Antitranspirantlar
Keyingi yillarda birqancha moddalar olindiki, ularni o‘simliklarga purkaganda transpiratsiya jadalligi sezilarli darajada pasayadi. Bunday xususiyatga ega bo‘lgan moddalarga antitranspirantlar deyiladi.
Hamma antitranspirantlar ikki gruppaga bo‘linadi: 1) og‘izchalarning yopilishini ta’minlaydigan moddalar, 2) barg ustida yupqa parda hosil qiluvchi moddalar.
Og‘izchalarning yopilishini ta’minlaydigan moddalarga fenilmerkuratsetat -С8Н8Н8О2, dodesenilsuksinat -СН2-(СН)п= СН-СН2 -СНСООН-СН2СООН, absiz kislotasi -С15Н20О4 kiradi. Bu moddalar o‘simlikka purkalganda og‘izchalarni tashkil qilgan hujayralarning turgori kamayadi va ular yopiladi. Masalan, makkajo‘xori, tamaki, topinambur, qarag‘ay barglarida, fenilmerkuratsetatning 10-4M eritmasi purkalganda, og‘izchalar 2 hafta mobaynida yopiq bo‘lgan. Transpiratsiya jadalligi esa 50% gacha pasaygan.
Ikkinchi gruppa moddalarga, polimerlar polietilen, polipropilen, polistirol, polivinilelorid kabilar kiradi. Bular barglarning ustida plyonka qavati hosil qiladi va natijada suv bug‘larining ajralib chiqishiga mexanik to‘siq hosil bo‘ladi. Tekshirishlar natijasiga ko‘ra transpiratsiya jadalligi 50% dan ko‘proq kamayadi, fotosintez va mineral elementlarni o‘zlashtirish jadalliklari o‘zgarmaydi. Ayrim o‘tkazilgan tajribalar o‘simliklarning hosildorligini oshirish mumkinligini ko‘rsatadi.
O‘simliklarning ildiz orqali oziqlanishi haqidagi ta’limotning rivojlanishi
O‘simliklarning oziqlanishi ikki shakldan iborat bo‘lib, havodan va tuproqdan oziqlanish jarayonlarini o‘z ichiga oladi. Bu ikki jarayon fotosintez va mineral elementlarni tuproqdan yutish -birgalikda o‘simliklarning avtotroflik xususiyatlarini belgilaydi. Mana shu uzviy bog‘liqlik natijasida o‘simliklarning organik asosga ega to‘qimalari, organlari va umumiy tanasi hosil bo‘ladi. Ularning o‘sishi va rivojlanishini to‘la ta’minlash uchun tuproqdan juda ko‘p mineral elementlar yutiladi. Shuning uchun ham bunga o‘simliklarning ildiz orqali oziqlanishi deyiladi.
O‘simliklarning ildiz orqali oziqlanishida tuproq xususiyatlari va unumdorligi, ayniqsa tuproqning suv o‘tkazuvchanlik, havo o‘tkazuvchanlik xossalari, tarkibidagi organik moddalar va o‘simliklar uchun muhim oziq elementlarni to‘plash qobiliyati katta ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |