H. O. Yorqulov Oʻzbekistonning eng yangi tarixi
-BOB. OʻZBEKISTON VA JAHON HAMJAMIYATI
Download 1.94 Mb.
|
O\'zbekistonning eng yangi tarixi. O\'quv qo\'llanma2
10-BOB. OʻZBEKISTON VA JAHON HAMJAMIYATI
10.1. Mustaqil Oʻzbekiston tashqi siyosati asoslarining ishlab chiqilishi va uning tamoyillari. XX asrning oxiri XXI asr boshlarida dunyo davlatlari oʻzaro aloqalarda yangi sifat bosqichiga koʻtarildi. Bu bevosita texnika texnologiyalarning, transport infratuzilmalarining rivojlanishi, davlatlar va xalqlar oʻrtasida yaqinlashuv jarayonlari va hamkorlikliklarning kuchayishi, yaxlit siyosiy va iqtisodiy makonlarning vujudga kelishi, yagona xalqaro me’yorlar, qoidalar va andozalarga oʻtish, sotsialistik lagerning yemirilishi, totalitar tuzumlarning tugatilishi, bu tuzumlar oʻrnida yosh mustaqil davlatlarning paydo boʻlishi bilan bogʻliq boʻldi. Shu jarayonlarning bir qismi sifatida Oʻzbekiston ham mustaqillikka erishgandan keyin dunyo mamlakatlari bilan diplomatik, savdo iqtisodiy va boshqa aloqalarni oʻrnata boshladi. Oʻzbekiston suveren, mustaqil davlat sifatida koʻplab davlatlar, mamlakatlar tomonidan e’tirof etildi. Hozirda Oʻzbekiston 141 ta davlat bilan diplomatik aloqalar oʻrnatgan. Oʻzbekiston mustaqil davlat sifatida oʻz milliy manfaatlariga asoslangan tashqi siyosatini ishlab chiqdi. Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosati milliy qonunchilikka va xalqaro huquqiy me’yorlarga asoslanadi. 1996-yil 26-dekabrda “Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyatining asosiy prinsiplari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingan. Bu qonunning 1-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosati va xalqaro faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyasining normalari va prinsiplariga, “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi qonunga, “Mudofaa toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga, Oʻzbekiston respublikasining harbiy doktrinasiga, boshqa qonunlarga, Birlashgan Millatlar Tashkilotining hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining prinsiplari va maqsadlariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan ratifikatsiya qilingan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va bitimlaridan kelib chiqadigan majburiyatlarga asoslanadi”48, - deb yozib qoʻyilgan. Oʻzbekiston Respublikasi oʻz milliy manfaatlariga asoslangan holda ochiq, oʻzaro manfaatli va konstruktiv tashqi siyosat olib boradi. Respublikaning zamonaviy tashqi siyosiy kursi dunyoda va mintaqada shiddat bilan oʻzgarayotgan vaziyat, hamda mamlakatning ichidagi keng koʻlamli oʻzgarishlarga asoslanib shakllanadi. Oʻzbekiston oʻz milliy manfaatlariga javob beradigan, mamlakatning jahon hamjamiyatiga qoʻshilishini ta’minlaydigan, milliy, mintaqaviy va jahon xavfsizligiga koʻmaklashadigan tashqi siyosat yurgizmoqda. Uning asosiy qoidalari Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti asarlarida, ma’ruza va nutqlarida asoslab berilgan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida qonunlashtirilgan. “Respublika davlatning, xalqning oliy manfaatlari, farovonligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida ittifoqlar tuzish, hamdoʻstliklarga va boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirish va ulardan ajralib chiqishi mumkin” deyiladi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 17-moddasida. Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosatiga quyidagi qoidalar asos qilib olingan: - davlatning suveren tengligi va chegaralarning daxlsizligini hurmat qilish; - boshqa davlatning ichki ishlariga aralashmaslik; - nizolarni tinch yoʻl bilan hal qilish; - kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik; - inson huquqlarini va erkinliklarini hurmatlash; - ichki milliy qonunlardan xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalari va normalarining ustuvorligini tan olish; - tajovuzkor harbiy bloklar va uyushmalarga kirmaslik; - davlatlararo teng huquqli va oʻzaro manfaatli hamkorlik. Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosatida tinchlik, barqarorlik, hamkorlik tamoyillari ustunlik qiladi. Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyatining bosh maqsadi – davlat mustaqilligi va suverenitetini, xalqaro maydondagi oʻrni va rolini mustahkamlash, yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qoʻshnichilik muhitini shakllantirish, respublikaning tashqi iqtisodiy manfaatlarini faol tarzda ilgari surish. Respublika harbiy-siyosiy bloklarga qoʻshilmaslik kursiga sodiq boʻlib, oʻz hududida xorijiy harbiy bazalar va obyektlarni joylashtirishga, shuningdek, mamlakat harbiy xizmatchilarining chet eldagi tinchlikparvarlik amaliyotlarida yoki harbiy mojarolarda ishtirok etishiga yoʻl qoʻymaydi. Oʻzbekiston barcha qarama-qarshiliklar va nizolarni faqat tinch siyosiy yoʻllar bilan hal qilish tarafdori. Oʻzbekiston davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, xalqaro majburiyatlarni vijdonan bajarish, inson huquqlarini hurmat qilish va himoya qilish, xalqaro huquqning boshqa umume’tirof etilgan tamoyilllari va normalariga amal qilish, xavfsizlikning boʻlinmasligi, ochiqlik va pragmatizm, qoʻshni mamlakatlar bilan har tomonlama yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini rivojlantirish, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash kabi asosiy tamoyillarga tayangan holda tinchlik, taraqqiyot va farovonlik yoʻlida barcha sheriklar bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor. Xalqaro ekspertlarning fikricha, yangi Oʻzbekiston oʻzining ochiqligi va jadalligi bilan ajralib turgan izchil, samarali va konstruktiv siyosat yuritmoqda. Bu esa global miqyosda shiddatli oʻzgarishlar yuz berayotgan hamda xalqaro maydonda kuchlarning yangi nisbati shakllanayotgan davrda olib borilmoqda. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning iqtisodiy ochiqligi hamda investitsiyalar va biznes uchun jozibadorligi, aholining barcha muammoli masalalarni yakdillik, oʻzaro hurmat va hamjihatlik asosida hal etishga intilishi, mamlakatda mukammal huquqiy poydevorning yaratilishi, dunyo davlatlari bilan muvozanatli va oʻzaro manfaatli aloqalar yuritilishi, siyosiy ishonch va xalqaro huquqqa rioya etilishi asosidagi oʻzaro hamkorlikka intilishi xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanmoqda. Bu esa oʻzaro diplomatik aloqalarning yangi bosqichiga asos boʻlmoqda. Shu bilan birga, tashqi siyosatni olib borishdagi asosiy e’tibor siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-gumanitar va boshqa sohalarga, shuningdek, Oʻzbekiston atrofida tinch, barqaror hamda xavfsiz muhitni shakllantirishga qaratilmoqda. Download 1.94 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling