H. O. Yorqulov Oʻzbekistonning eng yangi tarixi


Oʻzbekistonning xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorligi


Download 1.94 Mb.
bet57/90
Sana30.04.2023
Hajmi1.94 Mb.
#1408774
TuriУчебное пособие
1   ...   53   54   55   56   57   58   59   60   ...   90
Bog'liq
O\'zbekistonning eng yangi tarixi. O\'quv qo\'llanma2

10.2. Oʻzbekistonning xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorligi. Oʻzbekiston oʻz milliy manfaatlarini yuzaga chiqarish va dunyo mamlakatlari bilan koʻp tomonlama aloqalarni rivojlantirish maqsadida Xalqaro tashkilotlarga a’zo boʻlib, hamkorlik qilib kelmoqda. Hozirgi kunda Oʻzbekiston oʻzining uzoqni koʻzlagan siyosati bilan mintaqamiz va jahondagi siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylangan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT), Parlamentlararo Ittifoq, Yevropa Ittifoqi (YeI), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT), Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT), Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi (MDH), Islom hamkorlik tashkiloti (IHT), Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) kabi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlik yanada mustahkamlanmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi oʻz tarixida birinchi marta 1992-yil 2-martda jahon hamjamiyatining toʻla, teng huquqli subyekti sifatida BMTga qabul qilindi. Oʻzbekiston BMT Nizomi, xalqaro huquqiy me’yorlar, davlatlararo muomala qoidalari, shuningdek, BMT tarkibiga kiruvchi xalqaro tashkilotlarning talablariga rioya qilishini bildirdi.
Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning BMT Bosh Asambleyasining 1993-yilda boʻlgan 48-sessiyasida ishtirok etishi va unda qilgan ma’ruzalari Oʻzbekistonni jahonga koʻhna va navqiron yosh davlat sifatida namoyon etdi. 1993-yil fevralda Toshkentda BMTning vakolatxonasi ta’sis etildi va ish boshladi. Oʻzbekiston Respublikasi va BMT rahbarlarining sa’y-harakatlari natijasida bugungi kunda respublikamizda BMT vakolatxonasi, mamlakatimizda BMTning taraqqiyot dasturi, qochoqlar ishi boʻyicha oliy qoʻmita komissari, jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, aholi joylashish jamgʻarmasi, narkotiklarni nazorat qilish dasturi, bolalar jamgʻarmasi singari ixtisoslashgan muassasalarni oʻz tarkibiga birlashtirishga muvaffaq boʻldi. Soʻnggi yillarda BMT va uning institutlari, shu jumladan, Inson huquqlari boʻyicha oliy komissar boshqarmasi va Inson huquqlari kengashi bilan oʻzaro hamkorlik darajasini oshirishga erishildi.
Oʻzbekiston tashabbusi va taklifi bilan BMTning Orolboʻyi mintaqasida inson xavfsizligini ta’minlash boʻyicha koʻp tomonlama Trast fondi tashkil etildi, BMT Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo mintaqasida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, Ma’rifat va diniy bagʻrikenglik, Barqaror turizm va barqaror rivojlanish, Orolboʻyi mintaqasida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududini yaratish boʻyicha qator muhim rezolyutsiyalari qabul qilindi. Ushbu amaliy harakatlar Oʻzbekistonning BMT bilan hamkorligi rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda ham dunyo keskin ziddiyatlarga toʻlib-toshib turibdi. “Sovuq urush” siyosati barham topgan boʻlsa-da, milliy va diniy nizolar jahon tinchligiga xavf solib turibdi. Butun insoniyatni ekologik tanglik, biogenetik buzilishlar, uyushgan jinoyatchilik, ekstremizm, terrorchilik tashvishlantirmoqda. Jahon xavfsizligini ta’minlash davrimizning eng dolzarb masalasiga aylangan. Jahon tinchligi mintaqalardagi tinchlikka, shuningdek, ayrim olingan har bir mamlakatdagi tinchlikka bogʻliq boʻlib qoldi. Har bir mamlakatda milliy xavfsizlik ta’min etilgan boʻlsa, oʻsha mamlakat joylashgan mintaqada xavfsizlik boʻladi, mintaqalarda xavfsizlik ta’minlansa, jahon xavfsiz boʻladi. Shuning uchun ham jahon siyosatida milliy, mintaqaviy va jahon xavfsizligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor berilmoqda.
Oʻzbekiston 1992-yil fevral oyida dunyoda tinchlikni mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha katta tadbirlarni amalga oshirayotgan nufuzli xalqaro tashkilot - Yevropada xavfsizlik va hamkorliklik tashkiloti(YeXHT)ga a’zo boʻlib kirdi. I.A.Karimovning 1992-yil 9-10-iyulda boʻlib oʻtgan YeXHT majlisida ishtirok etishi, unda nutq soʻzlashi va Kengashning 10-iyulda boʻlgan majlisiga raislik qilishi mustaqil Oʻzbekistonning jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilishi desa boʻladi.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti - davlatlarning xavfsizlikni taʼminlash, iqtisodiyotni rivojlantirish hamda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish masalalari boʻyicha muloqoti uchun muhim xalqaro forum hisoblanadi. Oʻzbekistonning YeXHT bilan hamkorligining ustuvor yoʻnalishlari davlat boshqaruv institutlarini isloh qilish, sud-huquq va saylov tizimini takomillashtirish, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini oshirish, shuningdek, transmilliy xavflar va tahdidlarga qarshi kurashishda konstruktiv oʻzaro harakatlarni rivojlantirish sohalaridagi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishdan iborat.
Mamlakatimizda 2019-yil dekabrda oʻtkazilgan parlament saylovlarida 50 ta mamlakat va 10 ta xalqaro tashkilotdan 825 nafar kuzatuvchi ishtirok qildi. Oʻzbekiston birinchi marta Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlari va inson huquqlari byurosining 316 kishilik tarkibidagi toʻlaqonli missiyasini qabul qildi. 2021-yil 24-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston prezidenti saylovini kuzatish boʻyicha ham Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlari va inson huquqlari byurosi missiyasi toʻliq tarkibda ishtirok etdi. YeXHT Toshkentda va Urganchda atrof-muhitni qayta tiklash boʻyicha seminar tashkil qilib, Orol muammosini hal qilishga koʻmaklashmoqda. YeXHTning Toshkentda aloqalar boʻyicha mintaqaviy byurosi ochilgani ham ijobiy ahamiyatga ega boʻldi.
SSSR parchalanishining yakunlovchi bosqichida Rossiya, Belorussiya, Ukraina davlat rahbarlari 1991-yil 8-dekabrda Belorussiyaning Belaya Veja oʻrmonida uchrashib, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH) tuzilganligini e’lon qildi. 1991-yil 21-dekabrda Bitimga Ozarbayjon, Armaniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Moldaviya, Tojikiston, Turkmaniston davlatlari qatori Oʻzbekiston ham qoʻshildi. Hozirda bu tashkilotga 11 mustaqil davlat aʼzo: Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Qirgʻiziston, Qozgʻiston, Moldova, Rossiya, Tojikiston, Oʻzbekiston, Turkmaniston, Ukraina (Turkmaniston asoschi davlat sifatida shartnomaga qoʻshilgan boʻlsada, kuztuvchi darajasida qolmoqda, Ukraina esa 2014-yilda Rossiya bilan munosabatlari yomonlashishi natijasida a’zoligi bahsli darajada turibdi, ya’ni Ukraina rahbarlari MDHdan chiqib ketishini aytgan boʻlsada rasman chiqib ketgani yoʻq). Oʻzbekiston hukumati hamdoʻstlik davlatlari bilan ikki tomonlama va koʻptomonlama asosda iqtisodiy, savdo va madaniy hamkorlik oʻrnatishga harakat qildi. 1992-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va boshqalar bilan shartnomalar tuzdi.
MDH davlatlari boshliqlarining 1992-yil may oyida Toshkentda boʻlib oʻtgan uchrashuvida Oʻzbekiston Prezidentining tashabbusi bilan Kollektiv xavfsizligi shartnomasi tashkiloti (KXShT) tuzildi. Oʻshanda Armaniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Tojikiston va Oʻzbekiston kollektiv xavfsizlik toʻgʻrisidagi shartnomani imzolagan. 1993-yil 9-sentyabrda Gruziya, 24-sentyabrda Ozarbayjon va 31-dekabrda Belarus shartnomani imzolagan. Shartnoma 1994-yil 20-apreldan kuchga kirgan. U 5 yilga moʻljallangan boʻlib, uzaytirilishi koʻzda tutilgandi. 1999-yil 2-aprelda Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya va Tojikiston prezidentlari shartnomani yana besh yil muddatga uzaytirish toʻgʻrisidagi protokolni imzoladi, ammo Ozarbayjon, Gruziya va Oʻzbekiston shartnomani uzaytirishni istamadi va tashkilotdan chiqib ketdi. 2006-yil 16- avgustda KXShT tarkibiga qaytadan kirdi. 2012-yil 28-iyunda esa Toshkent KXShTga a’zoligini toʻxtatib turishini bildirdi. KXShT - xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik va osoyishtalikni, aʼzo mamlakatlar mustaqilligi, hududiy daxlsizligi va suverenitetini kollektiv himoya qilish uchun tuzilgan mintaqaviy xalqaro tashkilot. KXShTning maqsadi shartnomaga a’zo davlatlarning hududiy-iqtisodiy makonini har qanday tashqi siyosiy tajovuzlardan hamda yirik miqyosdagi tabiiy ofatlardan birgalikda armiya va boshqa yordamchi boʻlinmalar yordamida himoya qilish hisoblanadi. KXShTga a’zo davlatlar orasida ayrim kelishmovchiliklar va tashkilotdagi yagona strategiyaning yoʻqligi hamda Oʻzbekiston tashqi siyosatida harbiylashgan ittifoqlarga a’zo boʻlmaslik tamoyilining vujudga kelishi Oʻzbekistonning bu tashkilotdan chiqishiga olib kelgan.
MDH davlatlari oʻrtasida davlatlararo iqtisodiy qoʻmitaning tuzilishi bu mamlakatlar oʻrtasida iqtisodiy aloqalarni kengaytirishda muhim bosqich boʻldi. MDHga a’zo davlatlar rahbarlari unga bir yildan rayislik qiladi. 2020-yil MDHga Oʻzbekiston rayislik qildi. Mamlakatimiz MDH doirasidagi hamkorlikning sifat jihatidan yangi bosqichiga izchil oʻtish, sheriklik mexanizmlari va qabul qilingan hujjatlar ijrosi samaradorligini oshirish tarafdoridir.
2020-yil 18-dekabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashining videoanjuman shaklidagi majlisida Shavkat Mirziyoyev tashkilot doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishga doir qator takliflarni ilgari surdi. Xususan, bugungi sharoitda mamlakatlarimiz iqtisodiyotlari, savdo va kooperatsiya aloqalarini jadal sur’atlarda qayta tiklash, hamdoʻstlik doirasida “yashil” va soddalashtirilgan yoʻlaklar amaliyotini keng joriy etish, elektron savdoni rivojlantirish boʻyicha yagona platformani ishga tushirish va “yoʻl xaritasi”ni qabul qilish, sanoat kooperatsiyasi boʻyicha kompleks dastur ishlab chiqish, agrosanoat, mashinasozlik, elektrotexnika, yengil va oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika va boshqa ustuvor tarmoqlarda qoʻshma klasterlar tashkil etish, transport yoʻlaklari raqobatbardoshligini oshirish, texnik reglament va standartlarni uygʻunlashtirish, oʻzaro kelishilgan tarif siyosatini amalga oshirish va preferensiyalarni oʻzaro taqdim etish, turizmni rivojlantirish, hamdoʻstlik davlatlarida mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolarni ijtimoiy va huquqiy himoya qilish va boshqa tashabbuslarni ilgari surdi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston MDHda oʻz milliy koordinatori darajasini Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosaridan Bosh vazir oʻrinbosarigacha koʻtardi, MDH Iqtisodiy kengashidagi oʻz ishtirokini tikladi.
Turkiy mamlakatlar bilan aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi. 2019-yil sentyabrda mamlakat Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (TTDHK)ga aʼzo boʻldi. (Bu tashkilot nomi 2021-yilda Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) deb oʻzgartirildi). Ozarbayjon, Oʻzbekiston, Qirgʻisizton, Qozagʻiston, Turkiya Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar, Vengriya va Turkmaniston esa kuzatuvchi davlatlar hisoblanadi. Uzoq muddatli istiqbolda TDT Yevropa, Oʻrta Sharq, Kavkaz va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi keng makonda mintaqaviy hamkorlikning oʻziga xos mexanizmidan iborat mintaqaviy birlashmaga aylanishi kerak.
Tashkilot bilan hamkorlikning faollashuvi mamlakatimiz uchun qoʻshni mamlakatlar bilan ham, mintaqadan tashqari yaqin hamkorlar (Turkiya, Ozarbayjon) bilan ham koʻp tomonlama aloqalarni rivojlantirishning yangi imkoniyatlarini ochadi. Tashkilot ishida doimiy aʼzo sifatida ishtirok qilish Toshkentga xalqaro maydonda oʻz tashabbuslarini ilgari surish, shuningdek, mamlakatning turkiy-islom taraqqiyoti markazlaridan biri sifatida xalqaro nufuzi va maqomini mustahkamlash uchun qoʻshimcha siyosiy-diplomatik resurslar beradi.
Oʻzbekiston faol hamkorlik qilayotgan yana bir mintaqaviy tashkilot Shanxay hamkorlik tashkilotidir. ShHTga 2001-yil 15-iyun Xitoyning Shanxay shahrida asos solingan. Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar —Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Tojikiston, Oʻzbekiston, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Eron. Kuzatuvchi davlatlar - Afgʻoniston, Moʻgʻiliston va Belarus. Hamkor davlatlar – Armaniston, Ozarbayjon, Turkiya, Kombodja, Nepal va Shri-Lanka. Tarixiy oʻlchovlar boʻyicha nisbatan qisqa muddatda ShHT obroʻli, nufuzli xalqaro tuzilma sifatida shakllandi. Oʻzbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotini terrorizm va ekstremizmga, narkotik va qurolning noqonuniy aylanmasiga, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlik uchun vosita sifatida baholaydi.
Oʻzbekiston uchun Shanxay hamkorlik tashkilotining iqtisodiyot, jumladan, transport kommunikatsiyalarini qurish va qayta tiklash sohasidagi faoliyatini ham faollashtirish, Shanxay hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikdan manfaatdor boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni rivojlantirish ustuvor vazifa hisoblanadi.
Oʻzbekiston Islom hamkorlik tashkiloti bilan ham izchil oʻzaro hamkorlikni rivojlantirmoqda va uni muqaddas islom qadriyatlarini saqlash hamda rivojlantirish, musulmon xalqlar oʻrtasidagi birdamlikni mustahkamlash, ularning taraqqiyoti va ravnaqiga koʻmaklashishga qaratilgan samarali forum sifatida baholaydi. Oʻzbekiston Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlarning taʼlim va maʼrifat, fan va texnikani rivojlantirish, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni joriy qilish sohasida oʻzaro hamkorligi tarafdoridir.
Mamlakatimiz xalqaro moliya institutlari va savdo tashkilotlari — Jahon banki, Xalqaro valyuta fondi, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Jahon savdo tashkiloti va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikni sifatli kengaytirish va takomillashtirishga eʼtibor qaratgan. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikning yoʻlga qoʻyilishi ushbu institut tomonidan Oʻzbekiston hududlarida ijtimoiy ahamiyatli loyihalarning mablagʻ bilan taʼminlanishiga xizmat qiladi.
Oʻzbekistonning xalqaro moliya muassasalari bilan hamkorligi kun tartibida investitsiyaviy va amaliy muhitni yaxshilash, mamlakatning kredit reytingini oshirish, valyuta-kredit siyosatini takomillashtirish, bank-moliya sohasida milliy mutaxassislar malakalarini oshirish turibdi.
Asosiy maqsad — milliy iqtisodiyotning modernizatsiya qilinishini jadallashtirish va uning raqobatbardoshligini kuchaytirish uchun jalb qilinadigan xorijiy investitsiyalar va moliya mablagʻlari hajmini oshirish, mamlakatning eksport salohiyatini rivojlantirish va infratuzilmani takomillashtirish, turmush darajasini oshirish va aholining farovonligini taʼminlashdan iborat.
Mustaqillik yillarida Oʻzbekiston jahondagi 105 mamlakatni birlashtiruvchi qoʻshilmaslik harakatiga qabul qilindi, boʻlgʻusi jahon parlamentining timsoli boʻlmish Parlamentlararo Ittifoqqa kirdi. Oʻzbekiston Respublikasi 1996-yildan Islom konferensiyasi tashkiloti (IKT)ga toʻliq aʼzo boʻlib kirgan. Oʻzbekiston Respublikasi bir qator ixtisoslashgan nufuzli xalqaro tashkilotlar - Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon Pochta ittifoqi, Elektr aloqasi boʻyicha xalqaro ittifoq, Jahon meteralogiya tashkiloti, Xalqaro Olimpiada qoʻmitasi, Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik va boshqalarning a’zosi boʻldi. Bularning hammasi Oʻzbekiston Respublikasining tarixan qisqa vaqtda xalqaro hamjamiyatga qoʻshilganining, xalqaro hamjamiyatning teng huquqli a’zosi sifatida dunyo siyosatida faol qatnashayotganligining yaqqol ifodasidir.
Oʻz navbatida Oʻzbekiston Respublikasi oʻzining tashqi siyosatida milliy, mintaqaviy xavfsizlik masalalariga jahon xavfsizligining tarkibiy qismi sifatida qaraydi. Oʻzbekiston Birinchi Prezidenti oʻzining “Oʻzbekiston XXI asr boʻsagʻasida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” asarida ta’kidlaganiday, “Hozirgi sharoitda, umumiy xavfsizlikni ta’minlash va muvozanatga erishish manfaatlari nuqtai nazaridan yangi mustaqil davlatlarning xavfsizligi va barqaror rivojlanish muammolari ulkan ahamiyat kasb etmoqda”.



Download 1.94 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   53   54   55   56   57   58   59   60   ...   90




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling