Hamkorlik masalalari” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallari
Diskurs tushunchasi va kategoriyalari
Download 5.91 Mb. Pdf ko'rish
|
Konferensiya materiallari 2022 tahrir yangi xatosiz (2)
Diskurs tushunchasi va kategoriyalari
Har qanday keng qo‘llaniluvchi tushuncha kabi diskurs tushunchasining ham ko‘plab ilmiy talqinlari mavjud. Debora Shifrin bu tushunchaning uch asosiy sharhini ajratadi. Birinchisi, formal va struktur tilshunoslik nuqtayi nazaridan diskurs shunchaki “gap va so‘z birikmasidan yuqori darajadagi til” – “bir-biri bilan mazmuniy bog‘langan ikki yoki undan ortiq bo‘lgan gap” tarzida sharhlanadi. Mazmuniy bog‘liqlik mezoni sezilarli tuzatishni olib kiradi, lekin baribir umumiy tendensiyani saqlab qoladi. Bu yondashuvda ular o‘rtasidagi munosabat turi va joylashish qoidalari jamlangan butun bir birlikni tashkil etuvchi iyerarxiya tuziladi. Lekin bu turdagi juda mavhum bo‘lgan tuzilmalar tabiiy muloqot tahlilida qo‘llashda qiyinchilik tug‘diradi. Ikkinchi yondashuv diskursga har qanday “tilning qo‘llanishi” sifatidagi funksional ta’rifni beradi. Bu yondashuv diskurs funksiyalari tahlilini ijtimoiy-madaniy doirada tilning funksiyalarini o‘rganish orqali asoslanishini nazarda tutadi. D.Shifrin shakl va funksiyalarning o‘zaro munosabatini namoyon qiluvchi tavsifning uchinchi variantini taklif qiladi: “Diskurs mulohaza sifatida”. Bu tavsif diskurs til strukturasining ajratib olingan sodda to‘plami emas, balki butun bir tilning funksional shakllantirilgan birliklarining qo‘llanishini nazarda tutadi. Bu holatda mulohaza borasidagi yondashuvlarning turlichaligi qiyinchilik tug‘diradi. M. Stabbs diskursning uch asosiy tavsifini ajratadi: shakliy jihatdan – bu gapdan katta bo‘lgan til birligi; mazmun jihatidan – diskurs tilning ijtimoiy doirada (matnda) qo‘llanishi bilan bog‘liq; tuzilishiga ko‘ra diskurs interfaol, ya’ni dialogik bo‘ladi. P.Serio “diskurs” terminining 8 ta ma’nosini ajratadi: nutq tushunchasining ekvivalenti (F.Sossyur bo‘yicha), ya’ni har qanday aniq mulohaza; gapdan katta bo‘lgan birlik; mulohaza bildirayotgan vaziyatdan kelib chiqqan holda qabul qiluvchiga mulohazaning ta’siri; 207 suhbat mulohazaning asosiy turi sifatida; hikoya qilishga qarama-qarshi bo‘lgan, bunday jihatni hisobga olmaydigan so‘zlovchi nuqtayi nazaridagi nutq (E.Benvenist); til birliklarining qo‘llanishi, ularning nutqiy aktuallashishi; ijtimoiy yoki g‘oyaviy chegaralangan mulohaza turi, masalan, feministik diskurs; matn hosil qilish talablari tadqiqiga mo‘ljallangan nazariy tuzilma. Ko‘plab diskurs tadqiqotchilari diskurs kategoriyalarini aniqlash va asoslash masalalari bilan shug‘ullangan. V.I. Karasik (2002) diskursni o‘rganishdagi turli yondashuvlarning tahlili asosida diskurs kategoriyalarining quyidagi tasnifini taklif qiladi: konstituativ – matnni boshqa birliklardan farqlaydi (nisbiy shakllangan, mavzuviy, uslubiy va struktur birlik hamda mazmuniy tugallik); janriy-uslubiy – nutqning funksional turlariga muvofiq bo‘lgan matnlar (uslubiy belgilar, janriy qoidalar, qoliplilik, amplifikatsiya (badiiy uslubda tasvirni kuchaytirish uchun bir turdagi sifatlovchilarni qator ishlatish) va kompressiya darajasi); mazmunli (semantik-pragmatik) matn mazmunini ochib beruvchi (adresatga qaratilganlik, muallif obrazi, intertekstual oriyentatsiya); formal-struktur – matnni tuzish usulini belgilaydi (tuzilishi, ajratilishi, kogeziya). Yuqoridagi ko‘rsatib o‘tilgan har bir guruh xususiy kategoriyalarga asos bo‘ladi (aniqlik, ravshanlik, teranlik, eksplikativ/implikativ). Konstituativ kategoriyalar kommunikativ postulatlar, ya’ni muvaffaqiyatli muloqot prinsiplari nazariyasidan kelib chiqadi. Agar muloqot normal, ya’ni so‘zlashuvchilarning motiv va intensiyalariga, mazkur jamiyatdagi muloqot qoidalariga muvofiq kechsa, unda diskursning bu jihatlari sezilmaydi. Ular faqat kommunikativ to‘xtash, adashish holatlarida anglanadi. Bu kategoriyalar tarkibida, avvalo, nisbiy shakllanganlik farqlanadi. Agar nutq sharhlanmasa, tuzilmagan bo‘lsa, butun bir ta’lim sifatida qabul qilinmasa va kattaroq matn tarkibidan ajratilmasa, uni matn deb ayta olmaymiz. Janriy-uslubiy kategoriyalar adresatga muloqotning me’yor va qoidalari, o‘rinlilik talablari, kommunikativ axloq haqidagi tasavvurlari asosida biron- bir matnni muayyan muloqot doirasiga yetkazish imkonini beradi. Bu kategoriyalar mazmunni shakllantiruvchi emas, balki yo‘naltiruvchi hisoblanadi. Bu kategoriyalarning mohiyatini tahlil qilishning asosiy o‘rni kommunikativ vaziyat hisoblanadi. Bu diskursning tabiiyligi masalasi bilan bog‘liq: ba’zi muloqotlar tabiiy hisoblanishi uchun kommunikantlar ongida “baholanayotgan diskursiv hodisalarning eng yuksak modellari” namoyon bo‘lishi kerak (Surikova, 2002). Ya’ni bizning ongimizda muayyan diskursning konsepti, uning turi va janrlari mavjud. Kommunikatsiya ishtirokchilarining nuqtayi nazaridan masofali, shaxsiy-yo‘naltirilgan va huquqiy-yo‘naltirilgan zidliklar muloqoti ahamiyatli hisoblanadi. Institutsional diskurs ishtirokchilaridan farqli o‘laroq, shaxsiy diskurs ishtirokchilari o‘zining xislatlaridan kelib chiqib muloqotga kirishadi va u graduallik xususiyatiga ega bo‘ladi. Maqomi bir xil bo‘lmagan (o‘qituvchi va o‘quvchi, ona va bola va h.) kommunikatsiya ishtirokchilari muloqoti uning yadrosi bo‘lib hisoblanadi. Uning periferiyasida institut vakili bilan mazkur institutga tegishli bo‘lmagan shaxs aloqasi turadi. So‘zlovchining o‘z fikri nuqtayi nazaridan – badiiy-yo‘naltirilgan va kundalik- yo‘naltirilgan muloqot zidlanadi. Badiiy-yo‘naltirilgan muloqot muallifning o‘zini ochish vazifalarini bajaradi va shaxsiy-yo‘naltirilgan muloqot bilan kesishadi, chunki ijodda shaxsning o‘z sifatlari ochiladi. Kundalik-yo‘naltirilgan muloqot so‘zlovchining amaliy ehtiyojlarini qondirishga yo‘nalgan bo‘ladi, u ko‘proq ifodalarni tejab ishlatishga intiladi. Nutqiy kommunikatsiyaning bu turi noverbal kommunikatsiyaga nisbatan ikkilamchidir. V.I. Karasik tomonidan ajratilgan kategoriyalarning bu zidligi V.G. Borbotko (1998) taklif qilgan nutqning diskursiv va rekursiv tashkillashtirilishi, ya’ni tildan ijodiy va standart foydalanish zidligi bilan muvofiq keladi. Shuningdek, V.I. Karasik bazaviy va proyektiv diskurs turlarini zidlantirib, janriy kategoriyalarga proyektiv kategoriyani ham kiritadi. Tabiiy, janriy-uslubiy kategorizatsiya nutqning funksional uslublari bilan ham bog‘liq. Shu bilan bog‘liq ravishda V.I. Karasik “diskurs formati (hajmi)” tushunchasini kiritadi. Bunda olim kommunikativ masofa oralig‘i asosida 208 ajratiladigan, ijtimoiy institutlarda shakllanadigan so‘zlovchining xususiyati aks etishi darajasi, muloqotda ko‘p qo‘llanadigan til vositalari ko‘rsatkichi ifodalanadigan diskurs turini tushunadi. Olimning fikricha, bu formatlarning miqdori katta, lekin ularni o‘lchash mumkin. Shuningdek, janriy-uslubiy kategoriyalarga matnning kegayishi / qisqarishi (amplifikatsiya/kompressiya) kategoriyasi ham kiradi. Muayyan nutqiy harakatning haddan ortiq kengaytirilishi qo‘shimcha maqsadlarni aks ettiradi (iltimos + xushomad + kinoya + bevosita va bavosita ishoralar + o‘yin va h.). Shuningdek, haddan ortiq kengayish belgili xarakterga ega bo‘ladi va favqulodda hodisalardan yoki mazkur nutqiy aktning boshqasiga (yordam so‘rash – buyruqqa) o‘zgarishidan ogohlantiradi. Mazmuniy (semantik-pragmatik) – diskursning bu turi tilshunoslikda oldindan muhokama qilib kelinayotgan matn kategoriyalari bilan muvofiq keladi. Bunga matnning ham axborotlilik (I.R.Galperin bo‘yicha – daliliy, konseptual, tagma’nolilik), ham mazmuniy butunlik va adresatga yo‘nalganligi kiradi. Bunda umumiy va xususiy kategoriyalar ajratiladi: birinchisi matnning barcha turlariga tegishli, ikkinchisi faqat muayyan matnlarda uchrashi mumkin. Masalan, V.I. Karasikning ko‘rsatishicha, adresatga yo‘nalganlik she’rda va qandaydir mahsulotni qo‘llash ko‘rsatmasida mavjud bo‘ladi, lekin ko‘rsatmada tagma’no bo‘lishi ehtimoldan yiroq hodisa. Ijtimoiy oraliq masofa turi muhim kategoriya sanaladi, masalan, dialog tinglovchiga murojaat sifatida, monolog esa ovoz chiqarib tafakkur qilish, pleolog o‘quvchilarga (bir auditoriyadan katta o‘quvchilar) murojaat sifatida ajratiladi. Matnning talqin qilinishi ham mazmuniy kategoriyalar qatoriga kiritiladi. U ko‘pincha matnning aniqlik, ravshanlik, teranlik xususiy kategoriyalari (talqinning ko‘p ma’noliligi ehtimoli) va eksplikativlik/implikativlik (bavosita ifodalangan fikrning mavjudligi)da namoyon bo‘ladi. Ko‘rsatilgan kategoriyalarning xususiyatlari matnning hajmiga qarab bir qadar o‘zgaradi. Formal-struktur kategoriyalar tilshunoslik adabiyotlarida yetarli darajada yaxshi o‘rganilgan va tavsif etilgan. Ular boshqa guruh kategoriyalari bilan uzviy bog‘langan. Masalan, matnning formal bog‘langanligi mazmuniy bog‘liqlik bilan o‘zaro munosabatda bo‘ladi. Matn kommunikatsiyaning asosiy birligi sifatida Matn – shu qadar ko‘p qirrali va turli-tuman hodisaki uning yagona tushunchasi va tavsifi yo‘q va bo‘lishi ham ehtimoldan yiroq. Ko‘pchilik tilshunoslar tomonidan ko‘p vaqtlardan beri matn – kommunikatsiyaning asosiy birligi ekanligi tan olingan. Vaynrixning ifodasi bo‘yicha “biz tarqoq so‘zlar bilan emas, balki gap va matnlar orqali so‘zlashamiz va nutqimiz vaziyatdan kelib chiqib tuziladi” (Shmidt Z.Y, 1978). Tadqiqotchilar 70-yillarning boshlaridan matn va diskurs tushunchalarini farqlashga harakat qilishmoqda. Xorij lingvistikasida bu tushunchalar o‘zaro bir-biri o‘rnida almashinib qo‘llanib kelingan edi. Buning uchun bu juftlikka vaziyat kategoriyasi ham kiritilgan. Diskursni “matn +vaziyat” sifatida talqin qilish taklif qilindi. Bunda til kommunikatsiyasini o‘rganishning keng yondashuvi sifatidagi diskurs-tahlilni tushunishning umumiy tendensiyasi o‘z aksini topgan. Nutq sifatida tushuniladigan diskurs termini matndan farqli o‘laroq, odatda qadimgi matnlarga xos bo‘lmaydi. Shunday bo‘lsa ham, oxirgi vaqtlarda diskurs-tahlil va diskurs terminining o‘zini turli madaniy-tarixiy manbalar tiliga, masalan, diniy matnlar, adabiy asarlar, ommaviy madaniyat matnlari, psixoanalizga nisbatan qo‘llash uchramoqda. Ba’zi tilshunoslar diskursni bir muallifga tegishli bo‘lgan matnga zid tarzda interfaol nutqiy o‘zaro ta’sir usuli sifatida talqin qilmoqda. Bu esa mazkur tushunchani an’anaviy dialog – monolog oppozitsiyasi bilan yaqinlashtiradi. Diskurs-tahlil til munosabatining ijtimoiy-madaniy, interfaol tomonlarini o‘rganadi, lekin bu uning faqat og‘zaki dialoglar bilan chegaralanishiga doir xulosani bermaydi: tilning har qanday bo‘lagi, aytaylik, oddiy yozma matn ham mana shu nuqtai nazardan o‘rganilishi mumkin. Aksariyat funksional yo‘naltirilgan tadqiqotlarda diskurs va matn oppozitiv mezonlar qatoriga qo‘yiladi: funksionallik – strukturlik, jarayon – mahsulot, dinamiklik, turg‘unlik, muhimlik – virtuallik. Shunga muvofiq tarzda mahsulot sifatida struktur matn va jarayon sifatida funksional diskurs farqlanadi. 209 Matn – bu diskursda shakllanuvchi mavhum nazariy qurilma, degan nuqtai nazar ham mavjud. J. Lichning fikricha, matn axborotda shakllanadi va uning vositasida diskurs amalga oshadi, ya’ni diskurs fikr bilan o‘zaro munosabatda bo‘ladi. Masalaning boshqa yechimi V.V. Bogdanov (1993) tomonidan shakllantirilgan bo‘lib, u ancha keng yoyilgan. U nutq va matnni diskursning teng bo‘lmagan ikki tomoni, ikki jihati sifatida o‘rgangan. Har qanday nutq matnga aylanmaydi va har qanday matnni ham ovozda amalga oshirish mumkin emas. Shuning natijasida diskurs keng ma’noda tushuniladi, u nutq orqali ham, yozuv orqali ham amalga oshiriladi, boshqacha aytganda, bir vaqtning o‘zida ham nutq faoliyati, ham til materiali hisoblanadi, chunki uni tovush orqali yoki grafik belgilar orqali ifodalash mumkin. Diskurs matnga qaraganda kengroq tushuncha. U bir vaqtning o‘zida ham til faoliyati jarayoni ham uning natijasidir. Umuman olganda, diskurs – “shu yerda va hozir” voqelanayotgan dialog yoki polilog bo‘lib, unga kirishishning bir qancha shartlari mavjud. Ya’ni, diskurs mavzusini bilish, u haqida ma’lumotga ega bo‘lishi, diskurs amalga oshirilayotgan tilga ega bo‘lishi, guruhga mansub bo‘lishi, maqomi va darajasi diskursga kirishishiga imkon berishi talab etiladi. Download 5.91 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling