Harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida


Harbiy mansabdorlik jinoyatlariga oid ishlarni ko‘rish bilan bog‘liq masalalar


Download 48.97 Kb.
bet5/7
Sana10.11.2023
Hajmi48.97 Kb.
#1763928
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
23 15.09.2000

Harbiy mansabdorlik jinoyatlariga oid ishlarni ko‘rish bilan bog‘liq masalalar
4.1. Harbiy mansabdorlik jinoyatlari harbiy boshqaruv organlarining Qurolli kuchlar salohiyatini mustahkamlash manfaatlariga mos keluvchi, to‘g‘ri faoliyatiga, harbiy boshliq va mansabdor shaxslar uchun belgilangan xizmat vazifalarini amalga oshirish tartibiga tajovuz qiladi.
Harbiy mansabdorlik jinoyatlarning subyektlari harbiy boshliqlar va boshqa mansabdor shaxslar bo‘lishi mumkin. Ichki xizmat Nizomiga muvofiq boshliq xizmat mavqeyi (lavozimi)ga va harbiy unvoniga ko‘ra bo‘lishi mumkin. Harbiy mansabdor shaxslarning namunaviy ro‘yxatlari Ichki xizmat Nizomida, Intizomiy Nizomda, Garnizon va qorovul xizmati Nizomida va boshqa huquqiy aktlarda keltirilgan.
Boshqa harbiy xizmatchilar ham, agar ular boshliq bo‘lmay turib, muayyan tashkiliy-farmoyish berish yoki ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan lavozimlarni doimiy yoki vaqtincha egallab tursa, yoki bu vazifalarni qo‘mondonlikning maxsus farmoyishi bo‘yicha bajarsa, mansabdor shaxs bo‘lishi mumkin. Ushbu vazifalarni bajarish uchun harbiy xizmatchilarga yuridik ahamiyatga ega harakatlar sodir eta olishi bilan bog‘liq tegishli vakolatlar beriladi.
Harbiy mansabdorlik jinoyatlarining ijrochilari sifatida faqat boshliqlar va mansabdor shaxslar, ishtirokchilari bo‘lib esa, — boshqa shaxslar ham bo‘lishi mumkin.
Harbiy mansabdorlik jinoyatlarining o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, uni sodir etishdan kelib chiqadigan ijtimoiy xavfli oqibatlar, ba’zan, aybdor tomonidan bevosita emas, balki xizmat bo‘yicha unga tobe shaxslardan foydalanish, ularga noqonuniy buyruq berish orqali yetkazilishi mumkin. Bunday buyruqni qasddan bergan mansabdor shaxs noqonuniy buyruqni ijro etish natijasida kelib chiqqan oqibatlar uchun javob beradi. Bunday holda uning xatti-harakati shaxsan o‘zi sodir etgani singari mansabdorlik jinoyati sifatida, agar oqibatlarning o‘zi mustaqil jinoyatni tashkil etsa, qilmishlar majmui bilan tavsiflanishi lozim.
Mansabdor shaxsning noto‘g‘ri harakatlari bilan u sodir etgan jinoyat oqibatlari o‘rtasida sababiy bog‘lanish borligi aniqlangan bo‘lishi kerak.
4.2. Hokimiyatni yoki xizmat mavqeyini suiiste’mol qilish — boshliq yoki boshqa mansabdor shaxsning qasddan o‘z xizmat mavqeyidan harbiy xizmat manfaatlariga zid maqsadlarda foydalanishidir.
Hokimiyatni yoki xizmat mavqeyini suiiste’mol qilish mansabdor shaxs tomonidan uning o‘z vakolatlarini buzishida ifodalanishi mumkin, ammo bu harakatlar aybdor zimmasiga xizmat yuzasidan yuklatilgan u yoki bu muayyan huquq va majburiyatlarning buzilishi bilan bog‘liq bo‘lmasligi ham mumkin. Biroq, barcha hollarda ham shaxs mazkur xatti-harakatlarni, faqat o‘zi egallab turgan xizmat mavqeyiga ko‘ra sodir etgan bo‘lishi va bu xatti-harakatlar o‘z mohiyatiga ko‘ra xizmat burchiga zid bo‘lishi shart.
Xizmat manfaatlariga xilof ravishda sodir etilgan deb, xizmat zarurati taqozo etmagan, xizmat burchi va mansab majburiyatlarini buzadigan, qonunlar, harbiy nizomlar va qo‘mondonlik buyruqlariga zid bo‘lgan xatti-harakatlar tushunilishi lozim. Bunda xizmat bo‘yicha yuklatilgan majburiyatlarning mansabdor shaxs tomonidan buzilishini, unga berilgan huquqlarning suiiste’mol qilinishini, o‘z faoliyatida qonun talablaridan chetga chiqilishini maqsadga muvofiqlik yoki xizmat zaruriyati tufayli qilingan deb oqlab bo‘lmaydi.
4.3. Hokimiyat yoki xizmat vakolatidan tashqariga chiqish, mansabni suiiste’mol qilishdan farqli o‘laroq, qo‘mondon yoki boshqa mansabdor shaxsning o‘ziga berilgan huquq va vakolatlar doirasidan qasddan, ochiqchasiga chetga chiqadigan harakatlarni sodir etishida ifodalanadi. Hokimiyat yoki xizmat vakolatidan tashqariga chiqish jumlasiga mansabdor shaxs xizmat yuzasidan faqat muayyan, ayni vaqtda mavjud bo‘lmagan hollardagina sodir etishga haqli bo‘lgan yoki yuqori lavozimda turgan yoxud maxsus vakolatli shaxs sodir etishi lozim bo‘lgan harakatlar ham kiradi.
Shaxsning xizmat mavqeyi doirasidan chetga chiqishda aybdorligi masalasini hal etish chog‘ida har doim uning vakolat doirasini aniqlab olish muhimdir. Harbiy mansabdor shaxslarning huquq va vakolatlari qonunlar, ustavlar, nizomlar va qo‘mondonlik buyruqlarida aniq belgilab qo‘yilgan. Ayni paytda shuni e’tiborga olish kerakki, mansabdor shaxs tomonidan qurol va boshqa jismoniy zo‘rlik ishlatilishi, agar bu harakatlar uning tomonidan o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishi va xizmat yuzasidan jabrlanuvchiga nisbatan mavjud vakolatlar doirasidan chetga chiqishi bilan bog‘liq bo‘lgan hollardagina hokimiyatni suiiste’mol qilish deb baholanishi mumkin. Jabrlanuvchi aybdorga tobe yoki aybdor hokimiyat vakili bo‘lganligi bois unga qaram bo‘lgan hollarda muayyan vakolatlar mavjud bo‘lishi mumkin. Aks holda shaxsga qarshi jinoyat uchun Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan javobgarlik yuzaga kelishi mumkin.
4.4. Hokimiyat harakatsizligi — boshliq o‘z harbiy xizmat majburiyatlariga ko‘ra sodir qilishi lozim bo‘lgan harakatlarni qasddan bajarmaganligida ifodalanadi.
Harbiy nizomlar, har bir boshliq o‘ziga berilgan hokimiyatdan harbiy xizmat manfaatlari, unga ishonib topshirilgan qism (bo‘linma)ning jangovar salohiyatini oshirish, tartib va intizomga qat’iy amal qilish yo‘lida to‘liq foydalanishi kerakligini talab etadi. Boshliqning jinoiy harakatsizligi, muayyan sharoitda ijtimoiy xavfli oqibatlarning oldini olish uchun qo‘llashi lozim bo‘lgan choralarni qo‘llamasligi harbiy xizmatga katta ziyon yetkazishi mumkin.
Agar bo‘linma qo‘mondoni o‘ziga tobe shaxs bo‘linma mulkini tashish paytida jangovar o‘qlarni o‘g‘irlab, begona shaxsga sotayotganligini ko‘ra turib, buning oldini olmasa, bu qo‘mondon jinoiy harakatsizlik uchun javobgarlikka tortilishi kerak.
Boshliqning tobe shaxslarga nisbatan ularning noustav harakatlariga barham berish uchun chora ko‘rmasligi ham hokimiyat harakatsizligi deb baholanishi lozim.
Hokimiyat harakatsizligi — qasddan qilinadigan xatti-harakat bo‘lib, u aynan shu bilan xizmatga sovuqqonlik bilan qarashdan farq qiladi. Hokimiyat harakatsizligi hokimiyat vakolatini suiiste’mol qilishdan shunisi bilan farq qiladiki, bu jinoyat boshliq faqat hokimiyat vakolati doirasida va faqat xizmat vazifasiga ko‘ra qilishi shart bo‘lgan harakatni sodir etmasligi shaklida bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham har bir holda bajarilmay qolgan harakatlarni sodir etish mazkur mansabdor shaxsning vakolatiga kirish-kirmasligi va buning uchun unda yetarli imkoniyat bo‘lgan-bo‘lmaganligi aniqlanishi zarur.

Download 48.97 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling