Ayirish sistemasi
- Ayirish sistemasi qorin bo'shlig'ida joylashgan ingichka va uzun malpigi naychalaridan iborat. Naychalarning bir uchi berk, ikkinchi uchi esa ichak bo'shlig'iga ochiladi. Tana bo'shlig'idagi qonda malpigi naychalariga har xil moddalar almashinuvi mahsulotlari sizib o'tib, naychalar bo'shlig'ida kristallanadi va ichak bo'shlig'iga tushadi, so'ngra oziq qoldig'i bilan birga chiqib ketadi.
- Hasharotlarning ichki organlarini yog‘ tanachalari qoplab turadi. Bu tanachalar hasharotlar uchun qo'shimcha oziq bo'lishi bilan birga ayrim zaharli moddalarni to'plash xususiyatiga ham ega.
Nerv sistemasi
- Nerv sistemasi boshqa bo'g'imoyoqlilarnikiga o'xshash bo'lib, halqum atrofi nerv halqasi va qorin nerv zanjiridan iborat. Boshdagi juda ko'p nerv hujayralari qo'shilib, bosh miyani hosil qiladi. Bosh miyadan hamma sezgi organlariga nervlar chiqadi. Murakkab fe'l-atvorga ega bo'lgan arilar va chumolilarning bosh miyasi va nerv tugunlari boshqa hasharotlarnikiga nisbatan juda kuchli rivojlangan. Qorin nerv zanjirida har bir tana bo'g'imiga mos ravishda nerv tugunlari joylashgan. Ular orasida uchta ko'krak nerv tugunlari ayniqsa yaxshi rivojlangan. Ko'krak nerv tugunlarida oyoq va qanotlarga nervlar chiqadi. Hasharotlarning fe‘l-atvori va sezgi organlarining murakkablashuvi nerv sistemasining yaxshi rivojlanganligi bilan bog'liq.
Sezgi organlari
- Yashil bronza qo'ng'izi va boshqa birmuncha yirikroq hasharotlar ko'zining tuzilishi daryo qisqichbaqasinikiga o'xshash. Ko'pchilik hasharotlar rangni ajrata oladi. Hasharotlar, ayniqsa hidni juda yaxshi sezadi. Erkaklari urg'ochilarining hidini bir necha kilometrdan sezadi va topadi. Ayrim kapalaklarning erkagi urg'ochisining hidini 11 km masofadan sezgan va uchib kelgan. Hasharotlar ta'mni ham yaxshi farqlay oladi. Masalan, kapalaklar 0,008% li shakar eritmasini toza suvdan farq qiladi. Ko'pchilik hasharotlar (chirildoqlar, temirchaklar, jizildoqlar)da ovoz chiqarish va eshitish organlari ham bor. Hasharotlar tanasidagi va mo'ylovlaridagi har xil tukchalar va qilchalar ten sezgi a'zolari hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |