Diniy taassublar zamirida qasddan odam o`ldirish
(O`zR JK 97-moddasi 2-qismi «m» bandi)
U yoki bu din yoxud diniy ta'limotga e'tiqod qiluvchi shaxslarni ana shu e'tiqodi uchun ulardan nafratlanish, g`azablanish motivi bilan o`ldirganlik O`zR JK 97-moddasi 2-qismi «m» bandi bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak.
Diniy taassub deganda, diniy g`oyalarga o`ta yuqori darajada ko`r-ko`rona berilib ketish, amaliy hayotda ularga og`ishmay rioya qilish, boshqa dindagilar, o`zgacha fikrlaydiganlarga murosasizlikdan iborat diniy fanatizmga asoslangan niyatlar tushunilishi lozim.
97-moddaning 2-qismi “m” bandi bo`yicha kvalifikatsiya qilish jinoyatning maqsadidan qat'i nazar (masalan, muayyan konfessiyaning sha'ni va qadr-qimmatini kamsitish, diniy adovat yoki nifoqni keltirib chiqarish) amalga oshiriladi.
Kishi a'zolarini kesib olib, boshqa kishiga ko`chirish (transplantat) yoki murdaning qismlaridan foydalanish maqsadida qasddan odam o`ldirish
(O`zR JK 97-moddasi 2-qismi «n» bandi)
Odam o`ldirish inson a'zolarini bemorga ko`chirib o`tkazish, ilmiy yoki boshqa maqsadlar uchun ajratib olish maqsadida sodir etilgan bo`lsa, aybdor O`zR JK 97-moddasi 2-qismi «n» bandi bilan javobgarlikka tortiladi. Bunda aybdorning qotillikdan ko`zlagan maqsadiga amalda erishgan yoki erishmaganligi kvalifikatsiyaga ta'sir qilmaydi21[22].
Shaxs tirikligida uning roziligini olmasdan turib yoki o`lganidan keyin yaqin qarindoshlarining roziligisiz murdaning a'zolarini yoki tana qismlarini ajratib olish O`zR JK 133-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinadi.
Haq evaziga (yollangan qotillik) yoki kishi a'zolarini kesib olib, boshqa kishiga ko`chirish (transplantat) yoxud murdaning qismlaridan foydalanish maqsadida odam o`ldirilganida aybdorning qilmishini O`zR JK 97-modda 2-qismi «n» va «i» bandi bilan kvalifikatsiya qilish zarur. Jinoyat sodir etish usuli, ya'ni jabrlanuvchi a'zolarini ajratib transplantat sifatida olish yoki murdaning qismlaridan foydalanish (masalan, jabrlanuvchini tibbiy operatsiya niqobi ostida aldash, narkozdan foydalangan holda kuch ishlatish va h.k.) natijasida jabrlanuvchi o`limining yuz berganligi qilmishni JK 97-moddasi 2-qismi «n» bandi bilan kvalifikatsiya qilishda ahamiyatga ega emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |