H. O. Yorqulov Oʻzbekistonning eng yangi tarixi


Diniy va milliy qadriyatlarning tiklanishi


Download 1.94 Mb.
bet46/90
Sana30.04.2023
Hajmi1.94 Mb.
#1408774
TuriУчебное пособие
1   ...   42   43   44   45   46   47   48   49   ...   90
Bog'liq
O\'zbekistonning eng yangi tarixi. O\'quv qo\'llanma2

8.2. Diniy va milliy qadriyatlarning tiklanishi. Madaniy taraqqiyot inson ma’naviy kamolotining asosiy koʻrsatkichi hisoblanib, mamlakat ravnaqi har bir fuqaroning ongliligi, ularning madaniy-tarixiy boyliklarini yaratish, saqlash va rivojlantirish jarayonlariga boʻlgan munosabatlariga har tomonlama bogʻliqdir. Davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoyev tarix va madaniyatning yaratuvchisi xalq ekanligini quyidagicha ta’riflaydi: “Har bir suveren davlat oʻzining betakror tarixi va madaniyatiga egadir. Bu tarix, bu madaniyatning haqiqiy ijodkori, yaratuvchisi esa xaqli ravishda shu mamlakat xalqi hisoblanadi”34. Ta’kidlash joizki, madaniy-tarixiy taraqqiyot nihoyatda murakkab hisoblanib, uning ichki mohiyatini ham moddiy, ham ma’naviy madaniyatlar tashkil etadi. Ularning oʻzaro aloqasi hamda mavjudlik shakllarini anglab etish uchun madaniy taraqqiyotning oʻziga xos xususiyatlari, qonuniyatlari, rivojlanish bosqichlari va oʻlchovlarini aniqlash, shuningdek madaniy hodisalarning oʻzaro aloqasi, madaniyatning ijtimoiy taraqqiyotdagi vazifalari, oʻrni va roli, madaniyat va sivilizatsiya tushunchalari toʻgʻrisida muayyan bilimga ega boʻlish talab etiladi. Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning “Biz xalqni nomi bilan emas, balki madaniyati, ma’naviyati orqali bilamiz, tarixining tag-tomirigacha nazar tashlaymiz”, – degan fikrlarida juda katta mantiq va ma’no bor. Biroq, sovet mustabid tuzumi sharoitida oʻzbek milliy madaniyati haddan ortiq darajada zarar koʻrdi. Barcha mustamlakachilar kabi kommunistik mafkura maddohlari ham oʻzbek xalqini ma’naviy qaram, tobe qilish uchun, eng avvalo, xalqimizning milliy madaniyatini yoʻq qilishga zoʻr berdilar. Taniqli olim A.Mavrulov shunday ta’kidlagan edi: “oʻzbek xalqi katta yoʻqotishlarga qaramasdan, oʻzligini, oʻz milliy madaniyatini muayyan darajada saqlab qola bildi. Bunga uzoq va yaqin tarix guvoh. Endigi vazifa ma’naviy hayotdagi barcha yoʻqotishlarning oʻrnini qoplashdan iboratdir. Oʻzbek xalqi ana shu yoʻldan bordi, oʻz milliy tarixiy, madaniy merosiga sodiqligini koʻrsata oldi. Bu esa mustamlakachiliklar davrida yoʻqotilgan, toptalgan madaniy merosni tiklash, oʻzligini anglashga boʻlgan ragʻbatni uygʻotdi”35.
Mustaqillik sharofati bilan diniy qadriyatlar, diniy e’tiqod qayta tiklandi. Ramozon hayiti, Qurbon hayiti, qadimiy xalq bayrami Navroʻz qayta tiklandi, bu kunlar Prezident Farmoni bilan dam olish, bayram kuni boʻlib qoldi. Musulmonlar Oʻzbekiston xalqi tarixida birinchi marta bevosita hukumat homiyligida har yili Haj va Umra amallarini ado etish imkoniyatlariga ega boʻldilar. Mustaqillik yillarida yurtimizda fuqarolarning diniy huquqlari va erkinliklari kafolatlandi, dinlararo bagʻrikenglik tamoyiliga amal qila boshlandi. Ayni paytda Oʻzbekiston Respublikasida jami 2276 ta diniy tashkilot va 16 ta diniy konfessiya faoliyat yuritib kelmoqda. Diniy ta’limga ixtisoslashgan ta’lim muassasalari, jumladan, Toshkent islom universiteti, madrasalar, islom oʻrta maxsus ta’lim dargohlari, xristian seminariyalarida diniy sohada yetuk mutaxassislar tayyorlanib kelindi. Agar, 1999-yilda Toshkent islom universiteti ochilgan boʻlsa, 2018-yil 16- aprelda “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”36gi PF-5416-sonli Prezident farmoni bilan Toshkent islom unisersiteti negizida Oʻzbekiston Xalqaro Islom akademiyasi tashkil etildi.
Bugun yurtimizda 136 ta millat va elat vakillari yashamoqda. Ularning 140 ga yaqin milliy-madaniy markazlari mavjud. Ularda turli millat va elat vakillari oʻz ona tili, milliy qadriyatlari, tarixi, madaniyatini oʻrganish, ularni yoshlarga yetkazish, millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik gʻoyalarini ilgari surish borasida keng koʻlamli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Prezident Farmoni bilan tuzilgan “Ma’naviyat va ma’rifat” jamoatchilik markazi (1994-yil 23-aprel PF-842-son)37, “Oltin meros” xalqaro xayriya jamgʻarmasi (Vazirlar Mahkamasining 27.09.1996-yil 338-sonli Qarori)38 jamiyatning ma’naviy-ma’rifiy ravnaqiga kata hissa qoʻshdi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda jamiyat hayotining ma’naviy-ma’rifiy asoslarini mustahkamlash, milliy istiqlol gʻoyasining asosiy tushuncha va tamoyillarini hayotga joriy etish, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbida Vatanimiz taqdiri va kelajagi uchun daxldorlik va mas’uliyat hissini oshirish, yot gʻoyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirishga yoʻnaltirilgan targʻibot tizimi shakllandi. Bu jarayonda Respublika Ma’naviyat targʻibot markazi, uning joylardagi tuzilmalari hamda Milliy gʻoya va mafkura ilmiy-amaliy markazi tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilganini qayd etish lozim.
Bugungi kunda dunyoda globallashuv jarayonlari kuchayib, tinchlik va barqarorlikka qarshi yangi tahdid va xatarlar tobora koʻpayib bormoqda. Bunday murakkab va tahlikali vaziyatda oila, mahalla va ta’lim muassasalarida yoshlar bilan jinoyatchilik, diniy ekstremizm va terroristik harakatlarga adashib qoʻshilib qolish, milliy qadriyatlarga e’tiborsizlik, erta turmush qurish, oilaviy ajralishlar kabi salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan targʻibot ishlari olib borilmoqda.
Mamlakatimizda qabul qilingan 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida eng avvalo, davlat boshqaruvi organlarining quyi boʻgʻinlari faoliyatini tubdan yaxshilash, ularning xalq bilan muloqot qilishini ta’minlash, bu borada samarali ijtimoiy hamkorlik mexanizmini mustahkamlash ustuvor vazifa sifatida belgilab qoʻyilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-iyul №PQ-3160-sonli Qarori bilan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining Respublika Ma’naviyat targʻibot markazi hamda Milliy gʻoya va mafkura ilmiy-amaliy markazi birlashtirilib ularning negizida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazini qayta tashkil etildi39.
Mustaqillik yillarida xalqimiz moddiy madaniy merosini asrab avaylashga kata e’tibor berilmoqda. Bugungi kunda respublikada 7476 ta moddiy madaniy meros obyekti mavjud. Shundan, 7123 tasi davlat mulki, 353 tasi xususiy mulk hisoblanadi. Jumladan, 4308 ta arxeologiya, 2079 ta arxitektura obyekti, 694 ta mahobatli san’at asari, 395 ta diqqatga sazovor joy bor. Milliy fondlarimizda esa 2,5 milliondan ziyod muzey ashyolari, 100 mingdan ortiq yozma asarlar saqlanadi.
Dastlab, Madaniyat vazirligi huzurida ushbu noyob merosimizni asrab-avaylab, kelajak avlodga bekamu koʻst etkazish, ularni ilmiy tadqiq qilish, saqlash uchun mas’ul muassasa - Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi tuzildi.
Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish maqsadida 2018-yil 19- dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinishi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi hamda uning mintaqalararo (mintaqaviy) davlat inspeksiyalari negizida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida Madaniy meros departamenti hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari tashkil etildi. Departamentning asosiy vazifalaridan biri moddiy madaniy meros, jumladan, arxeologiya obyektlari, muzey ashyolari va kolleksiyalari hamda madaniy boyliklarni muhofaza qilish, ulardan foydalanishga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirishdan iborat. Qarorga asosan, Departamentning vakolatlari kengaytirilib, moddiy madaniy meros, jumladan, arxeologiya obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida yagona maxsus davlat muassasasi etib belgilandi. Uning qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy ekanligi va uning rahbari Madaniyat vazirining oʻrinbosari hisoblanishi yangi tizimning mavqei va mas’uliyati balandligini koʻrsatib turibdi40. Mustaqillik yillarida Oʻzbekiston hududida xalqning ulugʻvor va shonli tarixiga oid 2000 dan ortiq yodgorliklar ta’mirlandi.
Oʻzbek xalqining ming yillar davomida shakllangan, mustamlakachilik davrida oyoq-osti qilingan, insonparvar urf-odatlari va an’analari, madaniy qadriyatlari ehtiyotlab tiklandi va yangi ma’no-mazmun bilan boyitildi. Maqomchilar, toʻy-marosim qoʻshiqlari, shoir-baxshilar va folklor-etnografik dastalarning oʻnlab koʻrik-tanlovlari oʻtkazildi. Pianinochi va skripkachilarning simfonik va kamer musiqalari, zamonaviy estrada guruhlarining festival va tanlovlari boʻlib oʻtmoqda.
Mamlakatimizda oʻzbek tilining xalq va davlat turmushidagi oʻrni va ahamiyati qayta tiklandi. Davlat tili haqidagi qonunda oʻzbek tili oʻzbek xalqining ma’naviy mulki ekanligi, uning ravnaqi, qoʻllanilishi va muhofazasi davlat tomonidan ta’minlanishi belgilab qoʻyildi. Oliy davlat hokimiyati, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlarida, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda ish yuritish asosan oʻzbek tilida olib borilmoqda. 2019-yil 21-oktyabrda “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5850-sonli Prezident farmoni, 2020-yil 10-aprelda “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi OʻRQ-615 sonli Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi oʻzbek tilining maqomini yanada mustahkamlanishiga qaratilagn huquqiy chora hisoblanadi.
Respublikamizning ma’muriy-hududiy birliklari, koʻchalari, geografik oʻrinlarning nomlariga yagona milliy shakl berildi va oʻzbek tilida yozib qoʻyildi. Natijada oʻzbek xalqining milliy qadr-qimmati qayta tiklandi va mustahkamlandi. Shuningdek, Oʻzbekistonda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlarning tillari, qadr-qimmati ham oʻz oʻrniga qoʻyilgan.

Download 1.94 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   42   43   44   45   46   47   48   49   ...   90




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling