ishtirokidagi oliy, oʻrta maxsus, professional ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari Prezident yoki Hukumat qarorlari bilan tashkil etiladi. Nodavlat ta’lim muassasalarini tashkil etish ularning ta’sischilari tomonidan amalga oshiriladi. Nodavlat ta’lim tashkilotlariga litsenziya Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan beriladi. Shuningdek, 2020-yil 23-sentyabrda yangi tahrirdagi “Ta’lim toʻgʻrisida”gi Qonunning qabul qilinishi bilan, 1997-yil 29-avgustdagi “Ta’lim toʻgʻrisida” gi hamda “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida” gi Qonunlar oʻz kuchini yoʻqotdi44. Mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni izlab topish, ularga koʻmaklashish, qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlat siyosati sobit qadamlik bilan olib borilmoqda. Iste’dodli yoshlarni moddiy va ma’naviy ragʻbatlantirish, chet elda oʻqishini qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Respublika bolalar fondi”, “Sogʻlom avlod uchun”, “Iste’dod” jamgʻarmalari tashkil topdi. Ta’lim sohasida AKSELS, AYREKS, AQSh kollejlari konsortsiumi, SARE, Tinchlik korpusi (AQSh), Konrad Adenauer fondi, Britaniya kengashi, SAUD Al-Baptin fondi (Misr) kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. 2003-yil 1-iyulda “Iste’dod” jamgʻarmasi tashkil etildi. Oʻzbekiston Prezidentining 2017-yil 27-iyuldagi farmoniga muvofiq jamgʻarmaning nomi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining chet elda stipendiatlarning malaka oshirishi, stajirovka oʻtashi va ta’lim olishini tashkil etish “Iste’dod” jamgʻarmasi”ga oʻzgartirildi. Jamgʻarma faoliyatining maqsadi yuqori malakali, xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh etuk mutaxassislarni jahonning nufuzli ta’lim va ilmiy muassasalarida magistratura va PhD dasturlari asosida tayyorlash orqali respublika iqtisodiyotining ustuvor sohalarini rivojlantirishga koʻmaklashish, davlat va jamoat tuzilmalari xodimlarning, pedagog va ilmiy kadrlarning bilim va malakalarini oshirish darajasini yuksaltirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularning hamkorlik asosida rivojlangan mamlakatlarda malaka oshirish, stajirovka oʻtash va ta’lim olishlariga koʻmaklashishdan iborat etib belgilandi45. Bugungi kunda “Iste’dod” jamgʻarmasi negizida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyat yuritmoqda. Xorijda yashayotgan va professional faoliyatini yuritayotgan vatandoshlarimiz, ayniqsa, katta ilmiy salohiyatga ega olimlar, mutaxassislar va iste’dodli yoshlar bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, Oʻzbekistonning har tomonlama va jadal rivojlanishi uchun zarur, jahon mehnat bozorida raqobatbardosh va yuqori malakali mutaxassislarni etakchi xorijiy ta’lim muassasalarida hamda Oʻzbekistonda tayyorlash va malakasini oshirish orqali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida 2018-yil 25-sentyabrda “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PF-5545-sonli Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni46 e’lon qilindi. Oʻzbekistonda ta’lim-tarbiya sohasiga har yili sarflanayotgan xarajatlar yalpi ichki mahsulotga nisbatan 10-12 foizni tashkil etmoqda. Bu YuNESKOning mamlakatni barqaror rivojlantirishni ta’minlash uchun ta’limga yoʻnaltirilishi zarur boʻlgan investitsiyalar miqdori boʻyicha tegishli tavsiyalaridan, ya’ni 6-7 foizdan qariyb 2 barobar koʻpdir. Bu jamiyatda aholining umumiy savodxonlik darajasini 99,8 % ga etishiga xizmat qildi. Xulosa qilib aytganda uzoq ming yilliklar shundan dalolat beradiki, oʻzbek milliy davlatchilik tarixi eng avvalo ma’naviy-ma’rifatning jamiyat hayotida muhim oʻrin egallaganligi bilan bogʻliq boʻlgan. Ushbu azaliy an’anaga mustaqillik yillarida alohida e’tibor berilishi katta ahamiyatga ega boʻldi. Milliy madaniyatimizga, jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan bobokalonlarimizning ma’naviy merosi xalqimizga qaytarildi. Milliy pedagogik tafakkur ta’sirida ta’limni sogʻlomlashtirish jarayoni boshlandi. Uzoq vaqt mobaynida tashqi dunyodan uzib qoʻyilgan, oʻzga mamlakatlar tarixiy tajribasidan ham, milliy ma’rifiy-pedagogik merosdan ham bahramand boʻlmagan milliy pedagogikamiz jahon maydoniga chiqdi. Erishilgan natijalarni oʻzgalarniki bilan qiyoslash, boshqalardagi ijobiy natijalarni oʻzlashtirish imkoni paydo boʻldi. Mamlakatning madaniy hayotida roʻy bergan muhim voqealar shu davr adabiyoti, teatr san’ati, rang tasvir ijodkorligi sohalariga keng imkoniyatlar eshigi ochildi. 9-BOB. MUSTAQILLIK YILLARIDA QORAQALPOGʻISTON RESPUBLIKASI Download 1.94 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling