H. O. Yorqulov Oʻzbekistonning eng yangi tarixi


Oʻzbekistonning dunyo mamlakatlari bilan aloqalari va hamkorligining asosiy yoʻnalishlari


Download 1.94 Mb.
bet58/90
Sana30.04.2023
Hajmi1.94 Mb.
#1408774
TuriУчебное пособие
1   ...   54   55   56   57   58   59   60   61   ...   90
Bog'liq
O\'zbekistonning eng yangi tarixi. O\'quv qo\'llanma2

10.3. Oʻzbekistonning dunyo mamlakatlari bilan aloqalari va hamkorligining asosiy yoʻnalishlari.
Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan keyin dunyo davlatlari bilan siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsion va boshqa aloqalar shakllanib, rivojlanib bormoqda. Oʻzbekiston dunyo mamlakatlari bilan tenglik, oʻzaro foydalilik, bir-birining manfaatlarini hurmat qilish va e’tiborga olish tamoyillari asosida ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarini qurishga harakat qilmoqda.
Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda joylashganligidan, uning tinchligi, osoyishtaligi va xavfsizligi muayyan ma’noda shu mintaqada vaziyat muvozanatiga ham bogʻliqdir. Chunki Birinchi Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Markaziy Osiyo mintaqasida turli siyosiy, iqtisodiy, transport va ekologiyaga oid muammolar toʻplanib qolgan. Shuni nazarda tutadigan boʻlsak, butun mintaqaning sobitqadam va barqaror rivojlanishini ta’minlash va mojaroli vaziyatlarning oldini olish uchun hozirgi kunda ichki va tashqi muvozanatni saqlash va qoʻllab-quvvatlashgina birdan-bir maqbul tamoyildir. Mitaqada geografik-siyosiy muvozanatni va barqarorlikni saqlagan taqdirdagina mazkur muammolarni hal etish imkoni tugʻiladi. Bu esa oʻz navbatida yalpi xavfsizlikni ta’minlash muammolarini hal qilishga qoʻshilgan salmoqli hissa boʻladi”.
Markaziy Osiyodagi taraqqiyot, tinchlik va barqarorlik qardosh respublikalar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik, integratsiya jarayonlari bilan bogʻliq. Oʻzbekiston Birinchi Prezidenti I.A.Karimov ta’kidlaganidek, - “Xalqlarimiz tarixi, madaniyati, an’analari, diniy e’tiqodlarining mushtarakligi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi amaliy hamkorlik va hamjihatlikning muhim poydevori hisoblanadi... bizning maqsadlarimiz bir. Bizda milliy munosabatlarda keskinliklar yoʻq, hal qilib boʻlmaydigan vaziyatlar ham yoʻq. Integratsiya yoʻlidan harakat qilayotganimiz ham buni tasdiqlab turibdi”.
Prezident Shavkat Mirziyoyev qoʻshnilarimiz boʻlgan - Markaziy Osiyo davlatlari bilan doʻstona, yaqin qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish hamda mustahkamlashni tashqi siyosatdagi asosiy ustuvor vazifa sifatida belgilab berdi.
2017-yildan keying davrda Oʻzbekiston “Markaziy Osiyo – bosh ustuvor yoʻnalish” hamda “Markaziy Osiyo ruhi” kabi tamoyillar bilan oʻz tashqi siyosatini olib bordi.
Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi asosida soʻnggi besh yilda mintaqaning barcha mamlakatlari bilan oliy darajadagi tashriflar almashinuvi amalga oshirildi. Mintaqa davlatlarining yetakchilari oʻrtasidagi oʻzaro ishonchga asoslangan siyosiy muloqot doimiylik kasb etdi. Bunday aloqalar natijasida Markaziy Osiyo davlatlarini qiziqtiradigan xavfsizlik, chegaraviy masalalar, iqtisodiyot, investitsiya, turizm, madaniyat, sogʻliqni saqlash va ekologiyaga oid oʻzaro, mintaqaviy hamda xalqaro ahamiyatga molik muhim qoʻshma qarorlar qabul qilindi.
Ushbu sa’y-harakatlar samarasi oʻlaroq, Oʻzbekistonning mintaqadagi barcha davlatlar bilan munosabatlari tubdan yaxshilandi, xususan, oʻzaro bordi-keldi rishtalari qaytadan yoʻlga qoʻyildi hamda chegaralar ochildi. Bu esa qoʻshnichilik aloqalarini yanada kuchaytirdi, shuningdek, xalq diplomatiyasi, gumanitar yordam va madaniy hamkorlikning qaytadan jonlanishiga turtki boʻldi.
Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo-iqtisodiy sohalardagi munosabatlar izchil rivojlanmoqda. Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan tashqi savdo aylanmasi dinamikasini tahlil qiladigan boʻlsak, 2016-yilda 2,5 mlrd dollar, 2017-yilda 2,7 mlrd dollar, 2018-yilda 4,0 mlrd dollar, 2019-yilda 5,2 mlrd dollar va pandemiya sharoitiga qaramasdan, 2020-yilda 5,0 mlrd dollarni tashkil qilgan. Dinamik jadvalga e’tibor beradigan boʻlsak, 2016-yildan 2020-yilgacha tashqi savdo hajmi 2 barobarga oshdi. Bu esa hukumatning faol tashqi siyosati mahsulidir.
Oʻzbekiston tashqi siyosatining zamonaviy ustuvor yoʻnalishlari haqida gapirganda, mamlakatimizning etakchi xorijiy davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan strategik aloqalari rivojlanib borayotganiga alohida toʻxtalib oʻtish lozim.
Xususan, yetakchi davlatlar bilan “Markaziy Osiyo + Rossiya Federatsiyasi”, “Markaziy Osiyo + Xitoy Xalq Respublikasi”, “C5 + 1” (AQSh), Markaziy Osiyo + Hindiston, “Markaziy Osiyo + Yaponiya”, “Markaziy Osiyo + Koreya Respublikasi”, “Markaziy Osiyo + Yevropa Ittifoqi” hamkorligi doirasida mintaqaviy muloqotning turli formatlarini rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda. Bu esa Markaziy Osiyoning etakchi xorijiy mamlakatlar bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy va xavfsizlik sohalaridagi aloqalarining tizimli ravishda olib borilayotganini koʻrsatmoqda.
Oʻzbekiston mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaning transport va tranzit infratuzilmasini rivojlantirish, Markaziy Osiyo transchegaraviy daryolarining suv-energetika resurslaridan oqilona va kompleks foydalanish hamda mintaqaning ekologik barqarorligini ta’minlash, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish jarayonini yakuniga yetkazish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishga intilmoqda.
Oʻzbekiston mintaqa davlatlari bilan doʻstona va ahil qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashdan, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishdan, parlamentlar, chegara hududlari, jamoat tashkilotlari va oddiy fuqarolar oʻrtasidagi aloqalarni kuchaytirishdan manfaatdor.
Oʻzbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishlaridan biri Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizligi, xususan, Afgʻonistondagi vaziyatni yumshatishga qaratilgan amaliy harakatlarni ilgari surish hamda Markaziy va Janubiy Osiyoni birlashtiruvchi transort yoʻlagini barpo etish yoʻnalishida dastlabki qadamlar qoʻyilganligini ham alohida ta’kidlashimiz mumkin.
Darhaqiqat, Oʻzbekiston Afgʻonistonning tinch va mustaqil davlat sifatida qaror topishidan manfaatdordir. Afgʻoniston Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik mustahkamlanishida koʻprik boʻlmogʻi lozim. Chunki Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilayotgan transafgʻon transport-kommunikatsiya loyihalari Janubiy Osiyo bilan hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha taqdim etilgan dastur uzoq muddatli istiqbolga moʻljallanganligi bilan ahamiyatlidir.
Afgʻoniston bilan mintaqaviy ahamiyatga ega boʻlgan yirik savdo, transport va energetika loyihalarini amalga oshirish ishlarini izchil davom ettirish nafaqat Oʻzbekiston balki Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlariga toʻliq mos kelishi bilan e’tiborga molikdir.
Hozirgi vaqtda Afgʻonistondagi vaziyatning ogʻirligi bois donor davlatlarning yordami juda ham muhimdir. Ushbu mamlakat kun sayin ogʻir gumanitar inqirozga kirib bormoqda. Ushbu vaziyatni yumshatish maqsadida xalqaro hamjamiyat, jumladan, yaqin qoʻshnilar afgʻon xalqiga gumanitar yordam bermogʻi lozim. Bu yoʻnalishda Oʻzbekistonning dastlabki qadamlari qoʻyilgan, xususan, oʻzbek-afgʻon chegarasi ochilib, ushbu mamlakatga birlamchi zarur boʻlgan oziq-ovqat, neft mahsulotlari va elektr energiyasi yetkazib berilishi qayta tiklandi.
Oʻzbekiston Rossiya bilan 2004-yil 16-iyunda imzolangan Strategik hamkorlik, 2005-yil 14-noyabrdagi Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnomalar hamda 2012-yil 4-iyunda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida Strategik hamkorlikni chuqurlashtirish toʻgʻrisidagi deklaratsiya asosida doʻstona munosabatlarni har tomonlama mustahkamlash va tadrijiy rivojlantirish ikki mamlakat manfaatlariga toʻliq mos keladi hamda mintaqadagi tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Ikki tomonlama munosabatlarning eng muhim vazifalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2017-yil 4-5-aprelda Rossiyaga davlat tashrifi hamda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.V.Putinning 2018-yil 18-19-oktyabrda Oʻzbekistonga davlat tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirilishini ta’minlashdan iboratdir.
Oʻzbekiston Respublikasi global muammolarni hal etishda muhim rol oʻynaydigan, yaqin mintaqaviy qoʻshni Xitoy bilan strategik hamkorlikni kuchaytirish tarafdori. Xitoy bilan munosabatlarni rivojlantirish 2012-yil 6-iyundagi Strategik hamkorlikni oʻrnatish toʻgʻrisidagi qoʻshma deklaratsiya, 2013-yil 9-sentyabrdagi ikki tomonlama Strategik hamkorlikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish toʻgʻrisidagi deklaratsiyasi hamda 2017-yil 12-maydagi Har tomonlama Strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish toʻgʻrisida qoʻshma bayonotga asoslangan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev 2019-yil 24-27-aprelda “Bir makon, bir yoʻl” Ikkinchi xalqaro forum doirasida ilgari surgan tashabbus va takliflarni toʻliq va oʻz vaqtida amalga oshirish ikki mamlakat manfaatlariga mos keladi.
Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri, Amerika Qoʻshma Shtatlari bilan 2002-yil 12-martda imzolangan Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasida Strategik sherikchilik va hamkorlikning asoslari toʻgʻrisidagi deklaratsiyasi asnosida oʻzaro manfaatli va konstruktiv hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishdan iboratdir. Oʻzbekiston AQSh bilan mamlakatda amalga oshirilayotgan fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlash va xalq turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan modernizatsiya jarayoni va islohotlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy-texnologik va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor. Ikki tomonlama hamkorlikning muhim yoʻnalishlari Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, transmilliy tahdid va xatarlarga qarshi kurashga koʻmaklashishdan iboratdir.
Oʻzbekiston uchun Yevropa Ittifoqi va Yevropa davlatlari bilan har taraflama manfaatli hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Yevropa mamlakatlari bilan hamkorlikni asosiy sohalari savdo-sotiqni rivojlantirish, investitsiya va moliya, zamonaviy texnologiyalar transferi, ilm-fan, texnika, ta’lim, ekologiya, sogʻliqni saqlash, madaniyat va mintaqaviy xavfsizlik kabilar hisoblanadi. Oʻzbekiston asosiy e’tiborini Yevropaning ilgʻor davlatlari, xususan Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Belgiya, Italiya, Ispaniya, Latviya va boshqa davlatlar bilan ikki tomonlama hamkorlikni yanada yuqori darajaga chiqarishga alohida e’tibor beradi.
Respublikamiz koʻp asrlik umumiy tarix, yagona til va din, umumiy qadriyatlar va oʻxshash urf-odatlarga ega boʻlgan Turkiya davlati bilan doʻstlik va hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan siyosatni izchil davom ettirib kelmoqda. Mamlakatimiz Turkiya bilan har taraflama manfaatli hamkorlikni, jumladan savdo-sotiq, investitsiya va turizm kabi sohalardagi aloqalari tez rivojlanmoqda.
Osiyo-Tinch okeani hududi mamlakatlari, xususan Koreya Respublikasi va Yaponiya bilan hamkorlik Oʻzbekiston tashqi siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biridir. Oʻzbekiston ushbu davlatlar bilan investitsiya, savdo-sotiq, yuqori texnologiyalar, madaniy-gumanitar sohalaridagi keng qamrovli hamkorlik qilmoqda.
Oʻzbekiston Janubiy-Sharqiy Osiyodagi mamlakatlar – Malayziya, Indoneziya, Singapur, Vetnam kabi davlatlar bilan hamkorlik qilmoqda.
Oʻzbekiston Janubiy Osiyo mamlakatlari, xususan Hindiston va Pokiston bilan savdo-sotiq, transport-kommunikatsiya, turizm kabi sohalarda har taraflama va oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishni qoʻllab quvvatlamoqda.
Oʻzbekiston musulmon dunyosi davlatlari bilan oʻzaro manfaatli aloqalarni iqtisodiyot, transport kommunikatsiyasi, moliya, investitsiya va sayyohlik sohalarida, shu jumladan Islom hamkorlik tashkiloti va Islom taraqqiyot banki doirasida faol rivojlantirish va mustahkamlashdan manfaatdor.
Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi dunyoning 141 ta davlati bilan diplomatik aloqalar oʻrnatgan. Toshkentda 44 ta chet el elchixonalari, 1 ta bosh konsullik, 8 ta faxriy konsullar, 17 ta xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari, 13 ta xorijiy xalqaro hukumatlararo va hukumat tashkilotlari vakolatxonalari, 1 ta diplomatik maqomga ega savdo vakolatxonasi faoliyat koʻrsatmoqda.
Xorijiy mamlakatlarda va xalqaro tashkilotlarda Oʻzbekiston Respublikasining 55 ta diplomatik va konsullik vakolatxonalari mavjud. Oʻzbekiston 100 dan ortiq xalqaro tashkilotlarning a’zosi boʻlib, mamlakatimiz turli xil koʻp tomonlama hamkorlik tuzilmalari bilan oʻzaro sherikchilik aloqalarini rivojlantiradi.



Download 1.94 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   54   55   56   57   58   59   60   61   ...   90




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling