H. O. Yorqulov Oʻzbekistonning eng yangi tarixi
-BOB. MUSTAQILLIK YILLARIDA OʻZBEKISTONDAGI MADANIY VA MA’NAVIY TARAQQIYOT. TA’LIM SOHASIDA AMALGA OSHIRILGAN ISLOHOTLAR
Download 1.94 Mb.
|
O\'zbekistonning eng yangi tarixi. O\'quv qo\'llanma2
8-BOB. MUSTAQILLIK YILLARIDA OʻZBEKISTONDAGI MADANIY VA MA’NAVIY TARAQQIYOT. TA’LIM SOHASIDA AMALGA OSHIRILGAN ISLOHOTLAR
8.1. Ma’naviy-ma’rifiy islohotlar – jamiyat taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishi sifatida. Jamiyat ma’naviyati mamlakat barqarorligi va taraqqiyotining muhim sharti va kafolatidir. Biron-bir mamlakat oʻz ma’naviy imkoniyatlarini, odamlar ongida ma’naviy va axloqiy qadriyatlarni rivojlantirmay, xalqning milliy ruhini uygʻotmay va mustahkamlamay turib yuksak taraqqiyot darajasiga koʻtarila olmaydi. Shuning uchun ham jamiyat ma’naviyatini yuksaltirish Oʻzbekiston taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishi deb belgilandi. Tarixdan ma’lumki, mamlakatimiz bir necha bor ajnabiy bosqinchilar hujumiga duchor boʻlgan, qaramlik va zulm ostida qolgan. Buning oqibatida xalqimizning boy ma’naviy merosi, urf-odatlari qadrsizlanishga mahkum boʻlgan. Ayniqsa, Rossiya mustamlakachiligi va sovetlar tuzumi davrida milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz oyoq osti qilindi. Ona tilimiz, boy ma’naviy merosimiz qadrsizlantirildi, koʻplab masjidu-madrasalar, milliy maktablar, tarixiy yodgorliklar buzildi, qarovsiz qoldi. Oʻzbekiston davlat mustaqilligini qoʻlga kiritgan kundan boshlaboq mamlakatimizda boy ma’naviy merosimizni tiklash va rivojlantirish, jamiyat ma’naviyatini yuksaltirish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Jamiyat ma’naviyatini tiklash va yuksaltirishni ta’minlovchi ma’naviy-ma’rifiy islohotlarning yoʻnalishlari belgilab olindi. Mustaqillik yillarida boy ma’naviy merosimizni tiklash tadbirlari amalga oshirildi. Milliy madaniyatimizga, jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga buyuk hissa qoʻshgan bobolarimiz - Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband, Xoʻja Ahmad Yassaviy, Al-Xorazmiy, Al-Fargʻoniy, Ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa koʻplab ajdodlarimizning milliy va ma’naviy merosi xalqimizga qaytarildi, tavallud topgan kunlari butun mamlakat boʻyicha nishonlandi, ruhlari shod etildi, asarlari nashr etildi. Ularning ma’naviy merosi bugungi kunda xalqimizga yangi jamiyat qurishda ma’naviy kuch-qudrat bagʻishlamoqda, jamiyatimizni ma’naviy yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Jamiyat ma’naviyatini yuksaltirishda tarixiy xotira, ajdodlar tarixini bilish, milliy axloqiy qadriyat hamda an’analar va muqaddas dinimizning oʻrni va ahamiyati katta. Biron-bir xalq oʻz tarixini bilmay, asrlar osha yaratilgan ma’naviy merosga tayanmay va uni yanada rivojlantirmay turib oʻz kelajagini tasavvur eta olmaydi. Shu bois mustabid tuzum davrida soxtalashtirilgan xalqimiz tarixini xolisona, haqqoniy yoritish, barcha oʻquv maskanlarida Vatan tarixini oʻqitish borasida muhim tadbirlar amalga oshirildi. Oʻzbek xalqi va oʻzbek davlatchiligi tarixini, tariximizning boshqa sahifalarini xolisona ilmiy asosda yoritish vazifalari Oʻzbekiston Birinchi Prezident I.A.Karimovning bir guruh tarixchilar bilan 1998-yil iyun oyida boʻlgan suhbatida, Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 27-iyulda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tarix instituti faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarorida belgilab berildi. Mustaqillik yillarida Vatanimiz tarixini yoritish va oʻrganish masalalari partiyaviylik, sinfiylik yondashuvlaridan, hukmron kommunistik mafkura ta’siridan xalos etildi. Necha 10 yillar davomida buzib koʻrsatilgan yoki soʻz yuritilmay kelgan tarixiy voqealarni xolislik, tarixiylik, haqqoniylik tamoyillari asosida yoritilgan qator ilmiy asarlar, darsliklar va oʻquv adabiyotlari yaratildi. Prezident Farmoni bilan 1996-yil Amir Temur yili deb e’lon qilindi. Amir Temur tavalludining 660 yilligini nishonlashga bagʻishlangan tadbirlar Oʻzbekistonda, dunyoning 50 dan ortiq mamlakatlarida oʻtkazildi. YUNESKO qarori bilan Sohibqiron yubileyi jahon miqyosida nishonlandi. Parijda Amir Temurga bagʻishlangan madaniyat haftaligi, “Temuriylar davrida fan, madaniyat va maorifning gullab yashnashi” mavzuida xalqaro konferensiya va koʻrgazmalar boʻlib oʻtdi. Toshkent shahrida Amir Temurga haykal qoʻyildi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi tashkil etildi, uning nomi bilan bogʻliq tarixiy yodgorliklar ta’mirlandi. Istiqlol yillarida xalqimizning oʻtmishiga, boy tarixiy merosiga, ma’naviy qadriyat va an’analariga boʻlgan munosabat tubdan oʻzgardi. Milliy madaniyatimizga, jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan bobokalonlarimizning ma’naviy merosi xalqimizga qaytarildi, tavallud topgan kunlari mamlakat va xalqaro miqyosda keng nishonlanmoqda. Jumladan: 1991-yil ― Alisher Navoiy tavalludining 550 yilligi; 1993-yil ― Bahouddin Naqshbandiyning 675 yilligi; 1993-yil ― Najmiddin Kubro tavalludining 850 yilligi; 1994-yil ― Mirzo Ulugʻbek tavalludining 600 yilligi; 1995-yil ― Mahmud az-Zamaxshariyning 920 yilligi; 1996-yil ― Amir Temur tavalludining 660 yilligi; 1998-yil ― Imom Buxoriy tavalludining 1225 yilligi; 1998-yil ― Ahmad al-Fargʻoniy tavalludining 1200 yilligi; 1999-yil ― Jaloliddin Manguberdining 800 yilligi; 2000-yil ― Burhoniddin Margʻinoniyning 910 yilligi; 2000-yil ― Imom Moturidiy tavalludining 1130 yilligi; 2000-yil ― Kamoliddin Behzod tavalludining 545 yilligi; 2003-yil ― Abduxoliq Gʻijduvoniyning 900 yilligi; 2004-yil ― Xoja Ahror Valiyning 600 yilligi zoʻr tantana bilan nishonlanganligi fikrimizning dalilidir. Uzoq va boy tarixning hamda madaniyatimiz, shuningdek, ma’naviyatimizning ildizi qadimga borib taqalishiga guvohlik beruvchi Xiva va Buxoro shaharlarining 2500 yillik toʻylarining 1997-yilda oʻtkazilishi jahon madaniyati tarixining ibtidosi sifatida ham e’tirof etilgan edi. 1999-yilda “Alpomish” eposining 1000 yilligi, 2001-yilda “Avesto” yaratilganining 2700 yilligi, 2002-yilda Termiz shahrining 2500 yilligi, 2002-yilda Shahrisabz shahrining 2700 yilligi, 2006-yilda Qarshi (Nasaf) shahrining 2700 yilligi, 2006-yilda Xorazm Ma’mun akademiyasining 1000 yilligi, 2007-yilda Samarqand shahrining 2750 yilligi, 2007-yili Margʻilon shahrining 2000 yilligi, 2009-yilda Toshkent shahrining 2200 yilligi nishonlanishi Vatanimizning ma’naviyat sohasida bardamligi va shaharsozlik madaniyati ham baquvvatligini koʻrsatuvchi dalil boʻldi. 2003-yilda esa Nukus shahrining 70 yilligi nishonlandi va shahar “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlandi. Vatanimiz ozodligi yoʻlida shahid ketgan Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Fitrat, Usmon Nosir va boshqa xalq jigarbandlarining nomi, izzat-ikromi, hurmati oʻz joyiga qoʻyildi, asarlari chop etildi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan Toshkentda mustamlakichilik davri qurbonlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmui, “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi, fashizmga qarshi janglarda jon fido etgan xalqimizning farzandlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida “Xotira-maydoni” majmuasi barpo etildi. Bu tadbirlar xalqimizda milliy ongni yuksaltirishga, tarixiy xotirani tiklanishiga, yoshlarni milliy istiqlol gʻoyalari ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Download 1.94 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling